13- Amaliy : Germetik polimer materiallar
Reja
1. Germetiklovchi mastikalar
2. Qotmaydigan mastikalar
Polimer germetiklar yig‘ma konstruksion elementlar choklarini zichlashtirish uchun ishlatiladi. Bunday yig‘ma konstruksiyalarga panellar, bloklar, qismlar va boshqalar kiradi. Germetiklar elastik bo‘lishi va haroratdan, kirishishdan hosil bo‘ladigan deformatsiyalarni so‘ndirishi kerak.
Germetiklar bino va inshootlarning issiqlik, tovush va gidroizolyasiyasini ta'minlashi zarur.
Germetiklar atmosfera muhiti, turli agressiv moddalar va havo aralashmalariga chidamli bo‘lishi, o‘zidan inson organizmiga salbiy ta'sir etuvchi moddalarni ajratmasligi kerak.
Konstruksiya choklarini berkitish va zichlashtirish maqsadida qotuvchan va qotmaydigan germetiklovchi mastikalar va elastik zichlashtiruvchi qistirmalar ishlatiladi.
Germetiklovchi mastikalar plastik holatda maxsus asbob vositasida choklarga surkaladi. Bunda mastika chokdan tashqari yuzaga ham qisman chiqib, vertikal va gorizontal choklarni qoplashi maqsadga muvofiqdir. Mastikalar betonga yaxshi yopishishi va 600S haroratgacha oqib tushmasligi kerak. Polisulfidli kauchuklar-tiokollar va bitum-rezinali bog‘lovchilar asosidagi mastikalar keng miqyosda ishlatiladi.
Tiokolli mastika tiokol pastasi, vulkanlashtiruvchi qo‘shimcha, vulkanlashishni tezlashtiruvchi modda va suyultiruvchini, germetiklash ishlari boshlanishidan oldin, sinchiklab aralashtirib tayyorlanadi. Mastika vulkanizatsiya jarayoni tufayli bevosita choklarning o‘zida qotadi va rezinasimon, elastik germetik (qora rangda) hosil bo‘ladi.
Izol mastikasi rezina kukuni (rezina chiqindisi), bitum, kumaron polimeri, tolali dispers to‘ldirgich (masalan, asbest) va antiseptik (antratsen moyi) aralashtirilib tayyorlanadi. Izol mastikasi 80-1000S haroratgacha qizdirilgan holda va organik erituvchilar (ligroin, benzin va sh.k.) qo‘shilib sovuq holda ishlatilishi mumkin.
Qotmaydigan mastikalar poliizobutilen, yumshatuvchi (neytral moylar) va kukun to‘ldirgich (ohaktosh, dolomit va sh.k.) asosida tayyorlanadi. Mastika choklarga maxsus shpritslar vositasida kiritiladi. Bunda mastika almashinuvchi patronlarga joylashtirilgan bo‘lib, elektr isitkichlar bilan ta'minlangan termoshkaflarda isitib beriladi.
Elastik qistirmalar zich va g‘ovak chilvir (jgut) ko‘rinishida rezina, poliuretan, sintetik kauchuk asosida ishlab chiqariladi.
Poroizol chiqindi rezina kukuni, yumshatgich, g‘ovak hosil qiluvchi va antiseptik asosida chilvir ko‘rinishida tayyorlangan germetik. Poroizol ko‘ndalang kesim o‘lchamlari 30x40 mm va 40x40 mm bo‘lgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida va diametri 10-60 mm bo‘lgan chilvirlar ko‘rinishida tayyorlanadi.
Ular vertikal va gorizontal panel choklarini, panel va deraza romlari choklarini va boshqa choklarni zichlashtirishda ishlatiladi.
Gernit ustiga suv o‘tkazmaydigan plenka qoplangan g‘ovak elastik chilvir ko‘rinishidagi qistirma material. Gernit yonmaydigan polixloropren kauchuk asosida olinadi. Gernit qistirmasi uzunligi 3m va diametri 20, 40 va 60 mm o‘lchamlarda ishlab chiqariladi.
Gernit suv o‘tkazmaydi va atmosfera muhitiga chidamli bo‘ladi. Uning suv shimuvchanligi 48s davomida massa bo‘yicha 0,4% tashkil qiladi. Gernitning nisbiy uzayishi yuqori bo‘lganligi sababli harorat va kuchlanishdan hosil bo‘ladigan deformatsiyalar ta'siriga chidamli bo‘ladi va uzoq muddat xizmat qiladi.
Germetik qistirmalar ichi to‘la va ichi bo‘sh turlarga bo‘linadi. Ichi bo‘sh qistirma germetiklar choklarga quyilgan, ularda vakuum hosil qilish mumkin. Bir tomonini kesish natijasida qistirma orasiga havo kiradi va germetik bo‘shliq devorlariga kuch bilan yopishib zichlashadi.
Profillangan germetiklovchi buyumlar polivinilxloriddan ekstruziya usulida tayyorlanadi. Ular turli ranglarda va turli ko‘ndalang kesimli bo‘lishi mumkin.
Polivinilxlorid germetiklar choklarni yaxshi berkitadi, ob-havo ta'siriga, deformatsiyalanishga bardoshli bo‘ladi. Ular bezak ishlarini olib borishda ham ishlatilishi mumkin.
Choklarga germetiklarni kiritishdan avval choklar yaxshilab tozalanishi, panel va bloklar burchaklaridagi beton va qorishma qoldiqlari olib tashlanishi kerak.
Germetizatsiya ishlarini olib borishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish kerak. Mastikalarni tayyorlash, saqlash va ishlatishda olovdan ehtiyot qilish zarur. Ishchilar rezina qo‘lqoplar, maxsus kiyim va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlanishi kerak.
Nazorat savollari
Suv o’tkazmaydigan germitiklar
Qotmaydigan mastikalar olinishi
Do'stlaringiz bilan baham: |