4. Ikkinchi triumvirat. Respublikani qulashi
Sezarni o’ldirib fitnachilar o’zlarini yo’qotib qo’ydilar. Brut va Kassiy shahardan qochishga majbur bo’ldilar. Rimning amaldagi xo’jayini, Sezarning eng yaqin do’stlaridan biri er. avv. 44-yildagi konsul Mark Antoniy bo’ldi. Antoniy Sezarning merosxo’ri sifatida marhumning uyidan uning arxivi, 100 mln. sestersiy miqdoridagi pul mablag’ini o’zlashtirib oldi. Sezarning dafn qilish marosimi dabdabali qilib o’tkazildi.
Dafn qilish marosimi arafasida diktatorning vasiyatida o’zini bosh merosxo’ri qilib, asrandi o’g’li, jiyani, 18 yoshli Gay Oktavian Furinni belgilagani ma’lum bo’ldi. Boshda Antoniy Gay Yuliy Sezar Oktavianga mensimasdan qaradi. Oktavian senat bilan vaqtinchalik ittifoq tuzdi. Respublika tarafdori bo’lgan mashhur notiq va konsul Sitseron yangi tiran Mark Antoniyga qarshi Oktavianni qo’llab-quvvatladi.
Fuqarolar urushining oxirgi bosqichi boshlandi. Senatning topshirig’i bilan Oktavian Mark Antoniyga qarshi urush boshladi. Er. avv. 43-yil aprelida Mutina yonidagi jangda Antoniy yengildi. Legionerlar Oktavianga imperator unvonini berdilar, Antoniy esa respublika dushmani deb e’lon qilindi. Antoniy yengilgach senat g’alabani bayram qildi. Sitseron boshchiligidagi senat oligarxiyasi Oktavianni o’z mutlaq hokimiyatini o’rnatishiga yo’l bermaslikka urindilar. Oktavianni konsul bo’lishiga qarshi chiqdilar va unga qo’shinga qo’mondonlikni topshirishga buyruq berdilar. Oktavian esa qo’mondonlikni topshirmadi, Antoniyni taqib qilmadi. Aksincha, Mark Antoniy va Sezar tarafdorlaridan bo’lgan Lepid bilan o’zaro shartnoma tuzdi. Ularning ittifoqi II triumvirat nomi bilan ma’lum. Bu ittifoq I triumviratdan farq qilgan holda xalq yig’inida rasmiy tasdiqlandi. Triumvirlar kelishuviga asosan Oktavian er. avv. 41-yil 19-avgustida konsul etib saylandi. Italiyada ular o’zlariga qarshi bo’lgan respublika tarafdorlarini taqib ostiga oldilar, e’lon qilingan proskripsiya natijasida minglab odamlar birinchi navbatda taniqli respublikachi Sitseron halok bo’ldi.
Shu vaqtda respublika tarafdorlari bo’lgan Brut va Kassiy Bolqon yarim orolida katta harbiy kuch to’pladilar. Er. avv. 42-yilda Makedoniyadagi Filipp shahri yaqinida triumvirlar qo’shinlari bilan senat respublikasi tarafdorlari qo’shinlari o’rtasida jang bo’lib respublikachilar yengildilar.
Respublikachilar tor-mor etilgach triumvirlar o’rtasida provinsiyalar yangidan taqsimlandi: Antoniy Sharq, Galliya va Afrikani, Oktavian-g’arbni (uni mulklari markaziy Italiya bo’ldi) egalladi, Lepidga esa hech narsa qolmadi. Mark Antoniy Misrga jo’nab ketdi va u yerda malika Kleopatraga uylanib Makedoniyada yashadi, mutlaq hukmdor sifatida Sharqdagi Rimning yer mulklariga egalik qildi. U Kleopatraning o’g’illariga qator provinsiyalarni hadya qildi. Oktavian esa Rimga qaytib Antoniyga qarshi zimdan kuch to’play boshladi. Tez orada triumvirlardan biri Lepid Sitsiliyada hokimiyatni qo’lga olishga urindi, lekin uning qo’shinlari Oktavian tomoniga o’tdi. natijada Lepidning siyosiy faoliyati tugallandi. Lepid oliy pontific lavozimiga egta bo’lgani uchun Oktavian uni hayotini saqlab qoldi. Shundan so’ng Lepid Rimda hech qanday siyosatga aralashmay er. avv. 12-yiligacha yashab 77 yoshida vafot etdi. Italiya va uning atrofidagi hududlarida o’z hokimiyatini mustahkamlagan Oktavian Antoniyga qarshi katta qo’shin to’pladi.
Er. avv. 32-yilda rimliklar Misrga qarshi urush e’lon qildilar. Antoniy tarafdorlaridan tozalangan senat uni “respublika dushmani” deb e’lon qildi. Oktavian 250 jangovar kemaga, 80 ming legionerlardan iborat quruqlikdagi qo’shinga, Antoniy esa 100 ming piyoda askarga, 12 ming otliq va 500 kemaga ega edi. Er. avv. 31-yil 2-sentyabrda Epir qirg’og’idagi Aksiy burni yonida dengiz jangi bo’lib, bu jangda Antoniy floti yengildi. Er. avv. 30-yilda Oktavian Suriya va Misrga yurish qildi va hech qanday qarshiliksiz Iskandariya shahrini egalladi.
Jangda yengilib, hokimiyatdan ajralgan Antoniy o’zini qilichga tashlab o’ldirdi. Kleopatra esa o’lim to’shagiga yotgan eriga o’zini o’ldirib uni orqasidan borishini va’da qildi. Ammo buning o’rniga u Oktavian bilan muzokaraga kirishib o’ziga foydali bo’lgan shartlar bilan taslim bo’lishga umid qildi. Faqat g’olib Oktavian uni oltin zanjir bilan kishanlab o’z zafar triunfida Rimga olib borish niyati borligini bilib qolib, o’zini o’zi o’ldirdi. Oktavianning buyrug’i bilan Sezar va Kleopatraning o’g’li Sezarion hamda Antoniyning Ful-viyadan bo’lgan katta o’g’li Antull o’ldirildi. Antoniyning qolgan 9 bolasi uning sobiq xotini Oktavia (Oktavianning singlisi) tomonidan tarbiyalashga olindi. Ptolemeylar sulolasi hukmronlik qilgan Misr Rim provinsiyasiga aylantirildi. Shu bilan Rimda fuqarolar urushining fojiali davri tugadi. Sezarning asrandi o’g’li Oktavian Rim o’rtayerdengizi davlatining yakka-yu yagona xo’jayini sifatida 43 yil hukmronlik qildi (er. avv. 30-yildan–eramizning 14-yiligacha).
Do'stlaringiz bilan baham: |