3. Fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish.
29-modda. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami davlat sog‘liqni saqlash tizimi, jamoat birlashmalarining muassasalari ko‘rsatadigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tibbiy xizmat ko‘rsatishning asosiy, qulay va bepul turi bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
(29-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
eng ko‘p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolashni;
sanitariya-gigiyenaga doir va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar, eng muhim kasalliklarning tibbiy profilaktikasini o‘tkazishni;
oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tadbirlarini, turar joylarda fuqarolarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlar ko‘rishni.
(29-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5 -son, 89-modda)
Xususiy va boshqa xil sog‘liqni saqlash tizimlarining muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami shartnoma asosida amalga oshiriladi ushbu Qonun 10-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq shunday yordam ko‘rsatiladigan fuqarolarning ayrim guruhlari bundan mustasno.
(29-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning hajmi va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2857-sonli “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
30-modda. Shoshilinch va tez tibbiy yordam
Fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlariga joylashtirish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga yotqizish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tartibga solinadi (3-ilova).
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishlari shart. Ular shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi.
Tez tibbiy yordam sog‘liqni saqlash tizimining maxsus tez tibbiy yordam xizmati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda ko‘rsatiladi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktabrdagi O‘RQ-118-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 40-son, 411-modda)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi to‘g‘risida”gi nizom.
Fuqaroning hayoti xavf ostida bo‘lgan taqdirda tibbiyot xodimlari uni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun har qanday transport turidan foydalanish huquqiga ega.
Ichki ishlar organlari, yong‘indan saqlash, avariya xizmatlari, transport tashkilotlari xodimlari, shuningdek boshqa kasb-kor vakillari tibbiyot xodimlari yetib kelgunga qadar voqea sodir bo‘lgan joyda qonunchilikka binoan zimmalariga yuklatilgan birlamchi shoshilinch yordamni ko‘rsatishlari shart.
(30-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-martdagi PF-4985-sonli “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.
31-modda. Ixtisoslashgan tibbiy yordam
Ixtisoslashgan tibbiy yordam profilaktika, tashxis qo‘yish, davolashning va murakkab tibbiy texnologiyalardan foydalanishning maxsus usullarini taqozo etuvchi kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladi.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam davolash-profilaktika muassasalarida mutaxassis shifokorlar tomonidan ko‘rsatiladi.
(31-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Sog‘liqni saqlash muassasalarida ko‘rsatiladigan ixtisoslashgan tibbiy yordamning turlari, hajmi va sifat standartlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga davlat sog‘liqni saqlash tizimining tegishli davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi va doimiy tibbiy kuzatuv ta’minlanadi.
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar ro‘yxati va bunday kasalliklarga chalingan shaxslar uchun imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-martdagi 153-sonli “Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash va bunday kasalliklarga duchor bo‘lgan shaxslarga imtiyozlar belgilash to‘g‘risida”gi qarori.
Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam turlari va hajmini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilaydi.
33-modda. Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish
Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan kasalliklarga chalingan fuqarolarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish davlat sog‘liqni saqlash tizimining ana shunday maqsadga mo‘ljallangan muassasalarida bepul amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-fevraldagi 96-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklar ro‘yxati”.
Atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamning turlari va hajmi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda belgilanadi.
34-modda. Profilaktika, tashxis qo‘yish, davolashning yangi usullarini, dori vositalari dezinfeksiya vositalarini qo‘llanish hamda biologik-tibbiy tadqiqotlar o‘tkazish tartibi
(34-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
Sog‘liqni saqlash amaliyotida faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘llanishga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari, dori vositalari va dezinfeksiya vositalaridan foydalaniladi.
(34-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘llanishga ruxsat etilmagan, lekin belgilangan tartibda ko‘rib chiqilayotgan tashxis qo‘yish, davolash usullari va dori vositalaridan bemorni davolash manfaatini ko‘zlab faqat uning ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi olinganidan keyin, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxslarni davolashda esa faqat ularning hayoti bevosita xavf ostida qolgan taqdirda va qonuniy vakillarining yozma roziligi bilangina foydalanish mumkin.
(34-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashxis qo‘yish, davolash usullari va dori vositalarini, dezinfeksiya vositalarini, shu jumladan chet elda foydalaniladiganlarini qo‘llanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(34-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
Insonni obyekt sifatida jalb etib, biologik-tibbiy tadqiqot o‘tkazishga faqat laboratoriya tajribalari o‘tkazilganidan va fuqaroning yozma roziligi olinganidan keyingina davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida yo‘l qo‘yiladi. Fuqaroni biologik-tibbiy tadqiqotlarda qatnashishga majburlash mumkin emas.
Biologik-tibbiy tadqiqot o‘tkazishga fuqarodan rozilik olinayotganda unga tadqiqotning maqsadi, usullari, qo‘shimcha oqibatlari, ehtimol tutilgan xavfi, tadqiqotning qancha davom etishi va kutilayotgan natijalariga oid ma’lumotlar berilishi lozim. Fuqaro tadqiqotning istalgan bosqichida unda qatnashishdan bosh tortish huquqiga ega.
35-modda. Fuqarolarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash
Retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: “Retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati” (06.12.2019-y., ro‘yxat raqami 3315).
Dori vositalari va yakka tartibda foydalaniladigan tibbiy buyumlar bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanadigan fuqarolarning toifalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladi. Davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari fuqarolarning dori vositalari bilan imtiyozli asoslarda ta’minlanishi uchun retsept yozib berish huquqiga ega.
(35-modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi 204-sonli “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta’minlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Do'stlaringiz bilan baham: |