VIII va IX asrlarda Movaronnahrda ijtimoiy-madaniy hayot
1.1. VIII va IX asrlarda Movaronnahrdagi ilmiy muhit.
O’rta Osiyoning arablar tomonidan bosib olinishiga qadar arab lashkarlari bu yerga Amudaryo janubidagi Xuroson tuprog’idan turib tez-tez hujum qilar, o’ljalarni qo’lga kiritib yana qaytib ketar edilar.
Arablarning nisbatan yengil muvaffaqiyat qozonganliklari O’rta Osiyoda yagona markazlashgan davlatning yo’qligi bilan izohlanadi. Chunki o’sha davrda O’rta Osiyo ko’pgina mayda davlatlarga bo’lingan bo’lib, ularning har biri uncha katta bo’lmagan hududdagi bir necha mustahkamlangan shaharlardan iborat edi.
Xalqlarning islomga qadar bo’lgan madaniyatining yo’q qilinishi uning islom aqidalariga mos kelmasligi bilan bog’liq edi.
Aniqlanishicha, O’rta Osiyo arablar tomonidan istilo qilinganidan bir asr keyin yangi madaniyat shakllana boshladi, uning gullab-yashnash davri IX-XII asrlarga to’g’ri keladi. Uning barcha sohalarida dastlab arab islom madaniyatining kuchli ta’siri, shuningdek, arab va mahalliy an’analarning o’zaro ta’siri ham sezilar edi. Mafkura sifatida faqat islom, ilm va ilohiyot tili hukmron edi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, O’rta Osiyoga kirib kelgan davrda islom hali tugallangan diniy tizim bo’lib shakllanmagan edi, buning uchun undan to’rt asrdan (VIII-XI) ko’proq vaqt kerak bo’ldi. Bu davrdagi islom ilohiyot adabiyotini tahlil etish islomning tugallangan diniy tizim sifatida shakllanish jarayoni Eron, Xuroson, O’rta Osiyo, Kavkaz orti istilo qilingandan so’ng sodir bo’lganidan dalolat beradi. Qur’onni talqin qilish, hadislarni to’plash, IX-XI asrlarda shariat qonunlarini ishlab chiqish O’rta Osiyodagi Buxoro, Samarqand, Termiz va boshqa shaharlarda sodir bo’ldi.
Ta’lim va maorif masalasida ham islom ma’lum rol o’ynagan. Madrasa va maktablarda bolalarni o’qitish asosan diniy bo’lib, oddiy savod chiqarilgan. Jamiyatda umuman dinning, xususan islomning xalq ommasiga axloqni singdirishdagi va targ’ib qilishdagi roli g’oyat kattadir.
Bundan tashqari Qur’on, hadis va shariatda kishilarning hayoti va turmushini adolatli boshqarishga qaratilgan ko’pgina tadbirlar: chunonchi, o’z mehnati, hunari bilan yashash, boshqalar mulkiga xiyonat qilmaslik, ota-onalar, bevalar, yetim-yesirlar haqida g’amxo’rlik qilish, o’z bolalarini boqish va tarbiyalash qonun qilingan, manmanlik, adovat, hasad, xasislik, munofiqlik, takabburlik va hokazolar qoralangan.
Movarounnahr va, jumladan, Farg’ona arab xalifaligi tarkibiga kirganidan so’ng bu yerlarda xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida biror muddat turg’unlik yuz beradi. Bu yerda kushonlar davridayoq boshlangan feodallashish jarayoni arab fathi davrida biroz to’xtab qoladi. Bu davrda xalifalikning markaziy qismlari – Iroq, Suriya va Misrda feodal munosabatlar jadal rivojlanadi. VII asr boshida arab jamiyati hali ijtimoiy tuzumning qabila-urug’chilik bosqichida turgan bo’lsa, markazlashgan yagona xalifalik shakllanishi bilan xalifalikning ilg’or viloyatlarining xo’jalik, iqtisodiy va madaniy yutuqlarini o’zlashtirish natijasida u feodal munosabatlarga to’laqonli ravishda kirishadi. Shunga ko’ra VIII asr o’rtalarida xalifalikning markaziy viloyatlarida feodalizm Movarounnahrdagiga nisbatan ancha yuqori pog’onaga ko’tarilgan edi. Lekin xalifalikning yagona iqtisodiy doirasiga kirish, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining rivojlanishi, xalifalikning boshqa viloyatlari bilan faol savdo munosabatlari olib borish natijasida VII asr oxirlaridan shaharlar rivojlanib va ishlab chiqarish kuchlari taraqqiy topib, Markaziy Osiyo hududa ham, xalifalikning boshqa yerlaridagi kabi taraqqiy etgan feodalizm bosqichi boshlanadi. Markaziy Osiyoning boshqa yerlaridagi kabi, Farg’onada ham fan va madaniyat yangi tarixiy sharoitda taraqqiy etadi. IX asrda butun xalifalikda fan va madaniyatning qudratli rivojlanishi yuz beradi. Markaziy Osiyo xalqlari ham bu jarayonda xalifalikning boshqa xalqlari kabi faol ishtirok etadilar. Bu payt xalifalik tarkibiga kirgan xalqlar “islom madaniyati”, deb ataladigan, lekin aslida turli xalqlar madaniyatlarining o’zaro singishi natijasida yuzaga kelgan yagona madaniy harakatning qatnashchilari bo’lib qoldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |