Soliq to‘lovchilar Soliq Kodeksga muvofiq zimmasiga belgilangan soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Yuridik shaxslarning alohida bo‘linmalari mazkur shaxslarning soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ushbu alohida bo‘linmalar joylashgan yeri bo‘yicha bajaradi.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan soliq to‘lovchilar alohida bo‘linmalarni hisobga olib markazlashgan holda soliq hisobotini taqdim etadi va soliqlarni (yig‘imlarni) to‘laydi.
Kodeksda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Soliq to‘lovchilarning huquqlari Soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega:
soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari doirasida) amaldagi soliqlar to‘g‘risida, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risida axborotni, soliq hisobotining va arizalarning shakllarini, shuningdek ularni to‘ldirish tartibi haqida tushuntirishlarni bepul olish;
o‘z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlarida va boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
Kodeksda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda va tartibda soliq imtiyozlaridan foydalanish yoxud ulardan foydalanishni rad etish;
soliqlar, penyalar va jarimalarning ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini o‘z vaqtida hisobga o‘tkazish yoki qaytarish;
Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
soliq solish ob’ektlarini hisobga olishda, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lashda o‘zlari yo‘l qo‘ygan xatolarni mustaqil ravishda tuzatish;
Kodeksga muvofiq o‘z hududida o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvini va soliq auditini o‘tkazish chog‘ida hozir bo‘lish;
sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi materiallari bilan tanishish, shuningdek ushbu tekshiruvlarning dalolatnomalarini olish;
soliq tekshiruvini amalga oshiruvchi soliq organlariga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosiga taalluqli masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining Soliq Kodeksiga va (yoki) soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan talablarini bajarmaslik;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning normativ tusga ega bo‘lmagan hujjatlari hamda qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
soliq organlari va boshqa vakolatli organlarning qonunga xilof qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;
Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq tekshiruvi materiallarini yoki soliq orgalarining boshqa hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida ishtirok etish;
soliq munosabatlari masalalariga oid o‘z manfaatlarini shaxsan yoxud soliq maslahatchilari tashkiloti yoki boshqa o‘z vakillari orqali ifodalash;
soliq siriga rioya etish va uni saqlash.
Soliq to‘lovchilar Kodeksda va soliq to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan o‘zga huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Soliq to‘lovchining soliq munosabatlarida shaxsan ishtirok etishi uni vakilga ega bo‘lish huquqidan mahrum etmaydi, xuddi shuningdek vakilning ishtirok etishi soliq to‘lovchini bunday munosabatlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum etmaydi.
Soliq to‘lovchilarning huquqlari soliq organlari va boshqa vakolatli organlar mansabdor shaxslarining tegishli majburiyatlari bilan ta’minlanadi.
Soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta’minlashga oid majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.