BO‘RI BILAN TULKI
Bo‘ri bilan tulki ikkovi do‘st tutingan ekan. Bir kuni tul-
ki bo‘rining oldiga kelibdi, bo‘ri juda ochiqib turgan ekan,
tulkiga qarab:
– E, do‘stim tulki, yaxshi kelding, qani yur, meni bir
joyga olib bor va qornimni to‘yg‘azib, xursand qilib kel-
gin, – debdi. Tulki «xo‘p» debdi-yu, oldinga tushib, ketidan
bo‘rini ergashtirib ketaveribdi. Borib-borib, ular bir yer-
da to‘yga ketayotgan yetti-sakkizta xotinga yo‘liqibdilar.
Hammaning qo‘lida tugilgan dasturxon bor ekan. Shunda
tulki bir yumalab bedana bo‘libdi va haligi xotinlarning ol-
diga tushib yo‘rg‘alay boshlabdi.
Uni bir xotin ko‘rib:
– Iye, anovi bedanani qaranglar, uni men bolamga tutib
beraman, – debdi-da, qo‘lidagi dasturxonni yerga qo‘yib,
bedanani quva ketibdi, uning orqasidan yana biri quvlabdi.
Shunday qilib, xotinlarning hammasi quvib ketaverib-
di. Tulki bo‘lsa, ularning oldiga tushib yo‘rg‘alayveribdi.
Xotinlar yetay-yetay deganda, «pirr» etib uchib, yana bir
tomonga tushar emish. Shunday qilib tulki bularni aldab er-
gashtirib ketaveribdi.
Bo‘ri bo‘lsa, tugunlar ichidagi ovqatlarni maza qilib
yeb, qornini to‘ydirib jo‘nabdi. Xotinlar bedanaga yetol-
may charchab, yo‘ldan qaytib kelishsa, tugunlar qup-quruq
emish. «Voy, sho‘rimiz quridi, «Oyimbuvi ovga chiqdi,
ketidan g‘ovg‘a chiqdi» deganday, bu nimasi ekan!», deb
dod deganlaricha qolaverishibdi.
Tulki aylanib borsa, bo‘ri bir joyda dam olib yotgan
emish.
Tulki bo‘riga qarab:
– Ha, o‘rtoq, – debdi.
Bo‘ri unga:
36
– Ha, qornim juda ham to‘yib ketdi, dam olib
yotibman, – debdi.
Ertasi kuni tulkiga bo‘ri shunday debdi:
– O‘rtoq, kecha meni juda xursand qilib yubording,
endi bugun sal xafa qilib qo‘ygin.
Bunga javoban tulki:
– Xo‘p bo‘ladi, qani yur bo‘lmasa, – deb bo‘rini bir
bog‘ga boshlab boribdi. Bog‘ning devori tagida bir om-
bor bor ekan, shu ombordan ikkovlari siqilib, zo‘rg‘a
ichkari kirishibdi. Qarashsa, hammayoq uzumga to‘lib-
toshgan, hech kim yo‘q emish. Vaqtni g‘animat bilib, ikkisi
uzumxo‘rlikka zo‘r beribdi. Bir vaqt tulki qornini obdan
to‘ydirib, ikki dona g‘ujumni ikkala burniga tiqib, bo‘rining
oldiga boribdi:
– E, do‘stim, mana men judayam to‘ydim, azbaroyi
to‘yganimdan uzum burunlarimdan chiqib ketdi. Bo‘l, yaxshi-
lab yeb, obdan to‘yib ol, – debdi. Bo‘ri shoshib-pishib yeyave-
ribdi. Axiri qorni shishib ketibdi, lekin burnidan chiqmabdi.
– Qani, burnimdan chiqmadi-ku? – debdi u. Tulki
bo‘rining tumshug‘ini ko‘tarib qarab:
– Hu ana, ko‘rinib qolibdi, yana biroz yesang chiqa-
di, – debdi.
Bo‘ri yana yeyaveribdi, qorni rosa ko‘pchib, axiri o‘zini
tutib turolmay yotib qolibdi. Tulkiga ana shugina kerak
ekan. U yugura borib, devorga chiqibdi-da:
– Uzumga o‘g‘ri ketde-e-e, uzumga o‘g‘ri ketde-e-e! –
deb qichqiribdi. Uning tovushini bog‘bon eshitib, so‘yil
ko‘tarib kelib qolibdi.
Bo‘ri lapanglab borib boyagi omborga suqilgan ekan,
sig‘mabdi. Devorga tirmashsa, chiqolmabdi. Bog‘bon uni
o‘lasi qilib savalabdi, bo‘rining yegan uzumlari og‘zi-
burnidan chiqib, oxirida kaltak zarbidan sulayib qolibdi.
Bog‘bon bo‘rini o‘ldiga chiqarib, tashlab ketibdi. Bir vaqt
37
bo‘ri hushiga kelibdi. Qarasa, ombor og‘zida yotgan emish.
Yonida hech kim yo‘q emish, tura solib devordan oshib, bir
chekkada ingrab yotaveribdi.
Bir vaqt tulki kelibdi, bo‘rini ko‘rib, undan:
– Ha, do‘stim, nima bo‘ldi? – deb so‘ragan ekan, bo‘ri
bazo‘rgina ingrab:
– Ha, do‘stim bo‘lmay o‘l. Biroz xafa qilib qo‘ygin de-
sam, shuncha xafa qilasanmi?– debdi.
Tulki:
– Birodar, bog‘ egasining seni bunchalik urishini
qaydan bilay? – debdi.
Bo‘ri yurolmasdan shu yerda qolibdi. Tulki ketibdi.
Ertasi kuni tulki o‘ynab yurgan ekan, bir joyda katta
tosh yotgan emish, uning yonida bir qo‘yning kart dumba-
si ham bor emish. Unga qarab tulki: «Bunda bir sir bo‘lsa
kerak. Oldin uni o‘zim yemayin-u, bo‘rini ro‘para qilayin»,
debdi. Keyin bo‘rining oldiga borib:
– O‘rtoq, qorning qalay? – deb so‘ragan ekan, bo‘ri:
– Qornim och, – debdi. Tulki:
– Bo‘lmasam men bir qo‘y so‘yib, go‘shtini yedim-u,
yog‘i qoldi. Borib sen shuni yesang-chi, – deganda, bo‘ri:
– Bu gaping juda ma’qul, chunki kechagi kaltakdan
ichak-bag‘rim uzilib, haligacha hech narsa yeganim yo‘q
edi, – debdi.
Bular ikkisi bir tomonga qarab jo‘nashibdi. Bir joyga
borganda, tulki uzoqdan turib yog‘ni ko‘rsatibdi. Bo‘ri:
– Yur, birga boramiz, – debdi. Tulki:
– Qo‘y, meni ovora qilib yurasanmi, o‘zing borib yeb
kela qol, – deb bormabdi. Bo‘ri borib qarasa, qo‘yning
dumbasi yotgan emish.
Shoshilib borib tishlab tortgan ekan, «part» etib, tum-
shug‘idan qopqonga ilinibdi. Shunda tulki yugura kelib,
38
hadeb yog‘ni yeyaveribdi. Uzoqdan buni ko‘rib turgan
ovchi to yugurib kelguncha tulki qochib ketibdi.
Ovchi kelib qarasa, qopqonga ilingan bo‘ri ekan.
– Iye, men tulki desam, sen ekansan-da, – deb bo‘rini
obdan kaltaklab, keyin bo‘shatib yuboribdi.
Bo‘ri bundan qutulib, qorni och ketayotgan ekan, yo‘lda
bir qo‘zini uchratibdi, unga qarab:
– Hoy qo‘zi, seni yeyman! – debdi. Qo‘zi qo‘rqa-pisa:
– E, taqsir, oldin siz Karim bobomning tuzidan olib
keling, chunki go‘shtim juda bemaza, – debdi. Shunda
bo‘ri: «Xo‘p bo‘ladi» deb, tuz axtarib ketibdi, ungacha
qo‘zi qochib qolibdi. Bo‘ri kelib qarasa qo‘zi yo‘q emish.
Hayron bo‘lib borayotsa, bir joyda bir xo‘roz turgan ekan.
Bo‘ri borib:
– Hoy xo‘roz, seni yeyman! – debdi. Xo‘roz unga:
– Bo‘lmasa, oldin bir zira-piyoz qilaylik, meni undan
keyin yeng. Buning uchun siz avval pichoq topib keling,
men zira bilan piyoz keltirayin, – debdi.
Bo‘ri pichoq qidirib ketibdi, xo‘roz paytdan foydalanib,
bir tomonga qochib qutulibdi. Bo‘ri pichoqni olib kelsaki,
xo‘roz yo‘q emish. Noiloj yana ketaveribdi. Yurib-yurib bir
joyga borsa, bir xachir turgan emish. Unga qarab:
– Hoy xachir, seni yeyman! – debdi. Xachir:
– Agar meni yemoqchi bo‘lsangiz, avval yetti marta
minasiz, keyin yesangiz mayli, otam shunday deb vasiyat
qilgan edi, – debdi.
Bo‘ri xachirning shartini o‘rniga qo‘yish uchun to‘rt
marta minibdi, beshinchi minishida xachir bo‘rini qo‘sh
oyoqlab tepibdi.
Bo‘ri chalqanchasiga yiqilibdi. Xachir qochganicha
keta veribdi. Bo‘ri o‘rnidan turib, bir joyga boribdi, qarasa,
ot o‘tlab yurgan emish. Bo‘ri otga qarab:
– Hoy ot, seni yeyman! – debdi. Ot bo‘riga:
39
– Bo‘lmasa, mening keyingi o‘ng oyog‘im tuyog‘iga
otam yozib ketgan ikki enlik xatni o‘qib, keyin yegin, –
debdi.
Bo‘ri otning orqasiga o‘tibdi, ot tuyog‘ini ko‘tarib turib-
di. Bir vaqt bo‘ri yaqiniga kelganida, ot uni bir tepgan ekan,
bo‘rining tishlari majaq-majaq bo‘lib, o‘zi ancha nariga bo-
rib tushibdi. Ot qochib ketibdi.
Shu onda tulki yetib kelibdi, qarasa, bo‘rining og‘zi-
burni qip-qizil qonga belangan emish. Shunda tulki undan:
– Ha, do‘stim, senga nima bo‘ldi yana? – deb so‘rabdi.
– Ha, nimasini so‘raysan, ishlar shunday-shunday
bo‘ldi, – deb bo‘ri hamma voqeani aytib beribdi. Shunda
tulki debdi:
«Ko‘rdingki, qo‘zi, yeb qo‘ygin, termulib qolsin
ikki ko‘zi. Senga kim qo‘yibdi Karim boboning tuzini?
Ko‘rdingki, xo‘roz, urib bo‘ynini yoz, senga kim qo‘yibdi,
zira bilan piyoz? Ko‘rdingki, xachir, urib bo‘ynini g‘aji,
senga kim qo‘yibdi minishni xachir. Ko‘rdingki, ot, yeb
ustida yot, senga kim qo‘yibdi mirza buvalikni?»
Bo‘ri tulkidan dashnom eshitib, indamay turib ketave-
ribdi, naryoqqa borgan ekan, ikkita ovchi uni ko‘rib qolib,
quva ketibdi. Bo‘ri qochib borayotganda yo‘lda bir odam
qo‘sh haydab yurgan ekan. Bo‘ri borib qo‘shchiga yali nibdi:
– Jon amaki, meni shu ovchilardan saqlab qoling.
Qo‘shchi: «Xo‘p bo‘ladi», deb bo‘rini katta qanorga
solib qo‘yibdi. Bir vaqt ovchilar yetib kelib qo‘shchidan:
«Bo‘ri o‘tdimi?» deb so‘rabdilar. «Ha, o‘tib ketdi», debdi
qo‘shchi. Ovchilar ketgandan keyin bo‘ri qanordan chiqib,
qo‘shchiga:
– Hoy qo‘shchi, seni yeyma-an! – debdi. Qo‘shchi:
– Iye, bu qanday gap, axir, men seni o‘limdan qutqarib
olsam-u, meni yeysanmi? – desa, bo‘ri:
– Yaxshilikka yomonlik, – der emish.
40
Shunda qo‘shchi yalinibdi, bo‘ri sira ham unamabdi.
Bular shunday mojaro qilib turgan ekan, tulki yetib kelib,
qo‘shchidan:
– Ha, nima gap?– deb so‘rabdi.
Qo‘shchi bo‘lgan voqeani tulkiga birma-bir aytib berib-
di. Tulki bo‘riga qarab:
– Men sening shu qanorga sig‘ishingga ishonmayman:
o‘zing sig‘sang ham duming sig‘maydi,– debdi. Bo‘ri unga:
– Yo‘q, sig‘dim – debdi. Tulki:
– Bo‘lmasa, qani kirib ko‘r-chi, – degan ekan, bo‘ri:
– Mana bo‘lmasa, – deb qanorga kiribdi. Tulki qo‘sh-
chiga imlab, qanor og‘zini bog‘lashga buyuribdi. Qo‘shchi
qanor og‘zini mahkam bog‘labdi. Shundan so‘ng qo‘shchi
bilan tulki ikkisi bittadan ikkita so‘yil olib, bo‘rini ura-ura
o‘ldirishibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |