Y= f( L,K), funktsiyaning kengaytirilgan ko`rinishi quyidagicha:
Y= (ΔY/ Δ L) L + (ΔY/ ΔK)K , bu erda: ΔY/ Δ L- mehnatning chekli mahsuloti (MPL); ΔY/ ΔK- kapitalning chekli mahsuloti (MPK). Solou modeliga ko`ra yalpi ishlab chiqarish hajmi mehnat unumdorligini -bitta ishchiga to`g’ri keladigan mahsulot ishlab chiqarish hajmini (y=Y/L) o`stirish hisobiga ta`minlanishi mumkin.
Ayni paytda mehnat unumdorligi kapital bilan qurollanganlik darajasining k= K/L) funktsiyasi, ya`ni
Bu erda
Kapital (fond) bilan qurollanganlik darajasining o`sishi esa jamg’arish normasiga bog’liq.
Bundan quyidagi xulosa kelib chiqadi: aholining o`sishi – iqtisodiyotning barqarorlik holati sharoitidagi uzluksiz iqtisodiy o`sishning sabablaridan biri.
Biroq agar aholining o`sishi investitsiyaning oshishi bilan birga bormasa, unda bu bir ishchiga tug’ri keladigan kapital zahirasining kamayishiga olib keladi.Aholining n dan n1 ga o`sishi (d+n)k chizig’ini yuqoriga (d+n1)k holatiga siljitadi. Bu esa kapital bilan qurollanganlikni k* dan k1* gacha qisqartiradi. SHunday qilib, R.Solou modeli aholi o`sishining yuqori sur`atlarga ega bo`lgan davlatlarda kapital bilan qurollanganlik past – demakki, daromadlar ham past bo`lishini tushuntirib beradi.
R.Soluning fikriga ko`ra , barqaror muvozanat sharoitida kapital, mehnat va milliy daromad darajasi bir xil, aholi soni o`sishiga teng sur`atda o`sib boradi. Aholi sonining tez o`sishi iqtisodiyotning o`sish sur`atlari jadallashishiga ta`sir etadi, ammo barqaror muvozanat holatida aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarish kamayadi. O`z navbatida, jamg’arish normasining oshirilishi aholi jon boshiga to`g’ri keladigan daromad miqdorini oshiradi va kapital bilan qurollanganlik koeffitsentini ko`tarilishiga olib keladi, lekin barqaror holatdagi o`sish sur`atiga ta`sir ko`rsatmaydi. SHu sababli barqaror holatdagi iqtisodiy o`sishning yagona sharti texnik taraqqiyotning o`sish sur`ati hisoblanadi.
Bu yo`nalish vakillari (amerikalik iqtisodchi R. Solou va ingliz iqtisodchisi J.Mid hamda boshqalar), bozor raqobati sharoitida yirik firmalarga o`z resurslaridan potentsial o`sishga erishish maqsadi to`laroq foydalanish imkonini berish uchun, iqtisodiyotga davlat aralashuvini qat`iy cheklash lozim degan fikrni olg’a surishdi.
Ular yaratgan modellarning metodologik asoslari bo`lib, shuningdek, mehnat, kapital va yerni ijtimoiy mahsulotni yaratishning mustaqil omillari deb qarovchi ishlab chiqarish omillarining klassik nazariyasi xizmat qildi.
Neoklassik modellarning navbatdagi metodologik asosi bo`lib chekli (chegaralangan) unumdorlik nazariyasi hisoblanadi. Ushbu nazariyaga ko`ra ishlab chiqarish omillari egalari oladigan daromad, bu omillarning chekli mahsulotlari (omillarning qo`shimcha birligi hisobiga yaratilgan qo`shimcha mahsulot) bilan belgilanadi.
Neoklassik maktab nazariyotchilari iqtisodiy o`sishning neokeynscha nazariyalarini uch jihat bo`yicha tanqid qildilar:
- birinchidan, ular e`tiborni faqat iqtisodiy o`sishning bir omiliga-kapital jamg’arishga (investitsiyalarnining qo`shimcha o`sishiga) qaratishdi. Boshqa omillar (ayniqsa texnik taraqqiyot bilan bog’liq bo`lgan holatlar, ya`ni ishchi kuchining ma`lumot darajasi va malakasining o`sishi, ishlab chiqarishni tashkil etishning yaxshilanishi hamda boshqalar) ular e`tiboridan chetda qoldi. Neoklassiklar bo`sh turgan ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish uchun yangi ishchi kuchini jalb qilish hisobiga ham ishlab chiqarishning qo`shimcha o`sishini ta`minlash mumkin deb hisobladilar;
- ikkinchidan, neokeynschilar ishlab chiqarishning kapital talabchanligi koeffitsenti-s (s=I/ΔY)ni o`zgarmas deb qaradilar. Neoklassik modellar esa ikki ishlab chiqarish omilini (kapital va mehnatni) hisobga olgan holda va ularning o`zaro bir-birini almashtirishini (substitut ekanligini) ko`zda tutib bu koeffitsent o`zgarishi mumkinligini nazarda tutadilar. Bundan esa, ishlab chiqarishning berilgan texnik qurollanishi darajasida, belgilangan ishlab chiqarish hajmiga resurslarning turli kombinatsiyalarini qo`llab erishish mumkin degan xulosa chiqadi;
- uchinchidan, neokeynschilar bozor mexanizmining muvozanatni avtomatik tiklash qobiliyatini etarlicha baholamadilar. Neokeynschilardan farqli ravishda, neoklassiklar faqatgina raqobatga asoslangan bozor tizimigina iqtisodiy o`sishning balanslashganligini ta`minlashi mumkin deb hisobladilar. Ular iqtisodiy o`sishning balanslashganligini ta`minlash raqobat mexanizmidan tashqari barqaror pul tizimiga ham bog’liq, raqobat mexanizmi va barqaror pul tizimi bozor muvozanatini avtomatik tiklaydi deb hisoblashdilar. SHu sababli ular, davlatning iqtisodiyotga aralashuviga barqarorlikni buzuvchi omil sifatida qarab, inflyatsion davlat xarajatlariga qarshi chiqdilar.
Neoklassik modellar barcha iqtisodiy jarayonlarning aniq holatini qamrash xususiyatiga egadir.