3. Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi. 1991 yilning aprel oyiga kelib, Markaz о‘zining ta’sir doirasini saqlab qolish maqsadida mustaqil davlatlar ittifoqini tuzishga intildi. 1991 yil aprelda Novo – Ogoryovoda SSSR Prezidenti M.S. Gorbachevning 9 respublika rahbarlari bilan uchrashuvi bо‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan «Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va tanglikni bartaraf etishga doir kechiktirib bо‘lmaydigan choralar tо‘g‘risida»qо‘shma Bayonot imzolandi. Bu hujjat «9 + 1» (9 respublika + Markaz) degan nomni oldi. Uning mazmuni markazning yon berganini, Kiyevda bildirilgan fikr – mulohazalarga rozi bо‘lganini kо‘rsatadi.
1991 yil 3 iyunda Novo – Ogoryovoda SSSR Oliy Soveti vakillari bilan Respublika rahbarlari о‘rtasida uchrashuv bо‘ldi. Uchrashuvda Mustaqil davlatlar ittifoqi (MDI) tuzish masalasi muhokama qilindi. Mulk, til va yangi shartnomani tasdiqlash tartibi tо‘g‘risida keskin munozara bо‘ldi. Uchrashuvda ishtirokchilarning fikr – mulohazalari asosan inobatga olingan «Mustaqil davlatlar ittifoqi tо‘g‘risida shartnoma» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha barcha Respublikalar Oliy Sovetlariga muhokama uchun jо‘natildi.
Mazkur shartnoma loyihasi О‘zbekiston Oliy Sovetida 1991 yil 14 iyunda muhokama qilindi. Kengash Federatsiya tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzish tarafdori ekanligini bildirdi. Shu bilan birga u Respublikalar vakolatlarini yanada kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.
1991 yil iyul oyining oxirlarida Novo – Ogoryovoda yangi shartnoma loyihasini uzil – kesil tayorlash uchun Markaz vakillari va Respublika rahbarlarining uchrashuvi bо‘ldi. Markazni ham, Respublikalar rahbarlarini ham qanoatlantiradigan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi tо‘g‘risida shartnoma» loyihasi tayyorlandi. Ammo hamma rozi bо‘lgani holda «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi tо‘g‘risidagi shartnoma»ni imzolash 1991 yil 20 avgust kuniga qoldirildi. SSSR Prezidenti M.S. Gorbachev Foros (Qrim)ga dam olish uchun jо‘nab ketdi.
Biroq ittifoqning kompartiya va markaziy davlat apparatidagi bir necha nufuzli rahbarlar markazning yakka hokimligini cheklaydigan va kamida olti respublikani Ittifoqdan chetda qoldiradigan bu shartnomaga qо‘shila olmadi. Bu rahbarlar oliy hokimiyat mahkamalaridagi asosiy lavozimlarni egallab turar edi. Prezident M. Gorbachev dam olishga ketganidan foydalanib, ular 1991 yil 18 avgust kuni tayyorlangan va 19 avgustda matbuotda e’lon qilingan «Sovet rahbariyatining Bayonoti»da M.S. Gorbachevning salomatligi yomonlashdi, shu sababli uning SSSR Prezidenti vazifalarini ijro etish imkoniyati yо‘q, degan soxta axborot bilan chiqdilar. Bayonotda Prezident vakolatlari vitse – prezident G.I. Yanayevga о‘tkazilganligi e’lon qilindi. Aslida esa Prezident M.S. Gorbachyov sog‘ – salomat edi, ammo о‘zini himoya qila olmadi. Fitnachilar noqonuniy ravishda uni о‘z vazifasidan chetlashtirdi va mamlakatdan, xalqdan, dunyodan ajratib, barcha aloqa vositalarini uzib, 72 soat qamal qilib qо‘ygan edi. Fitnachilar tomonidan mamlakatni idora qilish uchun SSSRda Favqulodda holat davlat qо‘mitasi (GKCHP) tuzildi.
1991 yil 18 avgustda mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. Favqulodda holat davlat qо‘mitasi faoliyatiga qarshi B.N. Yelsin boshchilik qildi. Uning farmoni bilan 1991 yil 22 avgustda KPSS faoliyati tо‘xtatiladi, keyinchalik taqiqlab qо‘yiladi. Ammo KPSS Markaziy Qо‘mitasi joylardagi partiya qо‘mitalaridan tо‘ntarishni qо‘llab – quvvatlashni talab qildi. Moskva va boshqa bir necha yirik shahar kо‘chalariga qо‘shinlar, shu jumladan tanklar kiritildi, deyarli barcha markaziy gazetalar ta’qiqlab qо‘yildi, markaziy televideniyaning birinchi kanalidan boshqa barcha kanallari, deyarli barcha radiostansiyalar ishi tо‘xtatildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakat aholisining kо‘pchiligi Favqulodda holat davlat qо‘mitasidan yuz о‘girdi, armiya payt poylash pozitsiyasida turdi. 20 avgustdayoq qarshilik markaziga aylangan RSFSR Oliy Kengashi binosi atrofida barrikadalar paydo bо‘ldi, ularda о‘n minglab kishilar himoyada turdi. Harbiy bо‘linmalarning bir qismi mudofaachilar tarafiga о‘tdi. 21 avgustda fitnachilar mag‘lubiyatga uchradi, 22 avgustda esa Favqulodda holat davlat qо‘mitasi (GKCHP) a’zolari qamoqqa olindi. Shundan sо‘ng tо‘ntarishni qо‘llab – quvvatlagan KPSS rahbariyati bu partiyaning obrо‘sini uzil – kesil yerga urdi. Favqulodda holat davlat qо‘mitasining mag‘lubiyatidan sо‘ng mamlakatda kommunizmga qarshi ommaviy namoyishlar bо‘lib о‘tdi. KPSSning faoliyati tо‘xtatib qо‘yilgach, partiyaning qariyb 15 million a’zosidan birontasi bu qarorga qarshi norozilik bildirish uchun kо‘chaga chiqmadi. Bu, mazkur partiya 1991 yil yozidagi qiyofasida umri tugaganidan dalolat beruvchi ramziy holat edi.
Moskvada fojiali hodisalar rо‘y bergan paytda О‘zbekiston birinchi prezidenti I.A. Karimov rasmiy safar bilan Hindistonda edi. U 1991 yil 19 avgustda safardan qaytib keldi va shu kuni kechqurun Toshkent shahrining faollari bilan uchrashib, qat’iy tarzda О‘zbekiston nuqtai nazarini ma’lum qildi. Respublika rahbariyati Markazdan beriladigan qonunga xilof bо‘lgan har qanday kо‘rsatmalarni bajarishni man etdi. 20 avgustda О‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va О‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlari ishtirokida qо‘shma majlisi bо‘ldi. Unda fitna munosabati bilan vujudga kelgan vaziyat muhokama qilinib, О‘zbekistonning mustaqillikka erishish yо‘li о‘zgarmasligi haqida Bayonot qabul qilindi.
1991 yil 21 avgust kuni О‘zbekiston birinchi prezidenti I. Karimovning Farmoni bilan Favqulodda holat davlat qо‘mitasining О‘zbekiston Konstitusiyasi hamda qonunlariga zid keladigan qarorlari va farmonlari noqonuniy deb e’lon qilindi.
Islom Karimov Favqulodda holat Davlat Qо‘mitasi faoliyatiga о‘z munosabatini bildirmagan, qо‘rqoq va prinsipsiz mavqeda turgan KPSS Markaziy Qо‘mitasi Siyosiy Byurosi va Kotibiyati yuz minglab kommunistlarning sha’ni va qadr – qimmatini zarba ostiga qо‘yganini qoraladi. Buning ustiga respublika kommunistlarini chalg‘itishga va davlat tо‘ntarishini qо‘llab – quvvatlashga majbur qilishga urinish bо‘lganini oshkora aytdi. I. Karimov bundan buyon KPSS Markaziy Qо‘mitasi Siyosiy Byurosining tarkibida qola olmasligi tо‘g‘risida bayonot berdi. Mazkur bayonotni О‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qо‘mitasi byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosati ma’qulladi.
О‘zbekiston birinchi Prezidentining 1991 yil 25 avgustdagi Farmoniga binoan Respublika ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi qо‘mitasi qonuniy ravishda О‘zbekiston tasarrufiga olindi. Respublika hududida joylashgan SSSR ichki ishlar vazirligining ichki qо‘shinlari bevosita О‘zbekiston Prezidentiga bо‘ysundirildi. Respublika ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik qо‘mitasi, prokuraturasi, adliya organlari, ichki qо‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qо‘shilmalari partiyadan butunlay xoli qilindi.
Sobiq Ittifoqning rasmiy jihatdan tugatilishida 1991 yil 8 dekabrda Belorussiyaning Belaya Veja pushchasida Rossiya, Ukraina va Belorussiya rahbarlari tomonidan imzolangan о‘zaro bitim muhim ahamiyat kasb etdi. Bitimda 1922 yil 30 dekabrda tashkil topgan SSSR tugatilganligi va Mustaqil Davlatlar Hamdо‘stligi (MDH) tashkil etilganligini rasman e’lon qildilar. 1991 yil 25 dekabrda SSSR xalqaro huquq subyekti sifatida barham topdi va M.S. Gorbachev Bosh kotib va Prezident lavozimlaridan iste’foga chiqdi.