Segmentlar bo’yicha hisobotni javobgarlik markazlari bo’yicha shakllantirilgan hisobot sifatida ta’riflash mumkin.
Segmentlar (javobgarlik markazlari) bo’yicha hisobni tashkil etish zarurati munosabati bilan boshqaruv hisobida ularning chegaralarini quyidagi mezonlarga muvofiq belgilash lozim:
mustaqil segment hisobotlari qanday ko’rinishda bo’lishi lozim (ya’ni, segmentar hisobot birliklarini ajratish mezoni);
segmentlararo o’zaro hisob-kitoblarda bahoni shakllantirishning qaysi usuli qo’llanilishi zarur;
daromadlar va xarajatlar, aktivlar va majburiyatlarni segmentlarga taqsimlash uchun qanday asos mavjud bo’ladi?
Mustaqil segment hisoboti shakllanishi shart-sharoitlari sifatida har bir xo’jalik va geografik segmentning ichki hisobotlaridan foydalanish lozim.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona segmentlari o’rtasida ichki hisob-kitob narxlarini o’rnatish ya’ni transfert baho hosil bo’lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi, bunda bitta javobgarlik markazi o’z mahsuloti yoki xizmatlarini boshqa javobgarlik markaziga uzatadi, natijada bo’linmalar o’rtasida o’sib boruvchi tartibdagi baholar yuzaga keladi.
Transfert baholari bo’yicha segmentar hisobotni tuzishda, transfert baholarni hisob-kitob qilishning quyidagi usullari tahlil qilinadi:
bozor baholari asosidagi;
tannarx (o’zgaruvchan yoki to’liq) asosidagi “tannarx plyus” tamoyili bo’yicha;
shartnomaviy transfert baholari asosidagi (mahsulot ishlab chiqarish jarayonida bozor kon’yunkturasi va xarajatlari ta’siri ostida).
Bozor baholarini shakllanishi obyektiv xususiyatga ega bo’lgan sharoitda transfert bahosi ham javobgarlik markazlari menejerlarining va xaridorlarning munosabatlari hamda malakalariga bevosita bog’liq bo’lmaydi. Bu usulning zaif tomonini ham ta’kidlash lozim ya’ni uning joriy etilishi rivojlangan bozor muhitini talab qiladi, bundan tashqari korxona javobgarlik markazlari (segmentlari) ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ko’rsatiladigan xizmatlarga bozor baholarining darajasi to’g’risida axborot yig’ish uchun qo’shimcha xarajatlar qilishi lozim.
“Tannarx plyus” nomli ikkinchi usulda kutilayotgan foyda miqdori ustiga ma’lum foiz qo’yiladi. Masalan, bitta bo’linma mahsulot (ishlar, xizmatlar) to’liq tannarxining 110 %li hisob-kitobidan kelib chiqsa, boshqa segment esa segmentni uzatuvchi mahsulot birligiga o’zgaruvchan tannarxni 150 %li hisob-kitobidan kelib chiqishi mumkin.
Uchinchi usul bo’yicha transfert baho hosil qilishda shartnomaviy bahoni aniqlashning quyidagi formulasidan foydalaniladi:
Tb = Mo’t + Umd
bu yerda,Tb - transfert bahosi;
Mo’t - mahsulotning ishlab chiqarish (o’zgaruvchan) tannarxi;