12 IMOMLIK SHIA MAZHABI HAQIDA UMUMIY MA`LUMOTLAR
SHIALARDA USUL DIN
1. Tavhid (Allohning yagonaligi)
2. Nubuvvat (Payg`ambarlarga imon)
3. Adolat ilohi (Alloh adolatli zotdir)
4. Imomat (Ummatga yetakchilik qilish ilohiy mansabdir)
5. Maod (qiyomat va qayta tirilish)
Shia mazhabida yuqorida sanab o`tilgan usullar e`tiqodning negizini tashkil etadi. Boshqa islomiy mazhablarining usul dinidan farqli shia aqoidida Adolat ilohiy va Imomat ham usullardan biri hisoblanadi.
Adl ilohiy haqida islomiy mazhablar orasida ixtilof mavjuddir. “Ashoiriya” , “Mo`tazila” va Shia mazhablari adl ilohiyga nisbatan bo`lgan etiqodlariga ko`ra ikki yo`nalishdadirlar. Adolat ilohiyga etiqod qiluvchi guruh (shia va mo`tazila) “adliyya” nomini olgan. Bunga etiqod qilmagan guruh esa “ashoira” nomini olgan. Shuni ta`kidlab o`tish kerakki, Ashoira ham Allohning adolatiga etiqod qiladi. Lekin gap shundaki, ular bu natijaga aqlan emas, balki Qur`on oyatlariga asoslanib aytadilar. Lekin adliyyalar esa, Allohning adolatini aqlga suyanib kashf etganlar. Boshqa so`z bilan insonning aqli Allohning adolatini tushunib yetishga qodir.
“Adolat” so`zi arabchadan olingan bo`lib, tenglik, barobarlik deganidir. Istilohan esa zulm qilmaslik ma`nosini bildiradi.
Alloh Taoloning hamma sifatlari (albatta sifati subutiya nazarda tutilgan) Xudovandning adolatidan kelib chiqqandir. Masalan, Razzoq (rizqlantiruvchi) sifatini olib qarasak, maxluqni yaratgan Xoliq rizqini ham yetkazadi va bu Uning adolatining taqozosidir. Yoki amali solihning ajri va gunohlarning azobi , bular ham Allohning adliga muvofiqdir. Xullas, Allohning har bir tadbiri uning ayni adolatidir. Shuning uchun adolat ilohiy dinda usul qilib olingan. Bundan tashqari adolatning usul qilib olinishi odamlarning o`zaro bo`ladigan aloqalarida ta`sir qiluvchi omil bo`lib qoladi.
Shialarning etiqodicha, Rasululloh ummatni o`z holiga tashlab qo`yib tark qilgan emaslar, balki ummat uchun rahbar tayinlab keyingina bu yorug` dunyoni tark qilganlar. Albatta ummatga rahbar ya`ni imom ta`yin etish Alloh tarafidan bo`lgan amrdir. Shuning uchun imomatga etiqod qilish islom aqoidining (shialarda) usullaridan biridir. Shuni ham aytib o`tish kerakki, ummatga yetakchilik yani imomlik qilish “ismat”ni taqozo qiladi. “ismat” tushunchasi haqida ma`lumot beradigan bo`lsak, shuni aytishimiz mumkinki, lug`aviy ma`nosi man` etishdir. Aqoidda esa “ismat” degani har qanday xato va gunohdan pok boshqa so`z bilan aytganda, shariatda gunoh hisoblangan ishlardan poklik- bu ismatdir. Ummatga rahbarlik yoki imomlik qilishdek yuksak sharaf albatta uning egasidan ma`sumlikni talab etishi tabiiy holdir. Imomatga etiqod qilgan musulmon hech vaqt tushkunlikka tushmaydi, chunki biladiki yer yuzi allohning hujjatidan xoli qolmaydi. Har zamonning o`z imomi bo`lib, ummatga (usha zamon talabiga muvofiq) hidoyat mayog`i bo`lib xizmat qiladi. Bizning davrda zamonamizning imomi hazrat Mahdi (Alloh ul zotning zuhurlarini tezlashtirsin). Imomlar haqida batafsilroq suhbat “14 ma`sum” bo`limida keltirilgandir.
MAZHAB HAQIDAGI BOSHQA MA`LUMOTLAR
1. Shia mazhabi bugungi kunda keng tarqalgan bo`lib, jahondagi musulmonlarning to`rtdan birini tashkil qiladi. Bu mazhabnining kelib chiqish tarixi Islom dinining shakllanish davriga tog`ri keladi. Ba`zi rivoyatlarda keltirilishicha "bayyinah" surasining " darhaqiqat, imon keltirib solih amal qilgan bandalar eng yaxshi bandalardir"- degan oyat nozil bo`lganda Payg`ambarimiz (SAV) hz. Alining yelkalariga qo`larini qo`yib " Ali va uning tarafdorlari "eng yaxshi" bandalardir- dedilar.( tafsiri at-Tabari" "Jomeul-bayon" , "tafsir durr al Mansur", "tafsir ruhul maoni" kitoblarida yuqoridagi oyatning tafsirida)
Shuningdek shialarni Jafariylar deb ham atashadi, chunki imom Ja`far-Sodiq davrilarida rasman shia madrasasi ta`sis bo`lgan bo`lib bu kishiga ergashgan deb shialarni jafariylar deyishadi.
2. Shialarning ko`pchiligi Eron, Iroq, Ozarbayjon, Pokiston, Hindiston va Afg`onistonda yashaydi. Shuningdek shialar guruh-guruh bo`lib Fors ko`rfazidagi ayrim davlatlarda, Turkiya, Suriya, Livan, sobiq ittifoqning turli respublikalarida, Angliya, Fransiya, Amerika, Afrika va g`arbiy Osiyoda yashaydilar. Bu yerlarda ularning maxsus masjidlari va madaniyat markazlari bordir.
3. shia mazhabiga taaluqli bo`lgan kimsalar turli millatlarning namoyondalari bo`lib, Islom dinining boshqa mazhab vakillari bilan tinch-totuv yashaydilar. Chunki shialar Qur`on Karimning "Mo`minlar o`zaro birodardirlar" degan shioriga amal qiladilar. Boshqa oyatda keltirilishicha "bir-birlaringizga taqvo va amali solihda yordam beringiz". Hadisi sharifda esa bunday deyiladi " musulmonlar bir dastadirlar", "Mo`minlar- bir tandirlar"
4. Tarix sahifasida shialar shiloat va fidokorlik ko`rsatganliklari hech kimga sir emas. Ular islom hukumatining quruvchilaridirlar. Shialar asos solgan Islom davlatlari tufayli Islom madaniyati va qadriyatlari , ilm-fan saqlanib qolgandir. Shia ulamolarining ilm – fan rivojlanishiga qo`shgan hissalari inkor qilib bo`lmas haqiqatdir. Tafsir, hadisshunoslik, Aqoid, Fiqh, Usul , Rigol, falsafa , axloq, Diroya, Islom hukumatining asoslari, adabiyot, tibbiyot, fizika, ximiya, algebra, asttronomiya va boshqa fanlarga oid minglab kitoblarni yozib bu ilmlarning rivojlanishiga buyuk shia ulamolarining hissasi beqiyosdir.
Shuni ta`kidlab o`tish lozimki, ko`p fanlarning asoschilari- shia olimlaridir. ( Sadrning "Ta`sis ash-shia li ulumil islam", Og`o Buzurqning " Azzoriya ila tasnif ash-shia" (29 jild), Afandining "Kashful azzunun", Kuhalning "Mujam al-muallifin", Muhsin Amin Amullining "Ayanush shia" kitoblariga murojaat qilishingiz mumkin).
5. Shialar e`tiqodi bo`yicha Alloh yagona tug`ilmagan va tug`magan, jism emas makon va zamonga mutaaliq emas, u o`zgarish va harakat qilishdan pokdir. Ko`zlar uni ko`rishdan ojiz, ya`ni bir so`z bilan aytganda, Alloh –Taolo bu kabi sifatlardan munazah va pokdir. Shuningdek Allohga shirk keltirish eng buyuk va kechirilmas gunoh hisoblaydilar. Shia aqoidi muborak Qur`on oyatlari va Hadisi-sharifga asoslangan holda aqlga tayanadi. Hadislarning faqat sahihlariga tayanadi, ya`ni agar hadis roviylarining ichida munofiq yoki yahudiy bo`lsa u naql qilgan hadis sahih hisoblanmaydi. Soxta to`qima hadislar o`zini musulmon ko`rsatgan "yuzaki musulmonlar" tarafidan uydirilgandir. Masalan, Allohning jismiyligi, xatokorligi (na`uzu billah) haqidagi bo`lmag`ur hadislar shular jumlasidandir. Shialarning e`tiqodi bo`yicha, hamma payg`ambarlar begunoh va ma`sumdirlar.
6. Aqoidi shiaga asosan Alloh- Odildir, u hech narsani behuda yaratmagandir. Toshmi, giyohmi, odammi, yeru-osmon hamma hammasi Allohning hikmati asosida yaratilgandir.
7. Aqoidi shia bo`yicha inson yaratilgandan buyon unga hidoyat qilish uchun payg`ambarlar yuboriladi. Payg`ambarlar ma`sum bo`lib, odamlarni abadiy saodat sari yetaklaydilar, o`zlari esa insoni-komil hisoblanadilar. Buyuk payg`ambarlardan (risolat egalari) beshtasi Qur`on va sunnatga asosan quyidagilardir: 1. Nuh (A.s); 2. Ibrohim (A.s); 3. Muso (A.s); 4. Iso (A.s); 5. Muhammad (SAOV).
8. shia e`tiqodida jazo va mukofot haq bo`lib haqiqiy hisob-kitob Qiyomat kunida bo`ladi. Shariatga itoat qilib yashaganlar mukofoti – jannatdir, buning aksi bo`lganlar uchun esa jazo – azob oxirat bo`ladi. Bu dunyo va oxirat orasida "barzah" olami mavjud bbo`lib, u yer o`lganlar uchun oxiratning ostonasidir, bu degani ham azob va yoki rohat makonidir. Shialar "tanosuh"ga e`tiqod qilmaydilar.(tanosuh – bu ruhning bir jasaddan boshqasiga ko`chib yurishidir).
9. Shialar hz. Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmutallibning oxirgi payg`ambar ekanligiga, ul zotnihing har qanday sahvu-xatodan pok begunoh inson ekanliklariga ishinadilar. (boshqa firqalarning payg`ambar ham xato qiladi degan iddiolarini qabul qilmaydilar). Payg`ambarimiz (SAOV) qo`llaridan kelgancha Islom dinini yoyishga harakat qilganlar va bu sharafli vazifani a`lo bajarganlar. Hz. Payg`ambar hayotlariga oid kitoblarga murojaat qilinsa bu zot bo barakotning xislatlarini yanada chuqurroq tushunishimiz mumkin. Masalan, Shayx Mufidning "Irshod", Tabarsining "i`lamal varo", Majlisining "Biharul anvor"sayyid Muhsin Xotamiyning "maucuyatur rasul Mustafo" kitoblari shular jumlasidandir.
10. shialar Quronning masunligiga ishonadilar, ya`ni Qur`ondagi hamma so`zlar o`zgartirishsiz saqlanib qolgandir. (Ba`zi firqalar Qur`onning ba`zi kalimalari tushib qolgan degan e`tiqoddalar). Bugungi kungacha Qur`onning yetib kelishiga fidokor sahobalar hissasi kattadir. Ular oyatlarni yodlab olib nasldan naslga naql qilganlar. Ba`zilar esa Payg`ambarimiz hayotlik davrlaridanoq Qur`onni yozib olishgan (nozil bo`lish sababi, tafsiri, tarixi bilan birga). Birinchi bo`lib Qur`on yozgan shaxs hz. Alidir. Qur`oni Karim haqidagi batafsil ma`lumotlar Zanjoniyning "Tarixul Qur`on", Muhammad Hodi Maa`rifatning "Attamhid fi ulumil Qur`on"kitoblariga murojaat qilish mumkin.
11. Shialar e`tiqodi bo`yicha, Rasululloh(SAOV) rihlatlaridan avval hz. Alini o`zlarining davomchilari va o`rinbosarlari qilib tayinlab ketganlar. Hajjatul vidoda hajdan qaytib kelayotgan musulmonlar karvoni G`adir Xo`m nomli yerga yetib borganda Payg`ambarimiz, Allohning amriga muvofiq, hz. Alini ummatning imomi deb e`lon qildilar. Bu xabarni u yerdagi hojilar hammasi eshitib, bu haqda payg`ambarimizga guvohlik ham berganlar, ularning soni 100 mingdan ortiq edi.
Payg`ambarimiz e`lonlaridan keyin "Bugun diningizni komil qildim, sizlar uchun Islom dinini ta`yin qildim" oyati (Moida -3)nozil bo`ldi. Payg`ambarimiz hamma u yerdagi musulmonlarga Aliga bay`at qilishni buyurdilar. Shunda birinchi bo`lib muhojirlar hz. Aliga bay`at qildilar.(alloma Aminiyning "Alg`adir" kitobida manbalar, tafsir, tarixiy voqealar haqida naql qilingan).
12. Shialare`tiqodicha, imom payg`ambarning vazifasini bajaruvchi bo`lib, vahiy kelmasligi bilan farq qiladi. Imomning vazifasi ummatga rahbarlik qilish (iqtisodiy, siyosiy, diniy), shuning uchun imomlar ham ma`sumdirlar.
13. Shialar iddiolariga asosan, islomiy ummat Imomga muhtojdir. Imom ummatni birlashtiruvchi kuch bo`lib, har xil adashib ketishlikdan uni saqlab turadi. Imomlar Allohning ne`mati bo`lib, to qiyomatgacha har nasl uchun Imom bordir. Bizning davrimizda Imom hz. Mahdi dirlar (Alloh zuhurlarini tezlashtirsin)
14. shialar e`tiqodicha Payg`ambarimiz ummat uchun 12 ta imomni ta`yin qilganlar. "Sahihul Buxoriy", "Sahihul Muslim" da aytilishicha, bu imomlarning hammasi Qurayshdandir. Lekin ismlari bu kitoblarda qayd etilmagan. Boshqa kitoblarda esa ismlar ham aytib o`tilgan.
15. Shialarning 12 imomlarining ismlari quyidagilardir:
1. imom Ali ibn Abu Tolib (a.s) (Rasulullohning jiyanlari)
2. imom Hasan ibn Ali (a.s) ( Rasulullohning nevaralari)
3. imom Husayn ibn Ali (a.s) (Rasulullohning nevaralari)
4. imom Ali ibn Husayn (a.s)
5. imom Muhammad ibn Ali (a.s)
6. imom Ja`far ibn Muhammad (a.s)
7. imom Muso ibn Ja`far (a.s)
8. imom Ali ibn Muso (a.s)
9. imom Muhammad ibn Ali (a.s)
10. imom Ali ibn Muhammad (a.s)
11. imom Hasan ibn Ali (a.s)
12. imom Mahdi (Alloh zuhurlarini tezlashtirsin)
Shialar e`tiqodicha yuqorida ismlari zikr etilgan imomlar Payg`ambarimizning "Ahli baytlari bo`lib, Alloh ularni ummatning rahbari qilib tayinlagan. Imomlarning ma`sumliklari uchun biz ularni sevib ularga itoat qilishimiz buyurilgandir. Qur`onda bunday deyiladi: " Aytgin (ey Muhammad), men sizlardan keltirgan ne`matim uchun mukofot so`ramayman, faqat yaqinlarim uchun muhabbatli bo`lishingizni so`rayman , xolos".
16. Imomlar har qanday gunoh va ma`siyatdan pokbo`lib , tafsir, hadis, irfon, adabiyot, aqoid, tarix va boshqa masalalarda ummatning yetakchilaridir. Lekin tarixdan ma`lumki, imomlar doim siyosiy tazyiqlar ostida yashaganlar. Agar islom ummati Payg`ambarimiz vasiyatlariga amal qilganda edi va imomlarga ergashganida, bugungi kunda musulmonlar tafriqaga uchramagan bo`lur edilar. Lekin siyosiy tazyiqlarga qaramay Imomlar Islom dinining asl mohiyatini saqlab qolishda va ilmni rivojlantirishda beqiyos hissa qo`shganlar.
17. shialar e`tiqodicha Ahli baytga ergashmoq hammaga vojibdir. Payg`ambarimiz aytishlaricha, "Ahli bayt bu – Nuh kemasidir, kimki unga minsa to`fondan(fitnadan) omon qoladi va dinida adashmaydi"; boshqa bir hadisda esa (saqalayn hadisi) bunday deyilgan : " Men sizlarga ikkita qimmatli meros qoldiryapman, biri – Allohning kalomi Qur`on, va ikkinchisi esa mening "Ahli baytimdir". Har ikkalasini mahkam tutsangiz hech vaqt adashmassiz. Chunki bular to "Havzi Kavsar"gacha (qiyomatgacha ) bir-biridan ajralmaydi".
18. Shialarning fikricha aqidaviy masalalarda ilmiy borish kerak. Ilmiy munozaralar va samimiy bahslar (Qur`on va Hadisga asoslangan)haqiqatning yuzaga chiqishida muhim omil hisoblanadi.
SHIA MAZHABINIG KELIB CHIQISHI
Shia mazhabining kelib chiqishi Payg`ambarimiz da`vatlarini boshlagan ilk davrlariga borib taqaladi. Chunki ul hazratga "o`z yaqinlaringni ogohlantirgin" mazmunidagi oyat nozil bo`lganda, rasululoh o`z yaqinlarini yig`ib, "kim menga mening ishimda yordamchi bo`ladi?"- deganlarida yosh Ali "men sizning yordamchingizman"- degan edilar. Payg`mbarimiz bu savolni bir necha marta qaytarganlarida, har gal Ali bir xil javob bergan. Payg`ambarimiz kimki mening ishimda menga ko`makchi bo`lsa, mening muovinimdir degandilar. Hz. Ali javob bergach Rasululloh uni "mening davomchim" deb nomladilar. Xatarli hijrat qilish kechasida Rasululloh(SAOV) Abu Bakr bilan xufiyona yo`lga tushishganida, Payg`ambar yotoqlarida Ali yotgan (Payg`ambar ketganlarini mushriklarga bildirmasllik uchun). Bir so`z bilan aytganda hz Ali hamisha fidokorlik bilan Rasulullohning yonlarida bo`lgan.
Hazrat Rasululloh rihlatlaridan keyin musulmonlar ikki toifaga ajralib ketishdi. Rasulullohning vasiyatlarini esdan chiqarmagan sahobalar (Abuzar, Salmon Forsi. Miqdod, ibn Abbos va h k z lar) hz. Ali xalifa bo`lishi kerak deb aytishsa, boshqa toifa sahobalar o`zimiz xalifa saylaymiz , deb Abu Bakrni xalifalikka loyiq deb topishdi. (Payg`ambarimizning jon kuydirib aytgan vasiyatlarini musulmonlar hali Payg`ambarning muborak jasadlari sovimasdan juda tez "esdan" chiqarishdi). Usha kunlardan keyin hz.Alining tarafdorlarini "shialar"deb atashgan. Garchi bu nomni shaxsan Nabiyul-akram qo`yganlar. "Ulaika xoyrul bariyyah" oyati nozil bo`lganda aziz Payg`ambarimiz hz.Alining yelkalariga qo`llarini qo`yib, Ali va uning shialari "xoyrul bariyyah" deb marhamat qilganlar. Demak, “shia” so`zining o`zini birinchi bo`lib Alining tarafdorlari haqida Payg`ambarimizning o`zlari qo`llaganlar. Ba`zilarning iddio qilishicha shialar bir necha asr avval (Payg`ambarimizdan ancha keyin ) vujudga kelgan emas. Bizning asrimizga kelib turli firqa va yo`nalishlar ko`payib ketgan bir zamonda “xoyrul bariyyah” bo`lib olganlar baxtlidirlar. Axir ular (ya`ni 12imomlik shialar) Payg`ambarimiz ahli baytlariga ergashganlardir .
XUDOSHUNOSI – ALLOHNI TANISH
Bu yerda biz Allohni yaxshiroq tanish uchun shuningdek mantiqiy, anglagan holda ibodatlarimizni amalga oshirishimiz uchun quyidagi bahsga e`tiboringizni qaratmoqchimiz. Shu maqsadda bahsimizni bir necha qismlarga bo`lib qarab chiqamiz.
1.Olamga tafakkur bilan nazar tashlash – Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi;
2. Insonning olam bilan bo`lgan munosabatiga boshqa bir nazar;
3. Zot va sifat;
4. Xudovand sifatlarining ma`nosi;
5. Alloh sifatlari haqidagi sharhlar;
6. Fe`liy sifatlar;
7. Qazo va qadar;
8. Inson va extiyor
1.Olamga tafakkur bilan nazar tashlash – Xudoning mavjudligiga dalolat qiladi
Olamga diqqat bilan nazar tashlagan inson undagi nazm va tartibni ko`rib Xudoning mavjudligiga aslan shak qilmaydi. Masalan agar biron-bir chiroyli binoni ko`rsak uning quruvchiyu me`morlariga tahsin o`qiymiz. Shunda birov sizga " bu binoni hech kim qurmagan, balki o`z o`zidan paydo bo`lib qoldi"-desa, ishonasizmi? Albatta yo`q. Chunki har bir narsa biron sabab orqali yuzaga keladi. Yomgir yogishiga bulut sababchi, bulut paydo bo`lishiga suv sababchi, suvning bulutga aylanishiga quyosh sababchi ...
Shunday ekan dunyodagi barcha narsalar o`zaro sabablar silsilasi qonuni bilan uzviy bog`liqlikdadir. Sabablarning sababi asl poya esa - Xudodir. U hamma narsaning sababchisi, lekin o`zi esa sabab mutlaq bo`lib, uning sababchisi yo`qdir!
2. Insonning olam bilan bo`lgan munosabatiga boshqa bir nazar
Inson fitratan qalbidan Xudoning borligini his qiladi. Agar tarix lavhalariga nazar tashlasak, ko`ramizki, azal-azaldan odamlar nimalargadir sig`inib yashashgan. Garchi bu sig`inishlar botil bo`lsa ham lekin odamzot biron nimaga sig`inmasdan yashashi amri maholdir. Shuning uchun Alloh Taolo insoniyatga tog`ri yo`lga hidoyat qilish uchun payg`ambarlarni yuboradi . lekin moddiy hayotda yashayotgan inson ba`zi hollarda bu dunyoga aldanib qoladi, va hatto Xudoni inkor qilish darajasigacha yetib boradi . lekin nima bo`lganda ham inson tabiatning bir bo`lagi bo`lgani uchun hayoti davomida tabiatga moslanib yashashga majburdir. Qishda qalin kiyinishi, turar joy qurib yashashi buning yaqqol namunasidir. Hatto Allohni inkor qiladigan materialistlar ham bu haqiqatni tan olmay iloji yo`q.
Ba`zi toifa odamlar dunyodagi jami narsa va hodisalarni tasodifiy deb bilsa, boshqalar esa dunyodagi har bir hodisa o`ziga yarasha sabab orqali vujudga kelgan va hech qanday hodisa tasodif orqali yuzaga kelmaydi deb hisoblashadi. Bu toifa odamlar nafis san`at asarini ko`rganda asarning muallifi borligiga shubha qilmaydilar. Nazm va tartib bilan yaralgan bu keng olamni ko`rgan har qanday oqil inson bu yorug` dunyoning mohir yaratuvchisi borligiga hech shubha qilmaydi.
3. Zot va sifat
Agar insonni aqliy tahlil qilib ko`rsak unda zotni, ya`ni insoniyligini va sifatlarini ko`rishimiz mumkin. Masalan ko`zlarining rangi, qomati, rangi ... sifatlar zotga bog`liqdir va zot sifatlar bilan oshkor bo`ladi. Bu mafhum Allohning zot va sifatlarini tushunishimizga yordam beradi. Chunki agar zot cheksiz bo`lsa bu degani uning sifatlari ham cheksiz bo`ladi, natijada sifat va zot o`zaro bir butunni tashkil qiladi. Shuning uchun Allohning zoti va sifatlari uzviy yaxlitlikni tashkil etadi.
4. Xudovand sifatlarining ma`nosi
Olamdagi mavjudotlarda kamolot sifatlarini ko`rishimiz mumkin. Go`zallik, adolat, to`g`riso`zlik, va boshqalar ijobiy xislatlar bo`lib yaratuvchi tomonidan bandalarga berilgandir. Shubhasiz maxluqlarda bor fazilatlar Xoliqning o`zida mavjuddir. Aks holda maxluqlar ham bu sifatlardan mahrum bo`lgan bolar edilar. Qudrat , ilm, Hikmat, Adolat, Rahmat ... Allohning sifatlaridandir.
Allohning zoti cheksiz bo`lgani uchun unga tegishli sifatlar ayni zotiga tengdir. Boshqa so`z bilan aytganda, Alloh ayni Ilmdir shuningdek ayni Qudratdir va h. k. Z
5.Alloh sifatlari haqidagi sharhlar
Umuman olib qaraganda hamma sifatlar ikkiga bo`linadi:
Ijobiy sifatlar va salbiy sifatlar.
Donolik, go`zallik, qudrat, adolat bir so`z bilan aytganda kamolotga dalolat qiluvchi hamma sifatlar ijobiy hisoblanadi.
Buning muqobilida esa salbiy sifatlar bo`lib nuqson hisoblanadi. Masalan zulm, yolg`on, nodonlik, jahl, notavonlik va boshqalar. Alloh-Taolo hamma ijobiy sifatlarning egasi bo`lib, hamma salbiy sifatlardan pokdir. Qur`oni Karimda Alloh sifatlarini ko`rishimiz mumkin.
6. Fe`liy sifatlar
Alloh Taoloning sifatlarini yana boshqa taqsimoti bo`lib bu :
Sifat zotiy va sifat fe`liy. Ba`zi sifatlar zotiy bo`lib doimo oshkordir. Masalan, ilm, qudrat va boshqalar.
Lekin Allohning shunday sifatlari ham borki faqat maxluqlarga nisbatan bo`lgan munosabatda zohir bo`ladi. Bu sifatlarga Roziq (rizqlantiruvchi), Xoliq(yaratuvchi), Rahim(rahmli) rububiya (tarbiyalovchi), Uluhiyya( sig`inishga loyiq), Iroda, Hakim (hikmat egasi), Sodiq (rostgo`y) va shunga o`xshash boshqa sifatlar kiradi.
7.Qazo va qadar
Jahondagi barcha jarayon sabablar qonuni bilan amalga oshadi. Ya`ni sababsiz hech narsa vujudga kelmaydi. Albatta Alloh bu qoidadan tashqaridadir. Chunki U sababi mutlaqdir. Dunyodagi hamma narsa sabablar zanjiri orqali oxir oqibatda Sabab asli ya`ni Xudoning iznu irodasiga borib taqaladi. Alloh biron narsani iroda qilsa bas u narsa beshak amalga oshguvchidir. Qamar " surasida " كل شيئى خلقناه بقدر deyiladi. Ya`ni "biz har bir narsani taqdiri bilan yaratganmiz". Xulosa qilib aytganda olamdagi hamma narsa Allohning izni bilan bo`ladi, Xudoning izni bilan hamma voqea – hodisalar sabablar qonuniga bo`ysunadi.
8. Inson va extiyor
Inson tarafidan amalga oshiriladigan har bir ish dunyodagi hamma hodisalar kabi o`zining sababchisiga uzviy bog`liqdir. Chunki inson ham butun bir olamning a`zosi hisoblanadi. Masalan bir luqma nonni qo`lga kiritish uchun inson ba`zi narsalarga chunonchi, qo`l, oyoq, og`iz, qudrat, istak va boshqalarga ehtiyoji bor. Ya`ni agar biron –bir ishni amalga oshishi uchun o`ziga yarasha shart-sharoitlar va shuningdek Allohning iznu-irodasi bo`lishi kerak. Lekin bu degani agar hamma sharoit muhayo bo`lsa odam hukman usha ishni qiladi, degani emas. Odam extiyor sohibi bo`lib, o`z mayliga asosan isni bajarishi yoki uni tark qilishi mumkin. Islom dinining yangi paydo bo`lgan davrlarda ikki katta oqim vujudga keldi; biri- jabriya va ikkinchisi- mo`tazila. Jabriya mazhabining e`tiqodicha, inson hech qanday extiyorga ega emas va har bir qilinayotgan amal faqat Allohning urodasi bo`lib, inson bajarayotgan ishida majburlangandir. Mo`tazila mazhabining aqidasiga ko`ra esa inson mutlaqan extiyor egasi bo`lib, bajarilayotgan amallarda Allohning daxolati yo`qdir. Bu ikkala firqa ahli sunnat ichidan kelib chiqqandir.
Yoqoridagi mazhablardan farqli hisoblangan Shia mazhabida "Ahli bayt" ta`limotiga asosan, inson extiyor egasidir, lekin uning extiyori mutlaq bo`lmay Allohning irodasiga bog`liqdir (chunki odamzot butun borliqning ajralmas qismidir va olamdagi har bir narsa Allohning irodasiga uzviy bog`liqdir). Oltinchi imom hz. Imom Sodiqning aytishlaricha, " jabr ham emas, mutlaq mustaqillik ham emas, balki bu ikkisining orasidir!"-deb marhamat qilganlar.
“Na jabr va na extiyor mutlaq” aqidasi musulmonlarga hayotdagi umid manbaidir. Masalan, jabrga e`tiqod qilganlar iddio qilishicha “peshonamizdagini ko`ramiz”, savobqilasanmi yoki gunoh qilasanmi baribir jannatiy yoki do`zaxiy ekanliging oldindan belgilangan. Shunday ekan hayotning mazmuni yo`qdek tuyuladi. Shia bundaylarga qarata shunday deydi: Do`zaxiy yoki jannatiy ekanliging belgilangan bo`lsa, sening amaling natijasidir. Faqat Alloh Taolo ilm azaliysi bilan bandalarining oxiratini oldindan biladi va bu ilmida hech qachon adashmaydi. Lekin bu degani Alloh bandasidan tanlash huquqini olib qo`ydi degani emas. Aks holda jannat va do`zaxning yaratilishi befoyda va bu esa Alloh Taoloning hikmatiga ziddir.
Bulardan farqli o`laroq “mo`taziliylar” insonga shunchalik ko`p extiyor “berdilar-ki” hatto bu yo`lda shirkka yo`l qo`ydilar. Axir Allohning iznisiz biron-bir ish amalga kelmas. Qanday qilib bu oshkor haqiqatni inkor etadilar?!
Albatta shuni aytib o`tish kerakki islomdagi firqalarning kelib chiqishiga ko`pincha siyosiy mojarolar sabab bo`lgan. Masalan avom millatni itoatda tutib turish uchun “jabriya” oqimining aqidasi hukmron kuchlar uchun juda qo`l kelardi. Irodasini qo`ldan bergan xalq hech qachon hukmdorlarga qarshi so`z aytishga jur`at qilmasligi ayondir. Tarixdan ma`lumki hamisha shialar zulm va nohaqlik bilan qat`iy kurashib kelganlar. Shilarning shiori imom Husaynning shiorlari bo`lib “HAYHOT MINNA ZILLAT”, ya`ni “zillatga hech qachon yo`l qo`ymasmiz!” yoki “SHARAFLI O`LIM ZILLATLI HAYOTDAN KO`RA AFZALDIR” va boshqalar.
Imom Husayn (a.s) ning Karbalodagi qiyomi, Erondagi oyatulloh Xumayniy boshchiligidagi Islom inqilobi bu shiorlarning amaliy namunasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |