Iqlim mintaqalari. Afrikaning deyarli markaziy qismidan ekvator kesib o’tganligi tufayli ekvatorial iqlim mintaqasi materikda bir marta, boshqa iqlim mintaqalari esa parallel ravishda joylashganligi uchun ikki marta takrorlanadi.
Ekvatorial mintaqa. Bu mintaqaga Kongo daryosi havzasining katta qismi, tahminan 5° sh.k. va 5° j.k. oralig’i hamda Gvineya qo’ltig’i sohillarining 7°-8° sh.k. gacha bo’lgan hududlari kiradi. Bu yerda yil davomida ekvatorial havo massalari hukmronlik qiladi. O’rtacha yillik va oylik harorat doim yuqori va bir tekis taqsimlangan bo’lib, +26°S ga teng, yog’in ham bir tekis yog’adi, o’simliklarning vegetasiya davri yil bo’yi to’xtovsiz davom etadi. Kongo havzasining yog’in rejimida Quyoshning ufqda eng baland turish vaqti bilan bog’liq bo’lgan ikkita maksimum davr aniq ifodalangan. Gvineya qo’ltig’i sohillariga yog’inni shu hududda hukmronlik qiluvchi janubi-g’arbiy shamollar olib keladi. Mintaqa hududida maksimum yog’in Kamerun tog’ massivi yonbag’irida kuzatilib 10000 mm ni tashkil etadi. Ekvatorial mintaqa uchun yil bo’yi bitta fasl - yoz fasli xarakterli. Bu mintaqaning o’rtacha oylik va yillik haroratida, yog’in miqdorida fasliy o’zgarishlar deyarli kuzatilmaydi.
Subekvatorial mintaqalar.Subekvatorial iqlim mintaqalari ekvatorial iqlim mintaqasini keng polosa bo’ylab o’rab turadi. Subekvatorial mintaqa Shimoliy Afrikada 17° sh.k. gacha, janubiy yarim sharda 20° j.k. gacha keladi, g’arbda Atlantika okeanigacha yetib bormaydi. Materikning sharqiy qismida shimoliy va janubiy yarim sharlarning subekvatorial mintaqalari bir-biri bilan tutashadi. Shuning uchun ekvatorial iqlim mintaqasi sharqda Hind okeanigacha yetib bora olmaydi. Uning sharqiy chegarasi Oq Nil daryosining yuqori qismi va Viktoriya ko’ligacha cho’zilgan. Subekvatorial mintaqada harorat ekvatorial mintaqaga o’xshash yil bo’yi yuqori bo’lsada, ammo ularda fasliy farqlar ancha sezilib turadi. Subekvatorial iqlim ekvatorial iqlimdan yog’in miqdorining nisbatan kamligi va fasllar bo’yicha notekis taqsimlanishi bilan farq qiladi. Bu yerda yoz sernam, qish quruq bo’ladi. Subekvatorial mintaqalarda yoz faslining yomg’irli bo’lishiga sabab shuki, yoz oylarida har qaysi yarim sharning subekvatorial mintaqalarida o’zi bilan nam ekvatorial havo massalarini olib keluvchi musson shamollari hukmronlik qiladi va asosiy yog’in yoz mavsumiga to’g’ri keladi. Qishda esa subekvatorial mintaqalar quruq tropik havo massalarini keltiruvchi passat shamollari ta’sirida bo’ladi. Qishda tropik havo massasi hukmron bo’lib yog’in bo’lmaydi, havoning nisbiy namligi juda past, quruq ob-havo hukmronlik qiladi. Subekvatorial mintaqada namlik davri, yillik yog’in miqdori va namlanish ikki yo’nalishda, ekvatordan shimoliy va janubiy tropiklar tomon hamda g’arbdan sharqqa tomon o’zgarib boradi. Jumladan, ekvatordan tropiklar tomon namlik davri 10 oydan 2-3 oygacha qisqaradi. G’arbdan sharqqa tomon musson shamollarining kuchsizlanishi tufayli yog’in miqdori 4-5 marta kamayib boradi. Shimoliy yarim shardagi subekvatorial mintaqaning eng qurg’oqchil hududlari ekvatorial mussonlarni to’sib turuvchi Efiopiya tog’ligidan sharqda joylashgan Somali yarim oroli va Sudanning tropik mintaqa bilan chegaradosh bo’lgan shimoliy qismidir. Harorat yilning aksariyat paytlarida subekvatorial mintaqada yuqori bo’ladi. Lekin uning yillik farqi ekvatorial mintaqaga nisbatan biroz katta. Subekvatorial mintaqalarda yozgi mavsumning boshlanish vaqtida o’rtacha harorat +30°S dan yuqori bo’ladi. Eng salqin oylarda o’rtacha harorat +20°S dan pastga tushmaydi.