924-son IX bob. Takroriy ovoz berish 69. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo‘yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsada, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi.
Takroriy ovoz berish Saylov kodeksi talablariga rioya etilgan holda ikki haftalik muddatda o‘tkaziladi.
70. Takroriy ovoz berishda unda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
71. Okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalari bayonnomalari asosida okrug bo‘yicha takroriy ovoz berish natijalarini belgilaydi va mazkur Nizomning 66-67-bandlariga muvofiq ularni bayonnomaga kiritadi. Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.
X bob. Takroriy saylov 72. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
agar saylov okrugi bo‘yicha saylov o‘tmagan yoxud haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;
agar takroriy ovoz berish saylangan deputatni aniqlash imkonini bermagan bo‘lsa;
agar saylov okrugi bo‘yicha ko‘pi bilan ikki nomzod qo‘yilgan bo‘lsa va ulardan hech biri saylanmagan bo‘lsa.
73. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining topshirig‘iga binoan okrug saylov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi aniqlangan taqdirda, tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari takroriy saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
74. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan bir oylik muddat ichida o‘tkaziladi.
75. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
76. Okrug saylov komissiyalari uchastka saylov komissiyalari bayonnomalari asosida okrug bo‘yicha takroriy saylov natijalarini belgilaydi va mazkur Nizomning 66-67-bandlariga muvofiq ularni bayonnomaga kiritadi.