Ta’limda kompyuter texnologiyalarining o‘rni
Jamiyat rivojining zamonaviy bosqichi axborot oqimining keng tarqalib borishini, global axborot muhitining yuzaga kelishini ta’minlovchi, inson hayoti-faoliyatining barcha sohalariga kirib borayotgan yangi axborot texnologiyalarining jadal taraqqiyoti bilan bog‘liqdir. Mazkur jarayonning ajralmas va muhim qismi ta’lim jarayonini kompyuterlashtirish bo‘lib hisoblanadi. Kompyuter texnologiyalari tushunchasi mazmunida ta’lim kompyuter texnologiyalarining didaktik mohiyatini, pedagogik texnologiyalar bilan aloqadorligi, shuningdek, ta’lim jarayonini tashkil etish tuzilmasida uning o‘rnini tushunamiz. Ta’limda kompyuter texnologiyalarining o‘rnini tushunish uchun mazkur tushuncha mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash lozim.
Texnologiya (grek tilidan olingan bo‘lib, san’at, mahorat, malaka, yana — shakl, mazmun, sabab, metodika, ishlab chiqarish usuli) — tashkiliy choralar majmuasi, fan, texnika va umuman jamiyat rivojining joriy bosqichiga asoslanib, sifatli va samarali xarajatlar bilan tayyorlashga, xizmat ko‘rsatishga, ta’mirlash va foydalanishga topshirishga yo‘naltiriltirib, amalga oshiriladigan jarayon va usullarni anglatadi.
Texnologiya — keng ma’noda — ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan tovar va iqtisodiy resurslar sohasida xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan bilimlar doirasi hajmidir. Texnologiya — tushunchasi tor ma’noda — mahsulot tayyorlash, sifatini nazorat qilish, boshqarishda moddani, energiya, axborotni qayta ishlash usulini anglatadi.
Kompyuter texnologiyalari (ingliz tilida — Computer Science) — bu kompyuterdan foydalanib, axborotni saqlash, uzatish, qayta ishlash, himoya qilish va taqdim etishga javob beruvchi texnologiyalarning umumiy nomidir. Biroq ta’limda kompyuter texnologiyalari — bu tor tushunchadir, sababi axborot texnologiyalarida zarur vosita sifatida faqat kompyuterdan emas, balki audio va videoqurilmalar, proyektor hamda boshqa texnik vositalardan foydalanilishi mumkin.
Kasbiy ta’lim sohasini axborotlashtirish va kompyuterlashtirish muammolariga oid ilmiy-metodik adabiyotlarda (I. G. Zaxarova, B. S. Gershunskiy, A. L. Denisova,
S. R. Domanova, A. N. Tixonov, G. A. Kozlova, E. Yu. Semenova, E. S. Polat, M. Yu. Buxarkina, A. E. Petrov, G. K. Selevko va boshqalar), «yangi axborot texnologiya-lari», «kompyuterli ta’lim texnologiyalari», «kompyuterli pedagogik texnologiyalari» va boshqa atamalardan sinonim sifatida foydalanilgan. Bu mazkur tushunchani ta’riflashda, soha tadqiqotlariga muvofiq ravishda, yagona tushuncha qabul qilinmaganligidan guvohlik beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |