14 mavzu. Rim Respublikasi siyosiy tuzumining inqirozi.
Tayanch iboralar: Spartak qo’zg’oloni, gladiatorlar, Kapuya, uchlar ittifoqi, Sezar, imperator, Kaspiy, Brut, Sulla, Pompey, Krass.
Sullaning o’limidan keyin hokimiyat bir qancha vaqtgacha uning muxlislari qo’lida qolsada, uni saqlash tobora qiyinlashgan. Rim va Italiya aholisining ko’pchiligi Sulla va uning tarafdoriga dushmanlik nazari bilan qaragan. Rimda Sulla o’rnatgan tartibdan suvorilar, sullachilar, proskripsiyalarga kiritib o’ldirilgan va talanganlarning qarindosh-urug’lari, avvallari tarqatilib kelingan g’alladan mahrum qilingan plebsning ko’pchiligi norozi bo’lganlar. Italiyada chek yerlardan mahrum bo’lgan Mariy veteranlari, yaxshi unumdor yerlari Sulla armiyasi veteranlariga bo’lib berilgan juda ko’p italiy jamoalari sullachilarga qarshi kayfiyatda bo’lgan. Shuning uchun ham Sulla oligarxiyasiga qarshi chiqqan biron siyosiy arbob paydo bo’lsa, u Rim aholisi va italiylardan o’ziga juda ko’p tarafdor topgan.
Sulla o’lgandan keyin tezda konsul Mark Emiliy Lepid taklifi bilan Rim plebsining eng kambag’al qismiga g’alla tarqatish tiklangan. Ammo senat xalq tribunlarining huquqlarini tiklash va Sullaning boshqa bir qancha qarorlarini bekor qilish to’g’risida Lepidning takliflarini rad qilgan.
Xuddi shu vaqtda Etruriyaning mahalliy aholisi Sulla legionlarining veteranlariga bo’lib berish uchun tortib olingan yerlarni qaytarishni talab qilib qo’zg’olon ko’targan. Lepid bu qo’zg’olonni bostirishni bahona qilib Etruriyaga jo’nagan, ammo u yerda qo’shin to’plab, o’z kuchlari Rimga tomon yurgan (er.avv. 77-y).
Jang shahar ichida Mars maydonida boshlangan. Gney Pompey qo’shinlari Lepidning otryadlarini tor-mor qilgan. Lepid qochib ketgan va uzoq vaqt o’tmay o’lgan. Uning tarafdorlaridan biri-Mark Perperna armiyaning qolgan -qutganiga bosh bo’lib Ispaniyaga jo’nagan. Bu yerda populyarlar hukmronligi vaqtidayoq (er.avv. 83-y) Luzitaniyaga noib qilib tayinlangan Kvint Sertoriy Sullachilarga qarshi kurash olib borayotgan bo’lgan.
Sertoriy Osku shahrini (hozirgi Ueska) o’zining qarorgohiga aylantirib, 300 ta rimlikdan iborat senat barpo qilgan.
Eramizdan avvalgi 74-yili butun Italiyada ekin bitmay ocharchilik bo’lgan. Bu esa quldor Rim hukumatining jabr-zulmiga qarshi qo’zg’olon ko’tarilishiga qulaylik tug’dirgan. Qadim zamonning eng katta qullar qo’zg’oloni boshlanib ketishiga Kapuya shahridagi gladiatorlar maktabidagi isyon (er.avv. 74-y) turtki bo’lgan.
Eramizdan avv. 11 asr oxiri va 1 asr boshlarda sirk va Amfiteatrlarda o’lim jangi jamoat tamoshalarining bir turi bo’lib qolgan. Jangchilar jinoyatchi va sotib olingan qullardan to’plangan. Ular «gladiatorlar» («qilichbozlar») deb nom olgan. Bu nom latincha «gladius» («qilich») so’zidan olingan. Gladiatorlarga ehtiyoj shu qadar zo’r bo’lganki, uddaburon korchalonlanistlar maxsus maktablar ochib, unda gladiatorlar maxsus tayyorgarlik ko’rgan, so’ngra ular «o’yin» tashkilotchilariga sotilgan.
Lentul Batiat degan kishiga qarashli ana shunday maktablardan biri Kapuya shahrida bo’lgan. Bu maktabda boshqalar qatori Frakiyalik Spartak degan kishi ham bo’lgan. Rimning yordamchi otryadida xizmat qilgan bu kishi dushman tomoniga o’tgan, yarodor bo’lib asir tushgan va qochoq sifatida gladiatorlar maktabiga sotilgan.
Six va oshpichoqlar bilan qurollangan Spartak hamda uning sheriklari qarovulga hujum qilib, shaharga chiqqanlar va Vezuviy tog’iga jo’naganlar. Ular shu joyda mustahkamlanib olib atrofdagi yaqin villalarni qiyratib, qullarni ozod qilganlar. Mahalliy hokimiyat tomonidan yuborilgan otryadlar tor-mor etilgan. Shunday qilib Rimdan uch ming kishi bilan propretor Gay Klodiy yuborilgan. Rimliklar tog’dan tushadigan yo’lni to’sib qo’yganlar, ammo qo’zg’olonchilar uzum novdalaridan narvon yasab, qoyalardan pastga tushganlar va Rim lageriga orqadan hujum qilganlar. Klodiy otryadi yakson qilingan. Rim jangchilarining qurollari qo’zg’olonchilar qo’liga tushgan. Bu jangdan keyin qo’zg’olonchilarning qo’shini tez o’sa boshlagan va bir necha ming kishidan iborat armiyaga aylangan.
Qullar qo’zg’oloni janubiy Italiyaning yangidan-yangi rayonlariga yoyilavergach, senat qo’zg’olonni bostirish uchun 2 legiondan iborat armiya yuborgan. Spartak rimliklarning bu qo’shinini ham tor-mor qilgan. Qo’zg’olon yanada kengayavergan. Rimliklar armiyasi namunasida tuzilgan Spartak qo’shinlari Lukaniya va Apuliyadagi bir qancha qishloq va shaharlarni ishg’ol qilgan.
Qo’zg’olonchilar armiyasi 70 ming kishiga yetgan. Sullachilar jabr-zulmi ostida qolgan mayda italiy dehqonlari qo’zg’olonchilarga qo’shilgan. Ammo harbiy muvaffaqiyatlarga va qo’zg’olonchilar armiyasining soni o’sib borishiga qaramay, Spartak g’oyat kuchli o’rta dengiz davlati bo’lgan Rim respublikasiga qarshi bundan keyingi kurashda u va sheriklari muqarrar mag’lubiyatga va halokatga uchrashini tushungan. Shuning uchun ham u sobiq qullar o’z vatanlariga qaytib bora olishlari uchun armiyasini apennin yarim oroli doirasidan olib chiqishga urungan.
Spartak o’z qo’shinlarining asosiy qismi bilan Italiya sharqiy sohilidagi yo’llardan shimol tomonga yurib, Sizalpin Galliyasiga yetib kelgan. Ammo qo’zg’olonchilarning yo’lboshchilaridan biri -Kriks qo’zg’olonchilar erishgan g’alaba Rimga hujum qilishga imkon beradi deb hisoblangan. Kriks va uning hamfikrlari qo’zg’olonchilarning asosiy armiyasidan ajralib, Italining janubidan to’xtalib qolgan.
Armiyanng ikkiga ajralishidan Rimliklar darhol foydalanganlar. Er.avv. 72-yili senat konsullarining ikkisini ham o’z armiyalari bilan birga qo’zg’olonchilarga qarshi kurashga jo’natgan. Konsullardan biri o’z armiyasi bilan Kriks otryadlariga hujum qilib, ularni Gargano tog’laridagi yarim orolga haydab kirgizgan va yakson qilgan. Kriksning o’zi ham halok bo’lgan.
Spartak bo’lsa, shimolga o’tib ketish bilangina chegaralanib qolmay, uning yo’lini to’smoqchi bo’lgan Sizalpin Galliyasi noibining qo’shinini Mutina shahri yonidagi jangda tor-mor keltirgan.
Spartakning o’z safdoshlarini Apennin yarim orolidan olib chiqib ketish rejasi amalga oshirlishiga yaqin qolgan. Lekin qo’zg’olonchilar armiyasi birdaniga yana Italiyaning janubiga qarab yo’l olgan. Qo’zg’olonchilarni o’z rejalarini o’zgartirishga nima majbur qilganligi to’g’risida manbalarda hyech qanday ma’lumot yo’q. Ehtimol Padus daryosining toshib ketishi natijasida hosil bo’lgan katta toshqin Spartak armiyasining shimolga o’tish yo’lini to’sgan bo’lishi mumkin.
Krass qo’shinlari Bruttiy janubida yarim orolni bir dengiz qirg’og’idan ikkinchi dengiz qirg’og’igacha kesib o’tgan istehkomlar qurib, Spartak armiyasining harakatini to’sib qo’ygan. Spartakning qurshovni to’g’ridan -to’g’ri yorib o’tish yo’lidagi urinishi natija bermagan. Shundan keyin u «qorli va bo’ronli qishki kechalar kelishi bilan chuqurning bir qismini o’sha orqali o’tkazib yuborgan». Plutarx ana shunday hikoya qiladi. Bu hol er.avv. 72-yilning dekabri va 71-yilning yanvarida yuz bergan.
Spartak armiyasi Lukaniyaga yorib o’tgandan keyin urush harakatlari Italiyaning janubida davom etgan. Rim senati Krassga yordamga Ispaniyadan Gney Pompey armiyasini va Frakiyadan Mark Lukull qo’shinini chaqirtirib olgan.
Uchta Rim armiyasiga qarshi kurash olib borish mumkin emasligini tushungan Spartak Brundiziy portini bosib olishga qaror qilib, o’sha tomon yo’l olgan. Bu shahar atrofida Krass armiyasi ukning yo’lini to’sgan. Spartak unga hujum qilgan. bundagi shiddatli jangda Rimliklar ustun kelganlar. Spartakning o’zi Krass qarorgohiga yorib o’tishga uringanida halok bo’lgan, uning armiyasi esa tor-mor keltirilgan (er.avv.71-y).
Shimol tomondan yetib kelgan Pompey qo’shinlari qo’zg’olonchilar armiyasini tumtaraqay tarqatib, tamomila yakson qilgan.
Lekin er.avv. 74-71-yillardagi qo’zg’olon stixiyali qo’zg’olon bo’lgan. Qo’zg’olon yo’lboshchilarida, birinchi navbatda, Spartakning o’zida ham aniq reja bo’lmagan va u davr sharoitida unday rejaning bo’lishi ham amrimahol albatta. Spartak qo’zg’olon ko’targan qullarni Apennin yarim oroli doirasidan olib chiqib, o’z vatanlariga yetib borishlariga imkon tug’dirishga harakat qilgan. Qo’zg’olonning boshqa yo’lboshchilari (chamasi, Kriks) Spartak o’z oldiga qo’ygan maqsadga qo’shilmagan. Bu narsa ikkilanish, kelishmovchilik tug’dirgan va qo’zg’olonchilar lagerini zaiflashtirgan. Lekin shunga qaramay qullarning ulug’ italiy qo’zg’oloni Rim jamiyati va davlatining undan keyingi rivojiga g’oyat katta ta’sir ko’rsatgan.
Sulla oligarxiyasining qulashi qullar qo’zg’olonining birinchi natijasidir. Er.avv. 70-yilga konsul qilib Mark Krass bilan Gney Pompey saylangan. Ular bir-biri bilan raqobatda bo’lgan. Gney Pompey suvoriylarning manfaatlarini kuzatuvchi siyosiy arbob sifatida o’ziga yetakchilik mavqyeini ta’minlash va plebs oldida obro’ qozonish uchun xalq majlisi va senat orqali er.avv. 82-yilda hukm surgan davlat tuzumini tiklash to’g’risidagi taklifni o’tkazgan. Xalq majlislari va xalq tribunlarining huquqlari tamomila tiklangan. Bu tadbir darhaqiqat Pompeyni birnecha yil davomida eng mashhur Rim siyosiy arbobi qilib qo’ygan.
Pompey o’rta dengizni ayrim rayonlarga bo’lib, uning g’arbiy qismini qirq kun ichida qaroqchilardan tozalab, keyin dengiz va quruqlikdagi barcha kuchlarini sharqqa olib kelgan. Krit oroli va Kilikiya ishg’ol qilingan, qaroqchilarning 120 ta istehkomi egallangan, qariyb 10000 qaroqchi qirib tashlangan, qolganlari esa taslim bo’lgan. Pompey o’rta dengizni qaroqchilardan tozalash ishini uch oy ichida uddalagan. Buning natijasida suvorilar va muttasil och qolish xavfidan qutqarilgan Rim plebsi oldida uning obro’si yanada oshgan.
Pompey Suriyada ekanida uni Yahudiya kohin-podshosining o’g’illari bo’lmish Girka bilan Aristabulning hokimiyatini egallash ustidagi janjallarini hal qilish uchun hakam qilib chaqirishgan. Pompey ularning kurashiga aralashib Yahudiyaning poytaxti Iyerusalim (Quddus)ni va uning mustahkamlangan ibodatxonasini egallagan va Iyerusalim kohinlari tomonidan Yahudiyaning hokimi qilib qo’yilgan Girkani Rimga qaram qilgan. Pompey Suriyani, Vifiniyani va Pontni Rim viloyatlari deb e’lon qilib Yahudiya, Kapadokiya va Galatiyaga Rimga qaram podsholarni qo’yib, armiyasini tarqatib yuborgan va er.avv. 62-yil oxirida Rimga qaytib kelgan. Uning shon-shuhrati cho’qqisiga chiqqan va u g’oyat katta moddiy mablag’ga ega bo’lgan.
Er.avv. 65-yilda Gay Yuliy Sezar kurul edillaridan biri bo’lib qolgan. U er.av. 101-yil 12 kvintiliyda (iyulda ) tug’ilgan. Yuliylar urug’i juda eski patrisiylar avlodidan biri hisoblangan, ammo er.avv.11 asrga kelib Yuliylar kambag’allashib, Rimning siyosiy hayotidagi mavkelari tushib ketgan. Sezarning ammasi Gay Mariyning xotini bo’lgan, o’zi esa Mariy qo’lida xizmat qilgan va uning do’sti bo’lgan Korneliy Sinnaning qiziga uylangan. Sulla unga xotinidan ajralishni taklif qilgan bo’lsada, Sezar bu taklifni rad qilgan. Shuning uchun ham biroz vaqt yashirinib yurishga majbur bo’lib, avf etilgandan keyin Italiyadan Rodos oroliga ixtiyoriy surgunga ketgan va u yerda tahsilini tamomlagan.
Sulla o’lgandan keyin Sezar Rimga qaytib kelgan va avval boshda Pompeyni qo’llab -quvvatlagan. Yuliy Sezar kishilar bilan betakkaluf muomalasi, aqli o’tkir va tili biyronligi hamda g’oyat zo’r notiqlik qobiliyati tufayli katta shuhrat qozongan.
Er.avv.49-yilning 10 yanvarida Sezar puxta tayyorgarlikdan keyin dushmanlarini g’aflatda qoldirib to’satdan Rubikon daryosini kechib o’tgan. Bu daryo Sizalp Galliyasi bilan Italiyaning Rim magistratlari idora qiladigan asosiy qismi o’rtasidagi ma’muriy chegara bo’lgan.
Sezar Rubikon qirg’og’iga yetib kelganida biz oz vaqt ikkilanib tursada, keyin «chek tashlandi!» , nima bo’lsa bo’lar deb qo’shinlariga daryoni kechishga buyurgan. Sezar bu bilan qonunga mutlaqo xilof bo’lgan grajdanlar urushini boshlab, o’zini oqlash uchun, men xalq tribunlarining paymol qilingan huquqlarini himoya qilib chiqayapman deb e’lon qilgan.
Rimga hujum qilib kelgan Sezar qo’shini son jihatidan ko’p bo’lmasada g’aflatda qolgan Pompey va u bilan qamalda qolgan optimatlar hyech qanday qarshilik ko’rsata olmaganlar. Pompey hamda Sezarga dushman konsullar bilan senatorlar Rimdan Brundiziyga qochib ketishgan.
Shoshib pishib to’plangan otryadlar ularni Italiyadan Diraxi (xozirgi Durres) ga o’tkazib qo’yishni ta’minlagan, xolos. Sezar Rimni ishg’ol qilgan. Unga Rim grajdanlik huquqini olgan Sizalp Galliyasining tub xalqigina emas, balki o’rta va janubiy Italiyadagi bir qancha shaharlarning aholisi ham madad bergan. Sezar Rimda xazinani qo’lga olgan va shaharni boshqarishni ta’minlab, Pompey armiyasi joylashgan Ispaniyaga jo’nagan. U gall legionlarini Ispaniyaning shimoliga to’plab legatlar boshqarib turgan Pompey armiyasini siqib borib Iber (xozirgi Ebro) daryosining Ilerda shaharchasiga yaqin joydagi burilishga hadab kirgizgan va uni taslim bo’lishga majbur etgan (er.avv. 49-y).
Sezar Italiyaga qaytib kelayotib yo’l-yo’lakay unga dushmanlik munosabatida bo’lgan boy yunon shahri Massiliyani qamal qilgan. Sezar shaharni ishg’ol qilib, uni yer-mulkining ko’p qismidan mahrum qilgan va Rim Viloyati tarkibiga qo’shib qo’ygan.
Sezar Rimga qaytib kelgach diktator deb e’lon qilingan. Sulla zamonida ta’qib qilingan barcha kishilarning grajdanlik huquqi Sezarning farmoni bilan uzil-kesil tiklangan. Shundan keyin magistratlar saylovi o’tkazilgan. Konsul bo’lib saylangan Sezar o’zining o’rinbosari vazifasiga Mark Antoniyni qo’yib, o’zi dushmanlarining asosiy kuchlari to’plangan Illiriyaga jo’nagan.
Er.avv. 49-45-yilardagi grajdanlar urushi Mund yonidagi jang bilan tamom bo’lgan. Sezar va uning tarafdorlari dushmanlarning qurolli kuchlarini yo’q qilib butun Rim davlati va o’rta dengiz dunyosidagi hamda unga qaram quldorlik davlatlarining hokimi bo’lib qolganlar. Rimga qaytib kelgan Sezar abadiy diktator deb e’lon qilingan (er.avv. 44-y). Undan oldin (er.avv. 48 -y) Sezar xalq tribuni huquqini olgan. Er.avv. 46-yilda esa Senzor huquqiga ega bo’lgan. Oliy kohin lavozimini esa u er.avv.63-yildayoq egallagan. Shunday qilib respublikaning turli magistrlar huquqi ukning qo’lida jamlangan, bu esa uning hokimiyatini aslida chegarasiz qilib qo’ygan. Sezar o’z vakolatidan foydalanib senatni o’z tarafdorlari bilan to’ldirib, senatorlar sonini 900 taga olib kelgan
Do'stlaringiz bilan baham: |