Uchinchidan, davlat ayrim tovarlar va ijtiomiy ne`matlarni ishlab chiqaruvchisi sifatida chiqadi. Bunday tarmoqlar davlat mulkchiligiga asoslanadi va davlat tomonidan bevosita boshqariladi yoki ularni moliyalashtirishni davlat o`z zimmasiga oladi.
Bular fan, ta`lim, soliqni saqlash, milliy mudofaa, favqulodda ro`y beradigan tabiiy hodisalarga qarshi kurash, ichki tartibni saqlash shular jumlasidandir. Davlat, byudjet mablag’lari hisobiga resurslarni xususiy sohada qo`llanilishdan bo`shatadi, hamda ularni ijtimoiy ne`mat va xizmatlar ishlab chiqarishga yo`naltirish mumkin. Shunday qilib, davlat mamlakat milliy mahsuloti tarkibida muhim o`zgarishlarni amalga oshirish maqsadida resurslarni qayta taqsimlaydi.
Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya`ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar bilan ta`minlash, to`liq bandlilik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o`sishni rag’batlantirish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi. Iqtisodiyotda to`liq bandlilikni ta`minlash uchun umumiy sarflar, ya`ni xususiy va davlat sarflarining hajmi yetarli bo`lmasa davlat bir tomondan ijtimoiy ne`matlar va xizmatlarga o`z xarajatlarini ko`paytiradi, boshqa tomondan xususiy sektorning sarflarini rag’batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi.
Agar jami sarflar to`liq bandlilik sharoitida taklif hajmidan oshib ketsa, bu narxlar darajasining ko`tarilishiga olib keladi. Jami sarflarning mazkur ortiqcha darajasi inflyatsion xarakter kasb etadi. Bunday holda davlat soliqlarni oshirish orqali xususiy sektor sarflarini qisqartirish va shu yo`l bilan ortiqcha sarflarni tugatishga harakat qiladi. Iqtisodiyotda ishsizlik mavjud bo`lganda davlat sarflarining ko`payishi jami sarflar, ishlab chiqarish hajmi va bandlilikning o`sishiga olib keladi. O`z navbatida, soliqlarning qisqarishi yoki transfert to`lovlarining ko`payishi daromadlarni ko`paytiradi. Bu daromadlar shaxsiy sarflarni o`sishini rag’batlantirishga xizmat qiladi.
Davlat o`z ishlab chiqarishini moliyalashtirishdan tashqari ijtiomiy sug’urta va ijtimoiy ta`minotning bir qator dasturlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning xususiy va kooperativ sektorida daromadlarni qayta taqsimlaydi. Davlat tartibga soluvchi xarakterga ega bo`lgan bir qator vaziyatlarni ham amalga oshiradi. Bularga atrof-muhitni himoya qilish, aholi sog’lig’ini saqlash, bo`sh ishchi o`rinlariga ega bo`lishning teng sharoitini ta`minlash va ma`lum sohalarda narx belgilash amaliyoti ustidan nazorat qilish va shu kabilarni kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |