SPORT MAShQI YuKLAMALARINING ASTA-SEKIN ORTIB BORIShI
Inson taraqqiyotini boshqarish jarayonida funksional yuklamalarni doimiy suratda yuksaltirib borish zaruriyati to’g’ilishi yuqorida ko’rsatilib o’tilgan edi. Tug’ilgan buzoq misoli bu sport mashqi uchun nihoyatda to’g’ridir, chunki sport yutuqlarining darajasi (boshqa sharoitlar teng bo’lganda) mashq talablari darajsi mutanosibdir. Sport mashqi jarayonida jismoniy yuklamalar ham, texnik, taktik va iroda tayyorgarligi sohasidagi talablar ham ortib boradi. Sportchining tobora mukammalroq va murakkabroq malaka va ko’nikmalarni egallab borishga, jismoniy va ma’naviy kuch-quvvatini tobora ko’proq namayon qilishga safarbar etadigan vazifalarni izchillik bilan bajarilishi ana shundan dalolat beradi.
Sport mashqida, jismoniy tarbiyaning boshqa turlaridan farqli o’laroq, yuklanishlar faqat asta-sekingina emas, balki maksimal suratda ham o’sib boradi. «Maksimum» eng yuqori so’zini bu yerda sport bilan ko’p yillar davomida shug’ullanilganda yuklamaning istiqboli ko’paya borishi ma’nosida ham, sport taraqqiyotining har bir yangi bosqichida eng ko’p yuklamalardan muntazam ravishda foydalanib borish ma’nosida ham tushunmoq kerak. Sport mashqining mazkur xususiyati, uning ilmiy prinsipi sifatida birinchi marta A.N.Krestovnikov tomonidan ta’riflangan. Mashq yuklamalarining ta’siri ostida organizmda sodir bo’ladigan o’zgarishlarning miqdori ish qobiliyati «o’ta tiklanishi»ga bog’liq ekanligining topilishi, bu tamoyilini tasdiqlangan eng muhim omil bo’ladi.
«Maksimal yuklama» deganda ko’pincha «haddan tashqari ko’p», batamom charchatib tashlaydigan yuklama tushuniladi. Uni organizmning funksional qobiliyatlari chegarasidagi, hyech qachon uning moslashuv (adaptasion) imkoniyatlaridan tashqari chiqmaydigan yuklama deyish to’g’riroq bo’ladi. Agar sportchi mashq qila turib, o’zining moslashuv imkoniyatlari me’yoridan chiqib, «haddan tashqari charchab qolsa» va buning natijasida o’ta mashq ko’rganlik holatiga tushib qolsa, unda mazkur yuklama maksimal emas, balki haddan tashqari yuklama bo’ladi. Maksimal yuklama esa, organizmga uning fiziologik me’yorlariga to’la mos tushadigan talablarni qo’yib, mashq ko’rganlikni eng yuqori darajaga ko’taruvchi omil hisoblanadi.
Maksimal yuklamaning aniq miqdor o’lchami, tabiiyki, sportchining oldindan qay darajada mashq ko’rganligiga, uning shaxsiy xususiyatlariga hamda sport turining xususiyatlariga bog’liq. Masalan, yugurishga endi o’rganayotgan stayer uchun bir mashg’ulotda 10-15 kilometr atrofida yugurish maksimal hisoblansa, yuksak malakali stayerlar bir mashg’ulotda 60 kilometr va undan ortiq masofani bemalol bosib o’tadilar, kichik razryadli shtangachilarning trenirovka mashg’ulotlari vaqtida maksimal nagruzka kamdan-kam 10 tonnaga boradi, eng kuchli og’ir atletikachilar esa bu miqdorni 20-30 tonnaga va undan ortiq darajaga (og’irlik toifasiga qarab) yetkazadilar. Bunda shtanganing o’rtacha og’irligi 130-180 kilogramm va undan ortiq bo’ladi. Hozirgi zamon sport amaliyoti mashq yuklamalarining risional miqdori haqidagi ilgarigi tasavvurlarni ancha o’zgartirib yubordi. Insonning imkoniyatlari va ularning taraqqiy etish darajasi eng dadil taxminlardan ham yuksakroq bo’lib chiqdi. Shu munosabat bilan oshirilgan mashq yuklamalari amalda tobora kengroq va dadil qo’llanilmoqda, yuklamalar miqdori ayrim mashq mashg’ulotlarida ham, haftalik, oylik, yillik jami mashg’ulotlar ma’nosida ham ortib bormoqda. Yaqindagina faqat yetakchi sportchilar ishlatib kelgan yillik yuklma hajmi endilikda o’rta malakali sportchilar uchun me’yor bo’lib qolmoqda.
Yuklamani oshirishda asta-sekinlik va maksimal yuklamani qo’llash, garchi ular o’rtasida qarama-qarshiliklar bo’lishi mumkin bo’lsada, bir-birini inkor etmaydi. Maksimal yuklamalardan foydalanish dastlabki tayyorgarlik jarayonida ularning asta-sekin yuksala borishining natijasi bo’lmog’i kerak. Aks holda maksimal yuklamalar salomatlikni mustahkamlash va sport yutuqlarini o’stirish ishiga qarama-qarshi bo’lib chiqadi. Yuklamaning chegarasi har doim organizmning mazkur taraqqiyot bosqichidagi imkoniyatlariga muvofiq ravishda belgilanishi kerak. Sport mashqi natijasida organizmning ishlash qobiliyati va moslashuv imkoniyatlarining osha borishiga qarab yuklamaning maksimumi asta-sekin ortib boradi: oldingi bosqichda maksimal bo’lgan ko’rsatkich undan keyingi bosqichda oddiy nagruzka bo’lib qoladi. Misol: Uchinchi razryadli shtangachi uchun 90 kg maksimal bo’lsa, sport ustasi uchun u oddiy yuklama bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |