10.3. Bazaviy inflyaciya va uning mazmun mohiyati
Bazaviy inflyaciya – bu inflyaciyaning bir qismi bo’lgan va o’zida ma’muriy hamda mavsumiy omillarning narxlardagi ta’sirini hisobga olmagan holda tovar va xizmatlar narxlarining erkin o’zgarishini (dinamikasini) aks ettiruvchi ko’rsatkichdir. Ushbu ko’rsatkich mamlakatdagi inflyaciya darajasini ma’lum bir davr uchun yaqqolroq ifoda etadi. Chunki bazaviy inflyaciya iste’mol savatidagi:
- mavsumiy;
- qisqa muddatlarda narx-navosi tez-tez o’zgarib turuvchi;
- narx-navosi davlat tomonidan tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlarning narxlarini inobatga olmaydi.
Masalan, meva-sabzavot tovarlari, suv, gaz, elektr-energiya kabi tovar va xizmat turlari. Ko’p hollarda, bazaviy inflyaciya deganda davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlar va iqtisodiyotdagi ma’muriy choralarning ta’siridan holi, to’g’rilangan iste’mol narxlari indeksi (INI) tushuniladi.
Q uyidagi diagramma orqali inflyaciya va uning tarkibini soddaroq ko’rinishda tushuntirib o’tamiz:
Bozor iqtisodiyotida tovar va xizmatlar
narxi talab va taklifdan kelib chiqib
shakllanadi. Ammo shunday tovar va
xizmat turlari mavjudki, ularning
narxlari davlat tomonidan o’rnatiladi
va tartibga solinadi. Iste’mol savatidagi
ayrim tovar va xizmatlar narxlari tartibga solinishi to’g’ridan-to’g’ri umumiy inflyaciya darajasiga ta’sir etgani uchun bunday tovar va xizmatlar narxlaridagi o’zgarishlar bazaviy inflyaciyani hisoblashda qo’llanilmaydi. Shu bilan, bazaviy inflyaciyani hisoblash maqsadida iste’mol narxlari indeksiga tuzatishlar kiritiladi.
Iste’mol narxlari indeksi – bu, biz muntazam sotib oladigan iste’mol savatidagi ma’lum bir tovar va xizmatlar narxining ma’lum davrga nisbatan o’zgarishini ko’rsatadi. U foizda o’lchanadi. Markaziy bank ushbu yondashuv orqali narxlar o’zgarishini (dinamikasini) inflyaciyaga ta’sirini kuzatib boradi1.
Nega ba’zi tovar va xizmatlar bazaviy inflyaciyaga kiritilmaydi? Yuqorida ta’kidlanganidek, narx-navosi tartibga solinadigan, qisqa muddatlarda o’zgaruvchan hamda mavsumiy tovar va xizmat narxlaridagi o’zgarishlar bazaviy inflyaciyani hisoblashda inobatga olinmaydi. Bunday tovar va xizmatlarning bazaviy inflyaciyaga kiritilishi, yaqqol (sof) inflyaciya darajasiga mutanosib ravishda aks etmasligi, shuningdek, pul-kredit siyosati borasida olib borilgan choralarning ta’sirchanligini baholashga imkon yaratmasligi mumkin.
Aynan bu tovar va xizmatlarni bazaviy inflyaciyadan chiqarib tashlash, narxlari shok ta’sirida o’zgaruvchi tovar va xizmatlarning dinamikasiga chalg’imasdan pul-kredit siyosati choralarini umumiy narxlarga ta’sirini ajratib olishda qo’l keladi.
Bazaviy inflyaciyani hisoblashda bu kabi tovar va xizmatlar narxlaridagi o’zgarishlarning kiritilmasligiga asosiy sabablar quyidagilar hisoblanadi:
- tovar va xizmatlarning (uzum, shakar va shu kabilar) mavsum davomida narxi keskin o’zgarishi;
- tovar va xizmatlarning (masalan, import tovarlari) narx-navosi qisqa muddatlarda tez-tez o’zgarib turishi iqtisodiyotda shok ta’sirga egaligi;
- davlat tomonidan narx-navosi o’rnatiladigan va tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlar (masalan, bug’doy, paxta yog’i) ning inflyaciya darajasiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |