Abu Rayhon
Beruniysiz
(973-1048-y.) tasavvur qilish mumkin emas. U o‘z zamonasining barcha fanlari -
fizika, matematika, astronomiya, geodeziya, tarix, geografiya va bir necha boshqa fanlarni puxta
egallagan olim bo‘lgan. U 362 hijriy yili (973-y.) Xorazmning qadimgi Kat shahrida tug‘ildi.
O‘sha davrda Kat shahri Xorazmshohlar - Afrig‘iylar sulolasining poytaxti bo‘lib, O‘rta Osiyoning
Xitoy, Hindiston, Yaqin Sharq davlatlari, Kavkaz va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan bog‘lab
turuvchi savdo va madaniy markazlaridan biri edi. Afsuski, Beruniyning zamondoshi Ibn
Sinonikiga o‘xshagan tarjimayi holi bizgacha yetib kelmagan. Shuning uchun u boshlang‘ich
ta’limini kimdan, qachon olganligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo, bir narsa aniqki, u
yoshligidanoq ilm-fanga juda ham qiziqqan, qobiliyatli, mehnatkash bo‘lgan.
U o‘z ona tili xorazm tilidan tashqari yana bir qancha tillarni-so‘g‘diy, fors, hind, yunon
va qadimgi yaxudiy tillarni ham o‘rgangan. U Hindistonda bo‘lar ekan, tez orada nafaqat
Hindiston tarixi, madaniyati, hatto sanskrit tilini ham o‘rganadi. Xorazmdagi Ma’mun
akademiyasining eng ko‘zga ko‘ringan faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Shu bilan birga u
shoh Ma’mun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakat siyosiy ishlarida ham faol
qatnashadi.
Beruniy Urganchda yashagan davrda Ibn Sino bilan yozishma olib borgan. Bizgacha
ularning savol-javoblaridan 18 tasi yetib kelgan. Bu yozishmalar Beruniyning tabiat falsafasi va
fizika masalalari bilan qanchalik qiziqqanligidan guvohlik beradi. Savol-javoblarning mazmunida
Aristotelning aql bilan his etish orqali chiqargan xulosalariga Beruniy o‘zining tuzatish va tajriba
orqali aniqlagan xulosalarini qarshi qo‘ygan. Ibn Sino esa Aristotelni himoya qilgani ma’lum
bo‘ladi.
Beruniy Xorazmda yashagan vaqtda hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, Kat shahrida
muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o‘zi asboblar ixtiro qilgan.
Beruniy 22 yoshida o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanni tashlab ketishga majbur bo‘ladi va avval Rayga,
keyin Jurjonga keladi. Bu yerda mashhur tabib, astronom, faylasuf Abu Saxl Iso al-Masixiy bilan
tanishadi va undan ta’lim oladi. Beruniy o‘zining mashhur asarlaridan biri bo‘lmish “Qadimgi
xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini Jurjonda yoza boshlagan.
Tarixdan ma’lumki, 1017-yilda Mahmud G‘aznaviy Xorazmni bosib oladi va Beruniyni
ham Xorazmshoh saroyidagi bir qancha olimlar qatori G‘azna shahriga olib ketadi. Beruniy
G‘azna shahrida 1017 yildan to 1048 yilgacha hayot kechirgani ma’lum. Bu yillar Beruniy
hayotida o‘ziga xos davr bo‘ladi. Bir tomondan g‘urbatda yashagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan
ilmiy faoliyatda juda ham mahsuldor davri bo‘ladi. Beruniy faoliyatini o‘rganuvchi olimlarning
fikricha, bunday hol, ya’ni davlat ishlariga aralashmagan, siyosiy faoliyatdan chetlashgan olim
o‘zining butun bo‘sh vaqtini ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflaydi.
