Joriy yilning olti oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman, shahar FXDYo bo‘limlariga 8921ta juftlik nikohdan o‘tish uchun ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa shundan 17811 ta fuqaroga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun FXDYo organlari tomonidan yo‘llanma berildi” .
Terminlarni qo‘llashda aniqlikning buzilish holatlari. Masalan, sarlavha “Anesteziologlar aybi bilan” deb nomlangan, lidning o‘zida xatolikni ko‘rishimiz mumkin: “Anesteziologlar aybi bilan Nevada shtatidagi klinikaning 40 mingga yaqin mijozlari OITS va gepetit S viruslarini yuqtirganliklari taxmin qilinmoqda”. Matnda ham ana shunday holat davom etadi “Tekshiruvga ko‘ra, virusning yuqishi mijozlarga bemorlar qonini ishlatgan anesteziologlarning aybi bilan yuz bergan deyilmoqda” (“Mohiyat”.) . Meditsina terminologiyasiga murojaat qilsak, qon quyish bilan anesteziolog emas, balki gematolog shug‘ullanishini bilib olishimiz mumkin.
Nutq aniqligini buzuvchi til xatolariga nisbatan “pretsizion” tushunchasiga qo‘shimcha ravishda adabiy til me'yorlaridan chekinishni anglatadigan so‘z- konstruksiyalar qo‘llanadi.
Jurnalistik faoliyatda quyidagi qo‘shimcha ijtimoiy-psixologik xususiyatlarga ega xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Buni pretsizion xatolar deyiladi.
Tarjima nazariyasida pretsizion xatolar bu – boshqa tillarga o‘girishda yuqori aniqlikni talab qiladigan til birliklaridir. Bunday xatolar turi ko‘proq xalqaro jurnalistlar nutqiga mansub. Bular, odatda, atoqli ot, son va boshqa tillarda hali ma'nodosh ekvivalentga ega bo‘lmagan, yangi yaratilgan otlardir. Ko‘pincha jurnalistlar chet el yangiliklarini yetkazishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yadi. Bunday xatolar yoritilayotgan muammoning yaxshi o‘rganilmaganligidan dalolat beradi. Nazariy aniqlik o‘quvchi tomonidan matnning to‘g‘ri tushunilishini ta'minlashi lozim. Masalan, Xitoyda ishlab chiqarilgan chuchvara tarkibiga pestitsidlar tushib qolgani oqibatida Yaponiyada o‘n kishi zaharlangan ... bunga Xitoy tomonining aloqasi yo‘q deb aytilmoqda” (“Mohiyat”.).
Aniqlikning buzilishi mantiqning buzilishiga olib keladi. Masalan, “Poytaxt eksport, eksportchi va sarmoyadorlarga ko‘mak ko‘rsatish markazi va Rossiyaning “O‘zemik” korxonasi hamkorligidagi tashkil etilgan tadbirda ham ayni shu jihatga alohida e'tibor qaratildi. Anjumanda rezina mahsulotlari ishlab chiqish bo‘yicha nafaqat Rossiya, balki MDH davlatlarida yetakchi hisoblangan “O‘zemik” korxonasi faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berildi” (“Fidokor”.).
So‘z tushib qolishi ham mantiqsizlikka olib keladi. Masalan, “Nikolay Valuevning og‘irligi yurtdoshimizdan 41 kg og‘ir, bo‘yi esa 28 sm ”.
Gapni boshqa ma'noda qo‘llash. Masalan: “Bugun Iroq maktablaridan birida portlash sodir etildi. Mazkur portlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Portlash bilan bog‘liq hujjatlar tekshirilmoqda” (R. Poytaxt). Bu misolda ortiqcha gap tuzilgani uchun mantiqsizlik kelib chiqqan.
OAV tilida eng ko‘p tarqalgan gap darajasidagi qo‘pol mantiqiy xato, bu – bayon rejasining surilishidir. Jumladan, sabab-oqibat aloqalari noto‘g‘ri aniqlanishi natijasida nutq ma'nosining xato, ba'zan esa, mutlaqo qarama-qarshi talqin etilishi sodir bo‘ladi. Biroq, mantiqiy xatodan atayin foydalanish natijasida ayrim hollarda katta ta'sirchanlikka erishish mumkin, agar bu narsa jurnalistning kommunikativ vazifasiga kirsa va maqola janri hamda uslubiga mos kelsa: “...axiyri tumanimizning sobiq hokimi Abdulhakim Eshmuratov qabuliga kirdim” (“O‘zbekiston ovozi”), (sobiq –qachon). Sobiq hokimning qabuli?
Mantiqiylik gapdagina emas, butun matnda ham namoyon bo‘ladi. Matndagi fikriy izchillik, mantiq izchilligining buzilishi tushuncha mantiqiyligining buzilishiga olib keladi. Masalan, “Respublikamizda 1987 yildan 2004 yilning yanvarigacha 3596 ta SPID bilan bog‘liq hodisa ro‘yxatga olingan. Bemorlarning 3536 nafari yurtimizda istiqomat qilishsa, 60 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Ularning 3971 nafari erkaklardir” («Hurriyat».). SPIDga chalinganlarning 3971 nafari erkaklar deyilyapti. Axir, SPIDga chalinganlarning jami 3596 ta-ku.
Shu tariqa, mantiqiylik – kommunikativ sifat tariqasida matn ma'nosini ham gap darajasida, ham butun matn darajasida to‘g‘ri tushunishni ta'minlaydi. Mantiqiylik nutqning boshqa sifatlari, ayniqsa, aniqlik bilan bevosita bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |