Xufyona iqtisodiyot
Reja:
1. Qonunga bo`ysunish bahosi
2. Xufyona iqtisodiyot tarkibi
3. Xufyona iqtisodiyot faoliyatining oqibatlari
1. Qonunga bo`ysunish bahosi
Oshkora (qonuniy ravishda) qayd etilgan huquqlarga ega bo`lgan almashuvning yuqori darajadagi transaksiya xarajatlari hamma vaqt ham eng samarali mulkdorlarga mulkchilikning zarur huquqlariga egalik qilish imkonini bermaydi. Bu hol almashuv umuman sodir bo`lmayotganligini va iqtisodiy agentlar mulkchilik tarkibi nooptimalligicha qolishiga rozi bo`lganligini anglatmaydi. Aksincha, iqtisodiy agentlarning muqobil qarorni qidirishi mulkchilik huquqlarini tafsirlashga va ular bilan xufyona, ya’ni davlatning ishtirokisiz almashishni tashkil qilishga urinishi ko`rinishida amalga oshiriladi.
Xufyonalik – shaxslarning kundalik faoliyatni tashkil qilishda yozilgan huquq (qonun) me’yorlaridan foydalanishdan bosh tortish va yozilmagan huquqqa, ya’ni an’analar va urf-odatlarda qayd etilgan me’yorlarga va mulkchilik huquqlarini almashish va himoyalash yuzasidan kelib chiqqan nizolarni hal etishning huquq doirasidan chetga chiquvchi mexanizmlariga murojaat etishdan iborat. Mulkchilik huquqlarini dastlabki tafsirlash jarayonida davlat uni eng samarali mulkdorlarga bera olmaydigan, huquqlar bilan almashish esa yuqori transaksiya xarajatlari tufayli mumkin bo`lmagan, taqiqlanadigan darajadagi tang vaziyatdan chiqish yo`li huddi shu tariqa topiladi.
Mulkchilik huquqlarining oshkora va xufyona tizimlari amalga oshirilishiga ko`plab misollar mavjud. Buyruqbozlik iqtisodiyotida, qonunda mustahkamlangan «mulkchilikning umumxalq xususiyati»ga qaramasdan, asosiy huquqlar ham partiyaviy, ham ma’muriy (vazirliklar, yuqori tashkilotlar) byurokratiya qo`lida edi. Tegishlicha savdolar va bitimlar shaklini hosil qilgan nizolarni hal etishning muqobil mexanizmlari ham mavjud edi, bunda almashuv predmeti sifatida nafaqat tovarlar va xizmatlar, balki «jamiyatdagi mavqe, hokimiyat va bo`ysunish, qonunlar va ularni buzish huquqi» va hatto ishlab chiqarish davlat rejalari ham ishtirok etgan.
Perulik olim Ernando de Soto tadqiqotlarida Lotin Amerikasi mamlakatlari misolida xufyona iqtisodiyot masalalari jiddiy tahlil etilgan. Ularda davlat sud-huquq tizimi va u himoya qiladigan mulkchilik huquqlari almashuvlarning faqat kichik bir qismi mexanizmini shakllantiradi. Ularda – chakana savdo, jamoat transporti, qurilish va kabi iqtisodiyotning bir qator sektorlar faoliyati mulkchilik huquqlarining xufyona tizimiga asoslanadi. Masalan, Peru poytaxti Lima shahrida yangi ko`p qavatli turar joy binosini qurish meriyada ruxsat olishdan emas, balki birinchilik tamoyili bo`yicha qurilish uchun uchastkani egallab olishdan boshlanadi. Shu tariqa mulkchilik huquqlarining o`rnatilishi xufyona qayd etilgan mulkchilik huquqi unvoni bilan emas, balki ijtimoiy sanksiyalar va oddiy huquq bilan himoyalanadi.
Iqtisodiy faoliyatni xufyona amalga oshirish birinchi navbatda qonun doirasidagi harakat bilan ya’ni, yuqori transaksiya xarajatlari bilan bog`liq. Transaksiya xarajatlarining tasnifiga asoslangan holda, ta’kidlash lozimki, bunda asosan shartnomani tuzishdagi yuqori xarajatlar, mulkchilik huquqlarini tafsirlash va himoyalash xarajatlari va uchinchi shaxslardan himoyalash xarajatlari nazarda tutiladi. De Soto ushbu xarajatlarni «qonunga bo`ysunish narxi» deya ta’riflaydi. U quyidagilarni o`z ichiga oladi:
- qonundan foydalanish xarajatlari (yuridik shaxsni ro`yxatga olish, litsenziya olish, bankda hisobvaraqlar ochish, yuridik manzilga ega bo`lish va boshqa rasmiyatchiliklarni bajarish xarajatlari);
- qonun doirasida faoliyatni davom ettirish zarurati bilan bog`liq xarajatlar (soliqlarni to`lash; mehnat munosabatlari sohasida qonun talablarini bajarish (ish kunining uzunligi, eng kam ish haqi, ijtimoiy kafolatlar); oshkora sud tizimi doirasida nizolarni hal etishda sud xarajatlarini to`lash).
Ta’kidlash joizki, qonunga bo`ysunish narxi nafaqat to`g`ridan-to`g`ri xarajatlarni, balki u yoki bu tadbirlarni bajarish uchun vaqt sarflarini ham o`z ichiga oladi. Bunda uning aynan ushbu tarkibiy qismi qator holatlarda juda katta bo`ladi. Masalan, Lima shahrida uy-joyni qurish uchun ruxsat olish tadbiri taxminan 4 yilu 1 oy, mayda ulgurji bozorini tashkil qilish uchun ruxsat olish 17 yil, kichik do`konni ochish uchun ruxsat olish 43 kun vaqtni olgan. «Uchinchi dunyo» ayrim mamlakatlarida yuridik shaxsni ro`yxatga olish uchun talab etiladigan xarajatlar 6.1-jadvalda keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |