10-MAVZU: O‘qitish vositalari.
Reja:
1.O‘qitish vositalarining ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati
2.O‘qitish vositalarining sistemasi.
3.Ko‘rgazma vositalarining xillari
4.Tabiiy ko‘rgazmali vositalari;
5.Tasviriy ko‘rgazmali vositalari;
6.O‘qitishning ovozli ekran vositalari
Tayanch iboralar: o‘qitish vositalari, tasviriy vositalar, tirik ob’ektlar, ko‘rgazmali vositalar, mulyajlar, tirik burchak, animatsiya, multimediya, elektron darslik
1.O‘qitish vositalarining ta’lim-tarbiyaviy ahamiyati.
O‘qitish vositalari - ta’lim-tarbiya jarayonining maqsadi va vazifalari, o‘rganiladigan mavzu mazmuniga muvofiq, o‘qituvchi tomonidan mazkur jarayonning samaradorligini orttirish maqsadida qo‘llaniladigan manbalar sanaladi.
O‘qituvchi darsda o‘rganiladigan mavzu mazmunini to‘la yoritadigan o‘qitish vositalarini unga muvofiq esa, o‘qitish metodlarini tanlaydi, shu asosda darsda o‘quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etadi va boshqaradi. O‘rganiladigan mavzu mazmunini bevosita idrok qilish mumkin bo‘lgan narsalar asosida olib boriladigan ta’lim ko‘rgazmali ta’lim deb ataladi.
Ko‘rgazmali ta’lim uzoq tarixga ega, chunki tabiatshunoslikni o‘qitishning dastlabki davrida ko‘rgazma vositalaridan faqat tabiiy materiallardan foydalanilganligi ma’lum.
Mamlakatda ta’limni tubdan isloh qilish prinsiplari, fan-texnika, ishlab chiqarish rivojlangan sari o‘qitish vositalarining turlari ham ko‘payib bordi.
Demak, ta’lim muassasalarida o‘qitish vositalarining turlari ham muayyan darajada o‘zgarib, yangilanib boradi, yangi avlod o‘qitish vositalari vujudga keladi.
O‘qitish vositalarining yangi avlod guruhiga: kompyuter texnologiyasining ta’lim beruvchi, modellashtirilgan va nazorat dasturlari, slaydlar, multimedialarni kiritish mumkin.
O‘qituvchining asosiy vazifasi o‘rganiladigan mavzu mazmunidan kelib chiqqan holda eng yuqori samara beradigan o‘qitish vositalarini tanlashi, buning uchun o‘qitish vositalarining yangi avlodining turlari, ular bilan ishlash metodikasini egallagan bo‘lishi darkor.
Bolani esida biror narsaning mahkam o‘rnashib qolishini xohlovchi pedagog bolaning sezgi a’zolarini mumkin qadar ko‘prog‘ini: ko‘zi, qulog‘i, tovush organi, muskul sezgi va hatto iloji bo‘lsa hidlash va ta’m bilishi organlarini esda tutib qolish jarayonida qatnashtirishiga harakat qilishi kerak.
Psixologlarning aniqlashicha 5 ta sezgi a’zolar ishtirokida qabul qilingan bilimlar nisbati tubandagicha: ko‘rish a’zosi orqali 83%, quloq orqali 11%, xid bilish a’zosi orqali 3,5%, teri sezgisi orqali 1,5 % va nixoyat ta’m bilish orqali 1 %.
O‘qitish vositalarining ta’lim-tarbiya jarayonida quyidagi ahamiyati mavjud:
1. O‘quvchilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish va rivojlantirish, moddiy olamni bilish, olamni o‘rganish metodlarini egallash, kuzatish va tajriba qo‘yish orqali ilmiy-tadqiqot olib borishiga zamin tayyorlaydi.
2. O‘quvchilarda tushunchalarni shakllantirish jarayonining samaradorligini orttirishda mazkur jarayonning barcha bosqichlari: o‘quv materialini sezgi organlari orqali qabul qilish, idrok etish, tasavvur qilish, esda saqlash, amalda qo‘llash va natijalarni tekshirishda foydalanish ko‘zlangan natijani beradi;
3. O‘quvchilarda ko‘nikmalarni tarkib toptirish bosqichlarida o‘qitish vositalari ham mazmun, ham ish quroli sifatida maydonga chiqadi.
4. O‘qitish vositalaridan o‘qitishning barcha shakllari: dars, darsdan tashqari ishlar, ekskursiyalar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘z o‘rnida samarali foydalanish samaradorlikni orttirishni kafolatlaydi.
Biologiyani o‘qitishda o‘qitish vositalari o‘quvchilarning yangi bilimlarni egallashlarida, bilimlarni mustahkamlash, takrorlash, tizimga solish va umumlashtirishda – bilim manbai va bilimlarni o‘zlashtirish omilidir.
SHu sababli, o‘qituvchi biologiyani o‘qitishda foydalaniladigan o‘qitish vositalari va ularning sistemasini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak.
Biologiyani o‘qitish jarayonida tabiiy ko‘rgazmali vositalar etakchi o‘rinni egallaydi va dars davomida tabiiy holda o‘simliklar, hayvonlar, zamburug‘lar, gerbariy, ho‘l, quruq preparatlar, kolleksiyalar,prokariot organizmlardan keng foydalanish tabiiy bir hol. Biologiyani o‘qitishda faqat tabiiy ko‘rgazma vositalaridan foydalanish ko‘zlangan natijani bermaydi, shu sababli o‘qitishda tasviriy ko‘zgazmali vositalardan ham foydalaniladi.
O‘rganilayotgan mavzu mazmunini yoritishga xizmat qiladigan ko‘rgazmali vositalar etarli bo‘lgan taqdirdagina o‘quvchi tabiatdagi narsa va xodisalarni o‘zaro taqqoslashi, ulardagi o‘xshashlik va tafovutlarni aniqlay olishi mumkin. Buning uchun o‘qituvchi tarqatma didaktik materiallar tayyorlashi zarur.
Ko‘rgazma vositalari yordamida o‘quvchi o‘rganilgan o‘quv materialini analiz, sintez qilishi, abstraksiyalash, konkretlashtirish, tizimga solish, umumlash-tirish va xulosa chiqarish kabi aqliy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin.
2.O‘qitish vositalarining sistemasi.
Fanda ishlab chiqilgan bilish nazariyasi va o‘quvchilarning tafakkurini rivojlantirish bosqichlariga mos holda o‘qitish vositalari uch xil turga: tabiiy, tasviriy va og‘zaki yoki verbal vositalarga bo‘linadi.
Mazkur o‘qitish vositalarining uch xil turi muayyan sistemani hosil qiladi.
O‘qituvchi har bir o‘qitish vositasining ta’lim-tarbiya jarayonida tutgan o‘rni, o‘quvchilarning yosh va psihologik xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘qitish vositalarini tanlaydi.
Botanikani o‘quv fanini o‘qitish, o‘quvchilarning o‘smirlik davriga to‘g‘ri keladi. O‘smirlik davrida bolalarni bilish faoliyatida ko‘rgazmali vosita ustunlik qiladi. SHu sababli, o‘qituvchi darsda tabiiy, tasviriy, verbal ko‘rgazma vositalarini uyg‘unlashtirishi zarur.
Zoologiyani o‘qitishda tasviriy ko‘rgazmali asosida fikr yuritish ya’ni tabiiy narsalargagina emas, balki ularning tasvirlariga asoslanib idrok, tasavvur hosil qilish rivojlanadi. Shu sababli, o‘qituvchi tasviriy vositalarga e’tiborini qaratishi lozim.
Tabiiy ko‘rgazma vositalari-mikropreparatlar, tirik yoki fiksirlangan o‘simlik, hayvonlar ularning ayrim bo‘laklari, kolleksiyalar tuluplar, gerbariylar, biosistemalar (to‘qay, tog‘ oldi, yaylov cho‘l) bo‘lib, ular bilan o‘quvchilar bevosita darsda yoki ekskursiya mobaynida tanishadilar. Tabiiy ko‘rgazmali vositalar faqat ko‘rish orqali emas, balki eshitish, hid, ta’m bilish organlari yordamida idrok qilinadi. Tabiiy ko‘rgazmali vositalar o‘rniga tasviriy ko‘rgazmali vositalar ba’zan chunonchi hujayra, organizm ekosistemalar tuzilishi, moddalarning davriy aylanishiga oid tablitsalar, sxemalar, moddalar, foto suratlardan foydalaniladi. Kompyuter, multimedialar, tasviriy ko‘rgazmali vositalarning alohida guruhi sanaladi.
Og‘zaki yoki verbal vositalar – bular darsliklar, ilmiy-ommabop kitoblar, o‘qituvchining so‘zi, televideniya yoki kinokadrlardagi diktor matni, kompyuter dasturlari (videokadrlar, modellar,) testlar, didaktik kartochkalardir.
Tabiiy yoki tasviriy vositalarni o‘quvchi tomonidan idrok qilinishi, ular ustida kuzatish, o‘tkazish yoki faoliyat harakati yordamida amalga oshadi.
O‘quv materialini idrok etishda o‘quvchining qanchalik ko‘p sezgi organlari ishtirok etsa, uni o‘zlashtirish shunchalik puxta bo‘ladi. Bu jarayon didaktikaning ko‘rsatmalilik prinsipida o‘z ifodasini topgan. Ya.A.Komenskiy o‘qitishda o‘quvchining barcha sezgi organlarini jalb etish didaktikaning «Oltin qoidasi» deb aytgani bejiz emas.
Umumiy o‘rta ta’lim o‘quv yurtlarida biologiya o‘qitishning barcha bosqichlarida ko‘rgazmalilik ta’lim berish vositasi ekanligini unutmaslik kerak.
Lekin «ko‘rgazmalilik» atamasiga tabaqalashgan holda yondoshish kerak, chunki u har xil pedagogik tushunchalarni o‘zida ifoda qiladi. Masalan, «ko‘rgazmalilik prinsipi», «ko‘rgazmalilik o‘qitish vositasi», «ko‘rgazmali qurol» tushunchalarni farqlash kerak.
Ko‘rgazmalilik prinsipi deyilganda biologiyani o‘qitish jarayonida o‘qituvchi amal qiladigan didaktik prinsip tushuniladi. Ko‘rgazmalilik bir vaqtning o‘zida sezish, mantiq, konkret, abstrakt yo‘li bilan bilishni o‘zida birlashtirib abstrakt tafakkurni rivojlanishiga yordam beradi va ko‘p hollarda uning tayanchi hisoblanadi.
Ko‘rgazmalik o‘qitish vositasi sifatida o‘quvchilardan statistik va dinamik obrazlar hosil qilishga qaratilgan bo‘ladi. Ko‘rgazmali o‘qitish vositasi o‘z mazmuniga ko‘ra ko‘rgazmali qurol tushunchasiga yaqin, lekin xajmiga ko‘ra unga nisbatan keng. Masalan barglarning suv bug‘latishiga oid tajriba yoki teleko‘rsatuv, jadval ko‘rgazma vositasi bo‘lib hisoblanadi, lekin ko‘rgazmali qurol sanalmaydi.
Ko‘rgazmali qurol bu darsda o‘qituvchi tomonidan qo‘llanilgan konkret narsadir. U tulup, kolleksiya, gerbariya, tirik o‘simlik, hayvon, tablitsa, rasm,sxemalar shuningdek, mulyajlar diafilmlar, tarqatma material, didaktik kartochkalar shaklida bo‘ladi.
O‘rganilayotgan narsa va xodisalarning biologik mazmunini ifoda qiluvchi ko‘rgazmali qurollar, o‘qitishning asosiy vositalari, har xil asboblar chunonchi probirka, kolba, tarozi va shu kabilar yordamchi vositalar hisoblanadi.
O‘qitish samaradorligini oshirishda amaliy mashg‘ulot va namoyish qilinadigan tajribalarni o‘tkazishga yordam beruvchi xususan mikroskop, lupa, shtativ, reaktivlar asboblar isituvchi asboblar, pinset, preparoval ninalar, o‘qitishning texnik vositalari – kodoskoplar, televizorlar, kompyuterlar, ovoz yozuvchi va eshittiruvchi - apparatlar, magnitofonlar ham o‘qitish vositalariga kiradi.
Texnik vositalari orasida audiovizual va boshqa tabiiy tasviriy vositalar shu bilan ustunlik qiladiki, ular o‘rganilayotgan hodisa va jarayonlarning barcha bosqichlarini izchillik bilan ko‘rsata oladi. Teleko‘rsatuvlardan biologiya o‘qitishda foydalanish tirik tabiatdagi voqea, hodisalarni sinfda o‘rganish sifatini bir necha marta oshirish imkonini beradi. O‘qitish jarayonida kompyuterlarni qo‘llash o‘quv materialini mustaqil o‘zlashtirish va nazorat qilish imkonini tug‘diradi.
Ko‘rgazmali vositalardan biologiya o‘qitishning barcha jarayonlarida, masalan yangi o‘quv materialini tushuntirish, mustahkamlash, tushunchalarni shakllantirish, o‘quv, amaliy, mehnat ko‘nikma va malakalarni tarkib toptirish, uy vazifasini bajarish, o‘quv materilini nazorat qilishda qo‘llaniladi.
1. Ko‘rgazmali vositalarining xillari
O‘z tasnifi va ahamiyatiga ko‘ra biologiya o‘qitishda qo‘llaniladigan ko‘rgazmali vositalar asosiy va yordamchi xillarga ajratiladi.
Asosiy guruhiga - tabiiy, tasviriy, og‘zaki vositalar, yordamchilariga – o‘qitishni texnik vositalari va laboratoriya asbob uskunalar kiradi.
Tabiiy ko‘rgazma vositalar o‘z navbatida tirik, o‘lik va fiksirlangan, tasviriy ko‘rgazma vosita tekis va hajmli xillarga ajratiladi.
Tabiiy ko‘rgazma vositasi maktab tajriba er maydonidan maxsus tanlangan o‘simliklar, xona o‘simliklari, tirik tabiat burchagidagi akvariumdagi baliqlar, terraiumdagi hayvonlar, insektariydagi hasharotlar, qafasdagi qushlar, quritilgan, fiksirlangan ko‘rgazma vositalariga gerbariylar, tuluplar, umurtqasiz hayvon kolleksiyalari, osteologik preparatlar, taksidermik materiallar, mikro va makropreparatlar, tarqatma materiallar kiradi.
Tirik o‘simlik va hayvonlarni dars jarayonida namoyish qilish uchun avvaldan tayyorgarlik ko‘rish lozim. Ularni tanlashda o‘quv dasturi, mahalliy sharoit va tabiatni muhofaza qilish talablari e’tiborga olinishi kerak.
Gerbariylar – bu quritilgan va to‘g‘rilangan, qattiq qog‘ozga mahkamlangan yaxlit o‘simlik yoki uning muayyan organidir. Biologiyani o‘qitishda gerbariylardan tarqatma material sifatida foydalaniladi. Gerbariylar mazmuni va mohiyatiga ko‘ra: morfologik, sistematik yoki ekologik bo‘lishi mumkin.
O‘qituvchi darsda o‘rganiladigan mavzu mazmunidagi tushunchalarning turiga ko‘ra muayyan gerbariydan foydalanishi mumkin.
Gerbariy, kolleksiyalarni ko‘rsatayotganda shuni yodda tutish kerakki, ular tirik organizmlar to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilmaydi. SHuni e’tiborga olib ular boshqa ko‘rgazma vositalar bilan birgalikda namoyish etilishi lozim.
Xuddi shunday holatni fiksirlangan ho‘l preparatlarga nisbatan ham aytish mumkin. CHunki ular uzoq vaqt davomida o‘zlarini ranglarini yo‘qotgan bo‘ladilar.
Ho‘l preparatlar – bu o‘simlik va hayvonning yoki ular oraganlarining maxsus eritma yordamida konservalanishidir. Ular shisha silindrik va plastmassa idishlarda (formalin va spirt eritmalarida) bo‘ladi.
Ho‘l preparatlar mazmuniga ko‘ra uch guruhga bo‘linadi:
•Morfologik preparatlar – o‘simlik yoki hayvonning tashqi tuzilishi va organlari aks ettirilgan bo‘ladi.
•Anatomik preparatlarda – organizm yoki ba’zi organlarning ichki tuzilishi aks ettirilgan bo‘ladi.
•Embriologik preparatlarda organizmlarning individual rivojlanishi o‘z aksini topgan bo‘ladi.
Ho‘l preparatlardan tarqatma material sifatida foydalanish mumkin.
Tabiiy ko‘rgazmali vositalarning biri mikropreparatlar hisoblanadi. Ular kichik organizmlar - bakteriya, zamburug‘lar, bir hujayrali hayvonlar va o‘simliklarning hujayraviy tuzilishini o‘zida ifoda qiladi.
Mikropreparatlar tayyorlanishi va davomiyligiga ko‘ra 2 guruhga: vaqtinchalik va doimiy mikropreparatlarga bo‘linadi.
Vaqtinchalik mikropreparatlar o‘qituvchi yoki o‘quvchilar tomonidan bir dars mobaynida tayyorlanadi. Shuni qayd etish kerakki, vaqtinchalik mikro-preparatlarni tayyorlash ko‘nikmasini hamma o‘quvchilar egallashlari kerak.
Doimiy mikropreparatlar maxsus muassasalarda tayyorlanib, undan ko‘p marta foydalanish imkoniyati mavjud. Vaqtinchalik va doimiy mikropreparatlar o‘quvchilar tomonidan tirik organizmlarning hujayraviy tuzilishini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Kolleksiyalar – o‘simlik, hayvon yoki ular organlarining to‘plamidan iborat. Kolleksiyalardan «O‘simliklarning gomologik va analogik organlari», «Hashoratlar» kolleksiyasidan yashash muhitiga moslashish, himoya, ogohlantiruvchi rang, shuningdek, idioadaptatsiyalarni o‘rganish mumkin.
Osteologik preparatlar deganda hayvonlarning yaxlit skeleti yoki ayrim suyaklar to‘plami tushuniladi. Bu materiallardan «Organik olam evolyusiyasi dalillari» mavzusida gomologik organlar tushuntirilganda foydalaniladi.
Taksidermik materiallardan hayvonlarning tabiiy shakli, hajmi va pozasi o‘rganilganda foydalaniladi. Ularga tulup va chuchelalar misol bo‘ladi. Ko‘pgina tabiiy ko‘rgazma vositalari laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun zarur.
Tasviriy ko‘rgazmali vositalari
Tabiiy ravishda barcha darslarda o‘simliklar, hayvonlar va boshqa tabiiy ob’ektlarni ko‘rsatib bo‘lmaydi. Ko‘pgina xayvon, o‘simliklarni, tirik tabiatning rivojlanish jarayonlari, qonuniyatlar maxsus tayyorlangan tasvirli ko‘rgazma qurollar yordamida tushuntiriladi.
Tasviriy ko‘rgazmali vosita nihoyatda xilma-xil. Ulardan mulyajlar, statik, dinamik modellar, rangli jadvallar, rasmlar, didaktik kartochkalarni ko‘rsatib o‘tish o‘rinlidir. Mulyajlar – tabiiy ob’ektlarning aniq ko‘chirilgan nusxasi bo‘lib, undan o‘qituvchi dars mavzusini tushuntirish, mustahkamlash, takrorlash, bilimlarni nazorat qilish va baholashda foydalanishi mumkin.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida Janubiy Koreyadan keltirilgan jihozlar ichida odam tanasining anatomik tuzilishi, odam skeleti, odam asab tizimi, ko‘zning tuzilishi, yurakning tuzilishi, quloqning tuzilishi, nafas olish tizimi, qon aylanish, ayirish organlari, ovqat hazm qilish, bosh miyaning tuzilishi, ko‘payish organlarining mulyajlari mavjud.
O‘qituvchi ushbu mulyajlardan nafaqat dars mavzusini tushuntirish, mustahkamlash, takrorlash, bilimlarni nazorat qilish va baholash, balki o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etishda ham foydalanishi mumkin. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning mustaqil ishlari uchun o‘quv topshiriqlarini didaktik kartochka sifatida tayyorlashi lozim.
Masalan, «Ovqat hazm qilish organlar sistemasi» mavzusini o‘rganishda o‘quvchilarga quyidagi topshiriqlarni tavsiya etish mumkin:
1. Ovqat hazm qilish organlar sistemasining ahamiyatini aniqlang.
2. Ovqat hazm qilish organlar sistemasiga kiradigan organlarni aniqlang. Ularning ketma-ketligini sxematik tasvirlang
3. Mulyajni ko‘rib chiqing, har bir organning tuzilishi va funksiyasini aniqlang.
4. O‘rganilgan materiallar asosida quyidagi jadvalni to‘ldiring.
«Ovqat hazm qilish organlar sistemasi»
Organlar Tuzilishi Funksiyasi №
Modellar tabiiy ob’ektlarning tasviri bo‘lib, uning nusxasi emas, balki asosiy xususiyatlarini sxema tarzida ifodalaydi. Modellar yassi, hajmli, statik va dinamik bo‘lishi mumkin.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida Janubiy Koreyadan keltirilgan jihozlar ichida DNKning biologik modeli, qon aylanish, organik birikmalarning molekulalar tuzilishi bo‘yicha modellar bor.
O‘qituvchi ushbu modellardan nafaqat dars mavzusini tushuntirish, mustahkamlash, takrorlash, bilimlarni nazorat qilish va baholash, balki o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etishda ham foydalanishi mumkin.
Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning mustaqil ishlari uchun o‘quv topshiriqlarini didaktik kartochka sifatida tayyorlashi lozim.
Masalan, «Nuklein kislotalar» mavzusini o‘rganishda o‘quvchilarga quyidagi topshiriqlarni tavsiya etish mumkin:
1. Nuklein kislotalarning turlari, ularning tuzilishi va funksiyasini aniqlang. 2. DNK tuzilishidagi o‘ziga xoslikni aniqlang.
3. Sizga berilgan nukleotidlarning modelidan foydalanib, DNKning qo‘sh zanjirini tiklang.
4. O‘rganilgan materiallar asosida quyidagi jadvalni to‘ldiring.
Nuklein kislotalarning turlari
Nuklein kislotalar Tuzilishi Funksiyasi №
Dinamik modelga «Odamning qon aylanish organlari»ni olish mumkin. Mazkur model plastmassa oyna bilan yopilgan va elektr toki yordamida ishlaydi. Elektr tokiga ulangan model yurak va qon aylanish organlarining ishini tasvirlaydi. Dinamik harakat qonning katta va kichik qon aylanish doiralari bo‘ylab harakatlanishi, bu jarayonda qon aylanish organlarining vazifalarini namoyish etadi.
Dinamik harakatli modellar o‘quvchilarda tasavvurni rivojlantirib, bilimlarni mustahkam egallash, yodda uzoq vaqt saqlanishiga zamin tayyorlaydi.
Biologiyani o‘qitishda jadvallardan keng foydalaniladi. Jadvallar tuzilishiga ko‘ra bosma yoki relefli bo‘lishi mumkin.
Relefli jadvallar plastikadan tayyorlangan bo‘lib, hayvonlar rangli tasvirlangan bo‘ladi. Organizm va organlarning konturi uncha chuqur bo‘lmagan chiziqlar bilan chegaralangan va muayyan rangga ega bo‘ladi.
Mazkur jadvallarga «El-Holding» tomonidan tayyorlangan hayvonlarning ichki tuzilishi tasvirlangan relefli jadvallari misol bo‘ladi. Ularni biologiya o‘quv xonasi devorlariga osib quyish yoki engil va qulay bo‘lgani uchun yig‘ib quyish mumkin.
Hozirgi kunda biologiyani o‘qitishda bosma jadvallardan ham foydalaniladi. Biologiya o‘quv fanlari bo‘yicha bosma jadvallar nashr qilingan.
Biologiya o‘quv xonasining jihozlanishi, kompyuterning mavjudligi bosma jadvallar o‘rniga slaydlardan foydalanish imkonini bermoqda.
Slaydlarda tasvir yupqa, tiniq plastik qog‘ozga tushirilgan bo‘lib, uni kompyuter yordamida ekranga tushirish mumkin.
Qo‘shimcha ko‘rgazma vositaga har xil laboratoriya asboblari, o‘qitishning texnik vositalari, kompyuter kiradi.
Biologiyani o‘qitishda yorug‘lik mikroskopining yangi avlodi biologik mikroskoplardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Mazkur mikroskop elektr toki manbaida ishlaydi va ob’ektlarni 500 martaga kattalashtirib beradi.
Mikroskopdagi tasvirni optik kamera orqali kompyuter yordamida ekranga tushirish mumkin. O‘qitish vositalarining bunday afzalligi, albatta o‘qitish samaradorligiga xizmat qiladi.
Shunday qilib, o‘qitish vositalari muayyan sistemani tashkil etib, o‘rganiladigan mavzuning mazmunini yoritish, kuzatish, tajribalar o‘tkazish, o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |