2. Huquq normasining tuzilishi
Huquq normasi o`z ichki tuzilishiga ega, ya`ni u tarkibiy qismlardan iborat bo`lib, ayni paytda ular o`zaro bir-biri bilan bog`liqdir.
Ta`kidlash lozimki, adabiyotlarda huquqiy normaning tuzilishi masalasida turlicha yondashuvlar mavjud. Lekin, ko`pchilik` mualliflar huquqiy norma 3 element (unsur)dan iborat degan fikrni qo`llashadi.
Shunday qilib, huquqiy norma quyidagi 3 unsurdan iborat:
1) gapoteza;
2) dispozitsiya;
3) sanksiya.
Gipoteza - huquq normasining tarkibiy unsuri bo`lib, u ushbu huquqiy normaning qanday sharoitlarda harakatga kirishishi va uning dispozitsiyasi qanday sharoitlarda amalga oshishini belgilovchi hayotiy sharoit va mavjud holatlarni ko`rsatadi, ya`ni huquq normasida belgalangan xatti-harakat qanday sharoitlarda bajarilishi lozimligini ko`rsatadi. Gipotezada huquq normasida belgilangan qoida qay sharoitda va qay holatda hamda kim tomonidan amalga oshirilishi ko`rsatiladi. Gipoteza huquqiy normaning bir qismi bo`lib, unda dispozitsiyada ko`rsatilgan qoidaning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan konkret aniq hayotiy holatlar (voqea, harakat, holatlar) o`zining ifodasini topadi. Masalan, fuqarolik huquqi normasi fuqarolarning muomala layoqati qaysi holda to`la vujudga kelishini ko`rsatadi (qarang: O`zbe-kiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasi: «Fuqaroning to`liq muomala layoqati u voyaga yetgach, ya`ni 18 yoshga yetgach to`la hajmda vujudga keladi»). Yoki O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 13-moddasi fuqaroning ma`muriy javobgarlikka tortilishi qaysi vaqtdan boshlanishini, ya`ni fuqaro 16 yoshga to`lganidan keyin boshlanishini ko`rsatadi.
Dispozitsiya - huquq normasining tarkibiy unsuri bo`lib, unda huquq subyektlarining huquq va majburiyatlari belgi-lanadi va ularning bo`lishi mumkin bo`lgan xatti-harakat-lari variantlari aniqlanadi. Dispozitsiya huquqiy normaning bir qismi bo`lib, unda gapotezada ko`rsatilgan holatlar mavjud bo`lganda huquq subyektlari rioya etishlari lozim bo`lgan xatti-harakat qoidasi ifodalangan bo`ladi.
Masalan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga muvofiq, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o`z ota-onalari haqida g`amxo`rlik qilishga majburdirlar - bunda, demak gapotezada ko`rsatilgan holatlar, ya`ni farzandlarning voyaga yetishi va mehnatga layoqatli bo`lishi hollarining mavjudligi dispozitsiyaning amal qilishiga sharoit tug`diradi, ya`ni farzandlarda o`z ota-onalariga g`amxo`rlik qilishi majburiyatini vujudga keltiradi.
Sanksiya - yuridik normaning tarkibiy unsury bo`lib, u huquqiy norma buzilgan holda huquq buzgan shaxsga nisbatan qo`llaniladigan davlat majburlov chorasining turini belgalaydi. Sanksiya huquq normasining bir qismi bo`lib, unda dispozitsiyada ko`rsatilgan talablarni bajarmaganlik uchun berilishi mumkin bo`lgan jazoning yoki tavsiya etilgan harakatni sodir etganlik uchun ragbatlantirishning turi va o`lchovi ifodalangan bo`ladi.
Shunday qilib, yuridik normaning tarkibiy qismlari quyidagilarni o`rnatadi:
Gipoteza - dispozitsiyada ko`rsatilgan qoidaning kim va qachon bajarishi lozimligini va qaysi sharoitda bajarishi lozimligini ko`rsatadi; dispozitsiya esa - bajarilishi lozim bo`lgan qoidaning nimadan iboratligini ko`rsatadi; sanksiya esa - normani bajarmaslik oqibatlarini ko`rsatadi.
Ta`kidlash lozimki, hamma norma ham 3 unsurli tuzilishga ega emas. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95-moddasida faqat gapoteza va dispozitsiya ko`rsatilgan va bu hol deyarli barcha konstitutsiyaviy normalarga xosdir:
«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibida uning normal faoliyatini taxdidga soladigan ixtiloflar yuz berganda yoxud u bir necha marta Konstitutsiyaga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, Prezidentning Konstitutsiyaviy sud bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida (gapoteza) Oliy Majlis tarqatib yuborilishi mumkin. Oliy Majlis tarqatilgandan so`ng unga yangi saylov 3 oy mobaynida o`tkaziladi» (dispozitsiya). Yoki boshqa bir misol: O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 88-moddasi: «Oliy Majlis deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi (gipoteza). U Oliy Majlisning roziligisiz jinoiy javobgar-likka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma`muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas (dispozitsiya)». Yuqoridagilarga asoslangan holda aytish mumkinki, deyarli barcha konstitutsiyaviy normalar asosan gapo-teza va dispozitsiyadan iborat.
Jinoiy va ma`muriy javobgarlikni ko`zda tutuvchi normalar esa - asosan dispozitsiya va sanksiyadan iborat bo`ladi. (Jinoyat va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodekslarning maxsus qismi normalariga qarang).
Shunday qilib, huquq normasining tarkibi - uning o`zaro mantiqiy bog`likligi - ichki tuzilishi, «qurilishi»dir.
Do'stlaringiz bilan baham: |