Manifestda berilgan va’dalar
Soliqlarni tartibga solish.
Turli ijtimoiy tabaqalar vakillaridan iborat Majlis tashkil qilish.
Maorif, tibbiyot, sud tizimlarini yaxshilash.
Ma’muriy boshqarish ishlarini takomillashtirish.
Biroq amirlikning mutaassib, hukmron doiralari tish-tirnoqlari bilan bunga qarshilik ko’rsatdilar. Ular islohot tarafdorlariga nisbatan ochiqdan-ochiq shahar ko’chalarida qirg’in uyushtirdilar. Ko’plab islohotchilar Buxoroni tark etishga majbur bo’ldilar. Bu gal amir tarafdorlarining qo’li baland keldi. Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi Buxoro amirligi uchun ham jiddiy siyosiy vaziyatni vujudga keltirdi. Negaki, sotsialistik inqilob g’oyasini boshqalarga yoyishga intilgan bolsheviklar chegaradosh Buxoroni o’z mo’ljaliga olgandilar. Xususan 1918 yil martida “Kolesov voqeasi” nomi bilan tarixga kirgan qonli voqea bunga aniq misol bo’la oladi. Turkiston sovet respublikasi hukumati raisi F. I. Kolesov Buxoroga ochiq tazyiq o’tkazib, 1918 yil 2 martida Kogon temir yo’li yoqalab qizil qo’shinlar interventsiyasini uyushtirdi. Bunga javoban Buxoro amiri xalqni g’azovotga chorlab, o’z qo’shinlari va g’azabga kelgan aholini urushga safarbar etdi. Oqibatida Kolesov xuruji sharmandalarcha mag’lub bo’ldi. Bu esa amir va uning arkoni davlatiga barcha demokratik kuchlardan qonli o’ch olishi uchun bahona bo’ldi. Ayniqsa Yosh buxoroliklar ayovsiz qirg’in qilindi. Bolsheviklarinipg bu avantyurasi Yosh buxoroliklar uchun g’oyatda qimmatga tushdi. F.Xo’jaevning guvohlik berishicha, bu qirg’inda Yosh buxoroliklar, ularning tarafdorlaridan 1,5 ming kishi qurbon bo’ladi. Biroq shunga qaramay sovet mutasaddilari Buxoroda sun’iy inqilob tayyorlash, buning uchun Turkistondan panoh topgan ko’p sonli buxorolik muhojirlarni ishga solish, ulardan ko’plab inqilobchi kuchlar etishtirish va ularni tashkillashtirish harakatida bo’ldilar. 1918 yil sentyabrida Toshkentda Buxoro muhojirlari tomonidan Buxoro kompartiyasi va uning Markaziy Qo’mitasi tuziladi (uning raisi A. Yoqubov, o’rinbosari M. Qulmuhammedov). 1920 yil yanvarida Toshkentda F. Xo’jaev boshchiligida “Yosh buxorolik inqilobchilar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi” tashkil etiladi va Turkkomissiya, RSFSR hukumati tomonidan e’tirof etiladi.
Yosh buxoroliklar partiyasi ishlab chiqqan dasturda tez vaqt ichida despotik tuzumni tugatish, mamlakatda demokratik respublika tuzish va keng xalq ommasining tub manfaatlarini ko’zlab ko’plab ijtimoiy-demokratik o’zgarishlarni amalga oshirish vazifalari bayon etilgan edi. Yosh buxoroliklar tashabbusi bilan 1920 yil iyundan Toshkentda chiqa boshlagan «Uchqun» gazetasida ham ilg’or demokratik g’oyalar ilgari surildi. Buxoro xalqi amirning hokimi mutlaq tuzumini ag’darib tashlash uchun faol kurashga da’vat etib borildi. Sovet hokimiyatining asl maqsadi Buxoro amirligini ag’darish edi. Uning rasmiy hujjatlari, ko’rsatmalarida amirlikka qarshi kurash quyidan, mahalliy kuchlar tomonidan boshlanishi uqdirilgan edi. Shu bilan birga amirlikni ag’darish uchun zarur harbiy tayyorgarlik ham ko’rildi. Frunze boshliq Turkiston fronti qo’mondonligi tomonidan 1920 yil iyun o’rtalaridayoq zamonaviy qurol-aslahalar bilan qurollangan qizil qo’shinlar Buxoro chegaralariga keltirib qo’yilgan edi. Ayni paytda amirlikni ag’darish uchun
M.Frunze, V.Kuybishev, N.To’raqulov, N.Husainov, F.Xo’jaevlar tarkibida harbiyinqilobiy byuro tashkil etiladi. 1920 yil 29 avgustda Chorjuyda amir tuzumiga qarshi g’alayon boshlandi va Beshim Sardor boshchiligidagi kuchlar avvaldan belgilangan kelishuvga binoan darhol sovet hukumatidan «yordam so’rab» murojaat qiladi. Bu sovet qo’shinlarining Buxoroga qarshi urush harakatlarini boshlashiga bahona bo’ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, sovet qo’shini ixtiyorida shu davrda 10 ming qizil askar, 40 ta to’p, 230 ga yaqin pulemyot, 10 ta zixrli avtomobil, 5 ta zixrli poezd va 12 ta samolyot bor edi. Shuningdek, Turkiston fronti qo’shini bilan birga hujum harakatlarida 5 ming kishiga yaqin buxorolik “inqilobchi tuzilmalar” ham ishtirok etdilar. Amir lashkari son jihatidan ko’p bo’lgani bilan (20 mingga yaqin), biroq uning qurollanish darajasi qizillarga nisbatan ancha zaif holda edi. Hujumga tashlangan sovet qo’shinlari amirlikning Chorjuy, Qarshi, Kitob, Shahrisabz va boshqa hududlarini egallab, Buxoroga tomon siljib bordilar. Buxoro va uning aholisi sovetlar hujumi chog’ida mislsiz zarar ko’rdi. Shahar ko’p bor havodan bombardimon qilindi. Uning ko’plab noyob osori atiqalari, tarixiy obidalari vayron etildi. Amir Olimxon 1920 yil 2 sentyabrda Buxoroni tark etishga majbur bo’ldi. Poytaxt sovet qo’shinlari tomonidan egallangach, hokimiyat Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi qo’liga o’tdi.
1920 yil 14 sentyabrda BKP MQ va Muvaqqat Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasining birlashgan majlisi bo’ldi. Majlisda A.Muhitdinov boshchiligida qonun chiqaruvchi oliy organ – Butunbuxoro Inqilobiy qo’mitasi va Fayzulla Xo’jaev raisligida Xalq Nozirlar Kengashi (hukumat) tuzildi. O’sha yilning 6-8 oktyabr kunlarida I Butunbuxoro qurultoyi bo’lib o’tdi. Unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil etilganligi e’lon qilindi. 1921 yil 4 martda Moskvada BXSR va RSFSR o’rtasida Ittifoq shartnomasi va iqtisodiy bitim imzolandi. Bu esa Rossiya Federatsiyasi va uning Turkistondagi vakolatli namoyandalariga Buxoro Respublikasi ichki ishlariga bevosita aralashish, u erdagi o’zgarishlarni nazorat etish va uni aniq sotsialistik maqsadlar sari yo’naltirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Shuningdek, Buxoro Xalq Sovet respublikasining asosiy rahbar tashkiloti - Buxoro Kompartiyasi RKP (b) ning viloyat tashkiloti maqomida faoliyat yuritardi. RKP (b) MQ 1922 yil mayida “Turkiston-Buxoro ishlari haqida” qaror qabul qildi. Unda O’rta Osiyoda, jumladan, Buxoroda jadallik bilan “sotsialistik tuzumni mustahkamlash” qat’iy uqtirildi. Shuningdek, RKP (b) MQ ning 1923 yil 12 iyunda qabul qilgan Buxoro masalasiga doir maxsus qarori ham bu davlatning ichki ishlariga qo’pollik bilan aralashish edi. Negaki, unda Buxoroning rivojlanish jarayonini “sotsialistik izga” burib yuborish maqsadi ko’zda tutilgandi. Buxoro xalqining tub milliy manfaatlari yo’lida fidoyilik bilan faoliyat yuritgan, inqilobiy harakatlarning faol ishtirokchilaridan bo’lgan A.Fitrat, M.Aminov, Otaxo’jaev, Yoqubzoda va boshqalar Moskva vakillarining talabi bilan respublika hukumati tarkibidan chetlatildi. Buxoro XSRning 1921 yil sentyabrida qabul qilingan Konstitutsiyasi ham RSFSR Konstituttsiyasi andozasida tuzilgan edi. Hukmron Markaz tashabbusi bilan 1923 yil martida O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashining tuziliish va uning tarkibiga Buxoro XSRning ham jalb qilinishi bu uning iqtisodiy mustaqilligining asta-sekin qo’ldan boy berib borilishiga sabab bo’ldi. Moskva tazyiqi ostida bu hududda sotsialistik o’zgarishlar izchil amalga oshirilib borildi. 1924 yil sentyabrda bo’lib o’tgan V Butunbuxoro qurultoyi BXSRni Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi. Nihoyat, 1924 yilda o’tkazilgan milliy-davlat chegaralanishi natijasida uning hududlari O’zbekiston va Turkmaniston Sovet sotsialistik respublikalari tarkibiga qo’shib yuborildi, Buxoro davlat sifatida tugatildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |