-80-
Amir Temur farmoyishi bilan Samarqandda yurtimiz tarixi, etnografiyasi,
jug‘rofiyasi kabi fanning turli sohalarini qamrab olgan kutubxona tashkil etilgan.
Kutubxonani ko‘rish uchun taklif etilgan Amir Temurga, kutubxonani boshqaradigan
kitobdorni tavsiya qilishni so‘raganlarida, uzoq o‘ylab turmasdan bunday kitobsevar
insonni Buxorodan topish mumkinligini aytganliklari ham Amir Temurning Buxoro
va Buxoroliklarni kitobsevar insonlar sifatida ulug‘laganlarining yorqin dalilidir.
Amir Temur o‘z saroyining kutubxonasiga kitobdor sifatida Mavlono Orif Buxoriyni
tayinlagan va unga qat’iy ishonch bildirgan.
Hazrat Sohibqiron bir kuni kechqurun kitobdor mavlono Orif Buxoriyni
chaqirtirib qoladi. Kitobdor Sohibqiron bekorga yo‘qlatmasligini bilardi. Ona yurti
Buxoro farzandlarining kitob o‘qishni sevishi va kitobxonlikka ishtiyoqmandligini
yaxshi bilgan Amir Temur kutubxonadan vaqti-vaqti bilan ayrim kitoblarni so‘rab
olar va ulardagi ma’lumotlar haqida fikr-mulohazalarini bildirib turar edi. Amir
Temur kutubxonasining kitobdori Mavlono Orif Buxoriy: “Bironta kitob kerak bo‘lib
qolgandirki, yo‘qlatganlar”, – deb o‘ylab va Sohibqironning ko‘proq tarix kitoblariga
qiziqishini inobatga olib, tarix kitoblaridan olib borishga qaror qiladi va Amir Temur
huzuriga Juzjoniyning “Tabaqoti Nosiriy” (“Nosir turkumlari”), Rashiddindning
“Jomi’ ut-tavorix” (“Tarixlar to‘plami”), shuningdek, “Tarixi Tabariy tarjimasi” va
“Majmu’ al-ansob” asarlarini o‘zi bilan birga olib boradi.
Amir Temur kitobdor olib kelgan kitoblarning u yer, bu yeridan varaqlab
ko‘rib, hammasini chetga surib qo‘yadi. Hazrat Sohibqiron so‘ngra kitobdorga qarata:
“Men bu kitoblarni bilamen”, – deydilar. Kitobdor dast o‘rnidan turdi va ta’zim
qilgancha xonadan chiqib, ancha vaqtdan keyin u katta bir kitobni qo‘ltiqlaganicha
xalloslab xonaga kirib keladi va ta’zim qilib kitobni Sohibqiron oldiga qo‘yadi.
Amir Temur kitobni boshdan varaqlab, to‘rtinchi sahifasidan uning nomini
topadi va kitobdorga qarata: “Ha, men izlagan kitob shu, mavlono, “Tarixi
Jahonkushoy”. Temurni qiziqtirgan bu kitobning muallifi Alouddin Otamalik
Juvayniy edi. Hazrat Sohibqiron kitoblarni varaqlar ekan, xiyol bosh chayqab
-81-
qo‘yadi. Negaki, kitoblar bir oz nam tortgan edi. Bundan ma’lum bo‘ladiki,
Ko‘ksaroyda kutubxona uchun ajratilgan xonalar zaxlik qilib qolgan.
Kitobdor Amir Temurni Ko‘ksaroydagi kutubxonaning umumiy ahvoli
qiziqtirayotganini anglab “Xonalar zaxlab qolgan, a’lo hazrat. Umuman kitob uchun
devorlari marmar bilan qoplangan xonalar to‘g‘ri kelmas erkan, nazarimda. Archa
daraxtidan yasalgan sanduqlar ham yetishmaydur”, – dedi.
Hazrat Sohibqiron shu vaqtning o‘zida vaziri a’zamni chaqirtirib, kutubxona va
kitoblar xususida unga qator topshiriqlar berdi. Amir Temur so‘ngra kitobdorga
qarata “Siz mavlono kutubxona to‘g‘risida ne fikr bo‘lsa, tortinmay kelib ayting.
Kitob, taqsirim bebaho xazina. Yer qimirlab qasrlar qulab tushishi, azim shaharlar bir
zumda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin, nahrlar izdan chiqib qurib qolish hollari ham
bo‘lg‘on, xazinani qaroqchi olib ketib, davlat bir fulussiz qolishi ham mumkin. Alarni
vaqti bilan tiklab olsa bo‘lur. Ammo kitob yo‘q bo‘lib ketsa, uni hech qachon tiklab
bo‘lmaydur. Biz kutubxona xususida yana bafurja o‘ylab ko‘rurmiz”, – deya
ta’kidlaydi. Naqadar oltin fikrlar aytilganidan kitobdor ham mamnun edi. Kitobdor
o‘z faoliyatida Amir Temurning bu ko‘rsatmalariga amal qildi.
Yana bir muhim jihati shundaki, Buxoroning muqaddas tuprog‘iga, uning
buyuk allomalariga hurmat va ehtirom tuyg‘usini Sohibqiron farzandlariga ham
singdirgan. Amir Temurning o‘g‘li Jahongir Mirzo Xonzodabegim nomi bilan
mashhur bo‘lgan Suyunchbekani o‘z nikohiga olish uchun Xorazmdan Samarqandga
olib kelayotganida Buxoroyi Sharifga tushib, Chashmai Ayubning muqaddas suvidan
ichish, undan keyin yo‘lni davom etib, Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida
bo‘lib, olim, hadis ilmining sultoni Imom Ismoil al-Buxoriyning muborak mozorini
tavof etish maslahatini aynan padari buzrukvoridan olgan edi [7.19,20].
Xulosa qilib aytganda, o‘z tarixida ko‘plab jangu-jadallarni ko‘rgan ko‘hna
Buxoro Amir Temur davriga kelib uning yagona, markazlashgan saltanatida tinch va
osoyishta hayot kechirdi. Amir Temur davrida ona yurti qadimiy Buxoro shahri
somoniylardan so‘ng o‘zining ikkinchi yuksalish pallasiga kirdi. Bunda Amir
Temurning ona yurtiga bo‘lgan mehri, ona yurtini nihoyatda sevishi va ulug‘lashi
-82-
muhim omil bo‘ldi. Amir Temurning ona yurti Buxoroda olib borgan obodonchilik,
bunyodkorlik ishlari hozirgi yoshlar uchun namuna maktabi bo‘lib xizmat qiladi va
ularni yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |