Seminar savollari.
1. «Yaqin Sharq muammosi» qachondan boshlangan va mohiyati nima?
2. Arab – Isroil urushidan maqsad nima edi?
3. Kemp-Devid bitimi qachon tuzildi?
4. Iroq qachon respublika deb e’lon qilingan?
5. S. Husayn siyosatini tushuntiring.
6. Saudiya Arabistoni qanday mamlakat?
7. Suriya tashqi siyosatining mohiyati nima?
8. Misr hukmdorlari haqida nimalarni bilib oldingiz?
9. Sh. Benjadid davrida Jazoirning ahvoli qanday edi?
10.Marokashning taraqqiyot yo‘li qanday bo‘ldi?
11.«Dastur sotsializmi»ning mohiyati nima?
12.M. Kaddafiy faoliyati haqida so‘zlab bering.
13.O‘zbekistonning arab davlatlari bilan aloqalari haqida nimalarni bilasiz?
14. Afrika davlatlarining mustaqillikka erishish jarayonlari qanday kechdi?
15. Afrika davlatlarining rivojlanish bosqichi qanday kechdi?
Seminar savollariga javoblar:
1.«Yaqin Sharq muammosi» deyilganda isroil-arab munosabatlari, Isroilning bosib olgan arab davlatlari yerlarini qaytarib berishi hamda mustaqil Falastin arab davlatini tashkil etish bilan bog‘liq muammolar, shuningdek arab davlatlari va Isroilning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari asosida yashash masalalari tushuniladi.
2. 1947-yil 29-noyabrda BMT Falastinda ikki davlat — Isroil yahudiy va Falastin — arab davlati tashkil etish haqida qaror qabul qildi. Versal konferensiyasidayoq (1919-yil) Buyuk Britaniya Falastinni boshqarish va u yerda yahudiylar davlatini tashkil etish mandatini olgan edi. Bu davrda Falastinda 100 mingga yaqin yahudiy yashardi. Dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan yahudiylarni bir joyga — Falastinga to‘plashda ularning xalqaro tashkiloti katta rol o‘ynadi. Bu tashkilot Sion tashkiloti deb ataladi. (Bu nom Falastindagi Sion tog‘i nomidan olingan, bu tashkilot yahudiylarni shu atrofda to‘planishga da’vat etadi.) Ayni paytda sionizm g‘oyasi ham vujudga keldi. 1942-yili Falastindagi yahudiylar soni 0,5 mln ga yetdi. Ulardan yaxshi harbiy tayyorgarlikka ega, AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan zamonaviy qurollar bilan qurollantirilgan armiya tuzildi. Yahudiylar arablar uchun ajratilgan hududlarni ham ishg‘ol qilib oldilar. 1948-yilning 14-mayida yahudiy sionistlar rahnamosi Ben Gurion Isroil davlati tuzilganligini e’lon qildi. Tel-Aviv shahri bu davlatning poytaxti bo‘lib qoldi. Falastin arab davlati esa tuzilmay qoldi. Buning oqibatida 1948-yil birinchi isroil – arab urushi yuz berdi. Bu urushda ishtirok etgan arab davlati armiyasi yengildi. Chunki ular qoloq, zamonaviy armiyaga ega bo‘lmagan davlatlar edi . Yahudiylar Falastin arablarini o‘z yerlaridan quvib chiqaraboshladilar.Buning natijasida 0,5 mln falastinlik arablar Livan davlati hududiga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi. Misr, Suriya, Livan va Iordaniya Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolashga majbur bo‘ldilar.Dunyo sionistik tashkilotlari ko‘rsatgan moliyaviy yordam, Germaniyaning Isroilga to‘lagan 1 mlrd. dollar miqdordagi tovoni hamda AQSHning ko‘rsatgan katta yordam tufayli Isroil qisqa vaqt ichida qudratli armiyaga ega davlatga aylandi. Yaqin Sharq strategik xomashyo — neftga boy o‘lka. U yerda jahon neft zaxirasining 50 foizi mavjud. AQSH bu o‘lkani o‘z hayotiy manfaati doirasiga kiritgan. Ayni paytda unga bu hududda ishonchli ittifoqchi ham zarur edi. Isroilni ana shu ittifoqchilikka eng mos davlat sifatida tanladi.
3. 1979-yilning 26-martida AQSH Isroil va Misr o‘rtasida separat Kemp-Devid (AQSH) bitimi imzolanishiga erishdi.
4. 1958-yilning 14-iyulida harbiy to‘ntarish amalga oshirildi. Mamlakat qiroli Feysal II o‘ldirildi. Iroq Respublika deb e’lon qilindi.
5. 1979-yil oxirida hokimiyatni general S. Husayn egalladi. U mamlakatda diktatura o‘rnatdi. Muxolifatchi kuchlar faoliyati taqiqlandi. Iroqni «qudratli» davlatga aylantirishga kirishdi. Harbiy xarajat har qachongidan ham oshirildi. Million kishilik armiya barpo etildi. Iroqning qudrati qo‘shni davlatlarni tashvishga solib qo‘ydi. Chunki avantyurist S. Husayndan hamma narsani kutish mumkin edi. Chunonchi,1980-yilda u Eronga hududiy da’vo bilan chiqdi. Bu hol Iroq – Eron urushini keltirib chiqardi. Urush 8 yil davom etdi. Har ikki tomon minglab qurbon berdilar. Katta iqtisodiy talafot ko‘rdilar. Iroq maqsadiga erisha olmadi. Eron o‘z hududi daxlsizligini himoya qila oldi. 1990-yil avgustida S. Husayn yana bir avantyuraga qo‘l urdi. U Quvaytni bosib olish maqsadida armiyasini bu mamlakatga kiritdi. Biroq xalqaro hamjamiyat bunga befarq qarab turmadi. BMT Xavfsizlik Kengashi Iroq rahbariyatidan qo‘shinini Quvaytdan olib chiqib ketishni talab qildi. Ammo bu talab bajarilmadi. Bu esa Iroqqa qarshi davlatlar ittifoqining tuzilishiga olib keldi. 1991-yilning 17-yanvarida bu ittifoq harbiy kuchlari (asosan AQSH armiyasidan iborat) Iroq armiyasiga hujum boshladi va uni tor-mor etdi. Quvaytning davlat mustaqilligi tiklandi. Ammo S. Husayn Iroqdagi o‘z hokimiyatini va yakka hukmronligini mustahkamlab bordi. Qurollanishni kuchaytirdi. Jahon hamjamiyati Iroqdan ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqarishga imkon beruvchi manbalarni tugatishni talab etdi. Qaysar S. Husayn bu haqli talabni inkor etdi. Bunga javoban Iroqqa nisbatan iqtisodiy sanksiya chorasi ko‘rildi. Unga ko‘ra, Iroq neftini sotish minimum darajada cheklab qo‘yildi. Xalqning ahvoli og‘irlashdi. AQSH Iroqni harbiy kuch yordamidagina xalqaro huquq normalarini hurmat qildirish mumkin, deb hisobladi va 2003-yil iyun oyida Angliya ko‘magida Iroqqa hujum boshlab, S. Husaynni tor-mor qildi. Koalitsiyachilar hamon o‘z qo‘shinlarini Iroqda saqlab turibdilar. AQSH Iroqning butun boyligiga, ayniqsa, katta miqdordagi neftiga ega bo‘ldi. Iroqda vaziyat keskin bo‘lib, kelgindilarga qarshilik ko‘rsatish to‘xtamayotir. Xalq esa urush jarohatlarini tiklamoqda. 2006-yil noyabrda S. Husayn o‘limga hukm qilindi.
6. 1925-yilda Arabiston amiri Abdul Aziz ibn Abdul Rahmon ibn Saud qo‘shini deyarli butun Arabistonni egalladi. 1932-yilda esa Ibn Saud Saudiya podsholigi tuzilganligini e’lon qildi. Shu tariqa Saudiya Arabistoni davlati vujudga keldi. Saudiya Arabistoni hududi Islom dinining markazidir. Musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Makka va Madina shaharlari shu davlat hududida joylashgan. Saudiya Arabistoni mutlaq monarxiya davlatidir. Ayni paytda Saudiya Arabistoni dunyoning neftga boy davlatlaridan biri. Bu omil uning iqtisodiyoti gurkirab rivojlanishiga yordam berdi.
7. 1946-yil Suriya Buyuk Britaniya va Fransiyaning o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi haqida BMTga murojaat etdi. Buning natijasida 1946-yilning 17-aprelida Buyuk Britaniya va Fransiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Shu tariqa Suriya suvereniteti to‘la tiklandi va 17-aprel Milliy bayram kuni bo‘lib qoldi. Biroq Suriya hukumati mamlakatda siyosiy barqarorlikni ta’minlay olmadi. Bu esa 1949-yilda ketma-ket 3 marta davlat to‘ntarishi ro‘y berishiga olib keldi. 1951-yil noyabrida esa polkovnik Shishaklining harbiy diktaturasi o‘rnatildi. Biroq bu diktatura uzoq yashamadi. 1954-yilda u ag‘darildi. 1956- yilda Shukri Quatli prezident etib saylandi. U Misr va Saudiya davlatlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatdi. 1956-yilda Misrga qarshi uchlar agressiyasi davrida Misrga yordam ko‘rsatdi. Ayni paytda SSSR bilan ham munosabatlari mustahkamlanib bordi. Murakkab xalqaro sharoit, harbiy agressiya xavfi Suriyani Misr bilan birlashishga majbur etdi. 1956-yilning fevral oyida Suriya va Misr yagona davlatga birlashdilar. Bu davlat Birlashgan Arab Respublikasi deb ataldi. Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir BAR prezidenti etib saylandi. Biroq bu birlik uzoq davom etmadi. Suriyada hamma tabaqalar ham, jumladan, harbiylarning aksariyat qismi birlashuvdan birday manfaatdor emas edi. 1961-yilning 8-martida Bass (Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi) a’zosi bo‘lgan zobitlar guruhi davlat to‘ntarishi o‘tkazdilar. Hokimiyat Milliy inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tdi. 1966-yil 23-fevralda hokimiyatni general Hafiz Asad egalladi. U hayotining deyarli oxirigacha prezidentlik lavozimini egallab keldi (2000-yil). Uning vafotidan keyin o‘g‘li Bashar al-Asad prezidentlik lavozimiga keldi.1967-yilda arab-isroil munosabatlari yanada keskinlashdi. Tez orada urush harakatlari boshlanib ketdi. Bu urushda Suriya o‘z hududining bir qismini yo‘qotdi. 1973-yilgi arab – isroil urushida ham bu hududlarni qaytarib olishgamuvaffaq bo‘linmadi. Suriya Isroil bilan separat shartnoma tuzishga uzoq yillar qarshi bo‘lib keldi. Bu qoida hamon davom etmoqda. «Tinchlik evaziga bosib olingan yerlarni qaytarib olish» tamoyili ostida o‘tkazilgan Suriya-Isroil muzokaralari natijasiz tugadi. Suriya – Isroil munosabatlarida urush holatining davom etishi Suriyani mudofaaga katta mablag‘ sarflashga majbur etmoqda. Suriya o‘z qo‘shnisi Livanga ham harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
8. Misr 1922-yildan boshlab mustaqil hisoblansada, amalda Buyuk Britaniya mustamlakasi edi. Vatanparvar kuchlar bu holatga chek qo‘yish uchun kurashga birlashdilar. Ular ichida «Ozod zobitlar» yashirin tashkiloti alohida rol o‘ynadi. 1952-yilning 23-iyulida J. A. Nosir boshchiligida Qohira garnizoni qo‘zg‘olon ko‘tardi. Podsho Farrux taxtdan ag‘darildi. Hokimiyat Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tdi. 1953-yilning iyun oyida Misr Respublikasi e’lon qilindi. 1956-yilda davlatning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. J. A. Nosir mamlakat prezidenti etib saylandi va 1970-yilgacha mamlakatni idora qildi. Dastlabki yilning iyun oyidayoq Suvaysh kanali milliylashtirildi. Mamlakatda agrar islohot o‘tkazildi. Bunga chiday olmagan G‘arb davlatlari Misrga qarshi uchlar agressiyasini uyushtirdilar (Buyuk Britaniya, Fransiya va Isroil). Bu haqda oldingi mavzuda ma’lumot berilgan. Misr tashqi siyosatda qo‘shilmaslik harakatida faol qatnashdi. Shuning bilan bir qatorda SSSR bilan munosabatlarini har tomonlama mustahkamladi. Yaqin Sharq muammosi tufayli Misr 4 marta arab – isroil urushiga tortildi. Va, nihoyat, 1979-yilda imzolangan Kemp-Devid shartnomasi tufayli Isroil bilan tinchlikka erishdi. Isroil bosib olgan hududlarni qaytarib oldi. 1981-yilda ekstremistlar tomonidan otib o‘ldirilgan A. Sadat o‘rniga kelgan Misr Prezidenti H. Muborak (1928-yilda tug‘ilgan) Falastin arab xalqining mustaqil davlatga ega bo‘lish yo‘lidagi kurashini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Arab davlatlari birligini mustahkamlashga intilmoqda. 2005-yil sentabridagi birinchi umumxalq saylovida H. Muborak g‘olib chiqdi. Ayni paytda Misr Afrika qit’asining, arab dunyosining eng rivojlangan, qudratli davlatlaridan biri. O‘zbekiston bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan. Jazoir Ikkinchi jahon urushidan keyin ham Fransiya mustamlakasi bo‘lib qola berdi. Inqilobiy vatanparvar kuchlar 1954-yilda «birlik va harakat qo‘mitasi» tuzdilar. Keyinchalik u «Milliy ozodlik fronti» (MOF) deb ataldi. Uning rahbarligida 1-noyabrda qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Qo‘zg‘olon umummilliy inqilobga aylanib ketdi.
9. 1978-yilda X. Bumeden vafot etgach, Sh. Benjadid Prezident lavozimini egalladi. MOF hukmronligi yillarida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub o‘zgarishlar ro‘y bermadi. Buning sababi o‘z vaqtida zarur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlarning o‘tkazilmaganligi edi. Bu holat MOF obro‘sini tushirib yubordi. Ijtimoiy adolatni kuchaytirish talabi mamlakatda diniy harakatlar mavqeyini mustahkamladi. 1989-yilda MOF hokimiyatga bo‘lgan monopol huquqidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Muxolifat partiyalar faoliyatiga ruxsat etildi. 1989-yilda tuzilgan «Milliy qutqarish islom fronti» (MQIF) ning obro‘si kundan-kunga o‘sib bordi. Shu yiliyoq bu diniy partiya mahalliy saylovlarda g‘olib chiqdi. 1991-yilning noyabr oyida o‘tkazilgan umumiy parlament saylovida ham bu partiya MOFni mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq armiya oliy qo‘mondonligi saylov natijalarini tan olmadi. Sh. Benjadid iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rniga 1991-yil noyabrda M. Budiar o‘tirdi.
10. 1956-yil 2-mart kuni Marokash mustaqilligi haqida deklaratsiya imzolandi. 5-aprelda Ispaniya Marokash mustaqilligini tan oldi. 1961-yilda Fransiya qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqib ketildi. AQSH harbiy bazasi ham tugatildi. 1962-yildan boshlab Marokash konstitutsiyaviy monarxiya davlatiga aylandi. Qirol Hasan II mamlakat yangi konstitutsiyasini imzoladi. Marokash arab xalqining Isroil agressiyasiga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ayni paytda uning Jazoir bilan munosabatlarida keskinlik ham mavjud. Bu keskinlik — G‘arbiy Sahroyi Kabir bilan bog‘liq. 1975-yilda Marokash bu hududni bosib oldi. G‘arbiy Sahroyi Kabirda bir necha o‘n yillardan beri separatchilik harakati davom etmoqda. Jazoir Respublikasi esa ana shu harakatni qo‘llab-quvvatlamoqda. Tabiiyki, bu hol Marokash — Jazoir munosabatlariga sovuqlik tushirmay qo‘ymadi. 1999-yilda Hasan II vafotidan so‘ng taxtni o‘g‘li Muhammad VI egalladi. Otasidan 30 mln aholini boshqarishni, 200 ming armiyani meros qilib oldi. 50 foiz xalq savodsiz.Tunis ham uzoq yillar Fransiya mustamlakasi bo‘lib keldi. Faqat 1956-yildagina (20-mart)Fransiya Tunis mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi. Hokimiyat Yangi Dastur partiyasi rahbarligidagi Milliy front qo‘liga o‘tdi. Uning rahbari X. Burgiba yangi hukumat tuzdi. 1957-yil 25-iyulda Tunisda monarxiya tugatildi va Respublika e’lon qilindi.
11.X. Burgiba mamlakatning birinchi Prezidenti etib saylandi. X. Burgiba mamlakatda «Dastur sotsializmi» qurishini e’lon qildi. Bu ibora amalda iqtisodiyoti davlat, kooperativ va xususiy sektorni mujassamlashtirgan jamiyatni anglatar edi. Ayni paytda bu jamiyat aholi barcha tabaqalarining manfaatini aks ettirishi zarur edi. 1969-yildan boshlab davlat yerlari, fransuz mustamlakachilariga qarashli yerlar sotila boshlandi. Shu tariqa mayda va o‘rta yer egalari tabaqasi vujudga keltirildi. Sanoat korxonalari ham milliylashtirildi. Shuning barobarida milliy va chet el kapitaliga qulay sharoit yaratib berildi. Biroq mamlakatda ijtimoiy adolatsizlik avj oldi. Bu, o‘z navbatida, siyosiy beqarorlikni vujudga keltirdi. Natijada diniy yo‘nalishdagi partiyalar kuchaydi. Shunday sharoitda harbiylar 1987-yil 7-noyabrda to‘ntarish o‘tkazdilar. X. Burgiba hukumati ag‘darildi. Hokimiyat general Ben Ali qo‘liga o‘tdi. Tunis tashqi siyosatda ham G‘arb, ham arab davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirib bormoqda. 1976-yilda u Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma imzoladi.
12. 1953-yilda mamlakat hududida Buyuk Britaniya, 1954-yilda esa AQSHning harbiy bazalarini tashkil etish haqida bitimlar imzolandi. Shu tariqa buyuk davlatlar o‘zlarining Afrikadagi manfaatlarini himoya qilishda Liviyani tayanch nuqtasiga aylantirdilar. Biroq Idris I siyosati harbiylar orasida norozilik tug‘dirdi. Ular 1969-yil 1-sentabrda harbiy to‘ntarishni amalga oshirdilar. To‘ntarishga polkovnik M. Kaddafiy (1942-yilda tug‘ilgan) rahbarlik qildi. Hokimiyat inqilobiy qo‘mondonlik kengashi qo‘liga o‘tdi. To‘ntarish natijasida monarxiya ag‘darildi. Mamlakat Liviya Arab Respublikasi deb e’lon qilindi. Buyuk Britaniya va AQSH 1970-yilda Liviyadan o‘z harbiy qismlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Mamlakatda davlat organlarini qayta tashkil etish boshlandi. Umumiy Xalq Kongressi Oliy hokimiyat organi deb e’lon qilindi. 1977-yil 3-mart kunidan boshlab Liviya Arab Respublikasi Liviya Xalq Arab Jamaxiriyasi nomi bilan ataladigan bo‘ldi. M. Kaddafiy esa 1-sentabr inqilobining rahbari deb e’lon qilindi. Shu tariqa u davlatning yagona rahbariga aylandi. Liviya milliy boyligining asosini neft tashkil etadi. Hukumat Liviyada neft qazib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi barcha kompaniyalarni to‘la yoki qisman milliylashtirdi. Mamlakat ichkarisida neft mahsulotlarini sotish va taqsimlashni davlat o‘z qo‘liga oldi. Milliy neft-kimyo sanoati hamda neft tashuvchi flot yaratildi. Liviya iqtisodiyotida davlat sektori katta salmoqqa ega. Neft sanoatidan tashqari, banklar, sug‘urta kompaniyalari, yirik qishloq xo‘jalik birlashmalari, transport, qurilish kompaniyalari hamda tashqi savdo davlat ixtiyoridadir. Liviya qonunlari kishining mehnat natijasini o‘zlashtirib olmaydigan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etadi. Mamlakat rahbariyati aholining ijtimoiy himoyasi masalasiga alohida e’tibor berdi. Ish haqi to‘lashni davlat tartibga solib turadi. Turarjoy uchun kam haq olinadi. Aholiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Umumiy va oliy ta’lim ham bepul. Obyektiv sabablarga ko‘ra, mamlakat qishloq xo‘jaligi kam taraqqiy etgan. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlari chetdan sotib olinadi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi Liviya — dunyoning eng boy davlatlaridan biri. Liviya yiliga 110 mln tonna neft qazib oladi. Neft savdosi mamlakat g‘aznasiga 10 mlrd dollar daromad keltiradi. Liviya faol tashqi siyosat yuritadi. U Arab Davlatlari Ligasi, Afrika hamkorligi tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Arab mag‘ribi Ittifoqi kabi regional tashkilotlar a’zosidir. Falastin Ozodlik Tashkilotini qo‘llab-quvvatlaydi. Unga katta miqdorda moliyaviy yordam ham ko‘rsatadi. Biroq Liviya xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ham ayblanib kelmoqda. Bu esa uning AQSH tomonidan jazolanishiga sabab bo‘lgan. AQSH M. Kaddafiyni jismonan yo‘q qilish maqsadida 1986-yilning 15-aprelida Liviya poytaxti Tripoli shahrini bombardimon qildi. Lekin M. Kaddafiy omon qoldi. Ayni paytda 2000-yilda Liviya xalqaro terrorizmda gumon qilingan ikki fuqarosini xalqaro sud hukmiga topshirishga majbur bo‘ldi. Xalqaro sud (Gaaga shahrida) ularning birini aybdor deb topdi va qamoq jazosiga hukm qildi. 2005-yilga kelib M. Kaddafiy G‘arb davlatlarining barcha talablarini bajardi. Qurollanish dasturini to‘xtatdi. G‘arb xalqaro cheklovni bekor qildi.
13. Ikkinchi jahon urushidan keyin Arab xalqlari milliy-ozodlik kurashi yanada kuchaydi. Qator davlatlarda (Misr, Iroq, Liviya, Yaman) mustamlakachi davlatlar qo‘g‘irchog‘iga aylanib qolgan hukmron doiralar hokimiyati ag‘darildi. Dastlab Jazoir, Marokash, Tunis va Sudan kabi davlatlar mustaqillikni qo‘lga kiritdilar. Chet el kapitali egallab olgan milliy boyliklar (Misrda Suvaysh kanali kompaniyasi, Iroqda neft kompaniyasi — Iroq petroleum) milliylashtirildi. Mustaqil davlatlar ijtimoiy-siyosiy ittifoqlarga qo‘shilmaslik siyosatini yuritdilar. Biroq arab davlatlarining o‘zaro munosabatlari o‘tgan tarixiy davr mobaynida jiddiy sinovlarga duch keldi. Bu munosabat ba’zan do‘stona, ba’zan raqobat, hatto dushmanlik tusini ham oldi. Ayni paytda arab davlatlarining iqtisodiy taraqqiyot darajasi ham bir xil emas. Arab davlatlarining ba’zilarida (Iroq va Suriya) uzoq vaqt yakka shaxs diktaturasi hukm surdi yoki hukm surmoqda. Falastin arab xalqi esa hamon o‘z mustaqil davlatiga ega emas. Biroq bu xalq o‘z davlatiga ega bo‘lish yo‘lida qat’iy kurash olib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi deyarli barcha arab davlatlari bilan teng manfaatdorlik tamoyili asosida munosabatlarni rivojlantirib kelmoqda.
14. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng mustamlaka sirtmog‘i azob-uqubatlarini tortib kelayotgan xalqlarning milliy-ozodlik kurashi yanada kuchaydi. Bu hodisa Afrika xalqlariga ham taalluqli edi. Xo‘sh, qanday omillar mustamlaka sirtmog‘ida yashayotgan xalqlar milliy-ozodlik kurashining kuchayishiga sabab bo‘ldi? Bular:
— Ikkinchi jahon urushida Germaniya, Italiya va Yaponiyaning mag‘lubiyatga uchraganligi;
— asosiy mustamlakachi davlatlar — Buyuk Britaniya va Fransiyaning zaiflashganligi;
— mustamlaka xalqlar milliy ongining o‘sishi
— AQSH va SSSRning o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida dunyoda mustamlakachi imperiyalar saqlanib qolishiga qarshi chiqqanligi.
To‘g‘ri, Afrikada mustamlakachilik tizimining barham topishi jarayoni Osiyodagiga nisbatan sekin borgan. Bu Afrika davlatlari qoloqligining, milliy-ozodlik kurashiga rahbarlik qiluvchi ijtimoiy kuchlarning (milliy burjuaziya va milliy ziyolilar) zaifligi oqibati edi. Dastlab Shimoliy Afrika davlatlari qattiq qonli kurash hisobiga mustaqillikka erishdilar (bu haqda Arab davlatlari mavzusida ma’lumot oldingiz). 1960-yil Afrika tarixiga «Afrika yili» nomi bilan kirdi. Shu yili bir yo‘la 17 davlat mustaqillikka erishdi. Buyuk Britaniya va Fransiya mustamlaka mperiyalari parchalanib borayotgan bir sharoitda Belgiya Kongo mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi. Afrikaning ayrim mamlakatlarida mustaqillikka erishish nisbatan tinch yo‘l bilan (aholining ommaviy namoyishlari; fuqarolik bo‘ysunmasligi) amalga oshdi. Mustamlakachilik metropoliyadan ko‘chib kelib joylashgan bir guruh oq tanlilar jamoasiga tayangan joylarda esa og‘ir qurolli kurash olib borish yo‘li bilan mustaqillikka erishildi. 60-yillar oxiriga kelib ingliz, fransuz, belgiya mustamlakachi imperiyalari parchalandi. Faqat bir imperiya — Portugaliya imperiyasi yashashda davom etdi.Portugaliyaning Afrikadagi mustamlakalari (Mozambik, Angola, Gvineya-Bissau) uning dengizorti hududlari deb e’lon qilingan edi. Bu «dengizorti hududlar» aholisining milliy-ozodlik kurashi 1974-yilgacha davom etdi va u g‘alaba bilan yakunlandi. Portugaliya o‘z mustamlakalarining mustaqilligini tan olishga majbur bo‘ldi. Kongo (Zair), Gvineya, Angola, Mozambik, Namibiya tropik Afrikadayirik davlatlar hisoblanadi. 1980-yilda yana bir mustaqil Afrika davlati — Zimbabve davlati vujudga keldi. Bu davlatning vujudga kelishi juda og‘ir kechdi. Gap shundaki, Rodeziyada (Buyuk Britaniya mustamlakasi) kam sonli, biroq uyushgan oq tanlilar ham yashardi. Ular 1965-yilda Rodeziyani mustaqil deb e’lon qildilar. Biroq uni Buyuk Britaniya ham, BMT ham tan olmadi. Mahalliy afrikaliklar esa ozodlik uchun qurolli kurash boshladilar. Yakkalanib qolgan oq tanlilar 1979-yilda muzokara boshlashga majbur bo‘ldilar. Uning oqibatida davlat afrikaliklar qo‘liga o‘tdi. 1980-yilda Rodeziya o‘rnida mustaqil, yangi Zimbabve davlati tashkil etilganligi e’lon qilindi. Afrikadagi oxirgi mustamlaka Janubi-G‘arbiy Afrika edi. Birinchi jahon urushiga qadar bu hudud Germaniya mustamlakasi bo‘lgan. Urushdan so‘ng Millatlar Ligasi uni boshqarish huquqini Janubiy Afrika Respublikasiga (JAR) berdi. JAR dastlab bu hududni o‘ziga qo‘shib olishga urindi. Buning uddasidan chiqa olmagach, u yerda oz sonli oq tanlilar hukumatini tuzishga harakat qildi. Bunga javoban mahalliy aholi 1966-yilda qurolli kurash boshlashga majbur bo‘ldi. BMT 1973-yilda JARni Janubi-G‘arbiy Afrikani boshqarish huquqidan mahrum etdi. Mahalliy aholining milliy-ozodlik kurashi 1989-yilda g‘alaba bilan yakunlandi. Shu yili Janubi-G‘arbiy Afrika Namibiya nomi bilan mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Shu tariqa mustamlaka Afrika xalqlari milliy-ozodlik kurashi g‘alaba bilan yakunlandi. Bir vaqtlar deyarli butunlaymustamlakaga aylantirilgan Afrikada 52 ta mustaqil davlat vujudga keldi.
15. Afrika qit’asi davlatlarining iqtisodiy taraqqiyot darajasi bir xil emas. Chunonchi, tropik Afrika Shimoliy va Janubiy Afrikadan keskin farq qiLadi. Tropik Afrika davlatlari qit’aning eng qoloq davlatlaridir. Dunyo aholisining 10 foizini tashkil etuvchi Afrika qit’asida dunyo sanoat mahsulotiningatigi 1 foizi ishlab chiqariladi, xolos. Bu yerdagi yana bir eng katta muammo — aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash muammosidir.Bugungi kunda Afrikada qit’a aholisining deyarli 50 foizi qashshoqlikda yashamoqda. Oziq-ovqat ishlab chiqarish aholi o‘sishiga nisbatan tobora orqada qolib bormoqda. Yana bir jiddiy muammo, etnik qirg‘inlar, mojarolar muammosidir. Afrika davlatlari hayotida urug‘-qabilachilik hayot tarzi kuchliligicha qolmoqda. Bir xalq turli davlatlar hududida yashamoqda. Masalan, 20 mln dan ortiq fulbe deb ataluvchi xalq boshqa xalqlarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil etmaydigan qilib turli davlatlarga bo‘lib yuborilgan. Etnik nizolar davlatlar yaxlitligini katta xavf ostiga qo‘ymoqda. Yana bir katta muammo — bu davlatlararo nizolar, harbiy to‘qnashuvlar muammosi.Mustamlakachilar davlatlar chegaralarini atayin shunday belgilaganlarki, bu bora-bora davlatlararo nizolar manbayiga aylandi. Hozircha Afrika hamkorligi Tashkiloti to‘qnashuvlar ildizlarini bartaraf etishga muvaffaq bo‘la olgani yo‘q. Jiddiy muammolardan yana biri — tashqi qarz. Chunki tashqi qarz yildan yilga ortib bormoqda.
Arab –Isroil Ziddiyati
Yillar
|
Voqea va bosib olingan hududlar
|
Shartnomalar
|
Chet mamlakatlarining aralashuvi
|
Urush va Shartnomalarning oqibatlari
|
1948-yil
|
0,5 mlin falastinlik yurtidan quvib chiqardi
|
Misr,Livan Suriya va Iordaniya Isroil bilan shartnoma tushdilar
|
Germaniyaning 1mlrd tovoni va AQSh yordami
|
Arab davlatlari mag’lubiyatga uchradi
|
1956-yil
|
|
|
Buyuk Britaniya va Fransiya Misrga agressiya uyushtirdi.
|
SSSR ta’siri ostida agressiya to’xtatildi.
|
1964-yil
|
Livan hududida FOT tuzildi
|
|
|
|
1967-yil
|
Isroilning Misrga hujum qilishi oqibatida Sinay oroli,Jo’lan tepaligi (Suriya) va Iordan daryosi bo’ylari (Iordaniya),G’azo sektori va Quddusni bosib oldi.
|
|
SSSR Misrga 10-yil yordam berdi.
|
|
1969-1979- yillar
|
|
|
Ittifoqchilar Isroilga 20mlrd yordam ko’rsatdi. SSSR arab davlatlariga texnika yetkazib berib turdi.
|
|
1973-yil
|
Arab davlatlari Isroilni og’ir ahvolga solib qo’ydi.
|
|
|
|
1979-yil
|
|
Kemp Devid shartnomasi
|
|
Isroil Sinaydan olib chiqishi kerakligi,Suvaysh minalardan tozalanishi,
|
Do'stlaringiz bilan baham: |