Ona tili o‘qitishda til hodisalarini ajratishga o‘rgatish tamoyili. Til hodisalarini ajratish maktab “Ona tili” o‘quv fanida qo‘llanadigan atamalarning ma`nosini tushunishdan tortib, o‘rganilayotgan til materiallarini kuzatish yoki o‘zaro qiyoslash asosida o‘xshash va farqli tomonlarini aniqlash, mustaqil ravishda umumlashmalar hosil qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Ma`lumki, har bir ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilar muayyan atamaga duch keladi. Masalan, “Fonetika” bo‘limi o‘rganilar ekan, tovush, harf, unli, undosh, jarangli tovush, bo‘g‘in, urg‘u kabi zaruriy atamalar bilan ish ko‘radi. Agar o‘quvchi bu atamalarning ma`nosini tushunmasa bo‘lim ular tomonidan o‘zlashtirilgan deb bo‘lmaydi.
Til hodisalarini ajrata olmaslik ko‘p hollarda ularni aralashtirib qo‘llashga sabab bo‘ladi. Masalan, o‘quvchilar barmoq, sarg‘ish, ishlash kabi so‘zlar tarkibidagi –moq, -ish, -sh qo‘shimchalariga qarab uni harakat nomi deb atashadi. Ayniqsa, kelishik bilan egalik, turlanish bilan tuslanish, morfologik tahlil bilan sintaktik tahlil kabilarda ularni farqlay olmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Buning uchun oldin o‘rganilgan atama bilan keyin o‘rganiladigan atama orasida mustahkam zanjir hosil qilinmog‘i lozim. Zero, bilimlar halqalardan tashkil topgan bir butun zanjirdir.
Til hodisalarini ajratish, ayniqsa, matn ustida ishlash jarayonida ko‘prok kerak bo‘ladi. Chunki o‘quvchi tanlangan matndan u yoki bu til hodisasini ajratishi, uning mohiyatini sharhlashi, shu asosda umumlashmalar hosil qilishi lozim.
Ona tili o‘qitishda mahalliy sheva sharoiti va ta`sirini nazarda tutish tamoyili. Ma`lumki, o‘zbek tili o‘zining sheva qatlami jihatidan xilma-xil va juda murakkabdir. O‘zbek milliy tili boshqa qardosh turkiy tillarga nisbatan juda sersheva hisoblanadi. Professor V.V.Reshetov tasnifiga ko‘ra, o‘zbek xalqi qatlamida tarixiy-lingvistik jihatadan bir-biridan ajraladigan (farq qiladigan) uch dialekt birligi bor 1) qipchoq; 2) o‘g‘iz; 3) qarluq –chigal –uyg‘ur.
Bu yirik dialektlarning hir biri, ayniqsa, qarluq, chigil, uyg‘ur lahjasi, o‘z navbatida, bir necha ayrim mayda bo‘laklarga bo‘linadi.
Dialektlar fonetik xususiyatlari jihatidan ota, ona, boradi kabi so‘zlarni ata, ana, baradi kabi aytuvchi a-lovchi shevalar va er, el, deguvchi u- lovchilar hamda djer, djel deb aytuvchi – j lovchi shevalarga bo‘linadi. Bu sheva shakllarining barchasi millat jihatidan o‘zbekdir. Ana shu dialekt va shevalar respublikamiz hududida (va undan tashqarida) yashovchi o‘zbeklar uchun aloqa vositasi (sheva nutqi) bo‘lib xizmat qiladi, o‘zbek dialektlaridagi mana shu xilma-xillik o‘quvchilar nutqiga ta`sir etmay iloji yo‘q.
O‘zbek xalq shevalaridagi fonetik har xilliklar, ko‘p hollarda o‘zbek adabiy tilida so‘zlarning orfoepik qoidalar asosida talaffuz etishga mone`lik qiladi. Bu orfoepik kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Masalan, qipchoq dialektiga mansub o‘quvchilarning ko‘pchiligi so‘z boshida adabiy tildagi u o‘rniga j talaffuz qilishadi (yo‘q-jo‘q, yigit-jigit); u, i, unlilari bilan boshlangan ayrim so‘zlarning oldiga j ni qo‘shib aytishadi (uzum-juzum, iliq-jiliq); so‘zning o‘rtasida yoki oxirida kelgan g‘ tovushini v bilan almashtiradi (to‘g‘ri-tuvri, tog‘-tov), p, k, tovushlarni b, g‘, bilan almashtirib aytishadi (qop-qab, ko‘k-ko‘g‘) v.h. bu esa o‘quvchilarda orfoepik va orfografik savodxonlikni ta`minlashi birmuncha qiyinlashtiradi.
O‘zbek dialektlari morfologik jihatdan ham adabiy til me`yorlaridan ma`lum darajada farq qiladi. Masalan, qipchoq dialektiga mansub o‘quvchilar tomonidan qaratqich kelishigining qo‘shimchasi – ningni, - ding,- ting shaklida qo‘llash xollariga tez-tez duch kelamiz.
O‘zbek dialektlarining leksik jihatdan ham adabiy tildan farq qiladigan ko‘p tomonlari borki, ular dialektal xatolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Masalan, o‘zbek adabiy tilidagi do‘ppi so‘zi Toshkentda to‘ppi, Samarqandda qalpoq, Shaxrixonda qalpoq, Buxoroda kalapo‘sh, tovoq so‘zi esa Toshkentda lagan, Andijonda tabaq, Shaxrixonda tavoq shakliga aytiladi.
O‘zbek adabiy tilining me`yorlari bilan xalq shevalari o‘rtasidagi bunday farqlar ona tili o‘qituvchisidan mahalliy dialekt sharoiti va ta`sirining oldini olish yuzasidan doimiy ish olib borishni talab qiladi.
O‘qituvchi o‘quvchilar nutqidagi dialektal xatolarning oldini olish va bartaraf etish uchun qator ish usullaridan foydalanishi mumkin. Masalan, talaffuzi qiyin bo‘lgan so‘zlarning dialektal shakli bilan adabiy-orfoepik shaklini qiyoslash, so‘zlarni adabiy til me`yorlariga muvofiq talaffuz etish, o‘quvchilar nutqini magnitafon lentasiga yozib olib, qayta eshittirish orqali ularning xatolarini aniqlash va tuzatish, mustaqil ravishda dialektal lug‘at tuzish kabi topshiriqlardan foydalansa bo‘ladi.
Ta`lim tamoyillari bir-biri bilan chambarchas bog‘langan, bo‘lib ularga qat`iy amal qilish dars samaradorligini oshirish, o‘quvchilarni puxta bilim, malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, ularning ijodiy imkoniyatlarini tobora kengaytirishga juda katta ijobiy ta`sir ko‘rsatadi.
2. «Ona tili o‘qitish metodikasi» mustaqil fan sifatida o‘zining ilmiy-tadqiqot metodlariga ega.
Ilmiy-tadqiqot metodlarini ishga solishdan ko‘zlanadigan asosiy maqsad DTS talablariga javob beradigan ta’lim mazmunini belgilash, o‘qitishning eng samarali metod, vosita va usullarini belgilash, o‘quvchilardagi bilim, malaka va ko‘nikmalarni nazorat qilish singari muhim muammolarning ilmiy echimini topishdan iborat.
«Ona tili o‘qitish metodikasi» fani pedagogik eksperiment, diagnostik tahlil, kuzatish; o‘quvchilarning og‘zaki javoblari va yozma ishlarni tahlil qilish, ilmiy pedagogik adabiyotlar tahlili, ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish, maktab hujjatlarini ko‘zdan kechirish singari ilmiy tadqiqot metodlaridan foydalaniladi. Bu metodlar mavjud holatni aniqlash, o‘quvchi va o‘qituvchi faoliyatidagi kamchiliklarni topish, shu asosda metodik tavsiyalar ishlab chiqish, erishilgan natijalarni ilmiy tahlil etish va umulashtirish imkonini beradi.
Suhbat va kuzatish. Suhbat ilmiy tadqiqotning keng tarqalgan metodidir. Suhbatda ikki shaxs-ilmiy tadqiqot olib boruvchi mutaxasis va suhbatdosh ishtirok etadi. Suhbatdosh o‘quvchi yoki o‘quvchilar jamoasi, o‘qituvchi yoki o‘qituvchilar jamoasi, maktab rahbarlari, ota-onalar bo‘lishlari mumkin.
Suhbat jarayonida tadqiqot mavzui xususiyatlaridan kelib chiqib savollar beriladi va olingan javoblar yozma qayd qilinadi. Olingan javoblar ilmiy-tadqiqot uchun muhim faktik material bo‘lib xazmat qiladi. To‘plangan faktlarni tahlil etish orqali tadqiqotchi o‘rganilayotgan muammo xususida xulosalar chiqaradi va tavsiyalar ishlab chiqadi.
Metodik eksperiment. Ilmiy tadqiqot ishi yuzasidan aniq ma’lumotlar to‘plashda pedagogik eksperimentning imkoniyatlari benihoya katta. Bu metod ona tilidan yaratilgan dastur va darsliklarni sinovdan o‘tkazib, ularni yutuq va kamchiliklarini aniqlash, ona tili darslari hamda sinfdan va maktabdan tashqari ishlarni tashkil etish yuzasidan ishlab chiqilgan metod, vosita va usullarni tekshirib ko‘rib, ularning samaradorlik darajasini belgilash imkonini beradi. U O‘zbekiston Respublikasi XTVning roziligi olngandan keyin maktab pedagogika kengashining maxsus qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |