Yoqilg`i sanoati respublika yoqilg`i-energetika majmuasining asosiy tarmog`ini tashkil etadi va barcha turdagi yoqilg`ini qazib olish, tabiiy gazni tozalash va yetkazib berish, neft mahsulotlarini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Ular xalq xo`jaligining barcha bo`g`inlarida xizmat ko`rsatadi. Uning yirik korxonalari Toshkent, Farg`ona, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida joylashgan.
Neft sanoati yokilg`i sanoatining eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi va neftni qayta ishlash korxonalaridan tashkil topadi. Hozirgi davrda sanoatning bu tarmog`i mamlakat xalq xo`jaligi va aholining neftga bo`lgan talabini to`la qondirish imkoniyatlariga ega bo`ldi. Shu sababdan ham bu tarmoqning ahamiyati beqiyosdir.
Neftni qayta ishlash sanoati sohasida Oltiariq, Farg`ona, Buxoro neftni qayta ishlash zavodlari ishlab turibdi. Farg`ona zavodi surkov moylar va Yonilg`i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ishlab chiqarish bo`yicha 30 dan ortiq texnologik qurilmaga ega. Oltiariq neft zavodi esa Yonilg`i yo`nalishida Ko`kdumaloq neft-gaz koni ochilgandan keyin Frantsiyaning TEKNEP firmasi bilan hamkorlikda 1993 yildan Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi boshlandi va bir yilda 2,5 mln tonna gaz kondensatini qayta ishlash quvvatiga ega bo`lgan 1-navbati 1997 yilning avgustida ishga tushirildi. Neftni qayta ishlash zavodlarida yuqori oktanli benzin, dizel yoqilg`isi, koks, parafin, motor moylariga qo`shilmalar, yengil mashinalar uchun motor va surkov moylari (kompressor, turbina, urchuq moylari), kerosin, bitum, suyultirilgan neft gazlari (butan, texnik propan va b.), mazut kabi 50 turdan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yangi mahsulot turlari ishlab chiqarish dasturiga muvofiq yangi texnologiyalar o`zlashtirilmoqda.
Hozirgi davrda respublika neft sanoati korxonalarining quvvati bir yilda 11 mln. tonna neftni qayta ishlash imkoniyatiga ega.
Gaz sanoati. Bu tarmoq yoqilg`i-energetika majmuasining eng yosh, juda rivojlangan sohasi hisoblanadi. Gaz yoqilg`ining juda arzon turi, xalq xo`jaligining barcha sohalarida keng foydalanish imkoniyati sababli, ekologik jihatdan ham ustunligi tufayli unga bo`lgan talab kundan-kunga o`sib bormoqda. Agar 1940 yilda atigi 0,7 mln m3 tabiiy gaz qazib olingan bo`lsa, hozirgi paytda u 58 mlrd m3 ni tashkil etadi. Gazning Respublikada qazib olinayotgan yoqilg`i balansidagi hissasi 90% foizga yaqinlashmoqda.
O`zbekiston Respublikasi ko`mir sanoati. O`zbekiston Respublikasi 2 milliard tonna qidirib topilgan ko`mir zahiralariga ega. Ko`mir qazib olish va yetkazib berish ishlari bilan «Ko`mir» aktsiyadorlik birlashmasi shug`ullanadi. Angren konida qo`ng`ir ko`mir, Sharg`un va Boysun konlarida toshko`mir qazib olinadi. Ko`mir konlari korxonalar tomonidan turli usullarda o`zlashtirilayotir: ochiq usulda, yer osti va yer ostini gazlashtirish usuli bilan (Nou-Xau). Ko`mir energetika maqsadlarida va maishiy yoqilg`i sifatida ishlatiladi. Ko`mirni qayta ishlashdan chiqqan chiqindi organik va mineral o`g`itlarga aylantiriladi.
Konlardan chiqqan ko`mirlar sifatli Yonilg`i, qimmatbaho hamda kamyob materiallarning turli xillarini olish uchun xomashyodir. Masalan, koks briketi, motor Yonilg`isi, kaltsiy karbidi, sorbent qora va rangli metallurgiyada uglerodli qo`shimchalar sifatida ishlatiladi.
Ko`mir qazib olish jarayonida kaolin, ohak, kvarts qumlari, ko`mir kukuni, kamyob yer elementi (germaniy), shag`al va boshqa foydali qazilmalar olinadi.
Yaxshi xomashyo, ko`pdan sinalgan erkin maydonlarning bisyorligi, suv hamda elektr va issiqlik energiyasi, temir yo`llarning mavjudligi, stantsiyalarning yaqinligi va xalqaro aeroportlar borligi ishlab chiqarish – sanoat kompleksini bunyod etishda qo`l keladi. Shuningdek, qazib olingan va boyitilgan kaolin, chinni fayans va sopol buyumlar, o`tga chidamli va qurilish g`ishtlari, tom yopqichlar, drenaj va kanalizatsiya quvurlari, xo`jalik va manzarali chinni buyumlar, shisha va shisha idishlar, elektr izolyatorlari ham bu ishda yordam beradi. Bundan tashqari,, kaolin qog`ozsozlik, rezina-texnika, plastmassa sanoatida, shuningdek, kosmetika va boshqa maqsadlarda ishlatish uchun xizmat qiladi. Ayni paytda ko`mirni qazib olish, navlarga ajratish va boyitish fabrikasi qurilishi davom ettirilmoqda.
O`zbekiston hududining geologik xususiyatlari qo`shimcha foydali qazilmalarni o`zlashtirish va ularni qayta ishlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, yonuvchi slanets, ohak, bezakli tosh konlarini o`zlashtirish ko`pchilikni qiziqtirsa kerak. Keramzit, absorbent, o`g`it va g`isht ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli loylar tayyorlash mumkin. Ularni ishlab chiqarishga joriy etishda oddiy hisob-kitoblarga ko`ra, energetika, kimyo, metallurgiya sanoati, qurilish va qishloq xo`jaligi uchun yiliga 1 milliard 400 million AQSh dollari miqdorida tayyor mahsulot olish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, Angren kaolinidan, Boysun ko`miri va ohagidan foydalanib turib loytuproq zavodini bunyod etish mumkin. Ana shunday qulay omillar va barqaror vaziyat xorijiy sheriklar bilan hamkorlik o`rnatish imkoniyatini beradi.
Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan g`oyalari asosida tizimda innovatsiya, nou-xaularni tadbiq etish, modernizatsiyalash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish jarayonlari izchillik bilan amalga oshirilyapti. Tizimda eng samarador va istiqbolli 7 ta innovatsion loyiha amalga oshirilyapti.
1-loyiha gaz transporti tizimida dispetcherlik boshqaruv va ma’lumotlar yig’imining avtomatlashtirilishi SCADA Super Visory Control And Data Acquisition Dispetcherskoye upravleniye I sbor dannix). Mazkur SCADA dasturi ijrosi gaz transporti tizimida ma’lumotlarni real vaqtda qabul qilish, qayta ishlash, texnologik protsesslarni mantiqiy boshqarish, ma’lumotlarni despetcherlik boshqaruviga avtomatik ravishda uzatish, magistral gaz quvurlarida sodir bo`lgan avariya holatlari bo`yicha real vaqt sharoitlarida xabardor qilish imkonini beradi.
2-loyihada tabiiy gazni ishlab chiqaruvchi korxonalardan to iste’molchigacha bo`lgan hisob va nazoratning 5-bosqichli avtomatlashgan tizimi (ASKUG- avtomatizirovannaya sistema kontrolya i ucheta gaza, avtomatlashtirilgan gaz nazorati va xisobga olish tizimi) bo`lib bu tizim hozir amalda. Unda ishlab chiqaruvchi korxonalar va magistral gaz quvurlari boshqarmalarining bo`linish chegaralariga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatilib, dispetcherlik boshqaruvi tizimiga ulanadi; gaz taqsimlash stantsiyalari va viloyat gaz filiallarining yuqori bosimli gaz quvurlari chegarasiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatilib, ma’lumotlar on-layn rejimida dispetcherlik xizmatlariga uzatiladi; tumanlararo chegaralarga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlarini o`rnatish, har bir tuman va shaharga kirib kelayotgan gazning aniq hisobini belgilash jarayonlaridan iborat. Hozirda bo`linish chegaralariga o`rnatilgan elektron gaz hisoblagichlariga zamonaviy aloqa tizimlarini o`rnatish va muayyan tartib asosida dispetcherlik xizmatlari faoliyatida jarayonni monitoring orqali kuzatish bo`yicha sinov ishlari olib borilmoqda. ASGUK (avtomatlashtirilgan gaz nazorati va xisobga olish tizimi) tizimining yana bir afzalligi shundaki, bunda yirik sanoat korxonalariga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlari o`rnatiladi hamda on-layn sharoitida nazorat qilinadi. Yakuniy bosqichida esa, har bir aholi xonadoniga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o`rnatiladi va barcha elektron gaz hisoblagichlar yagona “Billing” tizimga ulanadi. Tabiiy gazni ishlab chiqaruvchi korxonalardan to iste’molchigacha bo`lgan hisob va nazoratning 5-bosqichli bu avtomatlashgan tizimini ichiga olgan loyihaning amalga oshirilishi — tabiiy gaz ishlab chiqaruvchidan to oxirgi iste’molchigacha yetkazilgan tabiiy gaz hisobini real vaqt sharoitlarida yuritish imkoni yaratilib, ishlab chiqarishda inson omili ishtiroki kamayadi.
3-loyihada kompressor stantsiyalaridagi gaz haydash agregatlarining dvigatellaridan ajralib chiqayotgan issiqlik energiyasidan elektr energiyasini ishlab chiqarish ko`zda tutilgan. Ushbu innovatsion loyiha bo`yicha Italiyaning “TURBODEN” kompaniyasi bilan hamkorlikda Andijon viloyatidagi “Xo`jaobod” yer osti gaz saqlash omborlarining gaz haydash agregatlarida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Bunda gaz trubinali kompressor stantsiyasida tabiiy gazning yoqilishidan hosil bo`ladigan ko`p miqdordagi issiqlik energiyasidan soatiga 1,0 MVt yoki yiliga 3,0 mln.kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga erishiladi. Ushbu texnologiyaning yana bir afzalligi shundaki, unda suv o`rniga past haroratli suyuqlik ishlatiladi hamda ishlab chiqarish jaryonlari uchun deyarli tekin elektr energiyasidan foydalaniladi. “O`ztransgaz” AJ tomonidan ushbu innovatsion loyihani 2025 yilga qadar yana 4 ta ob’yektga tadbiq etish va yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishni 200 mln. kVt/soatga yetkazish rejalashtirilgan.
4- loyiha bo`yicha gaz transporti tizimi ishonchliligini oshirish maqsadida hozirda zamonaviy innovatsion diagnostik qurilmalariga ega bo`lgan pilotsiz uchish apparatlari xarid qilinayotganini alohida ta’kidlash o`rinli. Bu apparatlar yordamida magistral gaz tarmoqlarini texnik talablar asosida o`z vaqtida sifatli ko`rikdan o`tkazish, ulardagi nuqsonli uchastkalarni belgilash, magistral gaz quvurlari himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarni aniqlash imkoni yaratiladi. Ahamiyatlisi, sohada ko`rikdan o`tkazishga mas’ul xodimlar ishi yanada yengillashadi. Shuningdek, kompressor stantsiyalari, gaz taqsimlash stantsiyalari va boshqa ob’yektlarining texnik holatlari ko`rikdan o`tkaziladi, noqonuniy ulanishlar aniqlanib, bartaraf etish samaradorligi oshadi.
5-loyihada gaz taqsimlash stantsiyalarida tabiiy gazni odarizatsiya qilishni avtomatlashtirish ko`zda tutilgan. Bu loyihaning amalga oshirilishi natijasida tabiiy gaz yetarli miqdorda belgilangan me’yor doirasida odarizatsiya qilinadi va insonlar gazning sizib chiqish holatlarida qurilma yordamida tezda ogohlantiriladi. Ma’lumki, tabiiy gaz aslida hidsiz bo`lib, undan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida belgilangan me’yor bo`yicha 1000 kub.m tabiiy gaz hajmi uchun 16 gr. odarant qo`shiladi. Tizimning avtomatlashtirilishi — ish jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlab, import qilinadigan mahsulotning tejashga imkon beradi.
6-loyiha yuzasidan ham gaz tarmoqlarini innovatsion loyihalar asosida modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu loyiha ASKUG (avtomatlashtirilgan gaz nazorati va xisobga olish tizimi) tizimining bir bo`lagi bo`lib, bunda gaz taqsimoti tizimidagi jarayonlar nazorati avtomatlashtirilib, aholi xonadonlaridagi tabiiy gaz bosimi bo`yicha yuzaga keladigan mummolarga barham beriladi. Ushbu innovatsion loyiha Qibray tumanidagi “Usmon Yusupov”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Shijoat”, Samarqand shahridagi “Ahillik”, Jizzax shahrining “Ravalliq” va “Uchariq” mahallalarida amalga oshirilmoqda. Misol uchun: Qibray tumani Usmon Yusupov mahallasida 1.Iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi o`rta bosimli 6 ta gaz taqsimlash punktlari olib tashlanib, faqat 1 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti qoldirildi. 2.Yuqori bosimli gaz taqsimlash punktiga avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorat tizimi o`rnatilib, “Qibraytumangaz” dispetcherlik xizmatiga mahallaga kirayotgan tabiiy gaz bosimi, harorati to`g`risida on-layn rejimida ma’lumot berib borilmoqda. Shuningdek, gaz taqsimlash punkti faoliyatiga tashqi aralashuvi bo`lganda, dispetcherlik xizmatiga xabar beriladi. 3. Gaz taqsimlash punktiga zamonaviy elektron sanoat gaz hisoblagichi o`rnatilib, mahallaga kirib kelayotgan tabiiy gaz hajmi haqida dispetcherlik xizmatiga on-layn rejimida ma’lumot berib borilmoqda. 4. Mahalladagi 200 ta aholi xonadonlariga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlari o`rnatilib, tabiiy gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadi. Shuningdek, har bir xonadonga maishiy gaz sozlash regulyatorlari o`rnatilib, har bir xonadonning kirish gaz quvurlariga 1000 m.suv ust. (hozirda 100-120 mm.suv ust.)gacha tabiiy gaz bosimi yetkazib berilib, xonadonlar gaz bosimi bo`yicha mummolarga to`liq barham beriladi. Bunda elektron gaz hisoblagichlar on-layn rejimida iste’mol qilinayotgan gaz hajmi bo`yicha “Billingaz” dasturiga ma’lumotlar kiritib boradi. Shuningdek, gaz hisoblagichlarga maxsus klapanlar o`rnatilgan bo`lib, bu klapan masofadan turib qarzdorligi mavjud xonadonlarni gaz ta’minotida uzib qo`yish imkoniyatiga ega. Barcha ishlar nazoratini real vaqt sharoitlarida nazorat qilish uchun “Qibraytumangaz” dispetcherlik xizmatiga ko`rgazmali monitor o`rnatiladi va 4ta bo`limga ajratiladi. 1-bo`limda gaz taqsimlash stantsiyasi (GRS-gazoraspredelitelьnaya stantsiya)dan tumanga kirib kelayotgan tabiiy gaz ko`rsatgichlari on-layn rejimida nazorat qilinadi. 2-bo`limda yuqori bosimli gaz taqsimlash punktidan (GRP –gazoraspredelitelьnыy punkt) mahallaga kirib kelayotgan tabiiy gaz ko`rsatgichlari on-layn rejimida nazorat qilinadi. 3-bo`limda “Qibraytumangaz” idorasi avtomashinalari GPRS angl. General Packet Radio Service — «umumiy paketli radioaloqa») tizimi orqali nazorat qilinadi. 4-bo`limda iste’molchilarning tabiiy gaz iste’moli hajmi on-layn rejimida nazorat qilinadi va qarzdorligi mavjud xonadonlar masofadan turib tarmoqdan o`chiriladi hamda to`lovlarni amalga oshirgan iste’molchilar tarmoqqa qayta ulanadi.
Yettinchi loyiha suyultirilgan gaz ta’minotida yangi innovatsion to`lov tartibini joriy etishdan iborat. Hozir respublikamizda jami 3,1 mln aholi iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Ayrim hollarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo`layotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishni avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda. Bunda har bir iste’molchi hisob-kitob uchun individual elektron karta bilan ta’minlanib maxsus dasturga ulanadi. Bu — iste’molchiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmi, muddati va hisobini masofadan turib, ko`rish imkonini beradi, gaz yetkazilishida doimiy nazoratni ta’minlaydi. Sayxunobod tumanida tajriba sifatida 2018 yil yakunigacha amalga oshirilishi belgilangan bu loyiha natijalariga ko`ra, kelgusida Respublika bo`ylab joriy etilishi ko`zda tutilgan.
Mashinasozlik sanoati - xalq xo`jaligi uchun mashina va mexanizmlar, jihozlar, agregat va apparatlar, asbob uskunalar, madaniy-maishiy mollar, shuningdek, mudofaa ahamiyatiga ega bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi og`ir sanoat tarmoqlari majmui. Mashinasozlik sanoati butun xalq xo`jaligini texnika bilan ta’minlashda moddiy asos hisoblanadi. Fan-texnika taraqqiyoti, xalqning moddiy-madaniy farovonligi va mamalakat quvvati mashinasozlik sanoati taraqqiyotiga bog`liq. Uning ahamiyati, eng avvalo, hozirgi fan-texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga va insonlar hayotining barcha sohalariga joriy etish asosida qo`l mehnatini mashina mehnatiga aylantirish, mashinani mashina bilan yaratish, tejamkorlikni ta’minlash, yengillashtirish va mehnatning mazmuni va xarektirini o`zgartirishdan iborat. Mashinasozlik sanoati mahsulot sifatini yaxshilash, ishlab chiqarishning samaradorligini yuqori darajaga ko`tarishga imkoniyat yaratadi. Mashinasozlik sanoatining asosiy vazifasi milliy iqtisodning barcha sohalarini yuqori unum bilan ishlaydigan mehnat qurollari ya’ni mehnat vositalari bilan ta’minlashdan iborat. Ular turli tarmoqlar va korxonalarda tayyorlanadi. Hozirgi kunda mashinasozlik sanoatining 15 tarmog`i mavjud bo`lib, ular tasarrufida 100 dan ortiq yirik va o`rta korxonalar faoliyat ko`rsatmoqda.
Mashinasozlik sanoati tarkibida metall ishlash sohasi ham mavjud bo`lib, bu soha o`z navbatida, metall buyumlar tayyorlash, metall kostruktsiyalar hamda mashina va asbob-uskunalar remonti tarmoqlaridan iborat. Bunday faoliyat bilan 2,5 mingdan ortiq korxonalar shug`ullanadi.
O`zbekiston mashinasozligiga avtomobilsozlik, samolyotsozlik, traktorsozlik va qishloq xo`jalik mashinasozligi, elektro-texnikasozlik, asbobsozlik va kabelsozlik kabi yirik tarmoqlar kiradi.
Avtomobil sanoati – mashinasozlikning muhim tarmoqlaridan biri bo`lib, uning korxonalarida avtomobillar, tirkama va yarim tirkama yuk tashish moslamalari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, agregatlar va boshqa ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, mototsiklar, motorollerlar, mopedlar, velosiped ishlab chiqarish korxonalari ham avtomobilь sanoati tarkibiga kiradi.
Qishloq xo`jaligi mashinasozligi. 1931 yil «Toshqishloqmash» zavodining birinchi navbati ishga tushirildi. Zavod paxtachilik uchun xilma-xil texnika ishlab chiqara boshladi. Hozirgi paytda bu tarmoq korxonalari qishloq xo`jaligi uchun mashinalar sistemasiga tegishli barcha mashina- mexanizmlarni yetarli darajada ishlab chiqarmoqda.
Paxta tozalash sanoati mashinasozligi «O`zbekpaxtamash» birlashmasida jamlangan. Uning tarkibida Toshkent mashinasozlik zavodi (bosh korxona), Andijon «Tojmetall» zavodi va Kattaqo`rg`on «Paxtamash», Chustdagi «Olmospaxtamash» zavodlari, Toshkent davlat maxsus paxta tozalash uskunalari konstruktorlik byurolari bor. Bu sohaning asosiy mahsulotlari – paxta tayyorlash punktlari, paxta tozalash zavodlari uchun texnologik qurilmalar, arrali va jo`vali (valikli) paxta tolasi ajratish (jun) mashinalari, linterlar, tola tozalagichlar, chigit saralash va tozalash mashinalari, transportyorlar, g`aram buzgichlar, paxta uzatkichlar, tunnel ochish mashinalari, paxta g`aramlarini shamollatish va chang tutish mashinalari, shuningdek, kanopni qayta ishlash mashina va qurilmalari – jami 50 xil dan ortiq mahsulot turlarini o`z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |