1. Siyosiy jarayonlar tushunchasi va uning mohiyati.
Insoniyat XXI asrga xususan fan, texnologiya va axborot sohalaridagi ulkan yutuqlari bilan kirib keldi. Binobarin, yangi asr ostonasidan butun dunyoda siyosiy jarayonlar yanada jo‘shqinlandi, o‘ziga xos ahamiyat kasb eta boshladi.
Xo‘sh, siyosiy jarayonlarning o‘zi nima?
Siyosiy jarayonlar o‘n yoki yuz yillar oldin paydo bo‘lgan tushuncha emas. Uning tarixiy ildizlari davlatchilikning, qolaversa, ilk jamiyatning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Zotan, har bir jamiyatni xarakterlaydigan asosiy xususiyatlardan biri siyosiy jarayonlarning mavjudligidir.
Siyosiy jarayonlar kishilik jamiyati rivojlanishining barcha davrlarida mavjud bo‘lgan, ammo uning faollik darajasi turli davrlarda turlicha namoyon bo‘lib, o‘ziga xos xarakter kasb etgan.
Jamiyatda turli ijtimoiy va siyosiy hodisalar, murakkab siyosiy voqealar ro‘y berib turadi. Ammo ularning mohiyati, maqsadlari, shuningdek, ularni keltirib chiqaradigan sabablarni anglab olish ancha mushkul. Siyosiy jarayonlarning bugungi kunda dolzarbligi ham aynan ana shunda namoyon bo‘lmoqda.
Siyosiy jarayonlarga ko‘p sonli kishilarning tortilishi, siyosiy arboblarning faoliyati, siyosatning yanada ko‘proq darajada omma nazorati ostiga o‘tishiga olib kelmoqda.
Bularning hammasi qo‘shilib, shaxsning siyosiy maqomi, uning huquq va erkinliklari muammosini o‘ta keskinlashtirdi. Binobarin, siyosiy jarayonlarning mohiyatini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Siyosiy jarayonlar va uning xususiyatlari, ta’riflari to‘g‘risida turli xil fikr-mulohazalar mavjud:
Siyosiy jarayonlar – jamiyat siyosiy hayotining barcha sohalarida ro‘y beradigan voqea-hodisalar va o‘zgarishlar birligidan iborat. Davlatlarning ichki hayoti va xalqaro siyosiy munosabatlari bilan bog‘liq voqea-hodisalar ham siyosiy jarayonlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Siyosiy jarayonlarning yana bir boshqa ta’rifi quyidagicha ifodalanadi:
Siyosiy jarayonlar deb jamiyatning siyosiy hayotida turli xildagi voqea-hodisalarning ro‘y berib turishi, ularning ob’ektiv qonuniyatlar harakati asosida davom etishi va shu asosda jamiyatning siyosiy jihatdan rivojlanib borishiga aytiladi.
Xullas, siyosiy jarayonlarning turli davr olimlari tomonidan berilgan turfa ta’riflari mavjud. Ammo uning mohiyati yagona, ya’ni siyosiy jarayonlar bu – jamiyat va siyosat yoki shaxs va siyosat munosabatidir.
Keng ma’noda esa siyosiy jarayonlar— jamiyatning siyosiy faoliyatidir.
Jamiyatning siyosiy hayotida sodir bo‘ladigan barcha harakatlar oqimi yaxlit jarayondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |