13.1.2. Kompaniya madaniyatining manbalari.
Kompaniya madaniyatining ildizi uning falsafasiga va aynan shu shaklda faoliyat ko’rsatish sabablariga borib taqaladi. Kompaniya madaniyati qadriyatlarda va faoliyat prinsiplarida; etik standartlarda va rasmiy siyosatda; kasaba uyushmalari, aksionerlar, ta’minotchilar bilan munosabatlarda; tashkilot tayanadigan an’analarda, nazorat tajribasida; xodimlarning xulq-atvorida; tashkilot avlodlarining og’zidan-og’ziga o’tadigan afsonalarida; mansabdor xodimlarning o’zaro munosabatida; tashkilotning siyosatida namoyon bo’ladi. Ushbu ijtimoiy omillar tashkilot madaniyatining majmuasini tashkil qiladi.
Kompaniya madaniyatida o’rin topgan ishonch va usullarning manbalari turlicha bo’ladi. Jumladan: xarizmatik shaxslar, ishchi guruhlar, bo’lim va bo’linmalar tashkilotning turli boshqaruv pog’onalarida paydo bo’lishi mumkin. Madaniyatni ko’pchilik unsurlarini o’rnashib qolishi firmaga asos solgan shaxslar bilan yoki uning dastlabki sardorlari bilan bog’liq. Ular kompaniya amal qiladigan falsafani, prinsiplarni, siyosatni va faoliyat strategiyasini yaratganlar. Ma’lum vaqt o’tishi bilan ushbu madaniyat unsurlari ishchilar va menejerlar ongiga singib boradi. Kompaniya madaniyati-bu ichki ijtimoiy kuchlar harakati mahsuli: u tashkilotda ustunlik qiladigan qadriyatlar va xulq- atvor me’yorlari majmuasidir.
Kompaniya madaniyati shakllangandan so’ng, sardorlarni tayyorlash tizimsini saqlash, kompaniya qadriyatlariga mos keluvchi xodimlarni tanlash, yangi a’zolarga madaniyat unsurlarini muntazam singdirish, kompaniyaning asosiy qadriyatlarini, ijobiy afsonalarini muloqotlarda va ma’ruzalarda takrorlash, madaniy g’oyalarga va me’yorlarga amal qiluvchilarni rag’batlantirish va aksincha kompaniya madaniyatini hurmat qilmaydiganlar uchun noqulay muhit yaratish orqali ushbu madaniyatni rivojlantirish lozim.
Lekin ustivor madaniyat ham o’zgarib boradi. Yangi sardorlarning paydo bo’lishi va rahbarlarning almashishi yangi qadriyatlarning paydo bo’lishiga va kompaniya madaniyatini o’zgarishiga olib keladi. Yangi faoliyatlarga diversifikatsiya, yangi geografik hududlarga ekspansiya va yangi xodimlarning paydo bo’lishi ham kompaniya madaniyatini rivojlantirishi mumkin. Odatda kompaniyaning madaniyati bir necha submadaniyatlardan iborat bo’ladi. Qadriyatlar, ishonch va usullar bo’linmalarda, geografik hududlarda va xo’jalik birliklarda bir-biridan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |