70-modda. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi.
Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Siyosiy partiyalar deputatlikka bir yuz ellik nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi.
Ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerak.
Siyosiy partiyalar o‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
71-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar egadir.
Quyidagilar:
sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar;
saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari;
diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.
72-modda. Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar Siyosiy partiyaning rahbari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
siyosiy partiya yuqori organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;
siyosiy partiya yuqori organi majlisining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, shuningdek saylov okrugining nomi va tartib raqami ko‘rsatiladi;
deputatlikka nomzodning o‘z nomzodi tegishli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;
deputatlikka nomzodning, basharti u Qonunchilik palatasi deputati etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 19-sentabrdagi 937-son qarori bilan tasdiqlangan “Mansabdor shaxslari deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadigan ijro hokimiyati organlari ro‘yxati”. Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan ma’lumotnoma beradi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Markaziy saylov komissiyasi ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga ma’lum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.