3. Davlatning iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash siyosatining maqsadi va vazifalari
Xavfsizlikni, shu jumladan, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Buning uchun, avvalambor, uning siyosiy-tashkiliy va huquqiy asoslari yaratiladi. Ushbu maqsadda kontseptsiya ishlab chiqiladi. Uni ishlab chiqish esa iqtisodiyot holatini ob’ektiv baholashga hamda uning rivojlanish tamoyili va tendentsiyalarini prognoz qilishga asoslanadi. Buning uchun iqtisodiy xavfsizlikni belgilovchi vaziyat va xolatlardagi sabab-oqibatlari aniqlanadi. shuningdek, iqtisodiy xavfsizlikni saqlash va mustahkamlashga mas’ul, javobgar davlat organlari, tashkilot va muassasalar belgilanadi.
Kontseptsiyani ishlab chiqishda iqtisodiy xavfsizlik va tahdidlarning haqiqiy holatini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy xavfsizlik kontseptsiyasida iqtisodiyotda ijtimoiy ishlab chiqarish hajmi va dinamikasi, iqtisodiy salohiyatdan foydalanish samaradorligi, iqtisodiyotning ochiqligi, intellektual salohiyatning holati, innovatsion darajasi, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish darajasi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tendentsiyalarining istiqbolli prognozlari va ularning asosiy ustuvorliklari o‘z ifodasini topishi lozim.
Iqtisodiy xavfsizlik kontseptsiyasi o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
xavfsizlikni ta’minlash maqsadi va vazifalari;
ularni amalga oshirish yo‘llari va usullari;
oliy hokimiyat va mahalliy hokimiyat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari boshqaruv tizimlari, huquq-tartibot, milliy xavfsizlik organlarining umumdavlat, xududiy darajadagi iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vazifalari;
mavjud va potentsial xavfsizlikka tahdidlarni tahlil qilish;
davlatning xavfsizlikni ta’minlashdagi imkoniyatlari, iqtisodiy resurslardan, vosita va kuchlardan ratsional foydalanishi nazarda tutiladi;
iqtisodiy tahdidlarni bartaraf etish, ularning oldini olish va salbiy ta’sirini yumshatish yo‘llari, vosita va usullari.
Xavfsizlik kontseptsiyasi asosida uni ta’minlashning davlat strategiyasi ishlab chiqiladi. Ushbu strategiya tahdidlarning mohiyatini, ob’ektlarini indikatori va ularning oldini olish yoki bartaraf etish mexanizmlarini belgilab beradi:
Iqtisodiy adabiyotlarda davlat iqtisodiy strategiyasining uch jihati va tarkibiy qismlari ajratib ko‘rsatilgan.
Iqtisodiy xavfsizlik va mamlakat hayot faoliyati muhim sohalarining himoyalanganligini ta’minlaydigan milliy, davlat manfaatlarini aniqlash.
shaxs, jamiyat va davlatning muhim hayotiy manfaatlariga ziyon keltiradigan iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlar va xavf-xatarlarni tavsiflash. Bunda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrlarda davlat va ijtimoiy-iqtisodiy tizim barqarorligiga zarar etkazuvchi, salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar va sharoitlar aniqlanadi.
Iqtisodiy xavfsizlikning turli tahdidlar, xavf-xatarlardan barqaror himoyalanishini ta’minlashga qaratilgan iqtisodiy siyosatni shakllantirish, institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish.1 Ushbu strategiyada iqtisodiy xavfsizlik talablariga javob beradigan iqtisodiyotning mezon va parametrlari ham aniqlanadi.2 Iqtisodiy manfaatlarga va xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda yumshatishning ustuvor maqsadlariga quyidagilar kiradi:
aholining barcha ijtimoiy guruhlari va tabaqalari turmush darajasini oshirish orqali jamiyat barcha a’zolarining birdamligiga erishish;
milliy iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni kiritishni rag’batlantirish, investitsion jarayonlarni faollashtirish;
qat’iy soliq, pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta qadrini oshirish va mustahkamlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va samarali bojxona nazorat tizimini shakllantirish;
mamlakat fani va intellektual salohiyati rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
mamlakat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ular o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini kuchaytirish orqali ichki iqtisodiy makonni mustahkamlash;
xo‘jalik sub’ektlarining xalqaro bozorlarga chiqishdagi mustaqilligi va erkinligini ta’minlash.
shuni aytib o‘tish joizki, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda iqtisodiy vosita va chora-tadbirlar bilan bir qatorda korruptsiya, tashkiliy jinoyatchilikka, xufyona iqtisodiyotga qarshi siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy tavsifdagi chora-tadbirlar, vositalardan ham foydalaniladi. Bunda iqtisodiy boshqaruv organlari huquq-tartibot, milliy xavfsizlik xizmati, chegara, bojxona organlari bilan birgalikda faoliyat yuritadilar.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy shart-sharoitlar quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:
aholining tsivilizatsion ehtiyojlari me’yorida yashash imkoniyatining yaratilishi. Bu kishilar uchun tanlash erkinligi hamda uzoq muddat mehnat qobiliyatini saqlagan holda faoliyat yuritish huquqi va majburiyatini ifodalaydi. Buning uchun bozorning o‘z-o‘zini tartiblash va iqtisodiyotni davlat tomonidan tartiblash mehanizmlari uyg’unligini ta’minlashga xizmat qiluvchi resurs, energetik, transport, ishlab chiqarish va bozor infrastrukturalari shakllantiriladi;
xotirjam yashash imkoniyatlarining yaratilishi. Buning uchun favqulodda noxush vaziyatlar vujudga kelishining oldini olish hamda ishonchli axborotga ega bo‘lish uchun iqtisodiy sharoitlar vujudga keltirilishi lozim bo‘ladi. Bundan ko‘zlangan maqsad, birinchidan, iqtisodiy va texnogen xavf-xatarga qarshi turish, ikkinchidan, iqtisodiy jinoyatchilik va terrorizmning kuchayishiga qarshi turli imkoniyatlarni yaratish hisoblanadi;
mamlakatning hududiy va iqtisodiy yaxlitligiga xavf soluvchi omillarning oldini olish. Bu omillar mamlakat hududlari rivojlanishi va aholi turmush darajasidagi farqlarning kattalashib ketishi tufayli vujudga keladi. Mamlakatning hududiy va iqtisodiy yaxlitligini ta’minlash uchun, birinchidan, yagona iqtisodiy makonni tashkil etish maqsadida pul va bank tizimini mustahkamlash, moliyaviy va savdo infratuzilmasini rivojlantirish; ikkinchidan, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajalarini bir-birlariga yaqinlashtirishga qaratilgan oqilona hududiy siyosatni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ushbu shart-sharoitlarni yaratish asosida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash mexanizmining asosiy elementlari huquqiy baza, boshqarishning iqtisodiy uslublari hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish hisoblanadi.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashning huquqiy bazasini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlar tashkil etadi. Endilikda esa “Xavfsizlik to‘g’risida”gi Qonunni qabul qilish lozim bo‘ladi.
Davlat iqtisodiyotini tartibga solishning quyidagi yo‘nalishlarida ham faoliyat yuritiladi:
iqtisodiyotdagi jarayonlarni ob’ektiv, keng qamrovli monitoringi, shu jumladan, shaxs, davlat va jamiyatning muhim hayotiy manfaatlariga ichki hamda tashqi tahdidlarni aniqlash va prognozlashtirish uchun axborotlar bazasini yaratish;
iqtisodiy manfaatlarga tahdidlarning oldini olish va salbiy oqibatlarini engish hamda barham berish bo‘yicha jarima va uzoq muddatli chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish. Bunda davlatning iqtisodiy xavfsizlik strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish chora-tadbirlarining natijalari baholanadi.
Davlatning iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tizimi hamda davlatning barqarorligiga xavf tug’diruvchi omillarni aniqlash va monitoring qilish;
ushbu omillarning zararli, salbiy ta’siriga barham berish yoki yumshatishga qaratilgan iqtisodiy siyosatni shakllantirish va institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |