25. Jadidchilik harakatini vujudga kelishidagi tarixiy shart-sharoitlar.
Rossiya Turkistonni bosib olgach, XIX asr oxiri - XX asr boshlariga kelib, millat taqdiriga tahdid soluvchi o‘ta qaltis va og‘ir ichki tarixiy muhit paydo bo‘ldi. Bir tomondan, Rossiya musatamlakachiligi siyosiy jihatdan mustahkamlandi. Mustamlaka va zo‘ravonlikka mukkasidan ketgan rus bosqinchilari esa, endi o‘z mafkurasini singdirish orqali ma’naviy ustunlikka ham ega bo‘lishi uchun mahalliy xalqni ruslashtirish, uning g‘ururini sindirish, o‘zligini yo‘qotishdek, o‘ta razil shovinistik siyosatni kuchaytirdilar. Ikkinchi tomondan esa, millat va xalqimiz o‘z siyosiy, ma’naviy huquqlari, erki va hohish-irodasini yo‘qotdi. Uchinchidan, umuman musulmon mutaassibligi (konservatizm va bid’at) kuchaydi. Millatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahvoli hamda ma’naviyati tubanlashdi. Buning ustiga ustak, din peshvolari orasidagi mutaassiblarda yangilikka, dunyoviy ma’rifat va taraqqiyotga qarshilik ham avj oldi. Bu esa, Islom dini hamda shariatiga mutlaqo zid ravishda tomir otdi.
Millat va xalqimiz mana shunday ikki tomonlama o‘ta ayanchli va xavfli ijtimoiy-siyosiy muhit hamda vaziyatga duch kelgan bir paytda musulmon ziyolilar din xomiylari orasidan yangi bir taraqqiyparvar guruhining harakati paydo bo‘ldi. Ular “jadid” degan ulug‘ nomga muyassar bo‘lgan holda, Millat va Vatan, musulmon xalqlari uchun ma’naviy qalqon bo‘lib, kurash maydoniga chiqdilar. “Jadid” arabcha so‘z bo‘lib, “yangi” degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun ham yangilik va islohotchilikka intiluvchi, yangilik yaratuvchi faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan taraqqiyparvar, ilg‘or ruhdagi milliy ziyolilar tarixda “jadid” degan nomga musharraf bo‘ldilar. Ularning harakati esa jadidchilik deb nomlandi. Bu harakatning paydo bo‘lishi bevosita o‘sha davrdagi ichki muhit hamda tashqi xalqaro maydondagi ijtimoiy-siyosiy va demokratik yangilanishlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Jadidlar millatni bo‘yin egishi va tanama-taqdir qilish xavfidan qutqarishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li avval tarbiya va ma’rifat, so‘ng islohot ekanligini juda to‘g‘ri anglab yetdilar.
Shuning uchun ham jadidlar millat va xalqni diniy-dunyoviy ma’rifat, ilm-fan, madaniyat va yangiliklar bilan qurollantirib tarbiyalash, o‘zligini anglatish, ijtimoiy-ma’anviy g‘aflat uyqusidan uyg‘otib, turmush tarzi, tafakkuri, ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti va maorifini o‘zgartirishga bel bog‘ladilar.
Jadidchilik harakati ba’zi-bir tarixga oid adabiyotlarda aytilganidek, “oldin madaniy-ma’rifiy harakat bo‘lib, keyin ijtimoiysiyosiy harakatga o‘sib o‘tgani” yo‘q. U o‘z tabiati maqsad va mohiyatiga ko‘ra, dastlabki kundanoq, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy va islohotchilik harakati bo‘lgan. Ammo, Vatanni ozod va obod qilish, millat va xalqni hurriyatga olib chiqish, to‘q va farovon, madaniyatli qilish uchun jadidlar asosiy e’tiborni dastlab madaniy-ma’rifiy ishlarga qaratdilar.
Jadidchilik madaniy-ma’rifiy, g‘oyaviy-mafkuraviy va islohotchilik, ko‘rinishidagi musulmon mutaassibligi va Rossiya mustamlakachiligiga qarshi keng jabhadagi jiddiy uyushgan milliy ijtimoiy-siyosiy harakat bo‘lib, jadidlarning asosiy maqsadi millatning madaniy saviyasini ko‘tarish, tafakkurini yangilash bilan, uning o‘z qadr-qimmati va o‘zligini anglatish orqali milliy-ozodlik kurashini kuchaytirish, Vatan va Millatni mustaqil qilish bo‘lgan.
Jadidchilik harakati tarixiga nazar tashlasak, unda mustaqillikning dunyoga kelishi va uni mustahkamlash uchun asos bo‘lgan g‘oya va kurash usullarini ko‘rish mumkin. Buni to‘g‘ri anglagan holda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov birgina Abdulla Avloniy misolida: “Men Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot– yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan fikrini ko‘p mushohada qilaman. Buyuk ma’rifatparvarning bu so‘zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko‘ra muhim va dolzarbdir”, - deb jadidchilik harakatiga juda yuksak baho bergan.
Sovetlar hukumronligi davrida Vatan tarixining soxtalashtirilgan davrlari, sohalaridan biri jadidchilik harakati tarixi bo‘ldi. Istiqloldan so‘ng jadidchilik harakati va jadidlar haqida ma’lum sohalar bo‘yicha ko‘pgina tadqiqot ishlari amalga oshirildi, ko‘plab maqolalar yozildi, salmoqli monografik asarlar chop etildi. Shuningdek, ko‘pgina jadidlarning yozma merosi – tanlangan asarlari birinchi marotaba nashr etildi. Hozir ham jadidchilik harakati tarixi, jadid adabiyoti va san’ati, jadid pedagogikasi, jadid huquqshunosligi, jadid etikasi va estetikasi, jadid jurnalistikasi hamda iqtisodiyoti va geografiyasi kabi sohalarda tadqiqotlar olib borilmoqda.
Agar mana shu jadidshunoslik sohalari bo‘yicha yaratilgan asarlarga jiddiy e’tibor berilsa, ularda hozirgacha ham kommunistik mafkura va sovet tarix fanining soxtalashtirish asoratlarini ko‘rish mumkin. Masalan, jadidlarni kommunistik sinfiy dushmanlik nuqtai nazaridan «milliy burjuaziya», «burjuaziya mafkurachilari», «Sho‘roi islomiya» va «Sho‘roi ulamo»lar xuddi sovet tarix fanida ko‘rsatilganidek, siyosiy partiyalar ma’nosida tahlil qilinishi va boshqalar shular jumlasidandir.
G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun uning tarixini uyg‘otmoq kerak. Zero: «O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi». O‘lkamizdagi dunyo taraqqiyotidan butunlay uzilib qolgan ta’lim-tarbiya tizimidagi turg‘unlikka nisbatan jadidlarga xos tanqidiy fikrlar uzoqni ko‘ruvchi ziyolilar, mutafakkirlar orasida ancha ilgari–XIX asr boshlarida vujudga kela boshlagan edi.
Xiva xonligi siyosiy hokimiyatini qo‘lga kiritgan qo‘ng‘irot xonlarining dastlabki hukmdori Eltuzarxondan (1804 — 1806 yy.) boshlab tarixga, tarixnavislikka katta e’tibor berilgan. XIX asrning birinchi yarmida qo‘ng‘irot xonlarining homiyligi natijasida Munis va Ogahiy tomonidan shakllantirilgan tarix va tarjimashunoslik maktabi faoliyati va merosi XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida Xiva xonligida vujudga kelgan ma’rifatparvarlik yo‘nalishi namoyandalarining yetishib chiqishiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, Qo‘qon xonligida esa mashhur o‘zbek shoirasi, davlat arbobi Nodirabegim hamda ma’rifatli shoh va shoir Umarxon tarbiyasini olgan yetuk tarixchi olim, yozuvchi, ma’rifatparvar Muhammad Hakimxon to‘ra Ma’sumxon to‘ra o‘g‘lining “Muntaxab ut-tavorix” (“Saralangan tarixlar”) asari xuddi shunday rol o‘ynagan. Hakimxon to‘ra Rossiyaning Semipalatinsk (Shamay), Omsk, Orenburg, Astraxan shaharlarida bo‘lgach, 1826 yilda Rossiya hududidan chiqib, musulmon davlatlaridan Turkiya, Misr, Eron, Falastinda ham bo‘ladi. Misrda Muhammadali podshoh bilan uchrashadi, uning islohotchilik faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Muhammadali podshohlikning 40 yigitni 7 yil davomida turli bilimlarni egallash uchun Yevropaga o‘qishga yuborishi uni hayratga soladi. Hakimxon to‘rada xonliklardagi davlat, ta’lim-tarbiya, o‘qitish tizimiga nisbatan munosabati keskin o‘zgaradi, o‘lkaning taraqqiyotdan naqadar orqada qolib ketganligini o‘z mushohadasidan o‘tkazadi. Sharq tillari bilan bir qatorda rus tilini ham mukammal o‘rgangan mutafakkir Rossiya davlat, ta’limtarbiya tizimi bilan yaqindan tanishgan, u yerdagi shaharlarda ota-onasiz qolgan yetim-yesirlar, tashlandiq, noqonuniy tug‘ilgan bolalar uchun maxsus tarbiyaxonalar – pansionlar ochilgani, ular davlat hisobidan o‘qitilishi haqida sayohatlari asosida yoziib qoldirgan. Hakimxon to‘ra Muhammadali podshoh tashkil etgan va dunyoviy ilmlar o‘qitiladigan yangi maktablarni chuqur o‘rganadi. Maktablarga turli fan sohalari bo‘yicha talabalar tanlash, o‘qitiladigan ilm-fanlar, ayniqsa, bitiruvchilarni iqtidoriga yarasha ish bilan ta’minlash kabi masalalarni «Muntaxab ut-tavorix» asarida batafsil yoritgan.
XIX asr oxiri―XX asr boshlarida butun Turkiston, Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham asosiy ijtimoiy-siyosiy harakat jadidchilik harakati bo‘ldi. Rus bosqinidan keyin mustaqillikning yo‘qotilishi, siyosiy haqsizlik va adolatsizlik butun jamiyat ahlini Rossiya davlatiga qarshi kuchli muxolifatga aylantirdi. Ularning orasida mahalliy yuqori tabaqalarning ilg‘or vakillari ham bo‘lib, ozodlik g‘oyalari borgan sari kuch-quvvatga to‘lib bordi. Bu g‘oyalar jadiddar siyosiy faoliyatining asosini tashkil etdi.
Rus bosqinchilari mahalliy xalqni jahon taraqqiyotidan chetda qoldirib, fan va madaniyatning o‘sishiga katta to‘sqinlik qildi, ya’ni A.N.Kuropatkin «Biz 50 yil mobaynida tub joy aholini taraqqiyotdan jilovlab, maktablar va rus hayotidan chetda tutib keldik», deganda haq edi. Chunki ularning Turkistonda olib borgan siyosati: «Rossiyadagi musulmon xalqlariga birorta ham ijtimoiy-siyosiy huquq bermaslik kerak», deb fikrlovchi P.Ilminskiy kabi siyosatdonlar qarashlariga tayangan edi.
Xiva xonligi va Buxoroda vujudga kelgan tarixnavislik, tarjimonlik maktablari izsiz ketmadi. U yangi bir avlod shakllanishi va adabiy muhitning vujudga kelishiga asos bo‘ldi. Muhammad Rahimxon II (Feruz), Komil Xorazmiy, Islomxo‘ja, Qozikalon Salimoxun, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev kabi ma’rifatparvar shoir, alloma-amaldorlar Ogahiy, Hakimxon to‘ra, Ahmad Donish kabi tarixchilar yaratgan maktabning tarbiyalanuvchilari edilar. Bu jarayonga Turkiston, Xiva xonligi va Buxoro amirligi bilan Rossiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kengayib borishi ham albatta katta ta’sir ko‘rsatdi. Matbaachilik, 1880 yilda ish boshlagan Xivadagi birinchi ambulatoriya, shuningdek, xivalik savdogarlar, ilg‘or fikrli kishilarning Moskva, Peterburg, Qozon kabi shaxarlarda bo‘lib, rus fani va madaniyati bilan tanishuvi ham bu dunyoqarashni mustaxkamladi.
Jadidchilik ma’rifatparvarlikdan kuchli siyosiy harakatgacha bo‘lgan murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi.
Jadidchilik davlat, tuzum, boshqaruvni isloh qilish va millatni rivojlantirish orqali, jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygan g‘oyadan va aniq amaliy tadbirlarni o‘zida mujassamlashtirgan tizim bo‘lib, musulmon turkiy olamini jahon ma’rifati, ilmi darajasiga ko‘tarish g‘oyasi bilan sug‘orilgan.
Jadidchilik Markaziy Osiyo va Yevropadagi ilg‘or islohotlar oqimi ta’siri ostida XIX asr oxiri va XX asr boshlarida vujudga keldi va ijtimoiy taraqqiyotda burilish bosqichini belgilab berdi, Milliy ziyolilar, ilg‘or taraqqiyparvar kuchlar mustamlaka Turkiston, Rossiyaga yarim qaram bo‘lgan Buxoro va Xiva xonliklaridagi inqirozli ahvol, bu o‘lkalarning umumjahon taraqqiyotidan tobora ortda qolayotgani, mahalliy aholining yer va erk uchun intilishlarining bostirilish sabablarini, nafaqat iqtisodiy sohada, balki diniy, ma’naviy sohada ham yuzaga kelgan turg‘unlikni chuqur anglab yetdilar va ular ongida jamiyatni isloh etish g‘oyalarini uyg‘otdiki, busiz taraqqiyotni tasavvur ham etib bo‘lmas edi. Vatanimizdagi bu islohotchilik harakati murakkab, tarixiy jihatdan serqirra yo‘lni bosib o‘tdi.
Mustaqillik davrida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda Turkiston, Buxoro va Xorazm jadidlarining shakllanishida XX asr boshlaridagi Rossiya, Eron, Turkiya inqilobiy harakatlarining ta’siri bo‘lganligi, shu bilan birga o‘lkadagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayot, ayrim marifatparvarlarning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, muhim ahamiyat kasb etganligi o‘z isbotini topmoqda. Ayniqsa, D.Alimova,
F.Qosimov, B.Qosimov, S.Axmedov, U.Dolimov, Sh.Rizaev, S.Xolboev, N.Polvonov, xorij olimlari Dudanon, T.Zarxon, I.Baldauf, Malik Xolid va boshqalarning ishlarida bunday fikrlar ustunlik qiladi.
Tinch yo‘l bilan, ma’rifat va madaniyat orqali tuzumni o‘zgartirish, mustamlakachilik sirtmog‘idan qutulib, ozodlik — istiqlolga erishishni targ‘ib qilgan bu ziyolilarning yana bir xizmati ular Rossiyaning turli shaharlari va boshqa joylar (Eron, Afg‘oniston,
Hindiston, Turkiya, arab mamlakatlari)da chiqayotgan «Vaqt», «Ittifoq», «Tarjimon», «Taraqqiy», «Yulduz» gazetalari, «Din va maishat», «Sho‘ro» jurnallari, Turkiyada Istanbulda turk tilida nashr qilingan «Vaxdat», Kalkuttada chiqayotgan «Habl–ul matin» gazetasi va ko‘pgina ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarni xonlik hududida tarqatib yerli axolining, xususan ziyolilar siyosiy ongining uyg‘onishiga, dunyoda bo‘layotgan voqealardan bohabar bo‘lishlariga imkon yaratdilar.
Turkiston, Xiva xonligi va Buxoro amirligida jadidchilik harakatining shakllanishida zavod va fabrikalarda, bank va kompaniyalarda, armiyada xizmat vazifalarini bajarish yoki surgun muddatlarini o‘tash uchun kelgan savodli, demokratik kayfiyatdagi kishilar va ularning mahalliy aholi bilan aloqasi ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi.
Jadidchilik harakatining paydo bo‘lib, rivojlanishida qrimlik Ismoilbek Gaspiralining (1851-1914) hissasi behat katta bo‘ldi. U Qrimda XIX asrning 80-yillardayoq, Rossiya bosib olgan musulmon xalqlari orasida birinchi bo‘lib jadidchilikka asos soldi. Uning rus va turkiy tillarda chop etilgan “Tarjimon” (1883-1914) gazetasi, “Rossiya musulmonligi” (1881), “Ovrupa madaniyatiga bir nazar muvozini “ (1885) va boshqa asarlari hamda jadid maktabi uchun yozgan darslik va qo‘llanmalari Turkistonga tez kirib keldi. Ismoilbek Gaspirali 1884 yilda “Tarjimon” gazetasi orqali musulmonlarga qarata shunday murojaat qiladi: “ Suyukli do‘stlarim, bizning uchun eng go‘zal ish ilm va maorif ishidir. Eng muqaddas intilish ilmga, maorifga intilishdir. Chunki insonni inson etgan mehnat va bilimdir. Bilim madaniy turmush (sivilizatsiya) ga yetishish vositasidir.” I.Gaspirali 1884 yilda o‘n ikkita bolani yangicha usul-”usuli jadid”savtiya (tovush) usuli bilan o‘qitib, qirq kunda savodini chiqaradi. Ular o‘qish va yozishgi mukammal o‘zlashtira boshladilar. U 1892 yilda Turkiston general-gubernatori A.B. Vryovskiyga maxsus maktub yo‘llab, unda maktablarni isloh qilish, jadid maktablarini tashkil etish madrasalardan birini zamonaviy – dunyoviy oliy o‘quv yurtga moslab isloh qilishni taklif etadi. Ammo, bu takliflar amalga oshmaydi. Shundan so‘ng Islombek Gaspirali 1893 yilda Toshkentga keladi va ziyoli ulamolar bilan uchrashadi. Samarqandda bo‘ladi. U yerdan Buxoroga borib, amir Abdulahadni jadid maktabi ochishga ko‘ndiradi va bu maktabga “Muzaffariya” degan nomni beradi. Shuning uchun Turkistonda jadid maktablarining ochilishi va jadidchilik harakatining paydo bo‘lish davrini XIX asr 90 – yillari deb yozishadi.
Yana ko‘pchilik jadidlarni o‘ng va so‘llarga ajratib baholashga harakat qilishadi. XX asrning “...60-80 yillarida birmuncha siljishdek ko‘ringan jadidlarni o‘ng va so‘llarga ajratib baholash esa, aslida, mohiyat e’tibori bilan jadidchilikning sho‘ro tuzumini yoqlash va uni mustahkamlash yo‘liga o‘tgan vakillarini oqlash tadorigidagi ustomonlikdan boshqa narsa emas edi. Ayniqsa, Xorazm jadidlarini o‘ng va so‘l oqimlarga bo‘lish mumkin emas. Mavjud adabiyot va tadqiqotlarda Xorazm jadidlari o‘ng oqimiga vazir Islomxo‘ja boshliq savdo-sanoat korxonalari egalari va katta boylar turganligi qayd qilinib, so‘l oqim namoyandalariga Bobooxun Salimov, Husaynbek Matmurodov, Polvonniyoz Hoji Yusupovlarni kiritadilar”. Aksincha, Husaynbek Matmurodov, Polvonniyoz Hoji Yusupovlar Islomxo‘ja islohotlariga qarshi chiqqanlari sababli 13 oy qamoqda o‘tirganlar. Ma’lum ma’noda ularning barchasi ham yangilik, taraqqiyot tarafdorlari edilar. Lekin ular ham amaldor, katta yer egasi, savdogar va zavodchi boylardan edilar.
Jo‘ra Toshqulov Xorazm jadidlarini shu bilan birga, maqsad va kurash usullariga qarab ham o‘ng va so‘l oqimga ajratadi. So‘l qanot vakillari mavjud siyosiy-huquqiy tartibotlar bilan murosa qilishni istamay, hatto fitna usulidan foydalanishga intilishlari borligini qayd qilib, 1917 yil aprelda chaqirilgan Majlisning tarqatilishi va bir qancha Yosh xivaliklarning qamoqqa olinishi uchun bahona bo‘lgan voqeani keltiradilar. Bunda asosiy aybdor sifatida Xusaynbek Matmurodov va yana bir necha Yosh xivaliklar qamalgan edilar. «Xusaynbek boshliq bir necha birodarlarimizni hibs qildilar», deb yozadi P.H.Yusupov. Demak, yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, nafaqat Xorazm jadidlarini, balki bu harakatning boshqa joylardagi a’zolarini ham o‘ng va so‘lga ajratish maqsadga muvofiq emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, azaldan taraqqiyot, yangilik, islohotlar tarafdori bo‘lgan Turkiston xalqlari orasida jadidchilik harakati XIX asr oxiri–XX asrning boshlarida muntazam madaniyma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida shakllandi va jadidchilik harakati tarixini asosan ikki davrga: ( Birinchi davr. XIX asrning oxirlaridan-1917 yil fevralgacha; ikkinchi davr. 1917 yil fevraldan-1937 yilgacha) bo‘lib o‘rganish, anglash maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |