9-Mavzu: Uy xo‘jaliklari moliyasi
Reja
1. Uy xo‘jaliklari moliyasining mohiyati va funksiyalari
2. Uy xo‘jaliklarining moliyaviy resurslari va daromadlari
3. Uy xo‘jaliklarining xarajatlari
1. Uy xo‘jaliklari moliyasining mohiyati va funksiyalari
“Uy xo‘jaligi” tushunchasi birgalikda yashovchi, umumiy xo‘jalik yurituvchi insonlarni qamrab oladi. Uy xo‘jaligi qarindosh bo‘lmagan, biroq uy xo‘jalikligi budjetiga o‘zining daromadlari (ovqatlanish, yashash qismi bo‘yicha) ulushini qo‘shuvchi shaxslarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Misol uchun, fermer xo‘jaliklari a’zolari yoki birga yashovchi uy xizmatkori. Uy xo‘jaligi o‘zining daromad manbaiga ega bo‘lgan bir kishidan ham iborat bo‘lishi mumkin. Uy xo‘jaligi moliya munosabatlaridan tashqarida bo‘lishi mumkin emas, u doimo uy xo‘jaligi ichida, shuningdek uy xo‘jaligiga nisbatan uning tashqarisida bozor subyektlari bilan yuzaga keluvchi munosabatlarga kirishadi. Uy xo‘jaligining ichki moliyasiga shunday munosabatlarni kiritish mumkinki, qaysiki uning ishtirokchilari o‘rtasida turli maqsadlarga yo‘naltirilgan oilaviy pul jamg‘armalarini, joriy iste’mol darajasini saqlab turish uchun sug‘urta zahiralarini, kapital xarajatlar darajasini ko‘tarish uchun pul zahiralarini, kelajakda investitsiyalash maqsadidagi pul jamg‘armasini va b. shakllantirish bo‘yicha yuzaga keluvchi.
Uy xo‘jaligining tashqi moliyaviy munosabatlar tizimi murakkabdir. Uy xo‘jaliklari quyidagi moliyaviy munosabatlarga kirishishlari mumkin:
- boshqa uy xo‘jaliklari bilan, birgalikdagi pul jamg‘armalarini shakllantirish bo‘yicha (ularga uy xo‘jaliklari ham qatnashishi mumkin bo‘lgan qzaro ayirboshlash munosabatlari kirmaydi);
- moddiy ishlab chiqarishning yoki xizmat ko‘rsatishning turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi va uy xo‘jaligi qatnashchilariga nisbatan ish beruvchi sifatida namoyon bo‘luvchi korxonalar bilan, yaratilgan yalpi ichki mahsulotning bir qismini qiymat ko‘rinishida taqsimlanishi bo‘yicha;
- tijorat banklari bilan, iste’mol kreditlarini olish, ularni so‘ndirish bo‘yicha; vaqtincha bo‘sh pul mablag‘larini bank omonatlariga joylashtirish bo‘yicha;
- sug‘urta tashkilotlari bilan, turli xildagi sug‘urta fondlarini shakllantirish va ishlatish bo‘yicha;
- davlat bilan, budjet va budjetdan tashqari fondlarni tashkil qilish va ishlatish bo‘yicha.
Yuqorida sanab o‘tilgan munosabatlar “uy xo‘jaliklari moliyasi” kategoriyasining ijtimoiy-iqtisodiy mazmunini tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, uy xo‘jaliklari moliyasi – bu pul mablag‘lari jamg‘armalarini shakllantirish va ishlatish bo‘yicha uy xo‘jaligi va uning alohida qatnashchilari o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy faoliyati jarayonida kirishuvchi munosabatlari yig‘indisi. Uy xo‘jaliklari moliyasining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati uning funksiyalari orqali namoyon bo‘ladi.Uy xo‘jaliklari moliyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1. Taqsimlash;
2. Tartibga solish;
3. Nazorat;
4. Investitsiya.
Uy xo‘jaliklari moliyasi taqsimlash funksiyasini bajarish bilan ishchi kuchining – ishlab chiqarish omillaridan biri sifatida uni takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini moddiy resurslar bilan ta’minlaydi. Aynan uy xo‘jaliklari moliyasining mana shu funksiyasi orqali har bir insonni hayot faoliyatini olib borish uchun zarur resurslar bilan ta’minlanishi amalga oshiriladi. Taqsimlash funksiyasini amal qilish obyekti uy xo‘jaligining tasarruf etadigan daromadi – yalpi daromadning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin uy xo‘jaligining ixtiyorida qoladigan qismi.
Uy xo‘jaliklari moliyasining yana bir funksiyasi nazorat hisoblanadi. Bozor munosabatlari sharoitida uy xo‘jaligi mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblanadi, ya’ni uy xo‘jaligi a’zolarining hayot darajasi to‘laligicha daromadning unga tegishli ulushiga bog‘liq. Bu miqdorga qator omillar tahsir qiladi. Ular ta’siri ostida daromaddagi ulush ko‘payishi yoki kamayishi mumkin. Shuning uchun, iste’molning odatiy darajasini saqlab turish masadiga ega bo‘lgan holda, uy xo‘jaligi olingan daromadni turli jamg‘armalar bo‘yicha taqsimlanishi, shuningdek bu jamg‘armalar mablag‘laridan maqsadli foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirmasdan ilojisi yo‘q. Uy xo‘jaligi iqtisodiyoti uning turli qatnashchilari o‘rtasidagi yetarlicha murakkab munosabatlari majmuiga tayanadi.
Uy xo‘jaligini turli qatnashchilarining iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirish ularni tartibga solish orqali ta’minlanadi. Tartibga solish deganda daromadning uy xo‘jaligining bir a’zoziga to‘g‘ri keladigan tegishli qismini o‘zgarish mumkinligi tushuniladi. Shunday qilib, uy xo‘jaliklari moliyasi yana bir muhim funksiya – tartibga solish funksiyasini ham bajaradi. U uy xo‘jaligini yagona bir butunlikda balansli rivojlanishini ta’minlaydi. Bunga moliyaviy resurslarni qayta taqsimlash yo‘li bilan erishilinadi. Shuni ta’kidlash kerakki, uy xo‘jaligi darajasida uning rivojlanishini tartibga solish, asosan, o‘zini-o‘zi tartibga solish bilan amalga oshiriladi. Bu jarayonda uy xo‘jaligi qatnashchilarining erkinligi davlat tomonidan chegaralanishi mumkin emas.
Uy xo‘jaligi pul jamg‘armalarining zarurligi va shakllantirish usullari, ularning hajmi va maqsadi to‘g‘risida, ularni ishlatish vaqtlari to‘g‘risida mustaqil qaror chiqaradi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat uy xo‘jaliklari egalik qilayotgan daromadlarni taqsimlanish jarayoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilish vositalariga ega emas. Shu bilan birgalikda, davlat uy xo‘jaliklari real egalik qilayotgan daromadlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Uy xo‘jaliklarining real daromadlari uy xo‘jaliklari va davlat o‘rtasida yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlar jarayonida yalpi ijtimoiy mahsulot qiymatini ko‘p marotaba taqsimlanishi va qayta taqsimlanishi natijasida tashkil bo‘ladi. Jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanayotgan soliqlarning stavkalarini ko‘tarilishi ularning real daromadlarini kamayishiga olib keladi. Shu bilan birga, soliqlar orqali yig‘ilgan moliyaviy resurslar budjet orqali soliqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy ta’minot sohalariga yo‘naltiriladi, natijada uy xo‘jaliklarini real daromadlarining darajasi ortadi. Ijtimoiy takror ishlab chiqarish tizimida uy xo‘jaliklari moliyasining muhim funksiyalaridan biri investitsiya funksiyasidir. U shundan iboratki, uy xo‘jaliklari iqtisodiyot uchun asosiy moliyaviy resurslarni yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Uy xo‘jaliklari daromadlarining o‘sishi mazkur funksiyani bajarilishining moddiy asosi hisoblanadi. Ko‘pincha uy xo‘jaliklarining investitsiya funksiyasi faqatgina kapitallashtirilayotgan daromadlar ulushi, ya’ni jamg‘arma (omonat) (turli moliyaviy institutlarga va real ishlab chiqarishga qo‘yilmalar) sifatida ishlatilayotganlar bilan bog‘lanadi. Biroq, bu yondoshuv bir tomonlama hisoblanadi. Aslida esa, iste’mol ulushining ortishi ham iqtisodiyotda investitsiyalarning o‘sishiga ko‘mak beruvchi omil hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |