zaruriy litsenziya – mamlakat mudofaasi va milliy xavfsizligi manfaatlarida intellektual mulk ob’ektidan foydalanish uchun hukumat qarori bo‘yicha mulk egasining roziligisiz beriladigan ruxsatnoma. O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha bunday qarorni Vazirlar Mahkamasi qabul qilishi mumkin, bunda patent egasiga tegishli tovon to‘lash ko‘zda tutilgan;
sublitsenziya – litsenziar va litsenziat o‘rtasidagi asosiy litsenziya shartnomasida kelishilgan shartlarda va litsenziarning roziligi bilan litsenziat tomonidan uchinchi shaxslarga taqdim etiladigan intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanish uchun litsenziya.
Taqdim etilayotgan huquqlar hajmiga qarab litsenziya bitimlari quyidagilarga bo‘linadi:
litsenziar litsenziatga belgilangan shartlarda va hududlarda hamda kelishilgan muddat davomida litsenziya predmetidan foydalanish huquqini beradigan nomutlaq (oddiy) litsenziya, bunda bir vaqtning o‘zida bu litsenziya predmetidan foydalanish hamda unga boshqa shaxslar uchun litsenziya taqdim etish huquqi litsenziarda saqlanib qoladi;
shartnomada kelishilgan doirada litsenziatga intellektual mulk ob’ekti uchun mutlaq huquq taqdim etadigan mutlaq litsenziya, bunda uning litsenziatga berilmaydigan qismidan foydalanish huquqi litsenziar tomonida saqlanib qolinadi;
faqat sanoat mulki ob’ektlariga taqdim etiladigan hamda litsenziatga hududiy cheklashlarsiz va patent amal qilishining barcha muddatida undan foydalanish uchun barcha huquqlarni beradigan to‘liq litsenziya.
Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish usuli bo‘yicha litsenziya bitimlari patentli va patentsiz litsenziya bitimlariga bo‘linadi. Patentlar va guvohnomalar bilan muhofazalangan ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob’ektlaridan foydalanish huquqlarining berilishini ko‘zda tutuvchi shartnomalar patentli litsenziya bitimlariga kiradi. “Nou-xau”, ishlab chiqarish sirlari, texnik, tijorat va ishlab chiqarish-iqtisodiy bilimlar va tajriba uchun huquqlarning berilishi bo‘yicha litsenziya bitimlarini patentsiz litsenziya bitimlari deyiladi.
Litsenziya bitimlari sub’ektlarining maqomi va munosabati bo‘yicha huquqiy va moliyaviy jihatdan bir-biridan mustaqil firmalar tomonidan imzolanadigan shartnomalar (firmalararo litsenziya bitimlari) va transmilliy korporatsiyalar (TMK) doirasida ularning bir-biriga bog‘liq kompaniyalari tomonidan imzolanadigan shartnomalar (firmalar ichidagi litsenziya bitimlari) farqlanadi.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, ko‘rsatilgan tasniflash shartli xarakterga ega va shuning uchun u yoki bu turga kiritilgan litsenziya shartnomasi tasniflashda ko‘rsatilgan boshqa belgilar nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqilishi kerak. Bunday tasniflashning asosiy maqsadi intellektual mulk ob’ektlarini bozorda sotishda muayyan tijorat manfaatlariga javob beradigan litsenziya bitimlarini aniqroq ishlab chiqish hisoblanadi. Chunonchi, amaliyotda litsenziya bitimlari boshqa tasnif belgilarini tahlil qilgan va hisobga olgan holda litsenziya predmetiga ko‘ra namunaviy shartnoma asosida ishlab chiqiladi.
Shunday qilib, intellektual mulk sohasidagi litsenziya bitimlari texnologik almashuv, tovar oboroti va davlatlar taraqqiyotini raqobatlantirib, zamonaviy xalqaro iqtisodiy munosabatlarda muhim ro‘l o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |