2.1. Ekskursiya xizmatining asosiy funksiyalari
Funksiya – biror bir ob’ektning tashqi namoyon bo‘lishi, muassasa, korxonaning ishlash shaklidir. «Funksiya» so‘zi lotinchadan olingan bo’lib, «bajarish, amalga oshirish, faoliyat doirasi, ma’suliyat, rol» degan ma’nolarni o’zida mujassamlashtiradi. Ekskursiya xizmatining funksiyalarini uning bosh xossalari sifatida quyidagilarni ko‘rib chiqishimiz mumkin:
EKSKURSIYA XIZMATI
Ilmiy
targ‘ibot
Axborot
Madaniy hordiqni tashkil etish
Qiziqishlarni shakllantirish
Madaniy dunyoqarashni kengaytirish
2.1. rasm. Ekskursiya xizmatining asosiy funksiyalari
Ilmiy-targ‘ibot funksiyasi. Ekskursiya xizmati ekskursantlarda siyosiy, falsafiy, ilmiy, badiiy qarashlar, g‘oyalar, nazariyalarning shakllanishiga yordam beradi. Targ‘ibot funksiyasini bajarishda ekskursiya xizmati aniq yo‘nalishga ega bo‘lishi kerak. Uning negizida targ‘ibot, ilmiylik, g‘oyaviylik, hayot bilan bog‘liqlik, daromadlilik va ishonarlilik tamoyillari turadi. Bu tamoyillar targ‘ibot mohiyatini, undagi asosiy maqsadni ajratishga imkon beradi, shuning uchun ularni o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilmiylik tamoyili – ta’lim va tarbiyaning shakli sifatida ekskursiya xizmatining muhim xususiyati ilmiylikdir, ya’ni ilmiy bilimlarni tarqatish ekskursiyaning vazifasidir. Ekskursiya xizmati mazmuni zamonaviy fanlarning aniq bo‘limiga muvofiq ravishda bayon etilishi, dunyoqarashni shakllanishiga yordam berishi kerak. Faktlar, voqealar, nazariy holatlar ilmiy talqinda berilib, qaysi zamonaviy fanga taaluqli bo‘lsa, o‘sha fan sohasidagi yutuqlarni hisobga olgan holda yoritiladi. Faktlar va voqealar ob’ektiv ilmiy baholanishi lozim.
G‘oyaviylik tamoyili. G‘oya bu qo‘yilgan maqsadga erishish uchun aniq harakatlar rejasidir. G‘oyaviylikni aniq bir g‘oyalar tizimiga ongli bog‘liqlik sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Aniq faktlarga asoslangan g‘oya materiallariga ob’ektiv yondashuv va gidning ishontirish qobiliyati g‘oyaviylik tamoyilining mazmunidir. Har bir ekskursiya xizmati ushbu tamoyillarni hisobga olgan holda tayyorlanishi, matnlar va uslubiy ishlanmalar kabi hujjatlar tuzilishi muhimdir.
Gid o‘zining hikoyasini ilmiy nazariya asosida tuzishi, shaxsiy g‘oyaviy ishonchni ketma-ket yoritishi maqsadga muvofiqdir. Gid hikoyasidagi, ob’ektlar tahlilida nafaqat uning bilimdonligi, balki faol hayotiy qarashlari ham namoyon bo‘ladi. G‘oyaviy gid o‘z faoliyatida va barcha harakatlarida aniq tamoyillarga asoslanuvchi mutaxassisdir.
Nazariyaning amaliyot bilan bog‘liqligi tamoyili. Ekskursiya xizmati ma’lumotlari hayotga, haqiqatga, mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy bunyodkorlik ishlariga va boshqa o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lishi kerak. Haqqoniy ma’lumotlarning bayoni tarixiy va boshqa jarayonlar negizida turuvchi qonunlarni hisobga olib, umumlashtirilishi va xulosa qilinishi lozim. Hikoya qilinayotgan ma’lumotni hozirgi zamon bilan bog‘lash qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, ammo ekskursiya xizmati mavzusidan qat’iy nazar unda kecha va bugun o‘zaro bog‘lanadi.
Ekskursiya xizmatida zamonaviylikni tavsiflovchi ma’lumot 3 holatda o‘z aksini topadi: birinchisi, ekskursiya xizmatining barcha mavzusi hozirgi zamon voqealariga bag‘ishlanadi («Toshkent – bunyodkorlik markazi», «Samarqand – turizm shahri»); ikkinchisi, hozirgi zamon voqealariga ekskursiya xizmatining bir qismi yoki bir necha mavzuostilarigina bag‘ishlanadi. Bunday holat shahar, tuman bo‘ylab ko‘rgazmali ekskursiyalarga xosdir («Samarqandning kecha va buguni», bitta ko‘chaning tarixi). Ekskursiya xizmatida shahar, mahalla, tumanning o‘tgan zamoni (tarix), buguni (zamonaviylik) va kelajagi (rivoji) ko‘rsatiladi. Uchinchisi, ekskursiya xizmati to‘liq tarixiy voqealar, yodgorliklar tarixiga bag‘ishlanadi. Fandagi yutuqlar asosida o‘tmish voqealari (ming yillar avval) zamonaviylik nuqtai nazaridan baholanadi, bugungi kun bilan bog‘lanadi (Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek observatoriyasiga ekskursiya).
Ekskursiya xizmati samaradorligi undagi ma’lumotlarning qanchalik tushunarli hikoya qilinishi, ushbu auditoriya uchun mazmunan soddaligiga bog‘liqdir. Ma’lumotlar ekskursantlarning tayyorgarlik darajasi, umumta’limiy ahamiyati, hayotiy tajribasini hisobga olgan holda hikoya qilinishi kerak. Ekskursiya jarayoni ma’lumotlarining ishonarliligi quyidagilar asosida ta’minlanadi:
mavzuni yorituvchi muhim faktlarni tanlash;
ishonchli taqqoslanma ma’lumotlardan foydalanish;
dalillarni to‘play olish;
ishonchli manbalarga tayanish, ma’lum bir voqea ishtirokchilari va guvohlarining fikrini o‘rganish;
rasmlar, hujjatlar nusxasi, xaritalar, chizmalarni namoyish etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |