Manifestda nazarda tutilgan tadbirlar
Xon va uning hukumati tomonidan mamlakatni mutlaq boshqarishni butkul barham topdirish.
Xiva xoniga, shaxzodalar va vazirlarga tegishli bo’lgan mablag’lar va mulklarni xalq mulki deb e’lon qilish.
Kambag’allar hayotini yaxshilash yo’lida yirik zamindorlar erlaridan foydalanish.
Bolalarni bepul o’qitish uchun xonlikning hamma joyida maktablar ochish.
Shaharlar va aholi manzilgohlarida bepul shifoxonalar va sog’lomlashtirish muassasalari ochish.
Xiva xoni va beklari tomonidan kambag’al aholidan tortib olingan erlar, mulk va boshqa narsalarni qaytarib berish.
Majburiy mehnatga jalb qilish (begor)ni butunlay yo’q qilish.
1920 yilning 27-30 aprel kunlari Xivada bo’lib o’tgan xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi xonlik tugatilganligi va yangidan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligini e’lon qildi. Qurultoy XXSRning muvaqqat Konstitutsiyasini qabul qildi. Qurultoy shuningdek 15 kishidan iborat hukumat - Xalq Nozirlar Kengashini sayladi. Yosh xivaliklar rahbarlaridan Polvonniyoz Yusupov uning birinchi raisi bo’ldi. Tez orada (iyunda) Rossiya bolshevik rahbarlari ko’magida Xorazm Kompartiyasi tashkil etilib, uning hukmronlik mavqei hayotda tayin etib borildi. Sovet Rossiyasi ayni paytda yangi tug’ilgan Xorazm Xalq Sovet Respublikasini o’z ta’sir doirasiga olish maqsadida 1920 yil 13 sentyabrda XXSR bilan ittifoq shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma bilan birga ikkala respublika o’rtasida imzolangan xarbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar asosida Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va madaniy yordam ko’rsatish ko’zda tutilgan edi. Biroq “katta og’a”ning bunday yordami zamirida Xorazm Xalq Sovet Respublikasining ichki ishlariga aralashish, uning siyosatini o’z manfaatlariga bo’ysundirish maqsadlari yotardi. Faqatgina 1921 yil davomida Xorazm Xalq Sovet Respublikasida uch marta (mart, sentyabr, noyabrda) hukumat o’zgarishi yasalib, Moskvaga ma’qul kelmagan uning tarkibi o’zgartirildi. O’z xalqining milliy manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M. Ibniyaminov, O. Muhammadrahimov bosh bo’lgan hukumat tarkiblari bekor qilindi, ularning rahbarlari asossiz qoralandi, so’ngra turli jazolarga giriftor etildi. 1923 yil oktyabrida bo’lib o’tgan IV Butunxorazm Sovetlari Qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasini Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi va respublikaning yangi konstitutspyasini qabul qildi. Unda Xorazmda Sovetlar rahbarligida amalga oshirilgan jiddiy o’zgarishlar orqasida bu respublika endilikda o’z taraqqiyotining yangi, sotsialistik bosqichiga kirganligi alohida ta’kidlandi. Konstitutsiya erga bo’lgan xususiy mulkchilikni bekor qildi, barcha erlar umumxalq mulki deb e’lon etildi. Vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga olindi. Xorazm xalqlarining xohish-irodasiga zid tarzda amalga oshirilgan bu xil tadbirlar va eng asosiysi, respublikani boshqarish jilovini tobora Sovetlar hukmronligi qo’l ostiga o’tib borishi, pirovardida voha aholisining umumiy noroziligining kuchayib borishiga sabab bo’ldi.
Buxoro amirligida ijtimoiy-siyosiy ahvol. «Yosh buxoroliklar» Sovеtlar xokimiyatining Buxoro amirligi ichki ishlariga aralashuvi. Frunzе qo`mondonligidagi qizil armiyaning Buxoroga hujumi va amir Said Olimxon hokimiyatining mag`lubiyati. Buxoro amirligida ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat Xiva xnligidagiga o’xshash tarzda kechdi. Amirlik ham Rossiyaga tobe, vassal davlat edi. Ichki siyosatda mustaqil bo’lgan amirning mutlaq hokimiyati hukm surib, bundan oddiy xalq ommasi behad zulm tortib kelardi. XX asr boshlarida bu erda ham amirlik tuzumiga qarshi demokratik harakatlar yuzaga kela bordi. Mamlakatning ilg’or, taraqiyparvar ziyoli yoshlaridan tashkil topgan Yosh buxoroliklar tashkiloti bu harakatlarga etakchilik qildilar. O’z saflarida Abduvohid Burhonov, Fayzulla Xo’jaev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Muhitdin Mansurov, Po’latxo’ja Usmonxo’jaev kabi yurt fidoyilarini birlashtirgan Yosh buxoroliklar harakati keng xalq manfaatlari foydasiga muhim siyosiy o’zgarishlarni ro’yobga chiqarishga intilganlar. Ular ishlab chiqqan islohotlar loyihasida mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatish, ijtimoiy-siyosiy erkinliklar joriy qilish, maorif ishini yaxshilash masalalariga alohida urg’u berilgandi. Keng xalq ommasi tazyiqi va Yosh buxoroliklar islohiy talablari asosida amir 1917 yil 7 aprelida ba’zi yon berishlarga borib manifest chiqarishga majbur bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |