Oltin O'rda adabiy muhiti. Qutb, Sayfi Saroyi hayoti va ijodi. Temuriylar davri adabiyoti. Atoyi, Gadoiy, Sakkokiy, Lutfiy va Husayniy ijodi misolida
Reja:
1. Oltin O'rda adabiy muhiti
2. Qutb, Sayfi Saroyi hayoti va ijodi
3. Temuriylar davri adabiyoti
XV asrlarda “Dashti Qipchoq”, deb atalgan. Yirik turkiy qabilalardan bo‘lgan qipchoqlar XI asr boshlarida Irtish daryosi sohillaridan g‘arbga tomon ko‘chib, Xorazmning shimoli va hozirgi Qozog‘iston hududida, shuningdek, Itil (Volga) daryosi sohillarida joylashgan.
Dashti qipchoq aholisi Sharq manbalarida — polovetslar, Vizantiya solnomalarida — kumanlar, venger manbalarida kunlar deb atalgan. Qipchoq dashti sharqiy va g‘arbiy qismdan iborat bo‘lib, Yoyiq daryosi ularni ajratib turgan. G‘arbiy qism Yoyiq va Itil (Volga) daryosidan to Dneprgacha bo‘lgan hududdan iborat edi. XIII asrda Qipchoq dashtini mo‘g‘ullar bosib olib, tarixda Jo‘chi ulusi nomi bilan mashhur bo‘lgan Oltin O‘rda davlatini barpo etganlar. Bu davlat Qoraqurumdagi mo‘g‘ul xoniga qaram bo‘lib, Botuning inisi Berka davrida mustaqillikka erishadi.
XIV asr boshlarida o‘zaro taxt talashishlar tufayli Jo‘chi ulusi ikki qismga bo‘linib ketgan. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida Oq O‘rda tashkil topdi. XIV asrning 60-yillarida sharqiy Dashti Qipchoq “o‘zbeklar mamlakati”, uning aholisi esa “o‘zbeklar” deb atala boshlagan. XV asrning 20-yillaridan boshlab sharqiy Dashti Qipchoqda Abulxayrxon va uning avlodlari hukmronlik qilgan. Dashti Qipchoqning asosiy aholisi ko‘chmanchi va yarim o‘troq bo‘lib, chorvachilik va ovchilik bilan, daryo va ko‘l bo‘ylarida yashagan aholi dehqonchilik bilan, shaharlardagi aholi esa hunarmandlik va savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Bu davrda xalq og‘zaki ijodi, musiqa, san’at va me’morlik rivojlangan.
Oltin O‘rda poytaxti Botuxon davrida Itil (Volga) daryosining quyi qismidagi Saroy Botu shahri edi. Berkaxon (1255 — 1266) davrida poytaxt sohil bo‘ylab yuqoriga — Saroy Berkaga ko‘chiriladi. Saroy Botu, Saroy Berka, Urganch, Sudak, Qofa (Feodosiya), Azaq (Azov) savdo markazlari edi.
Oltin O‘rda Jo‘chi o‘g‘illariga qarashli o‘n uch ulusdan iborat edi. Ular o‘z uluslarini mustaqil boshqarishga intilganlar. Bu harakat Mangu Temur (1266 — 1282) vafotidan keyin yanada kuchayadi. To‘da Mangu (1282 — 1287), Talabug‘a (1287 — 1291) xonliklari davrida tumanbegi No‘g‘ayning nufuzi ko‘tariladi. Oradan besh yil o‘tgach, yana isyon ko‘tariladi. Unga O‘zbekxon (1290 — 1312) barham beradi. O‘zbekxon va uning vorislari hukmronlik davri Oltin O‘rda harbiy salohiyatining eng kuchaygan payti edi. O‘zbekxon davrida Oltin O‘rda qurolli kuchlari 300 mingdan oshgan. Uluslar viloyatlarga aylantirilib, ular amirlar tomonidan boshqarilgan, qurultoylar chaqirilmay qo‘ygan.
1357 yili Jonibekning o‘ldirilishi bilan yana ichki ziddiyatlar yuzaga chiqadi. 1380 yilgacha yigirma besh marta xon almashadi. XIV asrning 60-yillarida Xorazmda Oltin O‘rdaga bo‘ysunmaslik mayllari kuchayadi. Polsha va Litva Dnepr daryosi havzasini bosib oladi. Hojitarxon (Astraxan) xonligi tashkil topadi. Faqat To‘xtamish davriga (1380 — 1395) kelib isyonlar to‘xtaydi. 1382 yili u Moskvani egallab, unga o‘t qo‘ygan. To‘xtamish sohibqiron Amir Temurga xiyonat qilib, hukmdorning olis yurtlardaligidan foydalanib, bir necha bor Movarounnahr hududiga ham bostirib kiradi va qochib qoladi. Bunga javoban sohibqiron Amir Temur 1389, 1391, 1395-1396 yillarda To‘xtamishga qarshi yurish qilib, Oltin O‘rdaga jiddiy zarbalar beradi.
To‘xtamish vafotidan keyin Oltin O‘rdada hokimiyat amalda g‘ayratli “saroy boshqaruvchisi” Edigey qo‘liga o‘tadi. Ammo 1419 yili Edigey vafot etgach, o‘zaro taxt talashishlar tufayli bu davlat asta-sekin parchalanib ketgan. XV asrning 20-yillarida Sibir xonligi, 40-yilda No‘g‘ay O‘rda, 1438 yili Qozon xonligi tashkil topadi. 1480 yili Oltin O‘rda xoni Ahmad Rusni bo‘ysundirishga urinib, bunga erisholmaydi. 1502 yili Qrim xoni Mengli Garoy Oltin O‘rdani batamom tor-mor qiladi.
Ko‘pgina tarixiy manbalarda Oltin O‘rda mo‘g‘ul davlati deyilgan. Aslida esa bu davlat boshqaruvi va lashkarining o‘zagini qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalarida so‘zlashuvchi turkiy qabilalar tashkil etgan. Xorazmliklar saroydagi turli vazifalarda va viloyatlar boshqaruvida faol ishtirok etganlar. Bu davrda Oltin O‘rdada adabiy til turkiy tilning Chig‘atoy lahjasi edi. Rasmiy yozishmalarning katta qismi ana shu tilda uyg‘ur imlosida bitilgan. Oltin O‘rda xonlari ham asosan shu tilda so‘zlashganlar. Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta o‘z xotiralarida O‘zbekxon (1290 — 1312) va Movarounnahr hukmdori Tarmashirin (1326 — 1334) turkiy tilda so‘zlaganlarini yozib qoldirgan. U Azaq (Azov) shahri hokimi, amir Muhammad hoji Al-Xorazmiy bilan ham uchrashgan.
Oltin O‘rda aholisining islom dinini qabul qilishida O‘rta Osiyolik tasavvuf shayxlarining roli katta bo‘lgan. Mashhur tasavvuf shayxi Zangi Ota o‘zining shogirdi Said Otani shu maqsadda Oltin O‘rdaga jo‘natgan. O‘zbekxon uning tashviqi bilan islom dinini qabul qilgan va bu din asoslarini qattiqqo‘llik bilan joriy etgan. Bu harakatga qarshilik qilgan shahzoda va beklar qatl qilingan.
Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) kitobida quyidagilarni o‘qiymiz: “Sulton Muhammad O‘zbekxon o‘zining el-ulusi bilan ilohiy saodat va fazilatga yetishgach, hazrati Sayid Otaning g‘ayb ishorati va Ollohning inoyati bilan ularning barchasini Movarounnahr diyori sari olib keldi. Hazrati Sayid Otaga (unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin) quloq solishdan bo‘yin tovlaganlar bu saodatdan bebahra holda u yerda (Dashti Qipchoqda) qoldilar va “qalmoq” degan nomga mansub bo‘ldilarki, buning ma’nosi “qolgan” demakdir. Hazrati Sayid Ota (unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin) hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: “Bu kelgan kim?” deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti Qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.
Bu davrda Markaziy Osiyoda yashagan aholi qabilalar nomi bilan ham, umuman “turk” degan nom bilan ham atalgan. XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligidagi qavmlarning Movarounnahrga kirib kelishi bilan mahalliy aholi tarkibida “o‘zbek”larning nufuzi yanada ortgan va asta-sekin bu nom turkiy aholining umumiy nomiga aylangan.
Taniqli rus olimi, turkiy xalqlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis Lev Gumilyov shunday yozadi: “Oltin O‘rdada ham etnogenez jarayonlari borardi. Jo‘chi ulusining 20 ming mo‘g‘ul aholisi uch o‘rdaga yoyilib ketdi: Botuxon avlodlari tomonidan boshqarilayotgan Volga bo‘yidagi Katta yoki Oltin O‘rdaga; Botuxonning akasi O‘rda Ichenga berilgan Irtish daryosi bo‘yidagi Oq O‘rdaga; Orol dengizidan Tyumenga qadar hududda ko‘chib yurgan Shaybanxonning Ko‘k O‘rdasiga. Bunday tarqoqlikdan keyin tez orada dezintegratsiya holati ro‘y berdi. XIV asr boshlariga kelib mo‘g‘ullar qipchoqlar bilan shu darajada aralashib ketdilarki, ulardan farqlanmay qoldilar”.
Aslida bu jarayon ancha ilgari boshlangan edi. X — XII asrlarda Mo‘g‘uliston pasttekisligida yashagan aholining to‘rtdan uch qismini turkiy qabilalar tashkil etgan. Qiyot, qo‘ng‘irot, nayman, barlos, mang‘it singari urug‘lar katta nufuzga ega bo‘lgan. Qozoq olimlarining fikricha, Chingizxon ham turkiylashgan mo‘g‘ul edi. U ham, o‘g‘illari ham asosan turkiy tilda so‘zlaganlar. Chingizxonning onasi va katta xotini esa qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan. An’anaga ko‘ra, o‘g‘illarining ham katta bekalari shu urug‘dan tanlangan.
Botuxon yurishidan keyin u bilan birga borgan turkiy qabilalar Dashti Qipchoqdagi yaylovlardan makon topdilar va mahalliy qipchoq qabilalari bilan qo‘shilib ketdilar. Saroydagi ish yurituvchilar, mirzalar, lashkarboshilarning asosiy qismi turkiylardan bo‘lgan. Bu esa turkiy tilni keng muomala tiliga aylantirgan.
Taniqli rus tarixchisi A.P.Grigorev bu haqda shunday yozadi: “O‘sha paytda ( XIII — XIV a.) Oltin O‘rdada so‘zlashuv va yozuv tili bo‘lgan qipchoq, ya’ni turkiy tilni katolik missioner monaxlar yaxshi bilishardi... Ma’lumki, 1221 yildayoq dominikan monaxlari Dashti Qipchoqda faol ish olib borardilar, 1228 yilda esa bu yerda o‘zlarining yepiskopliklarini qurgan edilar. Mahalliy turkiy tilli aholi bilan bevosita muomala monax-missionerlardan turkiy tilni bilishni taqozo etardi. Oltin O‘rdada katolik missioner monaxlar tomonidan mashhur “Kodeks kumanikus” — lotin-fors-qipchoq tillari lug‘ati tuzilgan edi. 1303 yilda bitilgan bu asar keyinroq Venetsiyada topildi”.
Bu fikrga biroz aniqlik kiritish lozim bo‘ladi. Garchi, o‘sha paytda so‘zlashuvda qipchoq lahjasi qo‘llangan bo‘lsa-da, rasmiy yozishmalar va adabiy matnlarda Chig‘atoy lahjasi, ya’ni eski o‘zbek tili qo‘llangan. Bunga talaygina misollar bor. Oltin O‘rdada yashab, ijod etgan Qutb Xorazmiy Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostonini fors tilidan tarjima qilib, O‘zbekxonning o‘g‘li Tinibekka bag‘ishlaydi. Boshqa bir Xorazmiyning “Muhabbatnoma” dostoni esa Oltin O‘rda xoni Jonibekning yaqin odamlaridan Muhammad Xo‘jabekning taklifi bilan 1353 yili yozilgan. Dostonda aytilishicha, u “turkiy tilda bir kitob yozib berishni” iltimos qilgan. Sayfi Saroyining “Guliston bit-turkiy” (1391) asari ham shu davrda yaratilgan. U mahalliy hukmdorlar va zodagonlar iltimosiga ko‘ra Sa’diyning “Guliston” asarini shu nom bilan turkiy tilga tarjima qilgan. Saroy shahrida, bir muddat Misrda ham yashagan Sayfi Saroyi 1394 yili “Suxayl va Guldursun” nomli doston ham yozgan. 1966 yilda chop etilgan “O‘zbek adabiyoti” xrestomatiyasining 5-jildida Sayfi Saroyi, Xorazmiy va Ahmadxo‘ja As-Saroyi ijodidan namunalar berilgan. Bu asarlar xuddi bugungi o‘zbek tilida yozilganga o‘xshaydi. Mana ba’zi misollar:
Do'stlaringiz bilan baham: |