17-MAVZU: TOG‘AY MUROD HAYOTI VA IJODI
REJA:
1.Tog‘ay Murodning avtobiografiyasi
2. Adib ijodida milliylikning o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘lishi.
3. “Otamdan qolgan dalalar asari” tahlili
4. Tog‘ay Murod ijodida ramziylik
Tayanch tushunchalar: “Momo yer qo‘shog‘i”, ramziylik, ramziy qissa, milliylik, an’ana va o‘ziga xoslik, Dehqonqul obrazi, zamonasozlik, fojiaviylik.
Togʻay Murod 1948 yili Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Xoʻja Soat qishlogʻida tugʻildi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida (1967–1971), Moskvadagi Adabiyot institutida (1985–1987) tahsil oldi. Respublika radiosida (1972–1975), “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetasi (1976–1978), “Fan va turmush” jurnalida (1982–1984) xizmat qildi.
1976 yili Togʻay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” degan ilk qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, kitobxonlar ogʻziga tushdi. Shundan soʻng birin-ketin “Ot kishnagan oqshom” (1979), “Oydinda yurgan odamlar”(1980), “Momo Yer qoʻshigʻi” (1985) kabi oʻzbek milliy qissachiligining yangi namunalari dunyoga keldi. Ular yuksak baholanib, adib Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi yillik mukofotiga sazovor boʻldi.
Adib 1986–1991 yillarda “Otamdan qolgan dalalar” romanini yaratdi. 1994 yili unga mazkur asari uchun Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berildi. “Otamdan qolgan dalalar” – ijtimoiy roman. U nafaqat adib ijodida, balki oʻtgan asrning 90-yillar adabiyotida katta voqea boʻldi. Unda mustabid tuzumning qattol siyosati, oʻzbek dehqonining ogʻir, mashaqqatli mehnati va nursiz hayoti real boʻyoqlarda ochib tashlangan.Togʻay Murod mohir tarjimon sifatida J. Londonning “Boyning qizi” dramasi va bir nechta hikoyalarini (1974–1975), Ye. Seton-Tompsonning mashhur “Yovvoyi yoʻrgʻa” asarini tarjima qildi (1989).Tog‘ay Murod ijodida milliy va mahalliy kolorit kuchli. Adib ijodida milliylikning o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘ladi. Xarakter yaratishdagi o‘ziga xos jihatlarni alohida ta`kidlash zarur. “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”da kabi qissalarida inson qalbi fojealarining haqqoniy tasviri berilgan. “Otamdan qolgan dalalar” – yaqin o‘tmish haqidagi “hukmnoma” deb aytiladi. Dehqonqul obrazi – o‘zbek nasridagi yangi kashf qilingan obraz sifatida baholangan. Fikrlarga ko‘ra Tog‘ay Murod o‘zbek adabiyotidagi yangilanishni aynan milliylikka asoslanib yaratgani bilan ham ajralib turadi.
Shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning bildirishida, Tog’ay Murod ijodi bugun nemis turkshunoslari tomonidan o‘rganilmoqda. Tog‘ay Murod asarlarining nemis tilida chop etilishi ehtimoli bor. Tog’ay Murod asarlarida so‘nggi yuz yilda o‘zbek millati boshdan kechirgan fojialarning aniq yaxlit tasavvuri mavjud. Bu tarixiy davrda o‘zbek xalqi qanday yashaganini bu darajada aniq beruvchi boshqa yozuvchini misol keltirish qiyin. Shu bois ham Tog‘ay Murod asarlarining targ‘iboti muhim, deydi adabiyotshunoslar.
Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek Tog‘ay Murod ijodi, asarlariga nisbatan targ‘ibot deyarli yo‘qligi sababini hozirgi siyosatda ko‘radi, to‘la kuchga kirgach, hukumat ham, hukumat nomidan adabiyotni boshqarayotganlar ham ulardan mutlaqo voz kechdi. O‘sha paytda Tog’ay Murodni Rauf Parfi singari nariga surib qo‘yish qiyin edi.” “Shuning uchun unga xalq yozuvchisi unvonini berilishi uning ijodi hukumat tomonidan butunlay e`tirof etildi degan narsaga qo‘shila olmayman. Unvon Tog‘ay Muroddan ancha past bo‘lgan yozuvchilarga berilgan bir paytda Tog’ay Murodga bermaslik mumkin emas edi”, - deydi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek. Mulohazalarga ko‘ra, yozuvchi Tog‘ay Murod xotirasini abadiylashtirish allaqachon amalga oshirilishi lozim bo‘lgan mas`uliyat.
Iqtidorli yozuvchi Tog‘ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romani tom ma’noda istiqlol mevasidir. Adib romaniga «Birlashgan Millatlar Tashkiloti» a’zosi - ozod O‘zbekiston uchun bitdim» degan bitik bilan boshlaydi. Mana shuning o‘ziyoq adibning ustozlar an’analarini davom ettirayotgani, ularga nasib etmagan mustaqillik mevalaridan bahramand bo‘lgan avlodning shukronasini eslatadi. Shu so‘zning o‘ziyoq bu romanning O‘zbekiston mustaqilligi sha’niga bitilgan qasida sifatida dunyoga kelganligidan dalolat beradi. Darhaqiqat, «Otamdan qolgan dalalar» romani baxshiyona uslubda bitilgan erk dostonidir. Asar o‘n bobdan tashkil topgan. Unda xalqimizning 130 yillik tarixiy murakkab davri qalamga olingan. Chor Rusiyasining bosqini tufayli xalqimiz tinchligining bo‘zilgan onidan boshlab, yaqin yillargacha o‘zluksiz sur’atda qattiqqo‘llik bilan amalga oshirilgan mustamlakachilik siyosati oqibatida o‘zbek dehqonining qandoq ahvolga tushib qolganligini ifodalash asar voqealarining o‘zagini tashkil etadi. Mana shu muddat orasida o‘zbek xalqining hayotidi ro‘y bergan ko‘rguliklar uch avlod taqdiri orqali ko‘rsatilgan. Bu avlodlar bitta oilaga mansub.
Birinchi avlod vakili farg‘onalik Jamoliddin ketmon, ikkinchisi uning o‘g’li Faronada tug’ilib, Denovda voyaga yetgan, bosqinchilarga qarshi kurashib, mardlarcha shahid bo‘lgan Aqrab, uchinchisi Denovda tug’ilib o‘sgan, shu tuproqda mehnat qilib, butun respublikaga dong taratgan paxtachilik brigadasining boo‘g’li Aqrab hamda Bolxin terimchining yakkayu-yagona o‘g’li surxonchi Dehqonquldir. Bu oila taqdirini ham, romandagi zamon va makonni ham shartli qabul qilish kerak. Kengroq ma’noda olsak, Farg’ona vodiysidan Surxon vohasigacha bo‘lgan makon ham, XIX asr o‘rtalaridan XX asrning 80-yillarigacha davom etgan zamon ham bir oila taqdiri misolida tasvirlanadi. Shuning uchun bu oila taqdiri misolida tasvirlanadi. Shuning uchun bu oilaning umuman o‘zbek xalqi timsolida namoyon bo‘ladi deb tushunish kerak. Roman «Men farg‘onachi Jamoliddin ketmon nabirasi bo‘laman» degan ibora bilan boshlanadi. Iboradan iftixor ohangi eshitiladi. Jamoliddin ketmon to‘g’risidagi bobdan shuni anglab olamizki, bobomiz o‘z yeriga ega bo‘lgan, unga sevib-sevib ishlov bergan, ter to‘kib-ter to‘kib mehnat qilgan, o‘ynab-o‘ynab xosil olgan, shukronalar aytib hayot kechirgan. Ammo Farg’onaga ruslarning bostirib kelishi Jamoliddin ketmonning osoyishta hayotini bo‘zdi, yerdan baraka ko‘tarildi, zilol suvlar bo‘tana bo‘ldi. Bobomiz toza yer izlab Farg’onadan bosh olib chiqib ketdi, hali oq podsho qadami yetmagan Denovdan boshpana topdi.
Ikkinchi bob «Men surxoni Aqrab qo‘li gul o‘g’li bo‘laman» degan faxriya bilan boshlanadi. Aqrabning qismati otasinikidan-da og’ir, fojei bo‘ldi. U o‘zining qisqa umrining bosqinchilarga, asosan, qizillarga qarshi kurashib o‘tkazdi, shu yo‘lda halok bo‘ldi, shahid deb nom oldi. Ana shunday e’tiqodli, fidoyi insonlarning farzandi Dehqonqul uchinchi avlod vakili bo‘lib, u ota tarbiyasini olomadi, onasi Bolxin terimchi kolxoz ishlari bilan band bo‘ldi. Bolani sovet maktabi tarbiyaladi, voyaga yetkazdi. Milliy qadriyatlarimizning ildizlari qirqilgan zamon va makonda kamol topgan Dehqonqul ideologiyasining quli, sotsialistik jamiyatning robotga aylangan quli bo‘lib yetishdi. Ismiga «qul» bejiz qo‘shilmagandir?!
Mustamlakachilik tadbirining navbatdagi bosqichi sifatida 80-yillar o‘rtalarida ko‘tarilgan «o‘zbek ishi» ana shu yerga, elga, kommunistik ideologiyaga sadoqatli Dehqonqul boshiga ham ne kunlarni soldi. Azob-uqubatlarni torta-torta qilmagan ishlarini qildim deb bo‘yniga olib, sakkiz yilga kesiladi. Shunda ham uning oxirgi tilagi yerlari bilan vidolashish istagi bo‘ladi…
«Otamdan qolgan dalalar» publitsistik uslubda bitilgan ijtimoiy-siyosiy romandir. Odatda badiiy asarda publitsistika ko‘paysa, zerikarli bo‘lardi. Biroq iste’dodli yozuvchi T.Murodning shirin tili bois buni sezmaymiz. Romanda Farg’ona leksikasi Surxon lahjasi bilan o‘zaro qorishib ajabtovur nutq paydo bo‘lgan. Roman she’r kabi yozilgan, she’r kabi o‘qiladi, she’r kabi his qilinadi. Iboralar ixcham, manzaralar lo‘nda, fikrlar ta’sirchan, tasvirlar ko‘rimli, tuyular jo‘shqin. Mana shu va boshqa fazilatlari bilan «Otamdan qolgan dalalar» romani istiqlol davri adabiyotida vujudga kelgan erkinlikning ilk qaldirg’ochidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |