10-mavzu: “So‘qmoqlarda toblangan muhabbat” deb nomlangan taqriz R. Bobojonning “Muhabbat mezoni” romaniga bag‘ishlangan taqrizi
“So‘qmoqlarda toblangan muhabbat” deb nomlangan taqriz R. Bobojonning “Muhabbat mezoni” romaniga bag‘ishlangan ekan. To‘g‘risi, men ham shu taqrizdan keyin shoir R. Bobojonning roman yozganidan xabar topdim. Viloyatlarga hamma kitoblar ham yetib kelavermaydi-da. Taqrizda romanda tasvirlangan davr, asar qahramonlari haqida fikr yuritiladi. Ammo bu qahramonlar qaysi jihatlari bilan xarakter darajasiga ko‘tarilgan, qaysi tomonlari bilan bugungi kun o‘quvchisining ongu tafakkurini o‘zgartirishga xizmat qiladi, degan savollarga javob ololmaymiz. Shu bilan birga, unda asardan olingan his-hayajon, kechinmalar ta’siri sezilmaydi.
O‘rtamiyona taqrizda romanning adabiy jarayondagi, romanchilikdagi o‘rni ko‘rsatilmagan. “Tabiiy tuyg‘ular talqini” deb nomlangan L. Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar” romaniga bag‘ishlab yozilgan taqrizda (2007, № 3) taqriznavis X. Hamroqulova romandan olgan taassurotlarini nihoyatda samimiyat bilan bayon etgan. Roman qahramonlarining, asarning original jihatlarini ko‘rsatib bergan. Bu asar o‘zbek romanchiligida “yangi bir toza nafas bo‘ldi”, deyiladi taqrizda. Ammo qaysi fazilatlari bilan? “Lolaxon. Ergash, Samad kabi kichik taqdir egalari orqali ularning ulkan ruhiy olamlarini yorita olish, omma o‘rtasidagi shaxs darajasiga chiqqan obrazlarni yaratish yosh adibning ijodiy yutug‘idir” so‘zlari bilan tugallangan taqrizda asarning birorta nuqsoni ko‘rsatilmaydi. Bu mulohazalardan taqrizlarda kamchilik ko‘rsatilishi qat’iy qilib qo‘yilgan ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunday san’at asarlari bo‘ladiki, ular badiiyligi, tabiiyligi va jozibasi bilan o‘quvchi qalbini tezda rom eta oladi, ulardan chiroq yoqib izlasangiz ham nuqson topolmaysiz. Ammo ular ko‘p emas. Shu bois ana shunday asarlar ko‘payishini istagan taqrizchi so‘zga mas’uliyat bilan qarashi, o‘zi tahlil etayotgan asardan ham shuni talab qilishi zarur bo‘ladi.Boshqa ruknlarda ham taqrizlar berilmoqda.
Masalan, “O‘quvchi fikri” ruknida “Bir asar quvonchi”, degan kichik taqriz (2006, № 29) berilgan, muallifi Axtamqul Karim. U dastlab Luqmon Bo‘rixonning ijodi adabiy gurunglarda bahs-munozaralarga sabab bo‘layotganligi haqida gapirib, adibning “Tahlika” qissasiga munosabat bildiradi. Asarda “yorqin obrazlarni” ko‘rgan, bundan “huzurlangan” taqrizchi qissadagi har bir detal, har bir manzara tasviri o‘z o‘rnida, ma’lum bir maqsadni ko‘zlab qo‘llanilganligini uning yutug‘i sifatida ko‘rsatadi, shu bilan birga, ayrim juz’iy nuqsonlarga ham to‘xtaladi. Ammo negadir uning fikrlarida chalkashlik seziladi. Masalan, qissani “qiziqish bilan o‘qigan” muallif shunday yozadi: “Tahlika” detektiv janrning unsurlariga tayangan bo‘lsa-da, meningcha, u ko‘proq lirik asarlar sirasiga kiradi”. Balki buni isbot qilish kerakdir yoki taqrizchi asarda lirizm kuchli demoqchimi? Chunki yozuvchi bir jinoyatning sodir etilishi va fosh qilinishi jarayonini tasvirlar ekan, aslida, qalam quvvatini o‘sha jinoyat tevaragidagi qahramonlarning xarakterini, ruhiyatini ochishga qaratadi”. Nazarimizda, bu lirik asarlarga xos xususiyat emas. “Taqriz ham san’at, shuning uchun uni shunday yozish kerakki, kitobxon taqrizchi bilan muloqotda bo‘lganidan qoniqish his etsin”, deb yozgan edi rus olimi V. Yanovskiy. Darhaqiqat, ham keng jamoatchilikning yangi asarni qanday qabul qilishi, ma’lum jihatdan, uni baholagan, tahlil qilgan taqrizga ham bog‘liq. Bu qonuniyat tusiga kirgan hodisa bo‘lmasa-da, haqqoniy taqriz yangi asar haqida jamoatchilik fikrining shakllanishiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatadi. Negaki, taqrizchi asarning mohiyatini ilmiy-estetik tahlil vositasida yoritish orqali kitobxon dunyoqarashiga ta’sir qilib, tasavvurini boyitishga xizmat qiladi, estetik didini o‘stirishga ko‘maklashadi. Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, matbuotda bosilayotgan hamma taqrizlar hama bu xususiyatlarni o‘zida jamlamaganligi ko‘rinadi. Bu esa adabiy tanqid va adabiyot rivojiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishini unutmasligimiz lozim. Adabiy tanqidning bosh vazifasi esa adabiyotni yuksaklikka ko‘tarishga ko‘maklashishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |