44-rasm. G’oz va o’rdaklar drepanidoteniyasi (Drepanidotaenia lanceolata):
1-asosiy xo’jayin-kasallangan g’oz, 2-oraliq xo’jayini-siklop parazit tuxumini
yutmoqda, 3-g’oz zararlangan siklopni yutmoqda, 4-yetuk shakldagi parazit.
Odatda sikloplar hamma yerda tarqalgan. Ular asosan sekin oqadigan kichik suvliklarda yoki ko’lmak suvlarda yashaydi. Bu suvlarda faqatgina jo’jalari emas, balki katta yoshdagi g’oz va o’rdaklar ham kasallanadi.
Drepanidoteniyalar parrandalar ingichka ichaklarining shiliq pardasiga yopishib, so’rgich va ilmoqchalari bilan ichakni jarohatlaydi. Parazit juda ham ko’p bo’lsa, ichakda oziqning surilishi sekinlashadi va natijada ichak bo’shlig’i berkilib, ichaklar buralib yorilib ketishi mumkin.
Kasallangan g’oz va o’rdaklar ozadi, yaxshi o’smaydi, ichi ketadi, ba’zan nerv sistemasi buziladi, muvozanatni yuqotadi, tirishadi va oqibatta halok bo’ladi.
Shuningdek, tasmasimon chuvalchanglardan - Drepanidotaenia lanceolata, Drepanidotaenia przewalskii, Hymenolepis gracilis, Hymenolepis paracompressa turlari g'oz va o'rdaklarda; Raillietina echinobothrida, Raillietina tetragena, Davainea proglottina, Davainea meleagrislar esa tovuq va kurkalarda parazitlik qiladi. Parrandalarda parazitlik qiladigan tasmasimon chuvalchanglarning oraliq xo’jayinlari sifatida mayda qisqichbaqasimonlar, quruqlikda yashovchi qorinoyoqli mollyuskalar va hasharotlar aniqlangan.
Tovuq sestodalari. Tovuqlarda 46 turdagi sestodalar parazitlik qiladi, shulardan MDҲ da 12 turi aniqlangan. Ular tovuqlarning ingichka ichagida parazitlik qiladi. Keng tarqalgan va tovuqlarga katta ziyon keltiradigan sestodozlar qo’zgotuvchilariga asosan Davainea va Railliettina avlodlari turlari kiradi. Quyida Davainea proglottina turu to’g’risida ma’lumotlar keltirilgan.
Davainea proglottina 2-5 bo’ginli kichik sestoda bo’lib, tanasining uzunligi 0,5-3,0 mm, eni 0,15-0,18 mm keladi. To’rtburchak shakldagi skoleksining xartumida 60 tadan 95 tagacha mayda ilmoqchalari bo’ladi, 4 ta so’rg’ichi bor. Jinsiy teshigi bo’ginning oldingi qismida uning o’ng yoki chap tomonida joylashgan.
Erkaklik jinsiy bursasi (xaltasi) juda uzun va bo’ginning uchdan ikki qismigacha cho’ziladi. Odatda 12-15 donadan iborat urugdoni bo’ginining orqasida ikki qator bo’lib joylashgan. Tuxumining diametri 0,35-0,40 mm bo’lib, yetilgan bo’ginda alohida-alohida joylashadi.
Davainea proglottina va boshqa sestodalar oraliq xo’jayinlar orqali rivojlanadi. Davainea proglottina sestodasining oraliq xo’jayini sifatida quruqlikda yashaydigan qorinoyoqli mollyuskalardan – Limax, Arion, Agriolimax kabi shilliqlar va boshqa mollyuskalar(Zonitoides, Vallonia, Polygyra) aniqlangan. Ularning tanasida invazion sistitserkoid 20-22 kunda rivojlanib yetishadi va tovuq organizmiga tushgach sistitserkoid taxminan 12-16 sutkada jinsiy voyaga yetadi(45-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |