38. Amirlikning qaram davlatga aylantirilishi.
Rossiya imperiyasi o‘z oldiga amirlikni butkul bosib olish rejasini ham qo‘ymagan, buning uchun na xalqaro ahvol, na ichki iqtisodiy holat, harbiy zahiralar bunga yo‘l bermas, undan tashqari amirlikda tobora kuchayotgan qarshilik harakati Rossiya imperiyasini ham tinchlik sulhini tezroq imzolashni taqozo etar edi. Og‘ir iqtisodiy va siyosiy ahvolda qolgan hamda harbiy jixatdan qoloq, xalq ichida o‘zining kaltabin siyosati tufayli obro‘si tobora tushib borayotgan amir hukumati ham sulhga muhtoj edi.
Rossiya imperiyasi ma’muriyati tomonidan birinchi sulh takliflari 1866 yil 12 sentabrda Orenburg general-gubernatori N.A.Krijanovskiy tomonidan takdim etilgan edi. 1867 yil bahorida N.A.Krijanovskiyning taklifiga ko‘ra amir o‘z vakili Musabek miroxur Hakimovni Orenburgga elchi qilib jo‘natgan edi. 1867 yilning may oyida elchi Orenburgga yetib keladi. Elchi istilo etilgan O‘ratepa va Jizzax yerlarini amirga qaytarish, Sirdaryoni chap chegara etib belgilash xususidagi amir takliflarini bayon qildi. N.A.Krijanovskiy va elchi Musabek miroxur o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, Buxoro amirligi bilan tinchlik sulhi imzolandi. Unda chegara o‘tkazilish yerlari, chegaralarning daxlsizligi va ularni qattiq nazorat ostiga olinishi, imperiya fuqarolariga xonlik hududida bemalol savdo qilish, ko‘chmas mulkka ega bo‘lish imkoniyatining berilishi, boj soliqlarining buxorolik savdogarlarga tenglashtirilishi, Buxoro amirligi tashqi siyosati Rossiya imperiya manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi bayon etilgan edi. Lekin, Turkiston generalgubernatorligi barpo etilishi bilan bu sulhning tadbiq etilishi uzilkesil to‘xtatildi.
1867 yil 1 sentabrda Turkiston general-gubernator K.P.fon Kaufman taklif etgan 12 ta moddadan iborat tinchlik sulhi imzolanib, elchi Musabek miroxur orqali amir xuzuriga tasdiklanish uchun yuborildi. Unda Rossiya imperiyasi egallagan yerlar deyarli butkul ularning qo‘llarida kolishi, amirlikning barcha shaharlariga imperiya savdogarlari bemalol kirish huquqiga ega bo‘lishi, boj soliqlari buxorolik savdogarlar bilan tenglashtirilishi, imperiya fuqarolari hohlagan joylarida karvonsaroylar qurishi va hohlagan shaharlarga borishi mumkinligi, ko‘chmas mulkka ega bo‘lish huquqi, imperiya fuqarolari o‘z jinoyatlari uchun Turkiston generalgubernatori huzurida javob berishlari lozimligi va boshqalar xususida so‘z borgan edi. Kaufman amirga sulh matni bilan birgalikda maktub ham yozib, Rossiya bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslikni, aks holda tegishli javob muqarrar ekanligini ham tahdid qilib qo‘yadi.
Turkiston general-gubernatori Kaufmanning o‘zi ham sulh shartnomasi aslida katta davlatning tazyiqi va zo‘ravonligi ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham "uni ultimatum deb nomlash to‘g‘riroq bo‘lur edi", - degan edi. Bu noteng va tahqirli shartnomalarni amir tasdiqlashiga ishonqiramay, 1867 yil 13 noyabrda harbiy vazirga yozgan xatida "Orenburg shartlari" kutilgan natijani bermasligini ham alohida ta’kidlagan edi.
Elchi Musabek miroxur faqatgina 1867 yil dekabridagina Toshkentga qaytib keldi. Kaufman shartlariga amir rozi ekanligini elchi bayon qilsada, biroq buni tasdiqlovchi birorta hujjatni o‘zi bilan birga olib kelmaydi. 1867 yil 19 dekabrda Kaufman amirga qayta maktub yozib, shartnomani darhol imzolash, amirlik tomonidan qo‘lga olingan poruchik Slujenko va 3 nafar imperiya askarlarini darhol orqaga qaytarishni aytadi. Amir Kaufman shartlarini qabul qilmagudek bo‘lsa, o‘rtada urush boshlanishi ham elchiga bayon etiladi. Aslida sulhga moyil bo‘lgan amir, vatanparvar kuchlar tazyig‘i, o‘sib borayotgan amirlikdagi xalq noroziligidan hayiqib, uni imzolashni keyinga surar edi. Shuningdek, elchining ma’lumotiga ko‘ra keyinchalik tovon puli ham to‘lanishi lozim edi. Amir tovon pulini to‘lashdan xalq noroziligi yanada kuchayishini anglab qo‘rqishi, sulh shartnomasini imzolamaslikka yana bir sabab bo‘ladi. Shu bois ham sulh shartnomasini imzolash vaqti cho‘zilib, bu paytda ikkala tomon ham o‘z harbiy kuchlarini mustahkamlashga harakat qiladilar.
1867 yilning kuzidan to 1868 yilning baxoriga qadar Buxoro-Rossiya munosabatlarida keskinlik saklanib turgan bo‘lsa-da, lekin sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Imperiya ma’muriyati bu paytda asosan generalgubernatorlik faoliyatini tashkil etish bilan mashg‘ul bo‘lib, xonlikka qarshi harbiy yurish na iqtisodiy, na harbiy zaxiralarsiz bo‘lmasligini tushungan edi. Undan tashqari amirlik Rossiya imperiyasiga qarshi kurashda ma’lum harbiy kuchlarga ega bo‘lib, Buxoroda Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kayfiyat umumxalq noroziligiga aylangandi. O‘rta Osiyoning obxavosi, iqlimi imperiya harbiylarini toliqtirgan, askarlar ichida turli kasalliklar ko‘paygan edi.
General-gubernator K.P.fon Kaufman 1867 yil 13 noyabrda vaziyatni tahlil etgan holda harbiy vazir Milyutinga yozgan xatida imperiya hokimiyatiga mavjud hurmatsizlik, “qulay vaqtda uni ag‘darib tashlash xavfi” baland ekanligini alohida ta’kidlab o‘tadi. Buxoroga harbiy yurish qilish oldidan, uning fikricha,o‘lkada mustahkam imperiya hokimiyatiga ega bo‘lish zarur edi. Buxoro imperiya hukumati uchun xom ashyo bazasi, Amudaryo havzasiga olib chiquvchi “kalit” ham edi. Bu xususda Osiyo departamentining boshlig‘i Stremouxov ham o‘z fikrini bayon etadi. Uning fikriga ko‘ra “Buxoro bozori imperiya mahsulotisiz ham yashashi mumkin edi”. Buxoroga qattiq qiziqayotgan inglizlarning Amudaryo bo‘ylariga chiqishi esa uning fikricha,“Imperiya hokimiyatining O‘rta Osiyodagi hukmronligining barham topishi muqaddimasi bo‘lur edi”. Harbiy vazirlikning imperiya hokimiyati ta’sirini mustahkamlash, harbiy zaxira kuchlariga ega bo‘lgandan so‘nggina harbiy yurish qilish rejasini imperator Aleksandr II o‘zining “butkul ma’qullayman” degan yozuvi bilan tasdiqlaydi.
Bu vaqtda amir 1867 yil oxiri - 1868 yillar boshida Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurash olib borish maqsadida ikki marotaba savdogarlardan pul yig‘ib oladi. Shuningdek xazinani boyitish maqsadida moliyaviy tadbir ham o‘tkazadi.
Bir vaqtning o‘zida amirning tashqi va ichki siyosatidan xalq noroziligi ham kuchaya bordi. Butun amirlikda Rossiya imperiyasi istilosiga qarshi mamlakatni chet el bosqinchilaridan ozod qilish istagidagi vatanparvar kuchlar harakati ta’siri oshib bordi. Bunday vaziyatda amir o‘z emissarlari (vaqillari)ni harbiy ko‘mak so‘rab hamda Rossiya imperiyasiga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Qo‘qon, Xiva, Afg‘oniston, Turkiya va Hindistonga jo‘natadi. Afsuski, ko‘mak haqidagi ko‘plab murojaatlar ham javobsiz qoldi.
General-gubernator Kaufman "Buxoro masalasini" tezroq hal qilishni lozim deb topib, 1868 yil 28 fevralda amirga qayta maktub yo‘llaydi. Unda Kaufman amir tomonidan ozod qilingan podporuchik Slujenko va 3 nafar imperiya askari uchun amirga minnatdorchilik bildirib, tezroq qayta yuborilayotgan sulh matnini imzolashni so‘raydi. "Aks holda, - deb yozadi Kaufman, o‘z holicha ish tutishim, buning uchun imperator tomonidan berilgan keng vakolatlar menda mavjudligini eslatib qo‘ymoqchiman", - deya dag‘dag‘a ham qiladi.
Amir Samarqandga bormay, u yerga o‘z vaqili Mirza Shamsiddinni yuboradi. Bir vaqtning o‘zida Samarqand yonidagi Cho‘ponota tepaliklariga ko‘ngillilar va amir sarbozlari bilan kela boshlaydi. 1868 yil 1 mayda Mirza Shamsiddin Kaufmandan bir kundan so‘ng yangi elchi kelishini, imperiya qo‘shinlari Yangiqo‘rg‘onga kaytishi xususidagi amir so‘rovini topshiradi. Amir tomonidan uning o‘zi tuzgan tinchlik bitimini Nizomiddin xoja sudur Kaufmanga topshirganida, general-gubernator bu oldingi sulh matni emasligini bahona qilib, uni rad etadi. Kaufmanga esa aslida hech qanday sulhning ham keragi yo‘q bo‘lib, uning maqsadi aslida amirlikni Rossiya imperiyasiga tobe qilish edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |