Topshiriq 3.
Quyidagilarga ta’rif berib o’ting:
Makroiqtisodiy beqarorlik va uni bartaraf etish yo’llari:
Har qanday mamlakat, shu jumladan industrial rivojlangan mamlakatlar ham iqtisodiy o'sishga, hamda to'liq bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishga harakat qiladi, ammo uzoq muddatli iqtisodiy o'sish bir tekis va uzluksiz bormaydi, u iqtisodiy beqarorlik davrlari bilan uzilib turadi. Iqtisodiy o'sish ketidan doimo tanazzul kelib turadi. Vaqti-vaqti bilan obyektiv qonunlarning o'zgartirib bo'lmaydigan ta'siri ostida takror ishlab chiqarish harakatida uzilishlar paydo bo'ladi va bu uzilish iqtisodiyot nomutanosibliklarining keskin shaklda namoyon bo'lishidir. Iqtisodiy tebranishlar – bu muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘zlarining barqaror holatidan farqlanishidir. Davriy o‘sish ishlab chiqarishdagi tanazzullik bilan almashinadi va iqtisodiy sikllar vujudga keladi. Bu holat iqtisodiy adabiyotlarda iqtisodiyotning siklli rivojlanishi deb ataladi.
2. Iqtisodiy siklning ta’rifini bering va turlarini sanab o’ting:
Iqtisodiy sikl deganda, odatda iqtisodiyot rivojlanishining bir holatidan boshlanib, birin ketin bir necha fazalarni bosib o‘tib, o‘zining dastlabki holatiga qaytib kelgunga qadar o‘tgan davr tushuniladi. Iqtisodiy sikl milliy iqtisodiyotning bir inqiroz boshlangandan keyingi inqiroz boshlanguncha davrdagi harakat shaklidir. Iqtisodiyotning rivojlanishidagi harakati bir sikl bilan to‘xtab qolmaydi, balki u to‘xtovsiz to‘lqinsimon harakat sifatida davom etadi. Siklli harakat milliy xo‘jalik turli tarkibiy qismlarining amal qilishidagi notekislikni, uning rivojlanishidagi inqilobiy va tadrijiy bosqichlarni iqtisodiy taraqqiyot jarayonidagi chuqur o‘zgarishlarni aks ettiradi.
Iqtisodiy sikl maxsus fazalar orqali amalga oshadi. Har bir faza iqtisodiy rivojlanishdagi muayyan davrni ifodalab, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Odatda iqtisodiy siklning inqiroz, turg‘unlik, jonlanish, yuksalish fazalari ajratib ko‘rsatiladi. Ana shu fazalarning har biri rivojlanishi jaryonida navbatdagi fazaga o‘tish uchun sharoit yuzaga keladi.
Inqirozlarning mazmuni va turlari:
Siklli rivojlanishning dastlabki va asosiy fazasi inqiroz hisoblanadi. SHunga ko‘ra ushbu fazaning mazmuni va uning turlarini batafsil ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Inqiroz bir siklni nihoyasiga etkazib, yana muqarar ravishda inqiroz bilan tugaydigan yangisining boshlanishiga asos soladi; inqiroz ro‘y berganda asosiy kapitalning ortiqcha jamg‘arilishi uning hamma funksional shakllarida namoyon bo‘ladi. Inqiroz paytida ishlab chiqarish va bandlik qisqaradi, ammo narxlar har doim pasayish tamoyiliga berilmaydi. Bu fazaning quyi nuqtasida ishlab chiqarish va bandlik o‘zining eng past darajasiga tushib ketishi orqali tavsiflanadi. Shunga ko‘ra, iqtisodiy inqiroz deb ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmining keskin tushib ketishini bildiradi.
Inqirozning sababi shundan iboratki, jamiyatda ishlab chiqarilgan tovarlar massasi to‘lovga qobil talabga mos kelmay (undan oshib ketadi yoki kam bo‘ladi) qoladi. Natijada ishlab chiqarishning bir qismi to‘xtab qoladi, tovarlar taklifi kamayadi, ishlab chiqarishning o‘sish davri uning tushkunligi bilan almashinadi. Iqtisodiyotning o‘sishi inflyasiya, ya’ni narxlar umumiy darajasining asossiz ravishda keskin ko‘tarilishi sababli orqaga ketadi. SHunday davrlar ham bo‘ladiki, bunda iqtisodiy o‘sish bandlik va ishlab chiqarishning past darajasiga o‘rin beradi, ayrim hollarda narx darajasining ko‘tarilishi bilan birga ishsizlik ham keskin ortadi. Qisqacha aytganda, iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli tamoyillari ham ishsizlik, ham inflyasiya oqibatida uzilib qoladi va murakkablashadi. Inqirozlarning asosiy sababi – takror ishlab chiqarishdagi beqarorlik va nomutanosibliklardir. Bu avvalo ishlab chiqarish va uning natijalarini o‘zlashtirish o‘rtasidagi nomutanosiblik bo‘lib, u turli ishlab chiqarish usullari va iqtisodiy tizimning har xil nusxalarida turli shakllarda namoyon bo‘ladi.
Ishlab chiqarish bilan iste’mol, talab va taklif o‘rtasidagi vaqti-vaqti bilan yuzaga kelib turadigan nomutanosibliklar ham iqtisodiy inqirozlarning yuzaga chiqish imkoniyatini saqlaydi.
Rivojlangan tovar xo‘jaligi paydo bo‘lgunga qadar ishlab chiqarishning keskin qisqarishi odatda tabiiy ofatlar (qurg‘oqchilik, toshqinlar va h.k.) yoki urushlar va ular keltiradigan vayronagarchiliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Yirik mashinali ishlab chiqarishga o‘tilgan davrdan keyingi vaqti-vaqti bilan iqtisodiyotni larzaga solib turuvchi iqtisodiy inqirozlar takror ishlab chiqarishga siklik tavsifni kasb etadi. Inqirozlar turli-tuman tarzda ro‘y bersada, ularni umumiy, o‘xshash tomonlarini nazarda tutib, guruhlarga ajratish mumkin.
1. Xo‘jalik tizimida muvozanatning buzilishi ko‘lamiga ko‘ra inqirozlarni umumiy hamda ayrim sohalarda yuz beradigan turlarga ajratish mumkin. Umumiy inqirozlar butun milliy xo‘jalikni qamrab olsa, ikkinchisi qisman, ya’ni ayrim sohalar yoki tarmoqlardagi tanglik sifatida ro‘y beradi.
Ayrim sohalardagi inqirozlar orasida moliyaviy inqiroz muhim o‘rin tutib, u o‘z ichiga pul-kredit va valyuta sohasidagi inqirozlarni oladi. AQSh va Evropaning aksariyat mamlakatlarida 2008 yilda boshlangan inqiroz ham dastlab moliya sohasini, keyinchalik ishlab chiqarish sohasini ham qamrab olib, jahon moliyaviy – iqtisodiy inqirozga aylandi.
Pul-kredit sohasidagi inqiroz. Mamlakatda pul-kredit tizimining tang ahvolga tushishi bo‘lib, bunda tijorat va bank krediti taklifini qisqaradi. Aksiya va obligatsiyalarning kursi, bank foiz stavkasi tushib ketishi natijasida banklar sinib, bankrotlikka uchraydi.
Valyuta inqirozi. Bunda banklarda valyuta zaxirasi tugab, milliy valyuta kursi keskin tushib ketadi.
Birja inqirozi. Bu qimmatli qog‘ozlar kursining tezda keskin tushib ketishi, ularni emissiya qilishning qisqarishi natijasida fond birjalari faoliyatidagi chuqur tangligini ifodalaydi.
Ekologik inqiroz. Atrof-muhitning keskin buzilishi natijasida eng avvalo kishilar sog‘lig‘ini yo‘qotish, umrini qisqartirishga olib keladigan darajadagi vaziyatning vujudga kelishida ifodalanadi.
Tarkibiy inqirozlar. Bu inqi-rozlarni ishlab chiqarishning ayrim sohalari bilan tarmoqlar rivojlanishi o‘rtasidagi chuqur nomutanosibliklar keltirib chiqaradi. Tarkibiy inqirozlar milliy xo‘jalikning biron-bir tarmog‘ini qamrab olib, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgarishni taqozo qilsada, aks holda me’yoridagi xo‘jalik aloqalarining buzilishiga sabab bo‘ladi. Tarkibiy inqirozlar bilan zo‘rg‘a iqtisodiy tebranishlar va shu jumladan iqtisodiy faollikning mavsumiy tebranishlari ham mavjud bo‘ladi. Masalan, bayramlar arafasida ommaviy ravishda xarid qilish, iste’mol tovarlarining faollik sur’atida, asosan chakana savdoda sezilarli har yillik tebranishlarga olib keladi. Qishloq xo‘jaligi, avtomobil sanoati, qurilish ham qandaydir darajada mavsumiy tebranishlarga duchor bo‘ladi.
Iqtisodiy faollik iqtisodiyotdagi uzoq muddatli tamoyillarga, ya’ni uzoq muddatli davr, masalan, 25, 50 yoki 100 yil davomida iqtisodiy faollikning o‘zgarishi (ortishi yoki pasayishi) ga bog‘liq. Bu erda shuni ta’kidlash lozimki, ayrim mamlakatlarda (masalan AQSh) uzoq muddatli tamoyil sezilarli iqtisodiy o‘sish bilan tavsiflansa, boshqalarda iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi kuzatiladi.
Iqtisodiy faollikning tebranishini tushuntiruvchi ko‘plab qarashlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ko‘pchilik iqtisodchilar ishlab chiqarish va bandlik darajasini belgilovchi asosiy omil umumiy yoki yalpi sarflar darajasi deb hisoblashdi.
Agrar inqirozlar. Qishloq xo‘jaligida ro‘y beradigan agrar inqirozlar quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: 1) qishloq xo‘jalik mahsulotlarining nisbiy ortiqcha ishlab chiqarilishi, uning sotilmay qolgan juda katta zaxiralarining to‘planishi;
2) narxlarning pasayishi, daromadlar va foydalarning kamayishi; 3) fermerlarning ommaviy ravishda xonavayron bo‘lishi, ular qarzlarining ortishi; 4) qishloq aholisi o‘rtasida ishsizlarning ko‘payishi.
Qishloq xo‘jaligida takror ishlab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, agrar inqirozlar o‘ziga xos tavsif kasb etadi. Agrar inqirozlar sanoat sikllariga qaraganda odatda ancha uzoq vaqt cho‘zilib ketadi. Birinchi agrar inqiroz XIX asrning 70-yillarida boshlanib, har xil shakllarda 90-yillar o‘rtasigacha davom etgan.
Birinchi jahon urushidan keyin, aholining xarid qobiliyati juda pasayib ketgan sharoitda, 1920 yil bahorida keskin agrar inqiroz boshlanib, ikkinchi jahon urushining boshlanishga qadar, uchinchi agrar inqiroz 1948 yildan, 80-yillargacha davom etgan.
Agrar inqirozlarning cho‘zilib ketishining asosiy sabablari quyidagilar: a) erga xususiy mulk monopoliyasi qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining rivojlanishida sanoatga nisbatan orqada qolishiga sabab bo‘ladi; b) er rentasining mavjud bo‘lishi va uning uzluksiz sur’atda o‘sib borishi. Er rentasining, avvalo absolyut rentaning o‘sib borishi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qimmatlashtirib yuboradi, buning natijasida uni sotish qiyinlashadi; v) ko‘plab mayda dehqon xo‘jaliklarining mavjud bo‘lishi. Mayda ishlab chiqaruvchilar xo‘jalikni asosan o‘zi va oilasi uchun zarur tirikchilik vositalari bilan ta’minlash maqsadida yuritadi. Inqiroz sharoitida ham ular ishlab chiqarishni qisqartira olmaydilar. Oilasini ta’minlash va ijara haqini to‘lash uchun ishlab chiqarishni ilgarigi miqiyoslarda olib boraveradi. Bu hol qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yana ham ko‘paytirib yuboradi.
Agrar inqirozlar siklli tavsifga ega bo‘lmaydi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ortiqcha ishlab chiqarish mutloq emas, balki nisbiy tavsifga ega. Chunki inqiroz ro‘y bergan mamlakatlarda million-million kishilar doimiy suratda ochlikda yashaydi.
2. Iqtisodiyotda muvozanatlik buzilishining muntazam yoki onda sonda yuz berishiga ko‘ra davriy, oraliq, beqaror inqirozlarga ajratish mumkin.
Davriy inqirozlar ma’lum vaqt mobaynida takrorlanib turadi.
Oraliq inqirozlar to‘liq sikl bo‘yicha yuz bermaydi. Siklning biron-bir fazasida to‘xtatiladi. Ular nisbatan uncha shiddatli bo‘lmay, qisqa davr davom etadi.
Beqaror inqirozlar biron-bir alohida sabablarga ko‘ra yuz beradi. Masalan, tabiiy ofat, sel, to‘fon, qurg‘oqchilik tufayli iqtisodiyot tang ahvolga tushib qolishi mumkin.
3. Takror ishlab chiqarish nisbatlarining buzilishi tavsifiga ko‘ra: ortiqcha ishlab chiqarish va taqchil ishlab chiqarish inqirozlariga bo‘linadi. Tovarlarni ortiqcha ishlab chiqarish inqirozi turli naf keltiradigan ne’matlarning ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi, lekin ularning to‘liq sotilmasligida namoyon bo‘ladi.
Taqchil ishlab chiqarish inqirozi davrida iqtisodiyotda muvozanat buzilib, tovarlar etishmasligi natijasida tang ahvol kelib chiqadi. SHunday ekan, iqtisodiyotning tang ahvolga tushishiga faqat ortiqcha ishlab chiqarish emas, balki taqchil ishlab chiqarish ham sabab bo‘ladi.
4. Ishsizlik tushunchasi va uning turlari:
“To‘liq bandlik” tushunchasiga ta’rif berish qiyin. Bir qaraganda, uni aholining butun faol qismi, ya’ni 100% ishchi kuchi ishga ega, degan mazmunda talqin qilish mumkin. Biroq bu unday emas. Ishsizlikning muayyan darajasi me’yoriy yoki o‘rinli hisoblanadi.
To‘liq bandlikka ta’rif berishdan oldin, dastlab ishsizlikning friksion, tuzilmaviy va davriy kabi uchta asosiy turi bilan tanishib chiqish kerak.
Friksion ishsizlik. Kasb, faoliyat xili va turini tanlash erkinligi mavjud bo‘lgan sharoitda ayrim xodimlar har qanday vaqtda “ishlar o‘rtasida” holatiga tushib qoladilar. Kimdir o‘z ish joyini ixtiyoriy ravishda o‘zgartiradi. Boshqalar esa ishdan bo‘shatiladi va ular yangi ish qidiradilar. Yana kimlardir esa mavsumiy ishni (masalan, qurilishda ob-havo yomonlashganligi sababli) vaqtincha yo‘qotadilar. SHuningdek, birinchi marta ish qidirayotgan xodimlar toifasi, eng avvalo, yoshlar ham mavjud.
Ushbu barcha ish bilan band bo‘lmagan odamlar yangi ish topganlarida yoki vaqtincha bo‘shatilgandan so‘ng o‘zlarining avvalgi ish joyiga qaytib kelganlarida, ularning o‘rniga boshqa ish “izlovchilar” va “umumiy ishsizlik fondida” o‘rin egallovchi vaqtincha ishdan bo‘shatilgan xodimlar keladilar. SHu tufayli u yoxud bu sabablarga ko‘ra ishsiz qolgan odamlar toifasi o‘z tarkibini oydan oyga o‘zgartirib tursada, mazkur turdagi ishsizlik saqlanib qoladi.
Ish qidirayotgan yoki yaqin kelajakda ish olishni kutayotgan xodimlarga nisbatan, iqtisodchilar (ish qidirish va kutish bilan bog‘liq bo‘lgan) friksion ishsizlik atamasini qo‘llaydilar. “Friksion” atamasi hodisaning mohiyatini aniq aks ettiradi: mehnat bozori xodimlar va ish joylari o‘rtasidagi muvofiqlikni bir lahzada belgilamaydi; texnik til bilan aytganda, uning sozlanishi ishqalanish kuchlari bilan sekinlashadi. Friksion ishsizlik muqarrar, hech bo‘lmaganda, qisman maqbul hisoblanadi. Ko‘plab xodimlar kam ish haqi to‘lanadigan, unumdorligi past ishni yuqoriroq haq to‘lanadigan va ancha unumdor ishga almashtirib, ixtiyoriy ravishda “ishlar o‘rtasiga” tushib qoladilar. Bu xodimlarning o‘zlari uchun yanada yuqori daromadlarni va mehnat resurslarining oqilona taqsimlanishini, taalluqli ravishda, umuman iqtisodiyot uchun real ishlab chiqarish katta hajmini ham anglatadi.8
Tuzilmaviy ishsizlik. Friksion ishsizlik sezilarsiz tarzda “tuzilmaviy ishsizlik” deb nomlanuvchi ikkinchi toifaga o‘tadi. Iqtisodchilar “tuzilmaviy” atamasidan “tarkibiy” ma’nosida foydalanadilar. Vaqt o‘tishi bilan iste’mol ehtiyojlari va texnologiyalar tizimida o‘zgarishlar yuz berib, ular, o‘z navbatida, ishchi kuchiga bo‘lgan umumiy talab tuzilishini o‘zgartiradi.
Bunday o‘zgarishlar natijasida ayrim turdagi kasblarga bo‘lgan talab kamayadi yoki umuman yo‘qolib ketadi. Boshqa kasblarga, shu jumladan, avval mavjud bo‘lmagan yangi kasblarga bo‘lgan talab ortadi. Mazkur holatda ishsizlik ishchi kuchining ish o‘rinlari tuzilishidagi yangi o‘zgarishlarga darhol va to‘liq darajada javob berolmasligi tufayli yuzaga keladi. Ba’zi xodimlar hozirgi vaqtda ega bo‘lgan kasbiy malakalari endilikda bozor talablariga javob bermasligini; ularning mahorat va tajribasi eskirib qolganligini hamda texnologiyadagi va iste’mol talablari xususiyatidagi o‘zgarishlar tufayli keraksiz bo‘lib qolganligini tushunib etadilar. Buning ustiga, bandlikning geografik tuzilishi doimo o‘zgarib turadi. Masalan, so‘nggi o‘n yillar mobaynida sohalar, taalluqli ravishda, ish o‘rinlarining “qorli mintaqadan” “quyoshli mintaqaga” ko‘chishi shundan dalolat beradi.
Biz tuzilmaviy ishsizlikka ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin.
1. Bundan ko‘p yillar avval yuqori malakali shisha puflovchilar ishsiz qoldilar, chunki butilkalar tayyorlaydigan stanok ixtiro qilindi.
2. Qachonlardir janubiy shtatlar qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi bir necha minglab malakasiz, past ma’lumotli qora tanli xodimlarni o‘z ish o‘rinlaridan chiqarib tashladi. Ularning ko‘pchiligi shimoldagi yirik shaharlarga ko‘chdilar va u erlarda irqiy xurofotlar va o‘zlarining zarur mehnat malakalari bo‘lmaganligi bois, uzoq vaqt davomida ishsizlar sonini to‘ldirib bordilar.
Biroq friksion va tuzilmaviy ishsizlik o‘rtasidagi farq aniq ifodalanmaydi. Asosiy farq shundan iboratki, “friksion” ishsizlar sotish mumkin bo‘lgan malakalarga ega bo‘ladi, ayni paytda “tuzilmaviy” ishsizlar esa qayta tayyorlanmasdan, qo‘shimcha ta’lim olmasdan, ba’zan yashash joyidagi o‘zgarishlarsiz boshqa ishga o‘tishga tayyor bo‘lmaydilar. Friksion ishsizlik qisqa muddatli, tuzilmaviy ishsizlik esa uzoq muddatli xususiyatga ega, shu tufayli ham jiddiyroq hisoblanadi.
Davriy ishsizlik. Davriy ishsizlik inqiroz davrida, ya’ni umumiy yoki qo‘shilgan xarajatlarning etishmovchiligi bilan tavsiflanadigan iqtisodiy sikl fazasida yuzaga keladi. Mahsulotlarga va xizmatlarga bo‘lgan umumiy talab kamayib ketganda bandlik qisqaradi, ishsizlik esa ko‘payadi. SHu sababli davriy ishsizlik ba’zan talabning tanqisligi bilan bog‘liq bo‘lgan ishsizlik, deb nomlanadi.
To‘liq bandlik ishsizlikning mutlaq yo‘qligini anglatmaydi. Iqtisodchilar friksion va tuzilmaviy ishsizlikni muqarrar deb biladilar; taalluqli ravishda, to‘liq bandlik ishchi kuchining 100%idan kamrog‘ini qamrab oluvchi bandlik sifatida ta’riflanadi. Aniqroq qilib aytganda, to‘liq bandlik sharoitida ishsizlik darajasi friksion va tuzilmaviy ishsizlik darajalarining umumiy yig‘indisiga teng.
Boshqacha qilib aytganda, to‘liq bandlikda ishsizlik darajasiga davriy ishsizlik nolga teng bo‘lganda erishiladi. To‘liq bandlikda ishsizlik darajasi ishsizlikning tabiiy darajasi deb ataladi. Ishsizlikning tabiiy darajasi bilan birlashgan ichki mahsulotning aniq hajmi iqtisodiyotning ishlab chiqarish potensiali deb ataladi. Bu resurslarning to‘liq bandligida iqtisodiyot ishlab chiqara oladigan mahsulotning aniq hajmi sanaladi.
To‘liq bandlikda ishsizlik darajasi yoki ishsizlikning tabiiy darajasi, ishchi kuchlari bozoriga ish qidirayotganlarning soni bo‘sh ish o‘rinlariga teng bo‘lgan mazmunda barqaror muvozanatda kirib kelganida belgilanadi. Ishsizlikning tabiiy darajasi – bu qandaydir ijobiy kattalik, chunki “friksion” ishsizlarga tegishli bo‘sh ish o‘rinlarini topish uchun vaqt kerak bo‘ladi. “Tuzilmaviy” ishsizlarga ham malaka oshirish yoki ish topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Agar ish qidirayotganlarning soni mavjud ish o‘rinlari sonidan ortiq bo‘lsa, demak ishchi kuchlar bozori balanslanmagan; bunda birlashgan talab va davriy ishsizlik tanqisligi yuzaga keladi. Boshqa tomondan esa, ortiqcha birlashgan talabda ishchi kuchining “yetishmasligi” seziladi, ya’ni bo‘sh ish o‘rinlarining soni ish qidirayotgan ishchilarning sonidan oshib ketadi. Ishchi kuchlari bozorlaridagi bunday noodatiy “tanqislik” inflyasiya bilan birga kuzatiladi.
“Ishsizlikning tabiiy darajasi” tushunchasi ikki tafsilotni talab etadi:
1. Avtomatizmning yo‘qligi. “Tabiiy” atamasi iqtisod har doim ishsizlikning tabiiy darajasida faoliyat yuritishini va shu orqali o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlarini amalga oshirishini anglatmaydi. Bizning amaliy sikl bo‘yicha qisqacha sharhimizda iqtisodiyotda ishsizlik ko‘pincha tabiiy darajadan oshishi haqida to‘xtalib o‘tgan edik.
2. O‘zgaruvchanlik. Ishsizlikning tabiiy darajasi o‘z mohiyati bo‘yicha – o‘zgaruvchan kattalik bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan ishchi kuchlari va institutsional o‘zgarishlar (qonunlar va mamlakatlar an’analaridagi o‘zgarishlar) tarkibida demografik siljishlar ta’siriga duch kelib turadi.
Nima uchun bugungi kunda ishsizlikning tabiiy darajasi 60-yillardagiga nisbatan yuqori? Birinchidan, mehnat resurslarining demografik tarkibi o‘zgardi. Xususan, ishsizlik darajasi doimo yuqori bo‘lgan yosh xodimlar ishchi kuchlarining muhim tarkibiy qismiga aylandi. Ikkinchidan, qonunchilik va ijtimoiy stereotiplar o‘zgardi. Masalan, ishsizlik bo‘yicha nafaqalar dasturi, uni qamrab olgan xodimlar soni bo‘yicha ham, nafaqa pullarining miqdorlari bo‘yicha ham kengaytirildi. Ishsizlikning iqtisodiy ta’sirini yumshatib, nafaqalar tizimi ishsizlarga shoshilmasdan ish qidirish imkonini beradi, biroq bunda friksion ishsizlik, shu bilan birga ishsizlik umumiy darajasining o‘sishiga shart-sharoit yaratadi.
5. Inflyatsiyaning mazmuni va uning turlari:
Inflyasiya makroiqtisodiy beqarorlikning ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
inflatio-shishirilgan) tushunchasi birinchi marta shimoliy Amerikada 1861-1865 yillardagi fuqarolar urushi davrida ishlatilgan va muomaladagi qog‘oz pullarning ko‘payib ketishini anglatgan.Inflyasiya (lotincha
Iqtisodiy adabiyotlarda “inflyasiya” tushunchasi XX asrda, birinchi jahon urushidan keyin keng qo‘llanila boshlagan.
Inflyasiya- bu pul aylanish kanallarining ortiqcha pul massasi bilan to‘lib ketishi oqibatida narxlar o‘rtacha (umumiy) darajasining ko‘tarilib borishini va natijada milliy pul birligining qadrsizlanishi ya’ni uning sotib olish layoqati pasayishini anglatadi.
Inflyasiya narx darajasining barqaror o‘sishi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu barcha narxlarning bir vaqtda muqarrar o‘sib borishini bildirmaydi. Narxlar nomutanosib o‘sish tamoyiliga ega bo‘ladi. Biri sakrab o‘ssa, boshqasi ancha ma’yoriy sur’atda ortadi, uchinchisi umuman ko‘tarilmaydi.
Deflyasiya – inflyasiyaga qarama-qarshi jarayonni, ya’ni narxlarning umumiy darajasining pasayib borishini bildiradi.
Inflyasiya quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
tovar (xizmat)larning mavjud taklifiga nisbatan muomaladagi naqd pullar yoki moliyaviy aktivlar hajmining haddan tashqari ortib ketishida.
pulning sotib olish layoqatining pasayib borishida.
narxlarning uzoq muddatli umumiy o‘sishida.
Inflyasiya – bu pul birligining qadrsizlanishi va shunga mos ravishda tovar narxlarining o‘sishidir.
Muomalada bo‘lgan pul birligi miqdorining tovarlar narxi summasidan oshib ketishi va buning natijasida tovarlar bilan ta’minlanmagan pulning paydo bo‘lishi pulning qadrsizlanishi, ya’ni inflyasiyani bildiradi.
Inflyasiya bozor xo‘jaligining har xil sohalarida takror ishlab chiqarish nomutanosibliklari tug‘diradigan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy hodisadir.
Qog‘oz pul tovarlarga, oltinga va o‘z qadrini, barqarorligini saqlab qolgan chet el valyutalariga nisbatan qadrsizlanadi.
I. Kelib chiqish sabablariga ko‘ra inflyasiya quyidagi turlarga ajratiladi:
a) Talab inflyasiyasi. Narx darajasining surunkali o‘sishi jami talab ortiqchaligi bilan tushuntiriladi. Bu iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasi mahsulotining real hajmini ko‘paytirish ortiqcha talabni qondira olmasligini anglatadi. Chunki barcha mavjud resurslar to‘liq foydalanishga jalb qilingan bo‘ladi. Shu sababli bu ortiqcha talab narxning oshishiga olib keladi va talab inflyasiyasini keltirib chiqaradi.
b) Taklif inflyasiyasi. Inflyasiya ishlab chiqarish xarajatlari va bozordagi taklifning o‘zgarishi natijasida ham kelib chiqishi mumkin. Ishlab chiqarish xarajatlarining o‘sishi keltirib chiqa-digan inflyasiya, mahsulot birligiga qilinadigan xarajatlarning ko‘payishi hisobiga narxlarning oshishini bildiradi.
II. Narxlarning o‘sish sur’atlariga ko‘ra inflyasiyaning a) me’yoridagi; b) o‘rmalab boruvchi v) giper inflyasiya kabi turlari ajratiladi. Inflyasiyaning birinchi turida narxlar yiliga 10 foizgacha, ikkinchisida 20 dan 200 foizgacha, uchinchisida, astronomik miqdorda o‘sishi kuzatiladi.
Giperinflyasiya aholi va xatto jamiyatning yuqori ta’minlangan qatlamiga juda katta yo‘qotish keltiradi, savdo barter ayriboshlashga o‘tadi, milliy xo‘jalik izdan chiqardi.
Giperinflyasiya 1970-1980 yillar arafasida Boliviyada yiliga 2400% ga, 1992 yilda Rossiyada 2600% ga etgan.
III. Bashorat qilish mumkinligiga qarab kutilayotgan va kutilmagan inflyasiya farqlanadi. Kutilayotgan inflyasiya va uning oqibatlarini oldindan bashorat qilish mumkin, kutilmagan inflyasiyani oldindan aytib bo‘lmaydi. Birinchi xolda inflyasiyaning kutilayotgan salbiy oqibatlariga tayyorlanib uni sezilarli darajada yumshatish mumkin. Ikkinchi holda narxlarning kutilmagan o‘sishi natijasida mamlakat iqtisodiy ahvolining sezilarli yomonlashuvi ro‘y berishi mumkin.
IV. Namoyon bo‘lish darajasiga ko‘ra oshkora va yashirin inflyasiya ajratiladi.
Oshkora inflyasiya narxlar o‘sishida namoyon bo‘ladi. YAshirin inflyasiyada narxlar go‘yoki barqaror ko‘rinadi, ortiqcha pul tovar taqchilligida transformatsiyalashadi.
V. Qamrov doirasi bo‘yicha bir mamlakat miqyosidagi va jahon xo‘jaligi doirasidagi inflyasiya farq qiladi.
VI. Asosiy ko‘pchilik tovarlarga narxlarning o‘sish sur’atidagi farqlarga ko‘ra muvozanatlashgan va muvozanatlashmagan inflyasiya ajratiladi.
Muvozanatlashgan inflyasiyada narxlar bir vaqtda ko‘pchilik tovarlarga bir me’yorda o‘sadi, muvozanatlashmagan inflyasiyada har xil tovarlar guruhiga narxlar turlicha o‘sadi.
6. So’mning barqarorligini ta’minlash tadbirlariga o’z fikringizni bildiring:
Respublikamizda Markaziy bank mustaqilligining oshayotganligi va iqtisodiyotda yaratilgan qulay shartsharoitlar inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarini (inflation targeting) amaliyotga qo‘llash imkonini beradi. Kelgusida iqtisodiyot, bank, moliya tizimi hamda moliya bozorlarining rivojlanishi va yanada erkinlashtirilishi asosidaMarkaziy bank ushbu usuldan foydalanishi zarur. Buning uchun inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi nomonetar omillarni maksimal darajada kamaytirilishiga erishish lozim.
Xususan, tartibga solinadigan narxlar, jumladan elektr energiya, kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, transport tariflari borasida tuzilmaviy islohotlar amalga oshirilishi taqozo qilinadi. Chunki, so‘nggi yillarda inflyatsiyaga nomonetar omillarning ta’siri 70 foizdan yuqorini tashkil etmoqda. Monetar omillarning inflyatsiyaga maksimal darajada ta’siriga erishilganidan so‘ng Markaziy bank uni to‘liq nazorat qilish va belgilangan darajada bo‘lishini ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |