17-MAVZU: KICHIK GURUHLAR PSIXOLOGIYASI
REJA:
1. Guruh funksiyalari
2. Guruh parametrlari va strukturasi
3. Kichik guruhlar psixologiyasi muammosi
4. Kichik guruhlar klassifikatsiyasi
5. Kichik guruhlardagi dinamik jarayonlar
6. Guruh o‘lchamlari va uning tizimi
7. Jamoalarda psixologik o‘zaro moslik
8. Guruhdagi psixologik muhit va uni o‘rganish
1. Guruh funksiyalari
Nima sababdan odamlar guruhlarga birlashadilar va ko‘pincha guruhga a’zoliklarini juda ham qadrlaydilar? Shubhasiz, guruhlar, umuman, jamiyatning va uning har bir a’zosining u yoki bu ehtiyojlarini qondirishni ta’minlaydi. Amerikalik sotsiolog Nil Djozef Smelzer quyidagi guruh funksiyalarini ajratib ko‘rsatadi:
1) ijtimoiylashtiruvchi;
2) instrumental;
3) ekspressiv (ifodali);
4) qo‘llab-quvvatlovchi.
Ijtimoiylashtirish – bu shaxsni muayyan ijtimoiy muhitga jalb qilish va uning me’yorlari va qadriyatlarini o‘zlashtirish jarayoni. Inson yuqori darajada uyushgan primatlar singari faqat guruhda o‘zini saqlab qolishi va yosh avlodga ta’lim va tarbiya berilishini ta’minlaydi. Guruhda, ayniqsa, oilada, shaxs bir qator zarur ijtimoiy ko‘nikmalarni egallaydi. Bola yashaydigan boshlang‘ich guruhlar uning kengroq ijtimoiy aloqalar tizimiga qo‘shilishi uchun asos yaratadilar.
Guruhning instrumental funksiyasi odamlarning birgalikdagi faoliyatini amalga oshirishdir. Ko‘pgina ishlarni yolg‘iz amalga oshirish mumkin emas. Konveyer jamoasi, qutqaruv guruhi, futbol jamoasi, xoreografik ansambl – bularning barchasi jamiyatda muhim rol o‘ynaydigan guruhlarga misoldir. Ularni vazifaga yo‘naltirilgan guruhlar ham deyishadi. Bunday guruhlarda ishtirok etish, qoida tariqasida, odamga moddiy hayotni ta’minlaydi, unga o‘zini namoyon qilish imkoniyatini beradi.
Guruhning ekspressiv funksiyasi odamlarning ma’qullash, hurmat va ishonchga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdir. Ushbu rolni ko‘pincha birlamchi va norasmiy guruhlar amalga oshiradi. Shaxs a’zo sifatida, unga psixologik jihatdan yaqin bo‘lgan odamlar, ya’ni qarindosh va do‘stlar bilan muloqot qilishni yaxshi ko‘radi.
Guruhning qo‘llab-quvvatlovchi funksiyasi odamlar ular uchun qiyin vaziyatlarda birlashishga moyil bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Ular yoqimsiz his-tuyg‘ularni yengillashtirish maqsadida guruhdan psixologik qo‘llab-quvvatlashini istaydilar. Bunga yaqqol misol sifatida amerikalik psixolog Stenli Shaxterning tajribasini keltirish mumkin. Birinchidan, universitetlardan birining talabalari bo‘lgan respondentlarni ikki guruhga bo‘lishadi. Ulardan birinchisining a’zolariga ular elektr tokining nisbatan kuchli zarbalariga duchor bo‘lishlari haqida xabar berishadi. Ikkinchi guruh a’zolariga esa ularga juda yengil, qichishadigandek elektr toki urishi kutayotganini aytishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |