Jismoniy faol hayot kechirish salomatlikka ta’siri
Mustaqillik yillarida Respublikamizda ilm - fan hamda texnikaning misli ko‘rilmagan darajada rivojlanishi, turmush farovonligini oshib borishi, asosiy xizmatlarni texnika zimmasiga yuklatilishi natijasida yuqorida ta’kidlaganimizdek aholi orasida nafaqat semiz, balki kamharakat insonlar soni ham tobora ko‘payib borishiga olib kelmoqda. Aksariyat hollarda semizlik, yurak qon - tomir, shu jumladan, yurak ishemik kasalligi yuzaga kelishida jismoniy faollikning pastligi va kamharakatlik asosiy sabablardan biri hisoblanadi. Aksincha, muntazam ravishda jismoniy faol hayot kechirish salomatlikka quyidagicha ijobiy ta’sir ko‘rsatadi:
Yurak qon - tomir faoliyatini mo‘tadillashtiradi va uning kasalliklari paydo bo‘lishini oldini oladi;
Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish sistolik (yuqori) va diastolik (pastki) qon bosimini 5 - 10 mm simob ustuniga pasaytiradi;
Qonda yog‘ almashinuviga ijobiy ta’sir etadi va yurak kasalliklariga olib keluvchi xolesterin miqdorini kamaytiradi;
Organizmni energiyaga bo‘lgan talabi va uning sarflanishini me’yorlashtiradi;
Kayfiyatni ko‘taradi va umumiy ahvolni yaxshilaydi;
Uglevodlarga bo‘lgan (qandli diabet paydo bo‘lishiga) chidamlilikni oshiradi;
Semirish, suyak - mushak kasalliklari va o‘smalar paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.
Har bir inson sog‘lom turmush tarzi va ratsional ovqatlanish tamoillariga amal qilgan holda qator og‘ir kasalliklarning oldini olishi mumkin. Xaqiqatdan ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi va uzoq umr ko‘rishi 10 foiz hollarda tibbiyotga, 20 foiz hollarda uning nasliga, 20 foiz hollarda tashqi ta’sirlarga (ekologik, iqtisodiy va boshqalar), 50 foiz hollarda esa, uning hayot tarzi va odatlariga (jismoniy faollik, chekish, spirtli ichimliklrni suiste’mol qilish, ortiqcha tana vazni va boshqalar) shu jumladan ovqatlanish tartibiga bog‘liq.
Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab xalq xo‘jaligining turli sohalarida, jumladan, aholi salomatligini mustahkamlash borasida ham Respublikamiz Prezidenti tomonidan chiqarilgan farmon va qarorlarga asosan tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qator farmon va qarorlar sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va uning negizlaridan birini tashkil etuvchi ratsional ovqatlanishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Oziq - ovqat mahsulotlari organizmimizni mo‘tadil darajada ushlab turuvchi manba (yoqilg‘i) hisoblanadi. Ammo, biz bu manbadan ko‘r - ko‘rona emas, balki ongli va ilmiy asoslangan holda foydalanishimiz kerak. Bu barcha yoshdagi aholi uchun juda zarur. Demak, to‘laqonli hayot kechirishi uchun har bir inson ratsional ovqatlanishga amal qilgan holda o‘z vaqtida, me’yorida va yoshga mos ravishda ovqatlanishi muhim ahamiyatga ega.
Inson yoshi ulg‘ayib borgan sari jismoniy harakatlar, ovqatlanish va kun tartibi bir so‘z bilan aytganda sog‘lom turmush tarzi olib borish ham unga mos ravishda bir muncha o‘zgarishi lozim. Shu o‘rinda, qarish tabiiy jarayon va biologik qonuniyat ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Uning natijasida organizmdagi bir qator fiziologik va biokimyoviy reaksiyalarning sustlashishi, tashqi ta’sir omillariga chidamlilikning pasayishi hamda organizmning barcha tizimlarida kuchsizlanish kuzatiladi. Bundan tashqari yosh o‘tib borgan sari jag‘ va tishlardagi o‘zgarishlar ovqat luqmasini chaynashni qiyinlashtiradi, kasallanishga moyillik tug‘ilib ba’zi kishilarda bir vaqtning o‘zida bir necha a’zo va tizimlarda turli xil xastaliklar yuzaga keladi. Shuning uchun mahsulotlarni tanlash va taom tayyorlashda bularning barchasini e’tiborga olish lozim. Binobarin, shunday ekan ularning ovqatlanish tartibi hamda uning tarkibi yoshlarnikidan bir muncha farq qiladi. Bularning barchasi tibbiyot asoschisi Gippokratning «Iste’mol qilayotgan taomingiz dori vazifasini o‘tasin, doringiz taomdan iborat bo‘lsin» deb ta’kidlagan so‘zlariga amal qilish lozimligini tasdiqlaydi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek tibbiy nuqtai nazardan kunda 4 marotaba va har kuni bir vaqtda ovqatlanish maqsadga muvofiq. Bunday tartibga amal qilish ozuqalarning yaxshi hazm bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi. Taom qabul qilish miqdori va sonining ko‘payishi ovqat hazm qilish markazi qo‘zg‘aluvchanligini kamaytiradi va ishtaxani susaytiradi.
Kunda 4 marotaba ovqatlanganda taxminan 600 – 700 kkal birinchi nonushtaga, 300 – 400 kkal ikkinchi nonushtaga, 900 – 1000 kkal tushlikka, 600 – 700 kkal kechki ovqatga to‘g‘ri kelishi lozim. Yoshi 50 dan oshgan kishilar iste’mol qiladigan oziq – ovqatlarning kaloriyasi 2500 – 2600 dan oshmasligi va yog‘ hamda shakar miqdori keskin chegaralanishi kerak. Shu o‘rinda kechki ovqat uyqudan kamida 2 – 3 soat oldin iste’mol qilinishi kerakligini alohida ta’kidlamoqchimiz.
Go‘sht va baliqdan tayyorlangan taomlar (shu jumladan, yog‘li) asosan ertalab va kunduzi iste’mol qilinishi lozim. Kechki ovqat tarkibida osh tuzi keskin chegaralanishi, ko‘proq sutli taomlar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki ular uyqu vaqtida organizmning fiziologik faolligini o‘zgartirmaydi. Ulardan farqli o‘laroq tuzli va go‘shtli ovqatlar yurak qon – tomir hamda nafas tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qon bosimini, yurak urish va nafas sonini pasayishi emas, aksincha ko‘payishiga olib keladi.
Iste’mol qilinadigan oziq – ovqatlarning tolalarga (qora, quritilgan hamda bir kun oldin pishirilgan non va boshqalar), vitaminlarga, kaliy va magniy tuzlariga boy bo‘lishi hamda taomlarni o‘simlik yog‘ida tayyorlanishi qon tomirlarda skleroz rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini esdan chiqarmaslik kerak.
Kunlik taomnomada sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar, vinegretlar, karam, pomidor, bodring, qovoq, kabachka, kashnich yetarli darajada bo‘lishi; dukkaklilar ya’ni no‘xot, loviya, mosh shuningdek, turli qo‘ziqorinlar chegaralangan miqdorda ishatilishi lozim; pishloq va tvorogning ham yog‘sizlantirilgan sutdan tayyorlanganlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Ichish uchun achchiq bo‘lmagan choy, meva sharbatlari, o‘tli damlamalar tavsiya etiladi. Bir so‘z bilan aytganda ovqat ratsioni turli – tuman bo‘lishi va ular inson organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qarilik va kasallikka olib keluvchi jarayonlarni to‘xtatishi yoki sekinlashtirishi kerak.
Barchamiz oynai jaxondagi eshituvlarda, o‘zaro muloqotlarda va qator boshqa shunga o‘xshash holatlarda u yoki bu kishi shaxsiyati to‘g‘risida aytilgan ma’daniyatli yoki ma’daniyatsiz inson ekan degan iboralarni eshitib turamiz. Shu o‘rinda ma’daniyatli inson deganda nafaqat, uning odob – axloqi, bilimi, jamiki ijobiy xususiyatlari shu jumladan, biz yuqorida keltirgan va ratsional ovqatlanish deb atalgan ma’daniyat ham tushiniladi. Ushbu ma’daniyatni bolalarimiz va yoshlarimizga uni yoshlikdan odob – axloqqa tarbiyalash bilan bir qatorda muntazam singdirib borish kerak. Buning uchun eng avvalo, o‘zimiz ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.
Serquyosh Respublikamiz hududida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha dehqonchilik mahsulotlari ya’ni shirin – shakar mevalar, vitaminlarga boy poliz ekinlari, ko‘katlar va boshqa o‘simliklar yetishtiriladi. Ular yilning to‘rt faslida ham mehmondo‘st xalqimiz dasturxonini bezab turadi.
Nazorat uchun savollar:
Sog’lom turmush tarzi tushunchasiga izoh bering.
Ratsional ovqatlanish konsepsiyasi qoidasi haqida mulohaza yuriting.
Jismoniy faol hayot kechirishni salomatlikka ta’siri deganda nimani tushunasiz?
Inson yoshi ulg‘ayib borgan sari ovqatlanishga quyilgan talablarni izohlang.
Do'stlaringiz bilan baham: |