10-mavzu:Olimjon Xoldor Qamchibek Kenjaning ikki jildli “Saylanma”siga yozgan “Ehtiros va e’tirof” deb nomlagan taqrizi
Olimjon Xoldor Qamchibek Kenjaning ikki jildli “Saylanma”siga yozgan “Ehtiros va e’tirof” deb nomlagan taqrizida (2009, № 3), asosan, ikki jildlikning mundarijasi haqida so‘z yuritilgan. Muallif o‘z fikrlarini isbotlash uchun ko‘chirma keltiradi. Bu – yaxshi usul.
Ammo kichik bir taqrizda T. To‘la, O. Yoqubov, M. Shayxzoda va yana qaysidir adabiyotshunos (nomi berilmagan)ning fikrlarini keltirish o‘quvchini taqriznavisning o‘z so‘zlari yo‘q ekanmi, degan ishtibohga olib bormaydimi? Keyin taqrizda sanoq ko‘pligi bois tahlilga kam o‘rin berilgan, ammo taqrizchi “Saylanma”ning qusurlarini ham birma-bir ko‘rsatadi. Shunisi qiziqki, adib hikoyalarida “xulosa chiqarish esa ko‘pincha o‘quvchining o‘ziga qoldiriladi” deya, bu xususiyatni ham nuqson sanaydi. Holbuki, modern yo‘nalishga mansub asarlarning ko‘pchiligida olimlar ayni xususiyatni yutuq hisoblaydilar. Shu bois o‘quvchi nazariga havola etiladigan har bir tanqidiy asar, u taqrizmi, maqolami, suhbatmi – qaysi janrda bo‘lishidan qat’i nazar, mas’uliyat bilan yozilmog‘i, kitobxonda shubha emas, ishonch uyg‘otishi lozim. Ayniqsa, taqrizchilikda bu juda muhimdir. Ba’zan shunday bo‘ladiki, asarni o‘qimasdan oldin u haqidagi taqrizni o‘qib qolasiz. Samimiy, ortiqcha maqtovlarsiz, xolislik bilan bitilgan taqriz sizni tezroq o‘sha asarni topib o‘qishga undaydi. Shuning uchun ham adabiy jarayonda, kitobxon qiziqishlarida doimo taqrizning o‘rni muhim bo‘lib kelgan.
Agar e’tibor qaratsak, bosilayotgan taqrizlarning ko‘pchiligi dabdabali va juda yuksak pafosga ega sarlavhalar bilan chiqadi. Ularning ba’zilari shu sarlavhani oqlasa, ba’zilari “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” ekanligi sezilib qoladi. Shuning uchun sarlavha tanlanganda ham mas’uliyat va e’tibor juda zarur ekan. Asarga sarlavha topish uning mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.
M. Qo‘shjonovning “Adashganlar fojiasi” deb nomlangan taqrizi A. Qahhorning “Sarob”iga bag‘ishlangan. Unda ortiqcha dabdaba ham yo‘q, ammo u asarning bor mazmunini o‘zida aks ettira olganligi bilan diqqatni tortadi. O. Sharafiddinovning “She’r ko‘p, ammo shoirchi?” maqolasi nomidanoq ayovsiz tanqid ruhida ekanligi seziladi. Biz nazardan o‘tkazayotgan taqrizlarning ko‘pchiligida sarlavha o‘quvchiga ko‘p narsa va’da qiladi, ammo ichidagini o‘qisangiz, va’daga vafo yo‘qligiga amin bo‘lasiz. “Taqriz” ruknida bosilayotgan asarlarda mas’uliyat yanada oshadi, chunki ular janr talablariga javob bera olishi zarur. Masalan, “Taassurot” degan rukndan taqriz janri vazifalarini talab qilishning hojati bo‘lmasa kerak. Chunki nomi bilan asardan olingan taassurotlar kitobxon bilan baham ko‘riladi. Shuning uchun tahririyatlar ham ana shu masalaga diqqat qaratsa, ayni muddao bo‘lur edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |