Bitumli yoki asfaltli loklar neft bitumlarini yoki asfaltni yoki ularning aralashmasini o‘simlik moylari bilan qorishtirib organik erituvchilarda eritib tayyorlanadi. Ular kanalizatsiyada ishlatiladigan cho‘yan quvurlarni, sanitariya-texnika uskunalarining metall qismlarini va boshqa er ostida ishlatiladigan metall konstruksiyalarni qoplash uchun mo‘ljallangan. Toshko‘mir loki toshko‘mir pekining organik erituvchilardagi eritmasi bo‘lib, cho‘yan va po‘lat konstruksiyalarni korroziya muhitidan himoyalash uchun ishlatiladi.
Nitroloklar-nitrotsellyulozaning organik erituvchilardagi eritmasi bo‘lib, plastifikatorlar sifatida turli smolalar ishlatiladi. Ular tez quriydi va qotgach yaltiroq parda hosil qiladi. Nitroloklar yog‘ochdan tayyorlangan buyum va qismlarni loklash va bo‘yoq ustidan yaltiratish uchun ishlatiladi.