Beruniy tabiat fanlarining rivojiga bebaho hissa qo‘shgan olimdir. U o‘zining ilmiy
asarlarida dunyoning tuzilishi haqida fikr yuritganda Ptolemey fikriga suyansa ham, amalda
yerning harakati haqida Ptolemey tartibiga zid keluvchi fikrlarni bayon qiladi. U “Geodeziya”
asarida geotsentrizm bilan bog‘liq bo‘lgan ba’zi nazariyalarning to‘g‘riligiga shubha bilan
qaraganligini ochiqdan-ochiq bayon etadi. Bu bilan u dunyoning geliotsentristik tuzilishi haqidagi
nazariyani ishlashiga hissa qo‘shganlardan biri hisoblanadi.
Beruniy o‘z davrining katta matematigi ham bo‘lgan. U matematika masalalariga
bag‘ishlangan asarlarida geometriya, arifmetika, algebra, sonlar nazariyasi, trigonometriya
tushunchalarini ma’lum tartib bilan ta’riflaydi. Hozirgi zamon tadqiqotchilarining ko‘pchiligi
Beruniyni trigonometriya fanining rivojiga qo‘shgan hissasini juda ham yuksak baholashadi. Ular
Beruniyning trigonometriyaning matematikada mustaqil fan sifatida qaragan olim sifatida
ko‘rsatmoqdalar.
Beruniy 1030-yilda “Hindiston” nomi bilan mashhur bo‘lgan eng yirik asarini yozadi. Bu
asar juda katta ahamiyatiga ega bo‘lgan asar bo‘lib, bu haqda juda ko‘p g‘arb va sharq olimlari
o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirganlar. Beruniyning bu asari ustida 20 yil ish olib borgan
E.Zaxau uning arabcha tanqidiy teksti bilan ingilizcha tarjimasini 1888-yilda Londonda nashr
ettiradi. Ana shu olim “hindshunoslikda Beruniyga teng keladigan biror olim na undan oldin va na
undan keyin bo‘lganligini bilmaymiz”-degan edi. Yirik arabshunos olim R.Rozen “Hindiston”
asari qadimgi va o‘rta asr g‘arb va sharq adabiyotida “misli ko‘rilmagan”-deb baholaydi. Hind
olimlaridan Hamid Rizo esa “O‘rta asr va yangi zamon mualliflaridan hech biri Hind
madaniyatining chigal masalalarini ilmiy ruhda tushunish bo‘yicha Abu Rayxon Beruniy erishgan
yutuqlariga erisha olmadi. Beruniyning “Hindiston” asari klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga
o‘z muallifining qadimgi hind madaniyati va faniga tortig‘idir”-degan edi.
Abu Ali ibn Sino (980-1037) Buxoro yaqinida joylashgan Afshona qishlog‘ida tavallud
topgan. Otasi ziyoli, o‘qigan, bilimdon kishi bo‘lib asli Balxdan bo‘lgan. Ibn Sino o‘sha davr
ziyolilar oilasida hukm surgan turmush tarzi tizimi bo‘yicha “Qur’oni Karim”ni yoshlik chog‘idan
yod ola boshlaydi. Bu bilan kifoyalanib qolmasdan otasi unga falsafa, hind hisobi kabi sohalarni
ham o‘qita boshlaydi. Hatto Abu Abdulloh an-Nashali degan kishini o‘g‘liga murabbiy qilib oladi.
U o‘spirinlik yillarida, 16 yoshida shunchalik chuqur shug‘ullanganki, hatto biron-bir kecha ham
to‘yib uxlamagan ekan. Fan asoslari bilan bunday shug‘ullanish, ko‘p vaqtlar davomida amalga
oshirgan mashaqqatli mehnat tez orada o‘z samarasini beradi, u 17 yoshidayoq olim sifatida
shakllanib, tabib degan nom chiqara boshlaydi. Mukofot sifatida saroy kutubxonasidan
foydalanish imkoniyatiga sazovor bo‘ladi.
Biz ko‘rib chiqayotgan davr siyosiy tarixi o‘ziga xos xususiyatlarga ega edi. Bu vaqtda ikki
sulola (Qoraxoniylar va Somoniylar) tarix sahnasida hukmronlik uchun kurash olib bormoqda edi.
Mamlakatdagi bunday beqarorlik fan arboblarining faoliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmas
edi. Ibn Sino ham o‘sha davrda Xorazmda fan va madaniyat xomiysi sifatida nom chiqargan
Ma’mun (999-1016) saroyiga boradi. U yerda o‘sha davr mashhur olim, faylasuflari Abusaxl
Masixiy, tabib Abul Xayir Xommar, qomusiy olim sifatida butun dunyoda tan olingan Abu
Rayhon Beruniy va boshqa mashhur olimlar bor edilar. Ammo olimning tinch ijodi bu yerda ham
ko‘pga cho‘zilmaydi. Xorazmni Mahmud G‘aznaviy egallagach u Hamadonga jo‘naydi. O‘sha
davrda Hamadon hukmdori Shams ad-Davla degan kishi bo‘lib, u kasal bo‘lib qoladi. Ibn Sino
Buxoro amirini davolaganidek uni ham tuzatib yuboradi va evaziga vazir etib tayyorlanadi. O‘sha
davrda ham saroy fisqu-fasod, isyonlar uyasi edi. Ana shunday fisqu-fasodlar tufayli u zindonga
tashlanadi. Isfaxon hukmdori Alouddavla Hamadonni bosib olgach, u zindondan ozod qilinadi.
Ibn Sinoning zamondoshi, uning shogirdi Jurjoniyning yozishicha u jismoniy jihatdan juda
baquvvat bo‘lgan. Biroq shaharma-shahar darbadarlikda yurish, yuqorida qayd qilganimizdek,
kechalari uxlamasdan uzluksiz ishlash va ta’qib ostiga olishlar olimning salomatligiga ta’sir
ko‘rsatadi va u 428 xijriy yilning ramazon oyida, 1037 yilning iyun oyida 57 yoshida vafot etadi.
Ibn Sino haqiqiy ensiklopedik olim bo‘lib, o‘z davrining deyarli barcha fanlari bilan
muvaffaqiyatli ravishda shug‘ullangan va ularga oid ilmiy asarlar yaratgan. Turli manbalarda
uning 450 dan ortiq asarlari qayd qilingan bo‘lsa ham, zamonlar o‘tishi bilan ularning ko‘pi
yo‘qolib ketgan va bizgacha faqat 242 tasi yetib kelgan.
Ibn Sinoning tog‘larni paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi juda ajoyib fikrlari, minerologiya va
geologiya fanlariga qo‘shgan hissasi juda salmoqlidir. Jumladan, u minerollarni to‘rt guruhga
bo‘lib, ularning original klassifikatsiyasini taklif etadi. Bu klassifikatsiya to XIX asrgacha deyarli
o‘zgarishsiz saqlanib keldi. Olimning minereologiya sohasidagi ishlarining muhimligi ta’kidlanib,
1956-yilda O‘zbekistonda topilgan mineral Avitsenit deb atalgan.
Ibn Sino botanika masalalari bilan ham ko‘p shug‘ullangan. Chunki tabobatda
ishlatiladigan dorivor moddalarning aksariyati o‘simliklardan olinadi. Mashhur shved botanigi
Karl Linney (1707-1778) Ibn Sinoning botanika sohasidagi xizmatlarini ta’kidlab, tropik
mamlakatlarda dengiz suvida ham o‘suvchi va doimo yashil holda qoladigan bir daraxtni
Avitsenna deb atadi. Ham G‘arbda, ham Sharqda “Avitsenna” va “Shayxur-Rayis” nomi bilan
shuhrat qozongan bobokalonimiz haqiqatan ham mustaqil O‘zbekiston yoshlari qalbida o‘z tarixi
va bobokalonlari bilan faxrlanish his-tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Abu Abdulloh Ja’far
Rudakiy
(960-1041-y.) taxminan 960-yilda Samarqand yaqinida
joylashgan Panjrudak qishlog‘ida tug‘ilgan. Shuning uchun ham shoirning taxallusi shu tug‘ilgan
qishlog‘ining nomidan kelib chiqib Rudakiy bo‘lib hisoblanadi. Yana boshqa manbalarda
aytilishicha, o‘sha davrda xalq cholg‘u asboblari orasida “rud” nomli musiqa asbobi bo‘lib, shoir
uni chalishni juda yaxshi o‘rgangan, shuning uchun ham shoir taxallusini shu asbobdan olgan deb
ham hisoblaydilar.
Rudakiyning tarjimai holiga bag‘ishlangan barcha manbalarda uni kambag‘al oiladan
ekanligi, yoshligidayoq musiqa asboblarini yaxshi chalishni va ashula aytishni sevganligi qayd
etiladi. Yosh shoirning o‘zi she’rlar yozishi va musiqaga bo‘lgan bunday muhabbati tez orada uni
mashhur qilib yuboradi. Bu davrda she’riyat, ayniqsa, saroy she’riyati, qasidanavislik, ya’ni
shaxsga madhiya o‘qib, ko‘klarga ko‘tarib maqtash keng avj olgan edi. Qasidanavislikdan asosiy
maqsad, uning mohiyati maqtov kimning shaxsiga qaratilgan bo‘lsa, o‘sha kishini shaxsni
ulug‘lashtirish bo‘lgan. Rudakiy esa ma’lumotlarga qaraganda, qasida to‘qishga usta bo‘lgan.
Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, uning Somoniylar saroyiga taklif qiladilar. U davrda hokimiyat
tepasida Nasr ibn Ahmad turardi.Shu davrdan boshlab, uning hayotida saroy davri boshlanadi.
Saroy hayoti o‘zining o‘ta murakkabligi bilan ajralib turgan, fisqu-fasodlarga to‘la bo‘lgan.
Rudakiy qarigan vaqtida saroydan quviladi va qolgan umrini o‘zining ona qishlog‘ida faqirlikda
o‘tkazadi. Saroydan quvilayotgan paytda uning ko‘ziga mil tortib, ko‘r qilinadi.
Rudakiy fors-tojik she’riyatining asoschilaridan biri hisoblanadi. XI asr shoiri
Rashidiyning aytishicha, Rudakiyning bir million uch yuz ming bayt she’ri borligi hisoblab
chiqilgan. Ammo bizgacha ming bayt, ikki qismda ellik ruboiy, she’rlar, doston va boshqalar yetib
kelgan, xolos. Bu asarlarda shoir do‘stlik, muhabbat, yaxshilik qilish, birovning dilini og‘ritmaslik
kabi ulug‘ insoniy fazilatlarni ulug‘laydi. Doimo ezgulik qilishga chorlaydi.
Rudakiyning she’riyati hayot lazzati, hayotning o‘zi ustod ekanligi, undan ko‘p narsalarni
bilib, o‘rganib olish mumkinligini ta’kidlaydi va shunday qilish lozim ekanligini uqtirishga harakat
qiladi. Hayot ta’limi butunlay boshqacha ta’lim ekanligini, uni ba’zida shirin, ba’zida achchiq
ekanligini ko‘rsatadi. Bunday ta’limni hech bir o‘qituvchi bera olmasligini uqtiradi.
Har bir kishi olmasa hayotdan ta’lim,
Unga o‘rgata olmas hech bir muallim.
Bizgacha Rudakiy qalamiga mansub “Kalila va Dimna”, “Davroni oftob”, “Sindnoma”
kabi poemalardan parchalar yetib kelgan. Rudakiyning asarlari haqida gap yuritar ekanmiz, uning
tili sodda, keng xalq ommasiga juda ham tushunarli bo‘lganligini ko‘ramiz. Shuning uchun ham u
keng xalq ommasi orqali shuhrat topgan. Uning asarlari hozirgi o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |