Yangi mumtoz nazariyalar. Ikkinchi Jahon urushidan keyingi yillarda yangikeynschilarning nazariyalari bilan bir qatorda davlat tomonidan tartibga solishni cheklash orqali erkin tadbirkorlik g’oyalarini targ’ib qiluvchi yangi mumtoz nazariyalar ham jonlandi. Yangi mumtoz maktabning nazariyotchilari (AQShda R.Slou, J.Kenrik; Buyuk Britaniyada – A.Robbins, J.Mid) iqtisodiyotga davlatning aralashmasligi asosiy printsipini himoya qilib, bir vaqtning o’zida maorif va fanga sarf qilinadigan xarajatlar salmog’ini oshirish orqali ularning tarkibiy tuzilmasini o’zgartirib, davlat xarajatlari umumiy hajmining qisqartirilishini yoqlab chiqdilar. Shuningdek, “inson kapitaliga investitsiyalar”ga alohida e’tibor qaratildi. Bir vaqtning o’zida, soliqlarning darajasini pasaytirish taklif etildi va defitsitsiz byudjetga erishilishi talab qilindi.
Takror ishlab chiqarish sharoitlarining yomonlashuvi va inflyatsion tendentsiyalarning (oqimlarning) kuchayishi bilan iqtisodiy qiyinchiliklar uchun javobgarlik yuklatilgan keynschilik va yangi keynschilik qoidalarini tanqid qilish ham kuchaya bordi. Ana shunday murakkab iqtisodiy vaziyatda yangi mumtoz maktabdan “taklif iqtisodiyoti” nazariyasini ishlab chiquvchi yangi konservativ yo’nalish (AQShda – G.Steyn, M.Ueydenbaum; Buyuk Britaniyada – J.Xau, A.Uolters) ajralib chiqdi. Bu yo’nalishning moliyaviy kontseptsiyasi iqtisodiy o’sishning jamg’armalar va jamg’arma bilan belgilanishiga asoslanadi. Davlat soliq tizimi orqali mamlakatda investitsiyalarning etarliligini ta’minlash uchun jamg’armalarni shakllantirishda etarli shart-sharoitlarni yaratishi kerak. Davlat va uning moliya tizimiga ilmiy-texnika taraqqiyotini rag’batlantirish vazifasi yuklatildi. Moliyaga iqtisodiy o’sishni uzoq muddatli rag’batlantirishni ta’minlash biriktirildi. Umumiy tarzda, bu jarayonlarda davlatning roli minimallashtirildi. Bu nazariya mualliflarining ayrimlari davlatga “kechgi qorovul va politsiyachi” funksiyalarini berish bilan cheklanishni taklif etdi.
Boshqa nazariyalar bilan bir qatorda “taklif iqtisodiyoti” nazariyasida soliqlarga faxriy o’rin ajratilgan. Uning vakillari - soliqlarni qisqartirish tarafdori. Biroq, soliqlarni antitsiklik kon’yunkturaviy tartibga solishning vositasi sifatida qaragan keynschilardan farqli o’laroq, ular jamg’armalar va investitsiyalarning yuqori darajasini qo’llab-quvvatlash uchun soliq undirmalarining darajasini pasaytirishni talab etdilar.
Amerikalik iqtisodchi A.Lefferning soliq kontseptsiyasi ham keng mashhurlik kasb etdi. U grafik model asosida soliqlarning yuqori stavkalari iqtisodiy o’sishning sur’atlarini pasaytiradi, degan xulosaga keldi. Bu olimning tavsiyalari 1980-1990-yillarda dunyoning ko’pgina mamlakatlarida amalga oshirilgan soliq islohotlarining negizini (asosini) tashkil qildi.