12-mavzu: O’zbekiston Respublikasi uy-joy kodeksi REJA Uy-joy to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi.
Uy-joy to’g’risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadigan munosabatlar.
O’zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi, uning maqsad va vazifalari, qo’llanilishi, tarkibi, mazmuni.
Uy-joy to’g’risidagi qonun hujjatlarini qurilish sohasida qo’llashning huquqiy tartibi
1.Insonlarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari orasida turarjoyga bo’lgan ehtiyoj eng birinchi va asosiy ehtiyojlardan biri hisoblanadi. Zero, turar joyga nisbatan ehtiyoji qondirilmasdan turib, inson xotirjam hayot kechirish va o’zini erkin his qilish imkoniyatiga ega bo’lmaydi.
Fuqarolarning turar joyga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish bilan bog’liq ijtimoiy munosabatlar hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida yangicha ko’rinish va mazmun kasb etganligini ta’kidlab o’tish joiz.
Qolaversa, bozor munosabatlari sharoitiga kelib, kishilardagi boqimandalik tuyg’usi barham topa boshlashi bilan birgalikda, davlatga tegishli bo’lgan turar joy binolarning katta qismi xususiylashtirildi.
1990-yil 31-oktabrda «O’zbekiston Respublikasida mulkchilik to’g’risida»gi va 1991-yil 19-noyabrda «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida»gi qonunlarning qabul qilinishi iqtisodiy islohotlarning dastlabki bosqichida huquqiy asos sifatida uy-joy munosabatlarini bozor qonuniyatlari asosida isloh qilishda asosiy va birlamchi huquqiy qadam bo’ldi.
Ushbu qonun hujjatlarining amalga kiritilishi natijasida xususiy mulkchilikka keng yo’l ochib berilishi va davlatga tegishli uy-joylarning shu uy-joylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarga xususiylashtirib berilishi natijasida ilgari mavjud bo’lgan yagona uy-joy fondining arzimas qismini tashkil etgan xususiy uy-joy fondining hajmi va miqdori ortishi bilan birga, yangi mulkdorlar sinfi, ya’ni «xususiy uy-joy mulkdorlari» vujudga keldi.
Uy-joy huquqi deganda, huquq subyektlarining turarjoylarga nisbatan mulk huquqi, fuqarolarning turarjoylarda istiqomat qilishlari va davlat organlarining turarjoy sohasidagi vakolatlari bilan bog’liq munosabatlarni tartibga soluvchi huquq normalari yig’indisi tushuniladi.
Uy-joy huquqi huquq sohasi sifatida fuqarolarning uy-joyga bo’lgan huquqlarini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar va institutlar tizimi hisoblanadi.
Uy-joy huquqining vazifalari quyidagi maqsadlardan kelib chiqib, uy-joy munosaballarini tartibga solish hisoblanadi:
fuqarolarning uy-joyga bo’lgan huquqini ta’minlash;
uy-joy fondini saqlash va yaxshilash;
uy-joy munosabatlari sohasidagi qonunchilik va huquqiy targ’ibot.
Huquq sohasi sifatida uy-joy huquqi normalarini turli asoslardan kelib chiqib tizimlashtirish mumkin. Bunda tizimlashtirishning eng maqbul usuli bo’lib, munosabatlarni amaldagi Uy- joy kodeksi (UJK) da belgilangan asosda tartibga solish hisoblanadi.