Mustaqillikka erishishi
Oʻzbekiston SSRda qilingan qatagʻon va yovuzliklar xalq ommasini sovet rejimiga nisbatan nafratini oshirdi, tuzumga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda respublikada mustaqillik uchun kurash kuchaydi. 1990-yil 20-iyunda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti „Mustaqillik deklaratsiyasi“ni qabul qildi. 1991-yil 31-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qilish toʻgʻrisida“ qonun qabul qilinib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishdi.
Maʼmuriy boʻlinishi
Oʻzbekiston SSR maʼmuriy jihatdan 1925-yilda dastlab 8 ta viloyat (Samarqand, Toshkent, Fargʻona, Xoʻjand, Zarafshon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm) va Tojikiston ASSR (1929-yilgacha Oʻzbekiston SSR tarkibida boʻlgan), 22 uyezd va 241 volostga boʻlingan. 1926-yilda maʼmuriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilgan.
1987-yilda Oʻzbekiston SSR tarkibiga Qoraqalpogʻiston ASSR (1936-yildan u Oʻzbekiston SSR tarkibida boʻlgan), 12 ta oblast (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm, Qashqadaryo), 155 rayon, 123 shahar, 95 ta posyolka hamda Toshkent shahri kirgan.
Oʻzbekiston SSR poytaxti 1925-yil fevraldan to may oyigacha Buxoro shahri boʻlgan. 1925-yil maydan to 1930-yil dekabrgacha Samarqand shahri poytaxt boʻlgan. 1930-yil oxiridan poytaxt Toshkentga koʻchgan.
___________
1„Oʻzbekiston tarixi“ (1917-1991-yil), Toshkent, 2002;
Oʻzbekiston SSR siyosiy hayotida Oʻzkompartiya (1925-yil fevralda Buxoroda tuzilgan) yetakchi rol oʻynagan. OʻzSSR da hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi – OʻzSSR Oliy Soveti (1937-yildan) hamda ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organi – OʻzSSR Ministrlar Soveti (1946-yildan) hisoblangan. Davlat hokimiyatining mahalliy organlari – 2,5 yilga saylanadigan xalq deputatlarining oblast, rayon, shahar, posyolka, qishloq va ovul sovetlari boʻlgan. Biroq amalda hokimiyat Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (KPSS)ning respublikadagi boʻlimi – Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi va markaz gumashtalari qoʻlida boʻlgan. OʻzKP(b) eʼtiborini sovet hokimiyatini mustahkamlashga, bosmachilik va mahalliy mulkdorlarga qarshi kurashga, sotsialistik industrlashtirishni amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligini kollektivlashtirishga, madaniy inqilobni oʻtkazishga qaratgan.
Oʻzbekiston SSR tashkil qilinganidan soʻng respublika davlat boshqaruvi organlari Ittifoq organlari tartibida va ulardan andoza olingan holda tuzilgan. Bu ittifoqdosh respublikalarning markazdan turib boshqarishning eng oson va oddiy, shu bilan birga mustahkam shakli edi.
Mehnat ahlining eng ommaviy tashkiloti – kasaba uyushmalari ham partiya qoʻmitalariga toʻla-toʻkis qaram boʻlib qolgan. Mustabid tuzum yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalashga muntazam eʼtibor qaratgan. Bu ishlar bilan Butunittifoq leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (VLKSM) ning Oʻzbekistondagi organi – Oʻzbekiston leninchi kommunistik yoshlar soyuzi (OʻzLKSM) shugʻullangan.
___________
1Shamsutdinov R., „Qishloq fojeasi: jamoalashtirish, quloqlashtirish, surgun“, Toshkent, 2003.
Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasida Oʻzbekiston SSR Sovet Ittifoqi tarkibidagi teng huquqli suveren respublika sifatida oʻz hududida davlat hokimiyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi, chet davlatlar bilan aloqa bogʻlash, ular bilan shartnomalar tuzish hamda diplomatik va konsullik vakillari ayirboshlash, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega deb belgilab qoʻyilgan boʻlsa ham, amalda Oʻzbekistonning huquqi Rossiya SFSR tarkibidagi oblastlar yoki avtonom respublikalar huquqi bilan tenglashtirilib qoʻyilgan edi. Yuqori lavozimdagi kadrlarni tayinlash yoki olib tashlash markazdan turib hal qilinar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |