[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.11.00 Oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura)]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish, oliy ta’lim muassasalarini ilg‘or jahon tajribalari asosida yaratiladigan yangi avlod darslik, o‘quv qo‘llanmalari hamda davriy nashrlar bilan tizimli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;
xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom 2-ilovaga muvofiq;
oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash hamda darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini yangilab borish tartibi to‘g‘risida nizom 3-ilovaga muvofiq;
oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun o‘quv adabiyotlarini yaratishga qo‘yilgan talablar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
oliy ta’lim tizimini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash mavjud bo‘lgan zarur o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yangilarini yaratish va belgilangan tartibda nashr qilish (foydalanilayotgan adabiyotlarni qayta nashr qilish) hamda oliy ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlariga joylashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi;
o‘quv adabiyotlarini xarid qilish hamda yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish aniq hisob-kitoblarga asosan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutiladigan Davlat budjeti mablag‘lari
doirasida amalga oshiriladi;
o‘quv adabiyotlarini xarid qilish, yaratish va nashr qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari hamda homiylar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga:
ushbu qarorga muvofiq tegishli buyruq va boshqa ichki hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash;
oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarini markazlashgan holda nashr qilish jarayonining belgilangan tartibda amalga oshirilishini tizimli ta’minlash vazifasi yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga:
oliy ta’lim muassasalari o‘z ixtisosligiga muvofiq yetakchi xorijiy va mahalliy davriy nashrlarni (jurnallarni) xarid qilishi va ularga obuna bo‘lishi jarayonini tizimli muvofiqlashtirish;
oliy ta’lim muassasalari ushbu qarorga to‘liq amal qilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish va bu borada talabchanlikni oshirish vazifasi yuklansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.
ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-oktabr,
816-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-oktabrdagi 816-son qaroriga
1-ILOVA
Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni xarid qilish tartibi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob.Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish
va foydalanish tartibi
3. Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalariga kiritilgan fanlar bo‘yicha quyidagi tartibda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
tayanch oliy ta’lim muassasasida xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha rektor boshchiligida komissiya tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlar, tegishli fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, axborot-resurs markazi rahbari, oliy ta’lim muassasasining mahalliy va xorijiy hamkor tashkilotlarining vakillari hamda turdosh oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari kiritiladi;
komissiya tomonidan muayyan ta’lim yo‘nalishi yoki mutaxassislik o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar bo‘yicha o‘n kun muddatda professor-o‘qituvchilar tarkibidan mutaxassislar
guruhlari belgilanadi;
bir oy muddatda mutaxassislar guruhlari mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda tegishli o‘quv faniga oid zamonaviy, ilg‘or nazariy va amaliy bilim, uslubiyot, ma’lumot, ilmiy va texnologik yangiliklarni o‘z ichiga olgan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni izlab topadi va aniqlaydi;
fanlar bo‘yicha mutaxassislar guruhlari aniqlagan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar o‘n besh kun muddatda komissiya tomonidan jamlanadi, umumiy ro‘yxatga kiritiladi va belgilangan talablarga
javob berishi tahlil qilinadi,zarur hollarda umumiy ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritiladi va rektor tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markaziga (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi)belgilangan tartibda taqdim etiladi;
Markaz tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan kiritilgan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatlarini ikki oy muddatda umumlashtiradi, umumlashtirilgan ro‘yxatda bilim va ta’lim sohalari, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining fanlari bo‘yicha takrorlanadigan xorijiy adabiyotlarni aniqlaydi, takrorlanishlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda bartaraf qiladi, bir xil fanlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari tomonidan ro‘yxatga kiritilgan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda optimallashtiradi va yakuniy umumlashtirilgan ro‘yxatni hamda tayanch oliy ta’lim muassasalaridan Markazga taqdim etilgan ro‘yxatlarni belgilangan tartibda
Vazirlikka taqdim etadi;
Vazirlik, Markaz tomonidan taqdim etilgan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarning umumlashtirilgan ro‘yxatini ikki oy muddatda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
4. Tayanch oliy ta’lim muassasalarida xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarning umumiy ro‘yxatini shakllantirishda unga faqat chet eldan markazlashgan holda xarid qilish zarur bo‘lgan o‘quv va ilmiy adabiyotlar kiritilishini, internet va boshqa yo‘llar orqali oliy ta’lim muassasasi tomonidan xarid qilinadigan, chet eldan yakka tartibda olib kelinadigan,homiy va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar umumiy ro‘yxatga kiritilmasligini tayanch oliy ta’lim muassasasining komissiyasi nazorat qiladi va bunga mas’ul hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlangan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilinadi.
6. Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish jarayonida ular tijorat maqsadlarida ishlatilmasligi, ulardan faqat bakalavriat va magistraturaning o‘quv jarayonida foydalanilishi, shuning uchun ularning
elektron nusxalarini yaratish, ularni o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarga qisman yoki to‘liq tarjima qilish, elektron nusxada ko‘paytirish, ular asosida milliy o‘quv adabiyotlarini yaratish va nashr qilish tadbirlari to‘lovsiz amalga oshirilishi xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish shartnomasi shartlarida alohida belgilanishiga e’tibor qaratiladi.
7. Markazlashgan tartibda xarid qilinib olib kelingan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar belgilangan tartibda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga joylashtiriladi.
8. Markazlashgan tartibda xarid qilingan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlardan foydalanish uchun oliy ta’lim muassasalari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga murojaat qiladilar.
9. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga markazlashgan tartibda keltirilgan xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlardan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish shartnomasi shartlaridan kelib chiqib, ulardan foydalanish (tarjima qilish, elektron nusxalarini ko‘chirish, ko‘paytirish, xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar asosida milliy o‘quv adabiyotlarni yaratish) tartibini belgilaydi.
10. Oliy ta’lim muassasasining rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan belgilangan me’yorlar va berilgan ko‘rsatmalarga to‘liq amal qilgan holda xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlardan belgilangan tartibda foydalanadi.
3-bob.Yakunlovchi qoida
11. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni xarid qilish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni xarid qilish tartibining
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-oktabrdagi 816-son qaroriga
2-ILOVA
Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibini belgilaydi.
2. Oliy ta’lim muassasalarida xorijdan keltirilgan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima qilish, tahrir qilish va ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lashda quyidagi mablag‘lardan foydalanish nazarda tutiladi:
oliy ta’lim muassasasining budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari;
homiylik xayriyalari, grantlar, jumladan xalqaro grantlari;
qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa mablag‘lar.
2-bob. Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lashni
tashkil etish
3. Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida har bir fan bo‘yicha professor-o‘qituvchilar tarkibidan hamda jalb etilgan mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruhlar deb ataladi) tashkil etiladi.
4. Ishchi guruhlar tarkibiga kiritiladigan mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Ishchi guruhlar a’zolari xizmatiga haq to‘lash tariflarini me’yorlashtirish xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarning mualliflik bosma tabog‘i hajmiga muvofiq, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan koeffitsiyentlarda tarjima qilish, tahrir qilish, ekspertizadan o‘tkazish jarayonlari uchun alohida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
6. Ishchi guruh tomonidan bajariladigan xizmatlarga haq to‘lash ishchi guruh a’zolari bilan tuziladigan fuqarolik huquqiy tusdagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
7. Ishchi guruh a’zolari xizmatiga haq to‘lash masalalari bo‘yicha nizolar qonun hujjatlari asosida hal etiladi.
8. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan mutaxassis va professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tarjima va tahrir qilish hamda ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradigan ishchi guruh a’zolariga qo‘yiladigan
TALABLAR